Islom ilm egalarini qadrlaydigan ulug‘ dindir. Alloh Qur’oni karimda ilm egalarini maqtab, ularni yuksak darajalarga ko‘tarishi haqida va’da bergan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ham ilm egalarining qadri va sharafi haqida shunday deganlar:
“Alloh, Uning farishtalari, osmon va Yer aholisi, hatto uyasidagi chumoli va dengizdagi baliqlar ham odamlarga yaxshilik o‘rgatuvchi olimlarga mag‘firat tilab duo qilishadi” (Imom Termiziy).
Odamlarga halol-harom, oqu-qorani o‘rgatadigan olimlarning sharafi shu darajada. Alloh jamiki jonzotlarga ilm egalarini hurmat qilishni, ularning haqqiga duo qilishni, qadriga yetishni tayinlagan va ta’lim bergan. Shuning uchun har birimiz ilm egalarini qadrlashimiz, ko‘nglini olishimiz, ularning haqqiga mag‘firat so‘rab duo qilishimiz kerak.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Andijon viloyati vakiligi va “Vaqf” xayriya jamoat fondi viloyat filiali hamkorligida tashkil etilgan tadbirdan ko‘zlangan maqsad ham shundan iborat edi. Shu kuni Andijon shahrida joylashgan Sayyid Muhyiddin mahdum o‘rta maxsus islom bilim yurtida iftorlik dasturxoni yozildi. 250 nafar mudarris-o‘qituvchilar, ishchi-xizmatchi xodimlar va talabalar ishtirok etgan tadbirda viloyat bosh imom xatibi Mirzamaqsud domla Alimov ilm ahlining jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdi. Mudarris talabalar haqqiga duo qildi.
Dinu diyonatni o‘rgatadigan ustozlarni, ilmu toliblarni e’zozlanganlar Allohning ulkan ajru savoblariga erishsin!
Vaqf.uz