Bugun, 8 yanvar kuni O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Misr Arab Respublikasiga jo‘nab ketdi. Safar doirasida Misrning al-Azhar majmuasi bilan diniy kadrlar tayyorlash, ularning kasb-mahoratini oshirish, xalqaro konferensiya va seminarlar o‘tkazishga oid diniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlik masalalari muhokama qilinadi.
Shuningdek, al-Azhar majmuasi hamda O‘zbekistondagi diniy sohaga oid markazlar o‘rtasida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi “Yo‘l xaritasi”ni imzolash, al-Azhar majmuasi rahbari Shayx Ahmad Toyyib va al-Azhar universiteti rektori bilan uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston delegatsiyasi al-Azhar universiteti va boshqa ilmiy muassasalarda keng jamoatchilik ishtirokida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida takdimotlar o‘tkazishi mo‘ljallangan.
Safar jarayonlarini saytimiz orqali yoritib boramiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasida navbatdagi fuqarolar qabuli bo‘lib o‘tdi. Unda Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qildi.
Mazkur jarayonda fuqarolar tomonidan oilaviy munosabatlar, xayriya ishlarini tashkil etish, ijtimoiy ko‘mak va boshqa masalalarda qilingan murojaatlar tinglandi. Ellik nafarga yaqin murojaatchining har biri bilan ochiq va samimiy muloqot o‘tkazilib, ularni qiziqtirgan masalalar yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi.
Ayrim murojaatlar joyida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish talab etadigan masalalar tegishli bo‘lim va mas’ul xodimlarga yo‘naltirildi.
Shu bilan birga, murojaatchilarga qonunchilik va amaldagi tartiblar asosida huquqiy va amaliy tavsiyalar berildi. Hamyurtlarimiz qabul jarayonidan minnatdorligini bildirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati