Alloh taolo O‘z fazlu marhamati ila jamiki maxluqotni yaratgach, O‘zining yanada go‘zal ijodini namoyon etishga qaror qildi. U Odam alayhissalomni va uning avlodlarini yaratdi, ularni Yer yuziga tarqatib yubordi, so‘ng esa ularga haq yo‘lni ko‘rsatib, hidoyatga boshlovchi rasullarini yubordi. Alloh taolo muborak Kalomida:
وَلِكُلِّ أُمَّةٍ رَّسُولٌ فَإِذَا جَاء رَسُولُهُمْ قُضِيَ بَيْنَهُم بِالْقِسْطِ وَهُمْ لاَ يُظْلَمُونَ
“Har ummatning o‘z Payg‘ambari bordir. Qachonki ularga Payg‘ambarlari kelsa, oralarida adolat ila hukm chiqarilur. Ularga zulm qilinmas” (Yunus, 47);
إِنَّا أَرْسَلْنَاكَ بِالْحَقِّ بَشِيراً وَنَذِيراً وَإِن مِّنْ أُمَّةٍ إِلَّا خلَا فِيهَا نَذِيرٌ
“Albatta, Biz seni haq ila xushxabarchi va ogohlantirguvchi etib yubordik. Qaysi bir ummatki bo‘lsa, unda ogohlantirguvchi bo‘lgan” (Fotir, 24).
Har bir rasul va nabiy o‘z ummatiga Alloh taoloning haqiqatini yetkazgan. So‘zlarining rostligini tasdiqlash uchun ularga maxsus ilm va mo‘jizalar ato qilingan. Mo‘jizaning allaqanday sehrgarlik yoki fokusga aslo aloqasi yo‘q. U faqat Buyuk Yaratuvchining bemisl qudratini namoyon etish uchun Rabbimizning O‘zining irodasi ila sodir bo‘ladi. Abu Hurayra roziyallohu anhu Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamdan qilgan hadisi sharifda “Payg‘ambarlarning barchasiga odamlar ularning gaplari rostligiga ishonishi uchun maxsus bilimlar ato qilingan. Mening mo‘jizam – Qur’oni karimdir. Umid qilamanki, Qiyomat kunida o‘tgan jamiki payg‘ambarlar ummatidan mening ummatimning soni ko‘p bo‘ladi” (Imom Buxoriy), deyilgan.
Insoniyatning otasi va birinchi payg‘ambar Odam alayhissalomga Alloh taolo ko‘plab mo‘jizalar ato qilgan.
Odam alayhissalomning Alloh taoloning xalifasi bo‘lib yaralishi
Parvardigorimiz Odamni yaratib, uni yer yuziga O‘zining xalifasi etib tayinlashini farishtalariga xabar qilgani quyidagi oyati karimada bayon qilingan:
وَإِذْ قَالَ رَبُّكَ لِلْمَلاَئِكَةِ إِنِّي جَاعِلٌ فِي الأَرْضِ خَلِيفَةً قَالُواْ أَتَجْعَلُ فِيهَا مَن يُفْسِدُ فِيهَا وَيَسْفِكُ الدِّمَاء وَنَحْنُ نُسَبِّحُ بِحَمْدِكَ وَنُقَدِّسُ لَكَ قَالَ إِنِّي أَعْلَمُ مَا لاَ تَعْلَمُونَ |
وَعَلَّمَ آدَمَ الأَسْمَاء كُلَّهَا ثُمَّ عَرَضَهُمْ عَلَى الْمَلاَئِكَةِ فَقَالَ أَنبِئُونِي بِأَسْمَاء هَـؤُلاء إِن كُنتُمْ صَادِقِينَ |
قَالُواْ سُبْحَانَكَ لاَ عِلْمَ لَنَا إِلاَّ مَا عَلَّمْتَنَا إِنَّكَ أَنتَ الْعَلِيمُ الْحَكِيمُ |
قَالَ يَا آدَمُ أَنبِئْهُم بِأَسْمَآئِهِمْ فَلَمَّا أَنبَأَهُمْ بِأَسْمَآئِهِمْ قَالَ أَلَمْ أَقُل لَّكُمْ إِنِّي أَعْلَمُ غَيْبَ السَّمَاوَاتِ وَالأَرْضِ وَأَعْلَمُ مَا تُبْدُونَ وَمَا كُنتُمْ تَكْتُمُونَ “Esla, vaqtiki Rabbing farishtalarga: "Men yer yuzida xalifa qilmoqchiman", dedi. Ular: "Unda fasod qiladigan, qon to‘kadigan kimsani qilmoqchimisan? Va holbuki, biz Senga tasbih, hamd aytib va Seni ulug‘lab turibmiz", dedilar. U: "Men siz bilmaganni bilaman", dedi. Va U zot odamga ismlarning barchasini o‘rgatdi, so‘ngra ularni farishtalarga ro‘baro‘ qildi. Keyin: "Agar rostgo‘ylardan bo‘lsangiz, anavilarning ismlarini Menga aytib bering", dedi. Ular:"Ey pok Parvardigor! Bizda Sen bildirgandan boshqa ilm yo‘q. Albatta, Sening O‘zing biluvchisan va hikmatli zotsan", dedilar. U zot:"Ey Odam, bularga u narsalarning ismlarini aytib ber", dedi. Ularga o‘sha narsalarning ismlarini aytib bergan chog‘ida, "Men sizlarga osmonlaru yerning g‘aybini bilaman va sizlar berkitmaganu berkitgan narsalarni ham bilaman demabmidim", dedi (Baqara, 30-33). |
Yovvoyi hayvonlar bilan so‘zlashishi
Odam alayhissalomga yovvoyi hayvonlar bilan muomala qilish, ya’ni ularni qo‘lga o‘rgatib xonakilashtirish ilmini ham o‘rgatdi va unga ming yilga yaqin umr ato qildi. Shu vaqt mobaynida uning juda ko‘p avlodlari tug‘ildi va dunyo bo‘ylab tarqalib ketdi. Odam alayhissalom ularning makonlariga borar va haq yo‘lidan saboqlar berar edi. Bir safar navbatdagi qabilaning maskaniga borib ulardan hol-ahvol so‘raganida, qabiladagilar o‘rmonda yashaydigan yirtqich hayvonlardan shikoyat qiladi.
– Shu vaqtga qadar hayvonlar bu qadar shafqatsiz emas edi. Yirtqichlar bizga to‘satdan tashlanib qoladi, biz buning sababini bila olmayapmiz, – deydi ular. Shunda Odam alayhissalom tepalikka chiqib baland ovozda:
– Ey o‘rmondagi yovvoyi hayvonlar, tezda mening oldimga kelinglar, – deydi.
Bu chaqiriqni eshitib, hayvonlar uning atrofida jam bo‘ladi.
– Bu odamlar mening bolalarim va avlodlarim! Siz nega ularga tashlanyapsiz, nega yashashiga qo‘ymayapsiz? Ular sizdan shikoyat qilmoqda, – deydi hayvonlarga.
– Bu qabila orasida g‘iybat va mish-mish avj olib ketdi. Alloh taoloning irodasi ila biz ularga jazo sifatida tushirildik, ular ana shu illatlaridan tavba qilmagunlaricha bu hol davom etaveradi, – deb javob qildi hayvonlar.
Bu javobni eshitgan qabila ahli hayratdan yoqa ushlab qoldi. Odam alayhissalom qabilaga yuzlanib:
– Ey bolalarim, qilgan gunohlaringizga tavba qiling va g‘iybatchilikka va mish-mishlarga barham bering, – deydi.
Odamlar tavba qilib, hidoyat yo‘ilga tushib oldi va shundan keyin yirtqich hayvonlarning ular bilan ishi bo‘lmay qoldi.
Uzoq masofani qisqa vaqtda bosib o‘tishi
Odam alayhissalomning yana bir mo‘jizasi – uning uzoq masofani qisqa vaqtda bosib o‘tishidir. Odam alayhissalom bilan Havvo onamiz yerga tushirilganda Alloh taolo ularni bir-biridan juda uzoq masofaga tushirgan: Havvo onamiz Arabiston yarimorolidagi hozirgi Jidda shahri hududiga tushgan bo‘lsa, Odam alayhissalom Shri-Lanka orollariga tushgan. Ular bir-biridan ayriliqda 40 yil (ayrim rivoyatlarda 200 yil) yashagan deyiladi. Nihoyat Alloh taolo ularning tavbasini qabul qilib, birlashishga izn berganida tong chog‘i yo‘lga chiqqan Odam alayhissalom peshin vaqti kirmasdan Havvo onamizning qoshiga yetib kelgan edi. Bunga o‘xshash hodisalar ularning hayotida ko‘p bo‘lgan va u bir necha bor Hindistonga borib kelgan.
Toshdan sizib chiqqan suv manbai
Oradan yillar o‘tdi, Odam alayhissalomning avlodlari soni tobora ko‘payib boraverdi. Ularning orasida ba’zilari haq yo‘lidan toyib ketdi va Alloh taoloning hukmlarini bajarishdan bo‘yin tovlay boshladi. Masalan, Odam alayhissalomning o‘g‘li Qobil va uning farzandlari qirq yil dindan uzoqda yashadilar. Qirq yildan so‘ng Alloh taolo Odam alayhissalomga:
– Qobilning avlodlarini haqqa da’vat et! – deb amr qildi.
Odam alayhissalom ularning qabilasiga borib haq yo‘liga da’vat eta boshladi. Ammo qanchalik harakat qilmasin, qavm uning gaplariga quloq solmadi. a nihoyat kunlarning birida ular bobokaloniga:
– Bizga bir mo‘jiza ko‘rsating, shundan keyin biz sizga ishonamiz, – dedilar.
– Aynan qanday mo‘jiza ko‘rishni istaysiz? – deb so‘radi Odam alayhissalom.
Ular bir katta toshni ko‘rsatib:
– Ana shu toshdan suv chiqsin, – dedilar.
Shunda Odam alayhissalom qo‘lini toshga qo‘ydi va toshdan tiniq va shirin suv otilib chiqdi. Bu mo‘jizani ko‘rib ular imonga keldi va Odam alayhissalom sajda qilib avlodlari yashaydigan qishloqqa sersuv buloq ato qilgani uchun Alloh atologa hamdu sano aytdi.
Damin JUMAQUL tarjima qildi.
Har bir musulmon uchun hayotning har bir jabhasida Islom axloqiga amal qilish farz sanaladi. Buning ichiga yo‘lda harakatlanish, piyoda va haydovchi sifatida qoidalarga rioya qilish ham kiradi. Islom dini faqat ibodatlar bilan cheklanib qolmaydi, balki jamiyatda tinch-totuv yashash va boshqalarning huquqlarini hurmat qilishni ham talab qiladi.
1. Javobgarlik hissi — haydovchining odobi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min kishi boshqalarga zarar yetkazmaydi va zarar ham ko‘rmaydi” (Imom Ibn Moja va Imom Ahmad rivoyati).
Ushbu hadisga ko‘ra, haydovchi yo‘lda boshqalarning hayotiga, salomatligiga tahdid soluvchi harakatlardan ehtiyot bo‘lishi lozim. Yo‘ldagi har bir harakatimiz boshqalarga ta’sir qilishi mumkin.
2. Qoidalarga rioya qilish — itoat va omonat.
Qur’oni karimda bunday deyiladi: “Ey imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga itoat etingiz!” (Niso surasi, 59-oyat).
Hukumat tomonidan belgilangan yo‘l qoidalari kishilarning xavfsizligi uchun joriy qilingan. Ularga itoat qilish – Islom ta’limotiga muvofiq harakat qilishdir.
3. Shoshilmaslik va sabr - hayotni saqlab qolish vositasidir.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Xotirjamlik Allohdan va shoshilish shaytondandir” (Imom Termiziy rivoyati).
Yo‘lda shoshish, qonunni buzish, ortiqcha tezlik bilan harakatlanish –haydovchining nafaqat o‘z hayotiga, balki boshqalar hayotiga ham xavf tug‘diradi.
4. Qo‘pollikdan ehtiyot bo‘lish va yo‘ldagi odob.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yo‘l odoblari haqida: “Yo‘llarda o‘tirishdan saqlaninglar!” deganlar.
Shunda “Bizning yo‘lda o‘tirishdan boshqa ilojimiz yo‘q, chunki gaplashadigan majlislarimiz yo‘llarda bo‘ladi”, deyishdi.
U zot alayhissalom: “Agar yo‘lda o‘tirishdan boshqaga ko‘nmasangiz, u holda yo‘lning haqini ado etinglar”, dedilar. Ular: “Yo‘lning haqi nima?” deb so‘rashdi.
U zot alayhissalom: “Yo‘lning haqqi ko‘zni tiyish, ozor yetkazishdan tiyilish, salomga alik olish, ma’ruf ishlarga buyurish va munkar ishlardan qaytarish”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Bugungi kunda bu odoblar haydovchilar va piyodalar uchun ham dolzarbdir. Yo‘lda hurmat va odobni saqlash, yo‘l berish, o‘zgalarni haqorat qilmaslik – musulmonning odobidir.
5. Huquqqa rioya qilish — boshqalarga yordam
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim dunyoda bir mo‘minni dunyo g‘amlaridan birini yengillatsa, Alloh taolo uning dunyo va oxirat g‘amlarini yengillatadi. Kim bir mo‘minning qiyinchiligini osonlashtirsa, Alloh taolo o‘sha insonni dunyo va oxiratda mushkulini oson qiladi” (Imom Muslim rivoyati).
Yo‘lda boshqalarga yordam berish — masalan, haydovchi bo‘lsangiz, qariya yoki nogironni olib o‘tish, mashinangizda yordamga muhtoj kishini olib borish – savobli amaldir.
Xulosa:
Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish faqat davlat talabiga amal qilish emas, balki Islom axloqi va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga amal qilishdir. Har bir musulmon harakatda ham, niyatda ham odobli, mas’uliyatli va salbiy oqibatlarni oldindan o‘ylaydigan inson bo‘lishi lozim.
Manbalar asosida
Ilyos Ahmedov tayyorladi.