Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Yanvar, 2026   |   23 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:34
Shom
17:19
Xufton
18:37
Bismillah
12 Yanvar, 2026, 23 Rajab, 1447

Ravzai muborak

23.12.2018   17422   2 min.
Ravzai muborak

 

Madinai munavvaradagi Masjidun Nabaviyda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarida aytgan ravza degan joy bor, ziyoratga borgan kishilar o‘sha ravzada namoz o‘qishga intiladilar.

Abdulloh ibn Zayd roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Uyim bilan minbarim orasida jannat ravzalaridan bir ravza bor” dedilar. Imom Ahmad, Buxoriy, Muslim, Nasoiy va boshqalar rivoyat qilishgan.

Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan va muttafaqun alayh darajasiga ko‘tarilgan xuddi shunday matn Abu Hurayra roziyallohu anhudan ham rivoyat qilingan.

Imom Ahmadning “Musnad”larida hadisdagi “Uyim” so‘zining o‘rniga “Qabrim” so‘zi kelgan ekan.

Ravza — bog‘ degan ma’noni bildiradi.

Ulamolar hadisdagi “ravza” so‘zi haqida turli fikrlarni aytganlar.

Birinchi fikrga ko‘ra, bu joy rahmatning tushishi, zikr, ibodat va tilovat sababli baxt-saodatning hosil bo‘lishida xuddi jannat ravzasiga o‘xshaydi.

Ikkinchi fikrga ko‘ra, bu yerda qilingan ibodat kishini jannatga olib boradi.

Uchinchi fikrga ko‘ra, hadisning zohiriga qarab tushuniladi, demak, bu joy jannatga tegishli haqiqiy ravzadir. Oxiratda shu joy yana jannatga qaytariladi. Buni Hofiz Ibn Hajar rahimahulloh “Sahihul Buxoriy”ga yozgan sharhlarida aytganlar.

Yuqoridagi  suratda — Ravzai muborakni ko‘rib turibsiz! Bu joy insonlar orasida “Yashil gilam” nomi bilan mashhur. E’tibor berilsa, ushbu muborak masjiddagi aksari gilamlar qizil rangda, ammo bu joyga ravzani ifoda qilishi uchun yashil gilam solib qo‘yilgan.

Haj va Umraga borgan musulmonlar Masjidun Nabaviyga kelganlarida, aynan shu joyda namoz o‘qishga astoydil urinadilar.

Biz ham umraga borganimizda, dindoshlarimiz bu yashil gilam ustida namoz o‘qish, Qur’on tilovat qilish, zikr va duolar qilish uchun soatlab navbatda turganlarini ko‘rdik. 

Ushbu muborak masjidga kelish nasib qilgan har bir musulmon shu ravzada ko‘proq namoz o‘qish, Qur’on tilovati qilish, zikr va salovotlarda bardavom bo‘lib, sunnatda kelgan duolarni ko‘proq qilish payidan bo‘lish kerak.  

Alloh taolo barchamizga ushbu muborak ravzada, sahih hadisda e’lon qilingan mana shu jannat bog‘ida namoz, Qur’on o‘qib, zikru duoda bo‘lishimizni nasib etsin, omin!

 

Nozimjon Iminjonov tayyorladi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Sadaqangiz hujjat bo‘ladi

11.01.2026   7632   3 min.
Sadaqangiz hujjat bo‘ladi

Alloh taoloning insonlarga bergan barcha ne’matlari omonat bo‘lganidek molu davlat ham omonat. Shu bois uni buyurilgan joylarga sarflash kerak.

Qur’oni karimning ko‘p oyatlarida ehson haqida oyat bor. Jumladan, Oli Imron surasida bunday deyiladi: “Suygan narsalaringizdan ehson qilmagu ningizgacha sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar. Nimaniki ehson qilsangiz, albatta, Alloh uni biluvchidir” (Oli Imron surasi, 92-oyat).

Boshqa bir oyati karimada: “Sadaqalaringizni agar oshkora bersangiz, juda yaxshi. Bordi­yu, kambag‘allarga pinhona bersangiz – o‘zingiz uchun yanada yaxshiroqdir va (U) gunohla ringizdan o‘tar. Alloh qilayotgan (barcha) ishlaringizdan xabardordir”, deya marhamat qilinadi (Baqara surasi, 271-oyat).

