Quvonarlisi, “Haj-2023” dasturi doirasida kvotalar soni oshirilib, viloyatdan 1 ming 648 kishi Islom olamidagi beshinchi muqaddas arkonni bajarish baxtiga muyassar bo'ldi. Hojilarimiz yuqori shodu xurramlik bilan kutib olindi.
– Muborak Haj ziyorati har bir musulmon uchun katta orzu. Ulug' safar davomida vatandoshlarimiz Saudiya Arabistonining Madina va Makka shaharlarida bo'lib, Haj amallarini mukammal ado etishdi. Arafot tog'i, Mino va Muzdalifa vodiylarida ibodatlar chog'ida bugungi saodatli kunlar uchun shukronalar aytib, Allohdan yurtimizga fayzi baraka, xalqimizga farovonlik, ertangi umidimiz bo'lgan farzandlarimiz baxti, kamolini so'rab, duolar qilishdi, – deydi O'zbekiston Musulmonlar idorasining Namangan shahridagi vakili Musoxon qori Abbosiddinov. – Shuni alohida e'tirof etish kerak, Haj ziyoratini ko'tarinki ruhda o'tkazish uchun barcha tashkiliy chora-tadbirlar ko'rildi. Vatandoshlarimiz ikki muazzam shaharlardagi ko'rkam mehmonxonalardan joy olishdi.
– O'ttiz yildan ziyod Namangan tumani Rovuston qishlog'idagi 34-umumta'lim maktabida boshlang'ich sinf o'quvchilariga saboq berdim. Bir o'g'il va uch qizni tarbiyaladim. Muallimalik qilayotgan ikki dilbandim kasbimni davom ettirmoqda, – deydi 72 yoshli keksa pedagog Tursunxon aya Sobirova. – 2007 yildan beri Haj ziyoratiga borishni orzu qilardim. Bu baxt bugun nasib qildi. Arab zaminida ibodatlar paytida aslo qiyinchilik ko'rmadik. Prezidentimizning Saudiya Arabistoni podshohligi bilan kelishuvlari natijasida o'zbekistonlik hojilarga yuksak saviyada munosabatda bo'lishdi, barcha imkoniyatlar hozirlandi. Hajdan qaytgan inson zimmasida ijobiy tomonga o'zgarishdek katta mas'uliyat yuklanadi. Barcha yaqinlarim va mahalladoshlarga pand nasihatlarimiz, ezgu fazilatlarimiz bilan ibrat namunasini ko'rsatishni o'z oldimga maqsad qildim.
Yaxshi kayfiyatda yurtimizga qaytgan hojilarimiz avtobuslarga chiqib, belgilangan manzillarga kelib, oila-a'zolari va yaqinlari bilan diydorlashdi. Eslatib o'tamiz, “Haj-2023” dasturi doirasida joriy yilning 14 iyuliga qadar hojilarimizni kutib olish maqsadida “Jidda – Namangan” yo'nalishida 14 ta aviaqatnov amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O'zA
#xabar #muftiy #anjuman
Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari dunyoda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash va musulmon ummati hamjihatligi yo‘lida ulamolar hamkorligi zarurligi to‘g‘risida nutq so‘zladilar.
Konferensiyada Xalqaro islom fiqhi akademiyasi Bosh kotibi Qutub Mustafo Sano, Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy Shayx Ravil Gaynutdin, Misr Bosh muftiysi maslahatchisi Ibrohim Najm, Muhammad bin Zoid nomidagi gumanitar fanlar universiteti rektori Xalifa Muborak al-Dohariy va Braziliya musulmon uyushmalari federatsiyasi vitse-prezidenti Ali Husayn al-Zohbi kabi davlat va din arboblari, ulamolar o‘z ma’ruzalari bilan chiqish qildilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari butun dunyoda murakkab vaziyat hukm surayotgan, ayniqsa, insoniyat turli qiyinchilik va muammolarga duch kelayotgan bir pallada ziyolilar, din peshvolari va ulamolarning o‘zaro mushtarak maqsadlarda sa’y-harakat qilishi hamda dunyo xalqlarini tinchlik, birodarlik, ahillikka da’vat etishlari juda dolzarb ekaniga urg‘u qaratdilar.
Shuningdek, Muftiy hazratlari Islom ma’rifatini keng targ‘ib etish, millatlar o‘rtasidagi hamjihatlik va o‘zaro totuvlikni mustahkamlash hamda dinimiz ta’limotini ilmiy jihatdan chuqur o‘rganish borasidagi O‘zbekiston tajribasi va diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarning mazmun-mohiyatini ishtirokchilar e’tiboriga bayon etdilar.
Anjuman doirasidagi tadbirlar va uchrashuvlar 5 sentyabr kuni ham davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati