Biz ushbu maqolada Islom olamidagi mashhur qorilardan, misrlik Shayx Abdulbosit Abdussamad rahimahulloh haqlarida ko‘pchilikka ma’lum bo‘lmagan ma’lumotlarni taqdim etishga harakat qilamiz.
Qorilar ustozi, dovudiy ovoz sohibi Shayx Abdulbosit Muhammad Abdussamad 1927 yilda Misr janubidagi Qino viloyatiga qarashli Armant tumanidagi Muro’aza qishlog‘ida dunyoga keldi. Bobosi Abdussamad ham, otasi Muhammad Abdussamad ham Qur’on hofizi va tajvid bilimdoni sifatida tanilishgan edi. Akalari Mahmud bilan Abdulhamid ham hofiz bo‘lishgan.
Shayx Abdulbositning ko‘zga ko‘ringan ishlaridan biri o‘zi tug‘ilib o‘sgan Sharqiy Muro’aza qishlog‘ida masjid qurdirganidir. Ushbu masjid Abdulbosit Abdussamad nomi bilan atalib, 1971 yilda ochilgan. Ochilish marosimiga Misr vaqf ishlari vaziri, Azhar Shayxi, Shayx Abdulbositning o‘zi va boshqa ko‘plab mehmonlar tashrif buyurishgan, Jum’a namozi to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatilgan.
Shayx Abdulbosit qori 1972 yilda o‘z qishlog‘ida “Qur’oni Karimni yodlatish jamiyati” tashkil etilishida ham katta hissa qo‘shgan. Ushbu jamiyat bugungi kungacha o‘z faoliyatini davom ettirib kelmoqda. Shayxning farzandlari ushbu markazga tez-tez tashrif buyurib, o‘z hadyalarini va yordamlarini taqdim etib turishadi.
Shayx Abdulbosit qori doim o‘z qishlog‘ida ta’limni rivojlantirishga katta e’tibor berardi. Chunki o‘sha paytlarda u yerda mudarrislar kam edi. Shuning uchun o‘z hisobidan ikki ming bir yuz kvadrat metr joyni sotib olib, o‘sha yerga madrasa qurdirdi.
U kishi mas’ul rahbarlar e’tiborini oldingi Qino, hozirgi Luqsor viloyatini obod etib, xalqning yashash sharoitini yaxshilashga qaratishga undagan edi.
Giza mintaqasining Doqqi tumanidagi Abdulaziym Roshid nomli ko‘chada joylashgan Shayx Abdulbosit qorining uyida har xafta majlis bo‘lib, majlisga tashrif buyurgan turli viloyat mutasaddilari bilan uchrashuvlar bo‘lar, mazkur viloyatlar ahlining manfaatlarini ko‘zlab foydali kelishuvlar amalga oshirilardi. Gizadagi ko‘chalardan biriga Abdulbosit Abdussamadning nomi berilgan.
Har yili 30 noyabr kuni Homidiyya Shozaliyya masjidida Abdulbosit qorini xotirlab tadbir o‘tkaziladi. Ushbu tadbirga Shayxning barcha farzandlari, ixlosmandlari tashrif buyurishadi. Shuningdek ushbu tadbirga mamlakatning ko‘zga ko‘ringan shaxslari, islomiy davlatlardan va boshqa mamlakatlardan mehmonlar kelishadi. Azharning shayxlari, Vaqf ishlari vazirligi mas’ullari ham bu tadbirning qadrli mehmonlari bo‘lishadi. Tadbirda turli o‘lkalardan kelgan qorilar o‘rtasida Qur’on musobaqasi ham tashkil etiladi. Shu bilan birga Shayx Abdulbosit qorining nodir qiroatlari ham yig‘ilgan mehmonlarga qo‘yib beriladi. Bu majlis radio va televideniya orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri uzatiladi.
Shayxning eng go‘zal safarlaridan biri Pokistonga bo‘lgan safardir. O‘shanda u kishi uchun maxsus poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilib, Qur’on tilovati uchun Pokistonning turli shahar va qishloqlariga olib borib turgan edi.
Shayx Abdulbosit Fransiyada ham Qur’on o‘qidilar. Fransiyadagi kelishilgan protokolga ko‘ra, Shayx Abdulbosit kostyum kiyishlari kerak edi. Kostyumni kiydilaru biroz o‘tib, o‘zlarida noqulaylik, siqilishni his qildilar. Chiday olmay, yechib tashladilar va o‘zlarining azhariy to‘nlarini kiyib oldilar.
Shayx Abdulbosit Damashqqa borib, Umaviy jome’ masjidida qiroat qilganlaridan so‘ng “Safiyrul Qur’an” (“Qur’on elchisi”) laqabini oldilar. U kishi shuningdek ko‘plab islomiy davlatlarga va Afrika qit’asining shimolidagi bir qator mamlakatlarga safar qildilar.
Shularning orasida Janubiy Afrika Respublikasiga qilingan safar o‘ziga xos o‘rin tutadi. Sababi o‘sha davlatda Shayx Abdulbosit qori bilan bir voqea sodir bo‘lgan. O‘sha davlatning bir shahridan ikkinchi shahriga borish uchun aeroportga borganida, mehmonxonada pasporti qolib ketgani esiga tushadi. Ammo Shayx mehmonxonaning nomini ham, manzilini ham eslolmadi. Alloh taologa ishini topshirdi, O‘ziga tavakkul qildi. Shu payt aeroportga bir notanish mashina kelib to‘xtadi. Ichidan bir yigit tushib, Shayxning oldiga yugurib kela boshladi. Qo‘lida Shayxning pasporti. Kelib, pasportni o‘z egasiga uzatar ekan: “Marhamat, oling, ey Shayx” dedi. Mana shu voqea Janubiy Afrika Respublikasining Yoxannesburg shahrida yuz bergan edi. Shayx u shahardan Durban shahriga ketayotgan edi. Abdulbosit qori Durbanga yetib borgan ilk qori hisoblanadi. Shunday qilib u kishi o‘sha davlatda bir oy davomida Qur’oni karim tilovati bilan mashg‘ul bo‘ldi.
“Qur’oni karim tilovati bo‘yicha elchi” ko‘pgina podshohlar va prezidentlarning aziz mehmoni bo‘ldi. Ba’zi podshohlar esa u kishining mehmoni bo‘lishdi. Shayx Indoneziya, Malayziya va Hindistonga uch marta, Pokistonga olti marta tashrif buyurdi. Shuningdek, Uganda, Senegal, Ispaniya, Buyuk Britaniya va Singapur kabi davlatlarga ham safar qildi. Ushbu mamlakatlarning rahbarlari, mas’ullari va xalqi ulug‘ qorini katta e’zoz bilan kutib oldilar.
Shayx Abdulbosit Marokash qiroli Muhammad Beshinchi bilan qalin do‘st edi. Qirol Misrga tashrif buyurganda, Shayx Abdulbosit bilan Sayyida Zaynab jome’ masjidida Bomdod namozidan so‘ng ko‘rishib, uning tilovatini ixlos bilan tingladi. Tilovatdan so‘ng qirol Shayxni o‘z yurti – Marokashda doimiy yashashga taklif etib, u uchun barcha sharoitlarni qilib berishini aytdi. Shayx Abdulbosit qirolning bu taklifini chiroyli uslubda, yumshoqlik bilan rad etdi va imkon bo‘lganda Marokashni ziyorat qilishga va’da berdi.
Ulug‘ qorining qo‘llarida ko‘plab insonlar Islom dinini qabul qildilar. Shayx Abdulbosit qorining sababidan sodir bo‘lgan eng go‘zal xotiralardan biri Uganda davlatida bo‘lgan voqeadir. Mamlakat poytaxti Kampala shahrida Shayx Abdulbosit Qur’oni karimni tilovat qilgandan so‘ng, 92 kishi Islomni qabul qilgan.
Abdulbosit Abdussamad katta e’zozga, ikromga, podshohlarning iltifotiga sazovor bo‘lgan kam sonli qorilardan biri hisoblanadi. U ko‘plab orden va medallar bilan taqdirlangan. Jumladan, Senegal, Marokash va ko‘pgina islomiy va arab davlatlarining mukofotlari bilan taqdirlangan.
Abdulbosit qorining Qur’oni Karimni to‘liq holda tartil bilan qilgan tilovati Misr, Saudiya Arabistoni va Marokash davlatlari radiolarida efirga uzatilgan. Shuningdek, Mustafo Ismoil, Mahmud Xalil Husariy va Mahmud Ali Bannoning tilovatlari bilan birgalikda Abdulbosit qori tomonidan Mus'hafning tajvid bilan o‘qilgan tilovati ham Islomiy ishlar oliy majlisida kassetalarga yozilishi tasdiqlandi.
1965 yilning 7 sentyabrida Malayziya qiroli tomonidan Kuala Lumpur shahrida Osiyodagi eng katta masjid ochildi. Masjidning ochilish marosimida Shayx Abdulbosit qori tilovat qildilar. Ushbu marosimda Malayziya hukumati rahbarlari, a’zolari va to‘rt million malayziyalik aholi tashrif buyurdi. Tilovatdan so‘ng mamlakat qiroli Shayx Abdulbositga “Malayziya oltin ordeni”ni topshirdi.
Abdulbosit Abdussamad bundan tashqari yana ko‘p davlatlarning orden va medallari bilan ham taqdirlangan. Jumladan, Pokistonda “Ulamolar” ordeni bilan, Marokashda “Fikriy tenglik” ordeni bilan, Indoneziyada “Loyiq bo‘lgani uchun” ordeni bilan, Suriya ordeni bilan, Iroq, Tunis, Livan, Somali, Senegalning bir qancha medallari bilan taqdirlanganlar. Shuningdek, Misrning sobiq prezidenti Muhammad Husniy Muborak 1987 yilda “Da’vatchilar kuni” manosabati bilan Shayx Abdulbosit qoriga Qur’onga qilgan xizmatlarini taqdirlab mukofot topshirgan.
“Sa’iyd” madaniy markaz mudiri Abdulmun’im Abdulaziym Abdulbosit qorining eng yaqin do‘stlaridan biri edi. U do‘sti haqidagi xotiralarini bunday hikoya qiladi: “Shayx Abdulbosit o‘zining qori do‘stlarini juda hurmat qilardi. Biror marta ularga nisbatan yomonlik qilmagan. U yoqtirib tinglaydigan ovozlar Shayx Mustafo Ismoil va Shayx Muhammad Rif’atning tilovatlari edi. O‘z davrining ulug‘ qorilari bilan ko‘p davlatlarga safar qilgan. Shayx Mahmud Xalil Husariyni juda qadrlar edi. U yangi ovozlarni tarbiya qilib, yuzaga olib chiqar edi. Ana shunday ovozlardan biri Shayx Ahmad Ruzayqiydir”.

Shayx Abdulbosit Abdussamad qandli diabet xastaligi bilan og‘rigan edi. Jigari ham risoladagiday ishlamas edi. Ko‘p yillar bu ikki jiddiy xastalikka bardosh berishiga to‘g‘ri keldi. Uning kasali zo‘rayganiga qaramasdan tilovatni to‘xtatmas edi. U shu holida muxlislarning iltimosiga ko‘ra turli davlatlarga borib, Allohning Kalomini tilovat qilib berardi. Kasali zo‘rayib, nihoyat uni Gizadagi doktor Badron shifoxonasiga olib borishdi. U yerdagi shifokorlar zudlik bilan Londonga borib, muolajani o‘sha yerda davom ettirish kerakligini aytishdi. Abdulbosit qorining o‘g‘illari ham otalarini Londonga olib borish tarafdori edilar. Shayx Abdulbosit o‘g‘li Toriq bilan birga Londonga yetib borib, u yerdagi shifoxonalardan birida bir xafta davolandi. Ammo umri poyoniga yetayotganini bilgandek, o‘g‘li Toriqqa o‘zini Misrga qaytarib olib ketishini aytdi.
