Bugun, 17 oktyabr kuni “O‘zbekiston Qur’on musobaqasi-2018” Respublika bosqichi 18-25 yoshlilar o‘rtasidagi hifz yo‘nalishi 1-o‘rin sohibi, Andijon shahridagi “Sayyid Muhyiddin maxdum” islom bilim yurti talabasi Muhammadiso qori Mahmudov shu yilning 18-21 oktyabr kunlari Qur’oni karimni tajvid qoidasi bilan yoddan o‘qib berish bo‘yicha Rossiya Federatsiyasida o‘tkaziladigan XIX Xalqaro Qur’oni karim musobaqasida ishtirok etish uchun Moskva shahriga jo‘nab ketadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur musobaqaning tashkilotchisi Rossiya musulmonlari diniy idorasi va Rossiya muftiylari kengashidir. Musobaqaning final bosqichida butun dunyodan 30 nafardan ortiq qorilar ishtirok etadi.
Shu yilning 21 oktyabr kuni Moskvadagi Crocus City Hall konsert zalida Qur’on bayrami o‘tkaziladi. Bayram tadbirida XIX xalqaro Qur’oni karim musobaqasining final bosqichi bo‘lishi aytilmoqda. Bu haqda Islam-today nashri xabar berdi. Shuningdek Qur’on bayrami mehmonlari turli ijodiy jamoalar chiqishlarini, mahorat darslarini, ko‘rgazmalarni, trening va bolalar shaharchalarini tomosha qilishlari mumkin bo‘lishi qayd etilgan.
Xalqaro aloqalar bo‘limi
Muhammad Rotib Nobulsiy hafizahulloh aytadilar: “Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan. Allohga hamdlar bo‘lsin. Sayyidimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga va u zotning oila a’zolariga hamda sahobalariga salavotu salomlar bo‘lsin. Ulardan ham, bizdan ham rozi bo‘l, yo olamlar Robbi.
Shak-shubhasiz, koinot, jamodot, nabotot va hayvonot bir-biridan farq qiladi. Ularning ayrimlari jonsiz, qolganlari jonli. Ba’zilari vaznga ega, hajmi bor va h.k.
Ammo insoniyat boshqa jonzotlar farqli o‘laroq fikr yuritadi, tafakkur qiladi. Agar inson ilm izlamasa, Robbi uni qo‘ygan darajadan pastga tushadi, bu esa uning mavqeiga mos kelmaydi. Natijada, u o‘lik sanaladi.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Aslida, ularning hayvonlardan farqi yo‘q. Balki yana ham yo‘ldan ozganroqdirlar” (Furqon surasi, 44-oyat).
“Ular xuddi suyab qo‘yilgan xodaga o‘xsharlar” (Munofiqun surasi, 4-oyat).
“Ustlariga Tavrot yuklatilgan, so‘ngra uni ko‘tarmaganlar misoli ustiga kitob yuklangan eshakka o‘xsharlar” (Juma surasi, 5-oyat).
Inson mavjudligining sirini, hayotdan maqsadni va haqiqatni izlashi, o‘lim nima, o‘limdan keyin nima bo‘lishi haqida fikr yuritishi lozim.
Har bir aqlli odam ham dono emas. O‘tkinchi dunyo hayotining mayda-chuydalariga berilib ketmagan, o‘zini Allohning bandasi ekanini unutmagan, kengligi osmonlaru yercha bo‘lgan Jannat uchun harakat qilgan inson – dono sanaladi. Bunga faqat ilm izlash orqali erishish mumkin.
Demak, agar kim dunyoni istasa, ilm izlasin. Oxiratni istasa, ilm izlasin. Agar har ikkisini ham xohlasa, ilm izlasin. Alloh buyukdir”.
Davron NURMUHAMMAD