Oyatning zohiridan sadaqalarning barcha turlarini oshkora yoki pinhona berishning joiz ligi, ammo pinhona afzal ekani ma’lum bo‘ladi. Lekin ba’zi ulamolar farz yoki vojib sadaqalarni, ya’ni zakot, ushr, fitr sadaqasi va kafforatlarni oshkora bergan afzal, ixtiyoriy nafl sadaqalar esa pinhona berilgani yaxshidir, deydilar. Zero, vojib sadaqalar pinhona berilsa, odamlar orasida zakot berilmayapti, degan shubhalar tug‘ilishi mumkin. Ammo nafl sadaqalar ham ba’zan boshqalar ko‘rib o‘rnak olsin, degan maqsadda oshkora berilgani yaxshi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Albatta sadaqa o‘z egasini qabr issiqli gidan saqlaydi. Sadaqa qiluvchi mo‘min qiyomat kuni o‘z sadaqasi soyasida turadi”, deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati). Shu bilan birga, sadaqa gunohlarning o‘chirilishiga sabab bo‘ladi. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “…Suv olovni o‘chirganidek sadaqa gunohlarni o‘chiradi”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).

Ulamolarimiz ehson qilish insonning iymonini tasdiqlovchi amal deyishgan. Chunki kishi ehson berib, iymonini sinovdan o‘tkazadi. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Sadaqa hujjat va dalildir (ya’ni iymoni borligiga)”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati). Demak, saxovat qilish bilan kishi yana bir bor iymoni mustahkamligini tasdiqlovchi hujjatni qo‘lga kiritgan bo‘ladi.

Hadisda: “Uch narsaga qasam ichaman: bandaning moli sadaqa ila nuqsonga uchramas. Banda bir zulmga uchrasa-yu, unga sabr qilsa, albatta, Alloh uning izzatini ziyoda qilur. Banda tilanchilik eshigini ochsa, albatta, Alloh unga faqirlik eshigini ochar”, deyilgan (Imom Ahmad rivoyati).

Afsuski, bugun mol­dunyosi bo‘laturib, yaqinlariga, qavm­qarindoshu muhtojlarga yordam bermayotgan insonlarni ko‘plab uchratamiz. Bunday insonlar haqida Alloh taolo: «Sizlarning (har) biringizga o‘lim kelganda: “Ey Rabbim! Meni ozgina (tirik) qoldirsang­chi, men sadaqa qilib, solih (banda)lardan bo‘lsam!” deb qolishidan ilgari Biz sizlarga rizq qilib bergan narsalardan ehson qilingiz!» (Munofiqun surasi, 10-oyat) deya ogohlantiradi. Kuch­quvvatning borida, boylikning ko‘pligida sadaqa qilishni esga ham olmay, o‘lim elchisi eshik qoqib kelganda Allohga yolvorib: “Meni ozgina (tirik) qoldirsang­chi, men sadaqa qilib, solih (banda)lardan bo‘lsam!” degandan foyda yo‘q. Balki yoshlikda, kuchquvvat borida ibodatlarni o‘rnida ado etib, xayru ehson qilib, o‘zgalarning hojatini chiqarib, savob amallarni ko‘paytirish kerak.

Qolaversa, saxovatli kishi bu amallari bilan ulkan ajrlarni qo‘lga kiritadi. Hadisi shariflarda boquvchisi yo‘q va miskinlarga yordam bergan kimsa haqida bunday deyilgan: “Beva va miskinlarni boqish yo‘lida sa’y-harakat qiluvchi kishi xuddi Alloh yo‘lida jiddu jahd qiluvchi kishidek va kunduzi ro‘zador, kechasi esa ibodatda qoim bo‘lgan kishidek (ajr-savobga ega bo‘ladi)” (Imom Buxoriy rivoyati). Alloh taolo barchamizni saxovatli insonlar safidan joy olishimizni nasib aylasin!

Shodlik BOYNAZAROV, Xiva tumani

“Xon Ismoil Jurjoniy” jome masjidi imom-xatibi