Hazrati Imom masjidida juma namoziga bir muazzin yigit azon chaqiradi. Bag‘oyat shirali ovozda, qalbga yaqin ohangda, tinglaganda joningiz orom olgandek bo‘lasiz. Har safar juma kuni o‘sha yigitning azon chaqirishini kutib o‘tirar ekansiz, daf’atan xayolingizga kechagina shu azonni tinglab o‘tirmaganmidik, deb o‘y kelib qolasiz va hushyor tortasiz. Yo tavba, vaqt shunchalik tez o‘tyaptimi?..
Darhaqiqat, vaqt yugurik, umr o‘tkinchi...
Kechagina bahorning bo‘yidan sarmast bo‘lib yurgan edik. Bugun esa sovuqdan dildirab turibmiz.
Ammo mehribon Parvardigorimiz har bir faslni ham bandalariga qulayliklar davri qilib yaratganki, buni bilgan biladi, bilmagan lallayib o‘tib ketadi. Tunlarning uzayishi, ko‘p vaqtlardan beri bajarishni niyat qilib ammo fursatini topa olmay yurgan ishlarimizning ayni zamoni emasmi. Oila jam bo‘lib miriqib suhbatlashadi, do‘stu qadrdonlarni yo‘qlaysiz, talabalar uchun darsga g‘ayrat qiladi, mutolaa zavqi, ilmiy ishlar, bahsu munozaralar...
Qishning uzun tunlari ayni shu ishlarni bajarishga Rabbimiz ato etgan qulaylikdir.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ana shunga diqqatimizni qaratish niyatida “Qish – mo‘minning bahoridir”, deb marhamat qilganlar (Imom Ahmad rivoyati) va ana shu fasl musulmonning hayotida qanchalik katta ahamiyat kasb etishiga ishorat qilganlar.
Hadisdan anglaymizki, bahor kelganda tabiat qanday nafas olsa, har tarafga chechaklar hidi tarqalib, olam anvoyi go‘zalliklarga burkansa, mo‘minning qalbida ham qishning uzun tunlarida xuddi shunday o‘zgarishlar yuz beradi – turfa go‘zalliklari ila bahor kiradi. Mo‘min ushbu faslda: ma’naviy olamida hamda insoniy munosabatlarida bahor hayotini yashaydi, go‘yoki yangidan tiriladi. Ushbu barakotli tunlarni ishlari unumli bo‘lishiga bir vosita qiladi.
Faxri koinotimiz sollallohu alayhi vasallam hadisning davomida ikki xususiyatni tushuntirib, bu faslni qanday o‘tkazish kerakligi xususida mo‘minlarga tavsiya berganlar: “Qishning kunduzlari qisqarganda, mo‘min ro‘za tutadi; kechalari uzayganda tunlari ibodat qiladi” (Suyutiy, “al-Jomeus-sag‘ir”, I, 718; Bayhaqiy “Siyam”, I, 115).
Ulamolarimiz ushbu hadis sharhida bunday deganlar:
“Mo‘min bu faslda toat-ibodat bog‘larida kezadi, ibodat maydonlarida javlon uradi. qalbi amal bog‘chalarida sayr qiladi. Ibodatlarga yanada g‘ayratli bo‘ladi. Uning shavqi shu qadar bo‘ladiki, na ro‘za uni holdan toydira oladi na uyqusiz tunlarda mudroq bosadi... ya’ni kechaning uzunligi uyquga to‘yib olib, tahajjud va zikrga tiniqqan holda turishiga sharoit yaratadi. Shu hisobda, ham tanasining ehtiyojini qondiradi hamda ibodatni vaqtida bajaradi”.
Demak, qish mo‘minning bahori ekanini belgilovchi birinchi omil kunduzi ro‘za tutishga qulay ekanidir. Bu vaqtda ro‘za tutgan kishi hech qanday qiyinchilik ko‘rmaydi. Payg‘ambar alayhissalom boshqa bir hadisi sharifda: “Qishda ro‘za tutmoq, salqin bir g‘animatdir”, deya bu ro‘zaning qulayligi va barakotini tushuntirganlar (Imom Termiziy, Imom Ahmad rivoyati).
Ayonki, ro‘za nafs tarbiyasiga yo‘naltirilgan muhim ibodat. Payg‘ambar alayhissalom farz bo‘lgan ro‘zadan tashqari, nafl ro‘zalarga ham tashviq etishining sababi mo‘minning ma’naviy yuksalishiga undamoqdir. Zotan, kun uzog‘i ibodatda (ro‘zador) bo‘lgan odam ham Rabbini o‘ziga yaqin his qiladi hamda uning insonlar bilan munosabati go‘zal bo‘ladi. Yanada aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, ma’nan oziqlangan inson Rabbisiga yanada itoatkor, insonlarga nisbatan yanada shafqatli va marhamatli bo‘ladi. Bu, albatta, mo‘minning ko‘ngil dunyosini va ijtimoiy hayotini bahorga aylantiradi.
Ikkinchi omili esa kechalari ibodatga qoim bo‘lish payg‘ambarlar sunnati va solihlar amalidir. Oyati karimada madh etilganidek, “Ular tong saharlarda istig‘for aytar edilar (Vaz-zoriyot, 18).
O‘MI matbuot xizmati
O‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli,
bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir.
Shavkat Mirziyoyev
O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim siljishlardan biri bo‘lib, ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi.
Yangi O‘zbekistonda o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlashga qaratilgan yangidan-yangi tashabbuslar ilgari surilayotgani juda muhim.
Davlat tili siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda xalqni birlashtiruvchi qudratli vosita sanaladi. Ona tilimiz so‘zlashuvchilar soni ko‘pligiga ko‘ra, sayyoramizda eng keng tarqalgan 40 ta tildan biri ekani ham quvonarlidir. Hozirgi vaqtda yer yuzida o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni qariyb 60 million kishini tashkil etishi esa uning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda barcha soha va tarmoqlar kabi ona tilimiz qadri va nufuzini yanada oshirish borasidagi siyosat va amaliy ishlar ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Buni o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va obro‘-e’tiborini tubdan oshirish bo‘yicha qabul qilingan tarixiy farmon va qarorlar samaralari yaqqol tasdiqlaydi. Asosiy qonunimiz – Konstitutsiyamizning o‘zbek tilida qabul qilinishi esa ona tilimizning nufuzini yanada yuksaltirdi. Davlatimiz madhiyasi xalqaro maydonlarda o‘zbek tilida yangray boshladi. Ayniqsa, ona tilimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbarida ulkan siyosiy sammit va uchrashuvlarda baralla yangrab, tinchlik, do‘stlik va hamkorlik vositasiga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi. Til – millatning faxri, g‘ururi, ko‘zgusi. Millatlarni ajratib turuvchi asosiy belgilardan biri bu til ekan, har bir inson o‘z tilini bilishi, uni ulug‘lashi va shu bilan birga boshqa millatlarning ona tiliga ham hurmat bilan qarashi lozim.
Vatanimiz mustaqilligining ma’naviy asoslarini mustahkamlash, xalqimiz, avvalo, yosh avlodni milliy qadriyatlarimizga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda o‘zbek tilining ahamiyati tobora ortib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi xuquqiy jixatdan mustaxkamlab qo‘yildi. O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunining qabul qilinishi ona tilimizning taraqqiyoti, rivojlanishi hamda o‘ziga xos va boy bisotini namoyish etishga keng imkoniyat yaratdi.
O‘zbek tili dunyodagi qadimiy, go‘zal va boy tillardan biri hisoblanadi. Tilimizdagi hayo, ibo, andisha, oriyat, mehrni yozuvchilarimiz asarlarida yaqqol ko‘rish mumkin. Mahmud Qoshg‘ariyning "Devoni lug‘atit turk" kitobi, Ahmad Yassaviyning hikmatlari, Alisher Navoiyning "Xamsa"si, Zahiriddin Muhammad Boburning "Boburnoma"si, Abdulla Qodiriyning betakror romanlari-oqibat so‘zlarini boshqa tilga aynan tarjima qilib bo‘lmaydi. Ularni faqat o‘zbek tilida ifodalash mumkin. Chunki bu tushunchalar xalqimizga xos va ularni aytishga faqat shu til qodirdir. Bizning ona tilimiz dunyodagi uch mingga yaqin til orasida turkiy tillar oilasiga mansub bo‘lib, jonli til sifatida qipchoq, qarluq, o‘g‘iz lahjalarida namoyon bo‘ladi. O‘zbek adabiy tili esa ana shu lahjalardagi so‘zlarning ma’lum bir me’yoriga keltirilgan shaklidir. U muttasil o‘sib, rivojlanib bormoqda. Uning rivojida so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiyning xizmatlari beqiyosdir. Hazrat Navoiy til xaqida bunday yozadilar: “Ko‘ngil xazinasining qulfi tildir. Ul xazinaning kalitidin so‘z bil”.
O‘z ona tilimizga bo‘lgan muhabbatni xalqimizning, odamlarning samimiy suhbatlarida, yuksak axloqiy fazilatlarida ko‘rib, beixtiyor shunday el farzandi ekanligimizdan faxrlanamiz. O‘z tili uchun qayg‘urayotgan millat dunyo xalqlari safida o‘z o‘rnini, chinakam mustaqilligini asrashga, himoya qilishga jiddu jahd qilayotgan millat sanaladi. Millatning va milliy adabiyotning mavjudlik sharti bo‘lgan ona tilimiz taqdiri uchun kuyinish, uning ravnaqi uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etish har birimizning burchimizdir.
Ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishda, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qo‘shishda har birimiz tilimizga chuqur hurmat bilan e’tibor berishimiz kerak.
Shu o‘rinda ma’rifatparvar bobomiz, o‘z davrida o‘nga yaqin dunyoviy tillarni puxta o‘rgangan olim Is'hoqxon Ibratning quyidagi fikrlari e’tiborga molik: “Bizning yoshlar, albatta, boshqa tilni bilish uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat – bu Vataniy ishdir”.
Biz tilimizni qanchalik asrasak, yuksaltirsak, rivojlanishiga hissa qo‘shsak, o‘zga millatlar ham bizning tilimizni hurmat qilishadi hamda uning dunyo hamjamiyati maydonidagi o‘rni va poydevorini shunchalik mustahkam qo‘ygan bo‘lamiz.
Odiljon Narzullayev,
Yangiyul tumani “Qirsadaq’’ jome masjidi imom xatibi