Bugun 25 sentyabr kuni Islom dunyosining mashhur olimi shayx Muhammad Avvoma hazratlari Toshkent shahridagi “Hazrati Imom” majmuasiga tashrif buyurdi. Martabali mehmon majmuadagi Mo‘yi muborak madrasasida saqlanayotgan “Hazrati Usmon Mufhafi”, alloma Qaffol Shoshiy maqbarasi, Toshkent islom instituti va O‘zbekiston musulmonlari idorasiga tashrif buyurdi.

Dastlab Shayx hazratlari Mo‘yi muborak madrasasida saqlanayotgan “Hazrati Usmon Mufhafi”ni ziyorat qilib, O‘zbekistonda Islom diniga oid ma’naviy meroslar juda ko‘pligi, eng tabarrugi shubhasiz, “Hazrati Usmon Mus'hafi” ekanini e’tirof etdi.


Shundan so‘ng mehmon majmuadagi Abu Bakr Qaffol Shoshiy maqbarasini ziyorat qildi. Ziyorat davomida allomaning hayoti va faoliyatidan lavhalarni so‘zlab berdi. Jumladan, u kishining “Qaffol” degan nomni olishlari, qirq yoshdan keyin ilm olishni boshlaganlari haqidagi nodir ma’lumotlarni gapirib berdi.
Muhammad Avvoma hazratlari peshin namozini Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida mudarris va talabalar bilan birga ado qildilar. Namoz yakunida Oliy Ma’had faoliyati va talabalar haqqiga duoi xayrlar qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari ushbu martabali mehmon bilan muloqot o‘tkazdilar. Uchrashuvda muftiy hazratlari O‘zbekistonda din sohasida amalga oshirilayotgan xayrli islohotlar haqida batafsil so‘zlab berdilar.
Shayx hazratlari O‘zbekiston zaminiga kelishni 61 yildan buyon intiqib kutganlari, Alloh taoloning fazli va marhamati ila ushbu xayrli safarni amalga oshirishga muvaffaq bo‘lganlarini bayon qildilar.
Muhammad Avvoma hazratlari oxirgi yillarda O‘zbekistondagi din sohasida amalga oshirilayotgan ishlarga xayrli duolar qilib, eng ezgu tilaklarini bildirdilar.



O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz rahbarligida Qoraqalpog‘iston uchun alohida qabul qilingan qaror va farmonlar, shu orqali yaratilgan imtiyoz va imkoniyatlar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, qisqa vaqt ichida Qoraqalpog‘iston tarixi sahifalarida o‘ziga xos o‘rin egallagan muhim yangiliklar, bugungi kunda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ezgu ishlar hamda oldinda turgan ustuvor vazifalar xususida fikr almashildi.
Aytib o‘tish joizki, yaqin vaqt ichida Qoraqalpog‘istonda chin ma’noda tarixiy ahamiyatga ega islohotlar amalga oshirilib, aholi va tadbirkorlik subyektlari, jamiyatning barcha qatlamlari uchun ilgari bo‘lmagan keng imtiyoz va imkoniyatlar yaratildi. Ushbu islohotlar va tashabbuslar uchrashuv davomida aniq misollar bilan yoritib berildi.
Shundan so‘ng ishtirokchilarning taklif va mulohazalari tinglanib, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar belgilab olindi.
Uchrashuv yakunida yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh madaniyat xodimlari va din vakillari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi tomonidan munosib rag‘batlantirildi.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti
Matbuot xizmati