Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) hazrati Xadicha (roziyallohu anho) onamiz vafotidan so‘ng hazrati Savda binti Zam’a onamizga uylanganlar.
Savda onamizning otalari Zam’a ibn Qays ibn Abdush Shams ibn Abd Vudd ibn Amir ibn Luay ibn G‘olib, onalari esa ash-Shamus binti Qays ibn Amr ibn Zayd ibn Labid ibn Xidash ibn Amira banu Adi ibn an-Najjar qabilasidan edi.
Savda onamiz dastlab amakilarining o‘g‘li Sakron ibn Amrga turmushga chiqqan. Ikkovlari islomni qabul qilib, Habashistonga hijrat qilganlar va sakkiz muhojirning safidan joy olgan. Savda onamizning birinchi erlari Sakron ibn Amr kasal bo‘lib vafot etgan.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Xadicha onamizning vafotlaridan bir necha yil keyin, Toifdan nihoyatda mahzun bo‘lib qaytgan edilar. Savda onamizga uylanishlari ana shunday vaqtga to‘g‘ri kelgan.
Mo‘mina ayollar orasida Xavla binti Hakim (roziyallohu anho), Nabiy (sollallohu alayhi va sallam)ning nomlaridan Savda onamizga sovchi bo‘lib borganlar. Savda onamiz otalarining roziliklari bilan Payg‘ambarimizga turmushga chiqib, 400 dirham mahr olgan. Shu vaqtda Ramazon oyi bo‘lib, payg‘ambarlikning o‘ninchi yili edi. Bu nikoh makkaliklarni taajjublantirgan. Chunki Savda onamiz yosh ham emas, unchalik chiroyli ham emasdi.
Lekin Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) qiyinchilikda qolgan kimsasiz ayolni himoya etganlar. Savda (roziyallohu anho) mo‘minlarning onasi, zimmalaridagi mas’uliyatni ado etishga sidqidildan kirishib, yetim qolgan farzandlarining tarbiyasi bilan shug‘ullangan. Savda onamiz itoatli, sevimli va hazilkash ayol edi.
Bir kuni Savda (roziyallohu anho) Payg‘ambarimiz (alayhissalom)ga: «Ey Allohning Rasuli, kecha ortingizdan namoz o‘qidim. Juda uzoq vaqt ruku qildingizki, qon oqib ketmasin deb burnimni ushlab turdim», dedilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) kuldilar. Shu tariqa oradan uch yil o‘tdi.
Savda binti Zam’a Oisha onamiz kelin bo‘lib tushganidan keyin ham hazil-mutoyibani tark etmadi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) xonadonlariga boshqa ayollari birin-ketin kirib kela boshladi. Biroq bu hol ularni o‘z o‘rnilarini yo‘qotishga olib kelmadi. Suyukli payg‘ambarimiz har qaysisiga yarasha muomala qildilar.
Oisha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: «Men Savdadan boshqa tutimi va siyratida o‘zimga yoqadigan, unga o‘xshash ayolni ko‘rmadim. U yoshi katta bo‘lganda: «Ey Allohning Rasuli (sollallohu alayhi va sallam), sizdagi haqim bor kunimni Oishaga berdim», dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Oishaga ikki kun – o‘z kunini va Savdaning kunini taqsim qilar edilar».
Alloh taoloning izni ila Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) hijrat qilganlarida, Savda binti Zam’a onamiz ham u zotning ortlaridan qizlarini olib hijrat qilgan. U yerda ham Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) xonadonlarini boshqarib turgan.
Badr jangida qarindoshlari Suhayl ibn Amr asir tushganida, soddadillik bilan Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga qilgan ishoralari tufayli asirlarga yaxshilik qilish bo‘yicha shar’iy qoidalarga yana biri qo‘shilgan.
Savda binti Zam’a onamiz «Batahqiq, sizlarga hojatlaringiz uchun chiqishga izn berildi» oyati nozil etilishiga sababchi bo‘lgan. Savda onamiz betakror xislatlari, taqvo, saxiyligi bilan ajralib turardi.
Umar (roziyallohu anhu) ularga bir xurjun dirham yuborganlarida, ularning hammasini tarqatib yuborgan. G‘azotda ishtirok etib, Xaybarni fath qilinishiga guvoh bo‘lgan.
Hazrat Savda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan keyin, hazrati Umar(roziyallohu anhu)ning xalifalik davrida vafot etgan. Bu paytda u chamasi sakson yoshda bo‘lgan.
Savda onamiz Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan beshta hadis rivoyat qilgan. Ulardan birini Imom Buxoriy rivoyat qilgan.
Maryam ABDULLAYEVA,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha
bo‘lim mutaxassisi
Din va jamiyat
Islom dini kishini haddan oshish, zo‘ravonlik va adovatdan qaytaradi. Har bir ishda o‘rta yo‘lni tutish, aql bilan ish ko‘rish, adolat va insofni saqlash asosiy mezonlardan ekani ta’kidlanadi.
Afsuski, bugungi kunda ayrim kimsalar dinimizga xos muqaddas tushunchalarni noto‘g‘ri talqin qilib, o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanmoqda. Ular dinning asl mohiyati bo‘lgan tinchlik, o‘zaro mehr-muruvvat va ezgulik g‘oyalarini buzib, odamlar qalbiga mutaassiblik urug‘ini sochishga harakat qilmoqda. Bunday kimsalar xorijda turib ijtimoiy tarmoqlar orqali aqidaviy, fiqhiy, mahzab masalalarida xalqimizni chalg‘itishga urinib, mutaassiblik va boshqa yot g‘oyalarni targ‘ib qilib, ommani shubhalar girdobiga tortishga urinmoqda.
Haqiqiy dindorlik odamlardan uzilish, hayotdan chetlashish yoki boshqalarga nisbatan qattiqqo‘llik qilish emas. Balki halol mehnat qilish, ota-onaga hurmat ko‘rsatish, oilaga mas’uliyat bilan qarash, jamiyatga foyda keltirish va ibodatni ixlos bilan ado etishda namoyon bo‘ladi. Mutaassiblik esa shu muvozanatni buzadi. Bunday kishi o‘z fikrini yagona haqiqat deb biladi, boshqa qarashlarni eshitishni istamaydi. Faqat o‘z fikrini o‘tkazishga urinadi. U ko‘p hollarda dinning asl mohiyatini emas, balki o‘zining tor va biryoqlama tushunchasini himoya qiladi. Shu sababli mutaassiblik jamiyatda murosasizlik, adovat va bo‘linishlarga sabab bo‘ladi.
Aslida, chin musulmon o‘z e’tiqodida mustahkam bo‘lishi bilan birga, boshqalarga nisbatan ham odob, hurmat va insof bilan munosabatda bo‘lishi kerak. Din nomidan qo‘pollik qilish, odamlarni kamsitish, jamiyat tinchligiga raxna solish yoki zo‘ravonlikni oqlash qoralangan.
Payg‘ambarimiz alayhissalom har bir ishda – xoh u dunyoviy bo‘lsin, xoh oxirat amali bo‘lsin – o‘rtacha bo‘lishga chaqirib: “Ishlarning eng yaxshisi o‘rtachasidir”, deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyati). Bu esa Islomda inson hayoti bir tomonga og‘ishgan emas, balki muvozanatli bo‘lishi kerakligini ko‘rsatadi.
Bu haqda Qur’oni karimda: “...Rohiblikni esa ular o‘zlari chiqarib oldilar. Biz ularga uni (rohiblikni) yozganimiz yo‘q, lekin ular o‘zlari Allohning rizoligini istab (rohiblik) qildilar-u, so‘ngra unga to‘la rioya qila olmadilar. Bas, ulardan iymon keltirganlariga mukofotlarni ato etdik. (Ammo) ularning orasida aksariyati fosiq (kofir)dirlar” (Hadid surasi, 27-oyat), deyilgan. Demak, kishi o‘z tabiatiga og‘irlik qiladigan darajada hayotdan uzilib, toat-ibodatga berilib ketmasligi kerak.
Yana bir oyatda: “Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin” (Qasas surasi, 77-oyat). Musulmon kishi dunyoni deb oxiratni unutishi, oxiratni bahona qilib, zimmasidagi bu dunyo ishlarini tashlab qo‘yishi joiz emas.
Mutaassiblik ilmsizlik sababli kelib chiqadi. Ilmli kishi hech qachon o‘zgalar bilan tortishmaydi va har ishda o‘zinikini ma’qullayvermaydi. Aksincha, haq gap aytilganida tan oladi. Shuning uchun farzandlarimizga yoshligidanoq diniy bilimlarni chuqur o‘rgatib, turli fitnalardan ogoh etib borishimiz zarur. Zero, haqiqiy ilm egalarini hech qanday buzg‘unchi g‘oyalar chalg‘ita olmaydi.
G‘afurjon ESHONQULOV,
Urgut tumanidagi “Chubin” masjidi imom noibi
H. Sadriddinov uyushtirdi.
"Hidoyat" jurnalini 7-sonidan