“Islom olamining bulbuli”, “Oltin tomoq” sohibi, “Qur’oni karim tilovati bo‘yicha elchi” Shayx Abdulbosit Abdussamad Misrga qaytgandan so‘ng 1988 yilning 30 noyabr kuni 61 yoshida vafot etdi. Uning vafoti haqidagi xabar yashin tezligida butun dunyoga tarqalib, millionlab musulmonlarning qalbini larzaga keltirdi. Uning janozasi mamlakat miqyosidagi janozaga aylanib ketdi. Janozaga turli mamlakatlarning Misrdagi elchilari, ko‘plab islomiy va arab davlatlari rahbarlari, Misr hukumati vakillari hamda Misrning ko‘p sonli xalqi tashrif buyurdi.
Shundan beri har yili 30 noyabr kuni Shayx Abdulbosit qorini eslash, xotirlash kuniga aylandi.
Alloh taolo bu qori bandasini rahmatiga olgan bo‘lsin! Islomga, Qur’oni Karimga va mo‘min-musulmonlarga qilgan xizmatlarini O‘zi munosib taqdirlasin! Zurriyodlarimizdan u kishiga o‘xshagan Qur’on xodimlarini ko‘plab chiqarsin, omin!
Internet ma’lumotlari asosida
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Islom dinida aqida eng muhim sohalardan sanaladi. U hamma narsaning asosi bo‘lib, bandaning ibodati ham, dunyoqarashi ham, turmush tarzi ham, shaxsiy va ijtimoiy munosabatlari ham shunga qarab shakl oladi.
Mo‘min-musulmon inson o‘z aqidasi, imon-e’tiqodi qanchalar mustahkam ekanini hech ham nazardan qochirmasligi kerak. Ayniqsa, fitnalar avj olgan hozirgi davrda har bir musulmon kishi o‘z aqidasining to‘g‘ri yo noto‘g‘ri ekanini aniq bilishi, kerak bo‘lganda, uni himoyalay olishi zarur. Bilimsizligi yo e’tiborsizligi oqibatida adashganlarning da’volariga ergashadigan bo‘lsa (Alloh saqlasin!), faqat oxiratda emas, bu dunyoda ham nadomat chekuvchilardan bo‘lib qoladi.
Hamma zamonlarda bo‘lganidek, bugun ham ayrim buzg‘unchi da’vatchilar mutashobih (ma’nosi yashirin, izohtalab) oyat va hadislardan misollar keltirib, ularga noto‘g‘ri yondashgan, o‘zining haqni aytuvchi ekanini da’vo qilgan holda ko‘pchilikning adashishiga sabab bo‘lmoqda. Afsuski, bilib-bilmay ularga ergashayotganlar talaygina. Bunga ko‘p sabablarni keltirish mumkin. Lekin asosiysi ilm-ma’rifatning pastligi, saviyasizlik, dalillarni chuqur anglamaslikdir. Soxta da’vatchilar ko‘pincha shundan foydalanadi. Sodda odamlar “oyat va hadisda kelgan ekan” deb, ularga ishonib ketaveradi.
Vaholanki, Alloh taolo: “Ey imon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab (tekshirib) ko‘ring!”[1] deb marhamat qilgan. Musulmon kishi o‘z aqidasida adashib qolmasligi uchun e’tiborli bo‘lishi, eng ishonchli dalillarga ularni teran anglagan holda ergashishi lozim. Ta’na qilingan, “soxta da’vatchi” yo “soxta shayx” degan nomlarga loyiq ko‘rilgan kishining gapiga ishonmasligi, boshqalarga ham ko‘r-ko‘rona ergashmay, avval tekshirib ko‘rishi va aytganlarining mohiyatiga yetib borishi kerak. Shundagina asl haqiqat nima ekanini bilish mumkin.
Hozir ayrim da’vatchilar musulmonlar birligiga rahna solish maqsadida islom ummati ming yillar davomida e’tiqod qilib kelgan moturidiylik va ash’ariylik ta’limotlari noto‘g‘ri ekanini da’vo qilib chiqmoqda. Go‘yo o‘zlarini Qur’on va sunnatga ergashgan-u, bu ikki maktab undan yiroqdek. Betamizlik shu qadar oshyaptiki, ba’zan ulardan “Moturidiylarning kitoblarida birorta oyat va hadis yo‘q” degan da’volarni eshitish mumkin. Bu – o‘ta og‘ir gap. Aslida aqidaviy kitoblarning har bir mavzusida, har bir varag‘ida aytilgan fikrlarni dalillovchi oyat va hadislar bor. Bunga iqror bo‘lish uchun o‘sha manbalarni ochib, o‘qib ko‘rish kerak, xolos. Imom Moturidiyning “Kitobut tavhid”, Abu Muin Nasafiyning “Tabsiratul adilla”, Ibrohim Saffor Buxoriyning “Talxisul adilla”, Abu Barakot Nasafiyning “E’timod fil e’tiqod” – moturidiylik ta’limotiga oid har qanday asarga qaralsa, ichidagi har bir aqidaviy mavzuda ko‘plab oyat va hadislardan dalillar kelgani osongina ayon bo‘ladi.
Keling, avval moturidiylik haqida qisqacha ma’lumot keltiraylik. Ushbu ta’limot ahli sunna val jamoaning ikki yirik ustunlaridan biri hisoblanadi. Unga “Imomul huda” – “Hidoyat imomi” degan yuksak nomga sazovor bo‘lgan Abu Mansur Moturidiy asos solgan.
Imom Moturidiy yashagan davr islom olamida turli o‘zgarishlar avj olgan, ayniqsa, turli firqalar tomonidan aqidaviy buzilishlar kuchaygan paytga to‘g‘ri keladi. Shunday sharoitda u ahli sunna val jamoa e’tiqodini himoya qilib, bu yo‘lda xavorij, rofiza, karromiyya, jahmiyya, mushabbiha va boshqa botil firqalarning da’volariga raddiyalar bergan. Keyingi davrlarda esa, ushbu ta’limotni batafsil o‘rgangan va uning mohiyatini chuqur bilgan Abul Yusr Pazdaviy, Abu Muin Nasafiy, Saffor Buxoriy, Abu Hafs Nasafiy, Ali ibn Usmon O‘shiy, Nuriddin Sobuniy va Abu Barakot Nasafiy kabi olimlar uning yo‘lini davom ettirib, moturidiylik ta’limotini rivojlantirgan.
Moturidiylik ta’limotida naql (oyat va hadis) asosiy manba hisoblanadi. Har bir masalaning negizidagi dalilda oyat va hadislar yotadi. Aql esa yordamchi vosita hisoblanadi. Ma’rifat hosil qilishda naql, aql va sog‘lom sezgilar asosiy vosita ekani ta’kidlangan. Manbalarga qaraydigan bo‘lsak, adashgan toifalarga raddiya berishda ham naqldan, ham aqldan samarali foydalanilgani ko‘zga tashlanadi. Chunki noto‘g‘ri da’volar noqis aql bilan ana o‘sha asosiy naqlni to‘g‘ri tushunmaslikdan kelib chiqadi. Shu sababli moturidiy olimlar sog‘lom aql bilan, manbaga teran nazar solgan holda, eng nozik nuqtalarni e’tibordan chetda qoldirmay, xolis yondashib, masalalarga naqliy dalillar asosida aqliy dalillarni ham keltirgan. Maqsad – islomning haqiqiy mohiyatini ochib berish, sofligini saqlab qolish va odamlarning sog‘lom aqidaga ergashishini ta’minlash bo‘lgan. Shu tufayli ham ushbu ta’limot asrlar davomida barhayot turipti. Ahli sunna val jamoa musulmonlari hozirga qadar ushbu ta’limotga ergashib, sof aqidasini saqlab kelmoqda.
Bugun ba’zi toifalar moturidiylik aqidasini noto‘g‘ri deb da’vo qilmoqda. Lekin gap-so‘zlariga nazar solsangiz, ularning naqadar puch va asossiz ekanini ko‘rasiz. Quyida shunday da’volardan ayrimlarini keltirib, ularga moturidiylik ta’limotida qanday javob berilganini qisqacha bayon etamiz.
