Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Yanvar, 2025   |   28 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:16
Quyosh
07:38
Peshin
12:41
Asr
15:53
Shom
17:37
Xufton
18:53
Bismillah
28 Yanvar, 2025, 28 Rajab, 1446

Ovoz haqidagi mo‘jizani eshitganmisiz?

8.11.2018   5055   6 min.
Ovoz haqidagi mo‘jizani eshitganmisiz?

Qur’oni Karim mo‘jizalarga boy Kitobdir. Qiyomatga qadar undagi har bir oyat bilan bog‘liq mo‘jizalar, aqlni lol qoldiruvchi ma’lumotlar e’lon qilinaveradi. Ushbu maqolada Qur’oni Karimdagi bir oyat bilan bog‘liq mo‘jizaviy jihatlarni ko‘rib chiqamiz.

Alloh taolo Qur’onda shunday deb marhamat qilgan:

وَاقْصِدْ فِي مَشْيِكَ وَاغْضُضْ مِن صَوْتِكَ إِنَّ أَنكَرَ الْأَصْوَاتِ لَصَوْتُ الْحَمِيرِ

“Yurishingda mo‘tadil bo‘l va ovozingni pasaytir. Chunki ovozlarning eng yomoni eshakning ovozidir”. (Ya’ni, yurishing o‘rtacha va maqsadli bo‘lsin. Bekorchi soxta harakatlar bilan kuch-quvvatni isrof qilib, kibru havo bilan ham yurma, juda lapashang bo‘lib, sudralma ham. Eshak bekordan-bekorga bor ovozi bilan hangrab turadi. Hech bir sababsiz baland ko‘tarilgan ovozning eshaknikiga o‘xshatilishining o‘zi yetarli. Oyatda bu ovoz eng yomon ekanligi ham ta’kidlanmoqda.) (Luqmon surasi, 19-oyat).

Ushbu oyati karima Luqmon surasining ikkinchi yarmining boshlarida kelgan. Bu sura Makkada nozil qilingan bo‘lib, 34 oyatdan iboratdir. Surada Luqmon ismli solih inson haqida so‘z yuritilgani uchun uning nomi Luqmon deb atalgan. Ma’lumki, Luqmon o‘z davrining haniflaridan, ya’ni Allohning o‘ziga ibodat qilgan tavhid ahllaridan bo‘lib, shirkdan uzoq turgan kishi edi. Shuningdek, u hikmatli so‘zlari, go‘zal xulqlari va nasihatlari bilan mashhurdir. Ushbu suradan aqida asoslari, go‘zal xulqqa targ‘ib, borliqqa oid ma’lumotlar va boshqa masalalar o‘rin olgan.  

Yuqoridagi oyatdagi “Ovozlarning eng yomoni eshakning ovozidir” jumlasiga e’tibor beraylik.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Agar xo‘rozning qichqirishini eshitsangiz, Allohdan fazlini so‘ranglar! Chunki u (o‘sha paytda) farishtani ko‘rgan bo‘ladi. Agar eshakning hangraganini eshitsangiz, Allohdan shaytonning yomonligidan panoh so‘ranglar! Chunki u (o‘sha paytda) shaytonni ko‘rgan bo‘ladi”. Buxoriy, Muslim, Termiziy rivoyat qilishgan.

Akustika (ovozlar, turli tovushlarni o‘rganadigan fan) olimlari shuni aytishadiki, eshakning ovozi 100 detsibeldan ortadi. Inson bu kabi baland ovozga tez-tez ro‘baro‘ bo‘lsa, uning eshitish qobiliyati izdan chiqishi mumkin. Bundan tashqari mazkur ovoz uning asab tizimiga ham o‘ta salbiy ta’sir etar ekan.

Mazkur fan olimlari turli to‘lqin uzunligidagi ovozlarning jadvalini, baland ovoz yonida inson qancha muddatdan ortiq turishi mumkin emasligiga oid vaqtlarni ishlab chiqishgan.

Agar ovozning balandligi 45 detsibelga yetsa, unday ovoz yonida inson tinch uxlolmaydi.

Agar ovozning kuchi 85 detsibelga yetsa, quloqlarda og‘riq boshlanadi.

Agar ovozning kuchi 90 detsibelga yetsa, inson bu ovoz yonida 8 soatdan ortiq tura olmaydi.

Bordiyu ovozning quvvati 100 detsibelga ko‘tarilsa, insonning quloqlari bu ovozga zo‘rg‘a 2 soat chidaydi.

Agar ovozdagi kuch 110 detsibelga yetsa, insonning qulog‘i bu ovozga yarim soat chidaydi.  

Ammo ovoz 160 detsibelga yetsa, inson o‘sha onda eshitish imkoniyatidan mahrum bo‘lib, kar bo‘lib qolishi mumkin.

Eshakning ovozi 100 detsibeldan ortiq ekan, demak, inson uning ovozini ko‘p eshitishi quloq uchun katta zarardir. Mana shu o‘rinda Qur’onning mo‘jizasi ko‘rinadi.

Eshak ovozining insonga salbiy ta’siri borligi yaqinda, akustika sohasidagi olimlar tomonidan aniqlandi. Vaholanki, Qur’oni Karimda bu masala bundan 1400 yil oldin aytib qo‘yilgan.

Ovozni sababsiz ko‘tarish insonlarga ozor beradi, axloqsizlik belgisi sanaladi. Ovozni pastlatish esa go‘zal xulq namunasidir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam baqiroq inson emasdilar. U zot alayhissalom past ovozda, lutf va mehribonlik bilan, insonlarning foydasini ko‘zlab gapirardilar.

Alloh taolo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu sifatlari haqlarida shunday degan:

     فَبِمَا رَحْمَةٍ مِّنَ اللّهِ لِنتَ لَهُمْ وَلَوْ كُنتَ فَظّاً غَلِيظَ الْقَلْبِ لاَنفَضُّواْ مِنْ حَوْلِكَ فَاعْفُ عَنْهُمْ وَاسْتَغْفِرْ لَهُمْ وَشَاوِرْهُمْ فِي الأَمْرِ فَإِذَا عَزَمْتَ فَتَوَكَّلْ عَلَى اللّهِ إِنَّ اللّهَ يُحِبُّ الْمُتَوَكِّلِينَ

“Allohning rahmati ila ularga muloyim bo‘lding. Agar qo‘pol, qalbi qattiq bo‘lganingda, atrofingdan tarqab ketar edilar. Bas, ularni afv et. Ularga istig‘for ayt va ular bilan ishlarda mashvarat qil. Azmu qaror qilganingdan so‘ng Allohga tavakkal qil. Albatta, Alloh tavakkal qiluvchilarni sevadir”. (Alloh taolo ushbu amr ila Payg‘ambar alayhissalomni qalbi kenglikda, muloyimlikda – kishilarni atroflarida jamlovchi oliy sifatlarda bardavom bo‘lishga chaqirib, ayblar o‘tgan bo‘lsa ham, musulmonlarni afv etishga buyurmoqda.) (Oli Imron surasi, 159-oyat).

Ovozni past qilib gapirish tavozu’ belgisidir. Odamlar baland ovozda gapiruvchilarni yoqtirmaydilar, unday kimsalar o‘zlarining baqiroq ovozlari bilan boshqalarning qulog‘iga, yuragiga bosim o‘tkazadilar.

Ovozni past qilish boshqalarga nisbatan hurmat belgisidir. Ovozni sababsiz ko‘tarish esa boshqalar oldida o‘zini mutakabbir tutishdir. Alloh taolo va Uning Rasuli ovozini sababsiz baland ko‘tarib, hammaning diliga ozor beruvchi, qo‘pol, mutakabbir kimsalarni yaxshi ko‘rmaydi.

Yurish ham o‘rtacha bo‘lishi kerak. O‘ta tez ham, o‘ta sekin ham bo‘lmasligi maqsadga muvofiqdir. Sababsiz tez yurish (biror kishiga yordam berish, jamoat namoziga yetib borish, shifoxonaga yetib borish kabi zaruriy holatlarda tez yurish bundan mustasno) shoshqaloqlik, sababsiz o‘ta sekin yurish (keksaligi, oyog‘i og‘rigani kabi uzrli holatlarda sekin yurish bundan mustasno) mutakabbirlik belgisi bo‘ladi. 

Yuqoridagi oyatda go‘zal xulqqa targ‘ib etish bilan birga ilm-fanga oid muhim bir masalaga ham ishora qilib o‘tilgan.

Ha, azizlar! Akustika bo‘limi olimlari tomonidan eshak ovozining quloqqa va asab tizimiga salbiy ta’siri borligi yaqinda aniqlandi. Qur’oni Karim esa bu haqida bundan o‘n to‘rt asr oldin xabar berib qo‘ygan!

 

 

Doktor Zag‘lul Najjorning maqolasidan

Nozimjon Iminjonov tarjimasi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Payg‘ambarimiz alayhissalom Jabroil alayhissalomni asl holida ko‘rganmilar?

28.01.2025   109   1 min.
Payg‘ambarimiz alayhissalom Jabroil alayhissalomni asl holida ko‘rganmilar?

Cavol: Payg‘ambarimiz alayhissalom Jabroil alayhissalomni asl suratida ko‘rganmilar?
 

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha ko‘rganlar. Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalomni asl suratlarida ikki marta ko‘rganlar. Imom Buxoriy rahimahulloh Oisha roziyallohu anho onamizdan rivoyat qilgan uzun hadisda bunday deganlar: “Lekin u zot Jabroil alayhissalomni ikki marta o‘z suratida ko‘rganlar”.

Ko‘plab ulamolar ikki martaning bir martasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yerda, Jabroil alayhissalom ufqda bo‘lgan holatda, ikkinchisi Isro va me’roj kechasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam osmonga ko‘tarilganlarida Sidratul muntaho oldida Jabroil alayhissalomni ko‘rganlar, deyishgan (“Umdatul qoriy” kitobi). Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.

Maqolalar