Abror Muxtor Aliy bilan sodir bo‘lgan voqeaga munosabatimdan keyin “Nega Fazliddin Parpiyev masalasida sukut qilgan holda, bunda munosabat bildiryapsiz?“ degan malomatlar ko‘payib ketdi. O‘zi shaxsiyda ham bunday so‘rovlar ko‘p edi.
Aslida u voqeani bunisiga qiyos qilish noto‘g‘ri. Chunki bunda o‘zaro haqoratning mantiqiy yakunini ko‘rgan va aralashuvimizda foyda ko‘proq ekanini bilgan bo‘lsak, unda masala nozik, mening munosabatim hech narsani hal qilmasligi va mening uchun sukut qilish har tomonlama foyda ekani ma’lum edi.
Endi Fazliddinning chet elga chiqib ketish masalasiga kelsam, prokuraturadagi suhbat qay darajada yengil yo og‘ir bo‘lganini qo‘limdagi ma’lumotlar orqali bila olmadim. Hatto Sur’at Ikromov yozganlarida ham endi jim yurish, ijtimoiy tarmoqlarda yozmaslik haqidagi ogohlantiruvdan boshqa ma’no ko‘rmadim. Keyingi bayonotlarda Fazliddinga nisbatan jinoiy ta’qib yo‘qligi aytildi. Shundan kelib chiqib aytishim mumkinki, mamlakatdan chiqib ketishi (hijrat demadim!) masalasida ham qaror uning hukmiga havola. Faqat chiqib ketishdagi shov-shuvlar hiyla oshib ketmadimikan? Voqea talqinida his-hayajonlarga ortiqcha yo‘l qo‘yilmadimikan? Hatto o‘zi ishlatmagan (hijrat kabi) iboralarni qo‘llash, chaqirilishga navbati kelganlarning nomini zikr qilib jamiyatda vahima qo‘zg‘ash kabi nojo‘ya holatlar yuzaga chiqmadimikan?
Endi eng asosiy aytmoqchi bo‘lganim. Keyingi yillarda diniy sohada ham davlatimiz tomonidan yaxshi ishlar amalga oshirilmoqda. Ko‘plari hammaga ayon. Men diniy ayblovlar bilan qamalgan ko‘pchilik mahkumlar ozod qilingani, man etilgan tashkilotlarga adashib kirib qolgan fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi tuzilgani va yaqinda mamlakatimizda “qora ro‘yxat“ bekor qilinganini alohida ta’kidlamoqchiman. Shu ishlarning samarasi o‘laroq O‘zbekistonning din erkinligi borasidagi reytingi yaxshilanmoqda. Oldingidan ko‘ra ahvol o‘nglanmoqda. Bu sohadagi muammolarga birinchilardan duch keladigan va tanasida ilk his qiladigan kishi sifatida ayta olamanki, vaziyat yaxshi tomonga o‘zgargan va yanada o‘zgarishiga umid qilaman. Va bu yaxshi yo‘nalish o‘zgarishini xohlamayman va uni o‘zgartirishga sabab bo‘ladigan ishlardan uzoq yuraman. Binobarin boshqalarni ham shunga chaqiraman. Ochiqroq aytadigan bo‘lsam, davlat musulmonlar huquqini e’tirof etishni boshlab turgan bir paytda, aql, fahm-farosatni ishlatib harakat qilinishini yoqlayman, ammo ehtiyotsizlik, johillik qilib din va davlat o‘rtasidagi nozik rishtalarni uzishlariga mutlaqo qarshiman!
Endi men ham savol bersam: hukumat bu borada yaxshi qadam tashlayotgan bir paytda Fazliddinning yurtdan chiqqanini “hijrat muborak!“ deya qutlashdan kim va nima manfaat ko‘radi?! Davlatning musulmonlarga, musulmonlarning davlatga paydo bo‘layotgan o‘zaro ishonchini va yaqinlashuvini buzishdan kim foyda oladi?! Yoki masalani shovqin-suron ko‘tarib, o‘zini qahramon ko‘rsatib, la’natlash va so‘kish bilan hal qilaman deyish qaysi aql me’yorlariga to‘g‘ri keladi?!
Xo‘p, “men Fazliddin qahramon, unga hijrat muborak, davlat yomon, sizlar yaxshi“, desam masala hal bo‘ladimi? Shu bilan sizning xohish-irodangiz qonib, hamma muammolar yechilib ketadimi? Sizning bunday shaxsiy fikrlaringizga ergashishga mening qanday majburiyatim bor? Yoki sizning so‘zingiz vahiy va amalingiz islom-u, qachon men aytganingizni qilsam ma’sum va haqiqiy musulmon bo‘lamanmi? Sizda o‘zingizning to‘g‘ri fikrda mutlaq tanho ekaningiz haqidagi jur’at qayerdan paydo bo‘ldi? Bu savollarni yo‘naltirayotgan kishilarga hali ancha savollarim bor.
Bu davlat bizniki, biz esa shu davlat raiyatimiz. U rivojlansa, obro‘ topsa, farovon bo‘lsa hammamizga foyda. Bir musulmon sifatida men vatanim ravnaqi va dinim izzati uchun xizmat va harakat qilaman. Agar davlatim mening bu ishlarimni tushunsa amalimga g‘ururlanmayman, U Allohning fazli, O‘ziga hamd aytaman, tushunmasdan qarshi bo‘lsa, niyatim xolis bo‘lgani uchun aslo xafa bo‘lmayman. Agar bu yo‘lda undan aziyat yetsa sabr qilaman, tavakkulda bo‘laman. Ertaga kimning boshiga nima tushishini yakka Alloh biladi. Alloh ikki dunyoda ham ofiyat berishini o‘zim va hamma uchun so‘rayman.
Dinga hikmat bilan da’vat qilinadi. Buni yuqorida aytdim. Shuning uchun o‘zim hikmat deb bilgan yo‘l bilan unga xizmat qilish ilinjidaman. Hikmatni mo‘tadillikda, vasatiylikda, ilmda, sokinlik va uzluksizlikda deb bilaman. Bu mening qanoatim. Boshqasi bo‘lsa u sizning qanoatingiz. Men siznikiga aralashmadim, siz ham menikiga aralashmang!
Bular diniy tushunchalarimdan kelib chiqqan shaxsiy fikrlarim edi. Ular din emas, xatolari bo‘lishi mumkin. Siz ham fikringizni ayting. Ammo uni hamma ergashishi shart bo‘lgan din deya taqdim qilmang!
Salomat bo‘ling!
Mubashshir Ahmad xafizulloh
Manba: https://azon.uz
Dunyo shiddat bilan o‘zgarib, axborot oqimi misli ko‘rilmagan darajada tezlashgan asrda inson ongi eng katta kurash maydoniga aylandi. Bu maydonda esa eng xavfli qurol mutaassiblik va radikallashuvdir. Ko‘pincha "haqiqatni izlash" niqobi ostida boshlangan yo‘l, afsuski, ko‘plab insonlarni jamiyatdan uzilishga, oilasidan kechishga va oxir-oqibat fojiaga olib kelmoqda.
Biroq eng muhim savol ochiq qolmoqda: Xato qilgan, adashgan va mutaassiblik ko‘chasiga kirib qolgan inson uchun ortga yo‘l bormi?
Hech kim bir kunda radikal bo‘lib qolmaydi. Bu jarayon odatda bilimsizlikdan boshlanadi. Diniy yoki dunyoviy bilimlarning yuzakiligi insonni manipulyatsiya quroliga aylantiradi. Vaholanki, islom dini birinchi navbatda insonni fikrlashga va ilm olishga chaqiradi. Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:
«Ayting: «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!» (Zumar surasi, 9-oyat)
Bu oyat insonni ko‘r-ko‘rona kimgadir ergashishdan emas, balki aql va ilm bilan fikr yuritishga undaydi. Mutaassib inson esa izlanishdan to‘xtagan va faqat muayyan bir guruhning fikrini mutlaq haqiqat deb biladigan kishidir.
Mutaassiblikning eng katta xavfi dunyoni faqat "qora" va "oq"qa ajratishdir. Unda bag‘rikenglik yoki boshqacha fikrlashga joy yo‘q. Inson bu girdobga tushganda, atrofidagi hammani, hatto ota-onasini ham "osiy" sifatida ko‘ra boshlaydi.
Ammo tarix va bugungi kun tajribasi shuni ko‘rsatadiki, ortga qaytish nafaqat imkon bor, balki zarur hamdir.
Adashgan insonning ortga qaytishiga ko‘pincha qo‘rquv va jamiyatning nafrati xalaqit beradi. Bu yerda eng katta mas’uliyat yaqinlari va jamiyat zimmasiga tushadi. Adashgan insonni jarlikka itarib yuborish emas, balki unga qo‘l uzatish lozim. Zero, Payg‘ambarimiz alayhissalom marhamat qilganlaridek:
«Alloh taolo muloyimdir va muloyimlikni yaxshi ko‘radi. U Zot muloyimlik uchun qattiqqo‘llikka bermagan ajr-mukofotni beradi». (Imom Muslim rivoyati)
Tavba va qaytish yo‘lidagi ilk qadamlar:
To‘g‘ri yo‘lga qaytish imkoni har doim bor. Inson xato qilishi mumkin, lekin xatoda oyoq tirab turish — haqiqiy mag‘lubiyatdir. Mutaassiblikdan qaytish — bu faqat fikrni o‘zgartirish emas, bu — hayotga, oilaga va kelajakka qaytishdir.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo
masjidi imom-xatibi