E’tibor qilish kerak bo‘lgan jihat shuki, adashgan toifalar iddao qilayotgan da’volar bugun chiqib qolgan emas. Ular aytayotgan har qaysi aqidaviy masalaning tarixiy ildizlari bor. Bu toifalar mo‘tazila, mushabbiha, mujassima, karromiyya va boshqalarni qattiq tanqid qilsa-da, o‘zlari da’vo qilayotgan narsalarining ildizlari bilan aynan o‘shalarga borib taqaladi. Masalan, hozir soxta da’vatchilar mushabbiha, mujassima va karromiyya toifalari kabi “Alloh taolo – Arshning ustida” deb da’vo qiladi. Bunga
﴿الرَّحْمَنُ عَلَى الْعَرْشِ اسْتَوَى﴾
“Rahmon Arshga istivo qildi”[2] oyatini dalil qilib keltiradi. Ya’ni, oyatdagi “istivo” so‘ziga “joylashish”, “o‘rnashish” ma’nolarini berib, “Alloh Arshga o‘rnashdi” deb ta’vil qiladi va Allohga biror makonda ekanini go‘yo isbot qiladi.
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, Alloh taolo makondan behojat Zot. Moturidiylikka oid manbalarda bu masalaga quyidagicha yondashiladi: “Oyatdagi “istivo” so‘zi muhtamal ya’ni, har xil ehtimol va ma’nolarga ega. Birinchidan, mukammallik ma’nosida ishlatiladi. Bunga Alloh taoloning Muso alayhissalom haqida
﴿وَلَمَّا بَلَغَ أَشُدَّهُ وَاسْتَوَى﴾
“Qachonki u voyaga yetib, mukammal bo‘lganda”[3] degani misol bo‘ladi. Ya’ni bu o‘rinda “istivo” “kamolga yetish” ma’nosida kelgan.
Ikkinchidan, “istivo” so‘zi “qaror topish”, “joylashish” ma’nolarida keladi. Bunga Alloh taoloning Nuh alayhissalomning kemasi haqida:
﴿وَاسْتَوَتْ عَلَى الْجُودِيِّ﴾
“U (kema) Judiy (tog‘i)ga joylashdi”[4], degan so‘zlari dalil bo‘ladi.
Uchinchidan, “istivo” so‘zi “ega bo‘lish” ma’nosida qo‘llanadi.
Birinchi va ikkinchi ma’noni Alloh taologa nisbatan qo‘llash Uning Zotiga loyiq emas. Chunki, Alloh taolo bizning tushunchamizdagi jism emaski, Uni biror makonda desak. Ikkinchidan, O‘zi mukammal bo‘lgan Zotga “kamolga yetish”ni nisbat berish ham mutlaqo noo‘rindir.
Demak, “ega bo‘lish” ma’nosini qo‘llash to‘g‘ri bo‘ladi. Alloh taolo oyatda O‘zini madh etganiga ko‘ra, “Rahmon Arshga istivo qildi” jumlasini “Rahmon Arshning egasi bo‘ldi” deb tafsir qilish lozim. Oyatda Arsh xoslab keltirilganining sababi – u maxluqotlarning (yaratilgan narsalarning) eng kattasi bo‘lgani uchundir. Bundan Alloh taolo barcha maxluqotlarning Egasi ekani ma’lum bo‘ladi. Chunki maxluqotlardan eng kattasining egasi bo‘lish butun olamning egasi bo‘lishni taqozo etadi”.
Ko‘rinib turibdiki, moturidiylikda Alloh taoloni poklashga nihoyat darajada daqiqlik bilan yondashilgan. U Zotni maxluqot sifatlariga o‘xshash sifatlardan poklashga qattiq e’tibor berilgan. “Istivo”ning Alloh taologa eng loyiq bo‘lgan ma’nosi tanlangan. Soxta da’vatchilar da’vo qilgandek “istivo”ga “joylashish”, “qaror topish” ma’nolari berilganda edi, Alloh taologa makon nisbat berilib, U Zotni jismga o‘xshatish holati yuzaga kelib qolgan bo‘lardi. Bu esa olamlarning Rabbi bo‘lgan Zotga noloyiqdir.
Soxta da’vatchilarning da’volaridan yana biri “Alloh taolo – osmonda” deb e’tiqod qilishdir. Bunga “asos” sifatida Alloh taoloning
﴿مَنْ فِي السَّمَاءِ﴾
“Osmondagi Zot”[5] degan so‘zlari va yana bir qancha mutashobih oyatlar dalil qilib keltiriladi. Qo‘shimcha tariqasida inson duo payti qo‘llarini osmonga ko‘tarishi aytiladi.
Moturidiylik manbalarida ularga quyidagicha javob beriladi: “Alloh taoloning “Osmondagi Zot” degan so‘zidan murod “Ilohligi osmonda bo‘lgan Zot” degan ma’nodadir. Uning
﴿وَهُوَ الَّذِي فِي السَّمَاءِ إِلَهٌ وَفِي الْأَرْضِ إِلَهٌ﴾
“U Zot osmonda ham ilohdir, yerda ham ilohdir”[6] degan so‘zlaridan murod esa osmonda ham, yerda ham ilohligining sobitligidir. Bu Alloh taoloning Zoti osmonda sobit ekanini anglatmaydi. Bu xuddi “Falonchi Buxoro va Samarqandda amirdir. Ya’ni, uning zoti emas, amirligi (o‘sha) ikkalasigadir” degandek gap. Chunki Uning Zoti osmonda ham, yerda ham bo‘lishi mumkinmas. Ammo ikkalasida ham Rabbligi va Ilohligi bo‘lishi mumkin.
Alloh taolo O‘zi yaratgan maxluqotlardan behojatdir, shu jumladan, makondan ham. U Zot Qur’oni karimda:
﴿إِنَّ اللَّهَ لَغَنِيٌّ عَنِ الْعَالَمِينَ﴾
“Albatta, Alloh barcha olamlardan behojatdir”[7], degan. Arsh, yer va osmonlar – barchasi Alloh yaratgan maxluqotlar bo‘lib, olam jumlasiga kiradi. Alloh taolo esa olamlardan behojat, ya’ni ularga hojati tushmaydigan Zotdir.
Duo paytida qo‘llar va yuzlarni osmonga ko‘tarish sof ibodat bo‘ladi. Bu namozda Ka’baga yuzlanishga o‘xshaydi. Baytulloh namozning qiblasi bo‘lgani kabi osmon duoning qiblasidir”.
Demak, Alloh taolodan boshqa hamma narsa hodis (paydo bo‘lgan, yaratilgan) hisoblanadi. Zamonlar, makonlar, yaratilgan nimaiki narsa bo‘lsa, Alloh taolo ulardan behojatdir. Alloh taolo azaliy bo‘lib, U bilan birga biror narsa azalda mavjud bo‘lgan emas. Jumladan, yeru osmonlar ham, Arsh va Kursiy ham.
Yuqoridagi misollardan ko‘rinib turibdiki, moturidiylik aqidasida har bir masalaga chuqur, asosli, ilmiy nuqtayi nazardan yondashiladi, masalaning tub mohiyatini ochish uchun jiddu jahd qilinadi, asl haqiqat nimada ekaniga qattiq e’tibor beriladi, oyat va hadislarning ma’nolari har tomonlama o‘rganilib, to‘g‘ri ta’vil qilinadi. Adashgan buzg‘unchi toifalar esa oyat va hadislarning zohiriy ma’nosiga qarab hukm qilib ketaveradi. Ular matnning asl mazmun-mohiyati nima ekanini tushunmagani, chuqur tahlilga ilmiy salohiyati yetmagani tufayli o‘zining noqis aqli to‘g‘ri deb bilgan va nafsiga ma’qul kelgan narsaga mahkam yopishib oladi. Shunisi ma’lumki, asrlar davomida islom aqidasining sofligini saqlash uchun beqiyos xizmat qilgan zabardast mujtahid olimlarning etagini tutish oyat va hadislarning asl mohiyatini, shariat maqsadlarini anglab yetmagan, ilmsiz, soxta da’vatchilarga ergashishdan har tomonlama afzaldir. Shuning uchun mo‘min-musulmon inson o‘z dinini yaxshilab o‘rganishi va bunda kimdan nimalarni qay tarzda o‘rganayotganiga e’tiborli bo‘lishi lozim.
[1] Hujurot surasi, 6-oyat.
[2] Sho‘ro surasi, 11-oyat.
[3] Qasos surasi, 14-oyat.
[4] Hud surasi, 44-oyat.
[5] Mulk surasi, 16-oyat.
[6] Zuxruf surasi, 84-oyat.
[7] Ankabut surasi, 6-oyat.
Ravshan Elmurodov,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi