Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Aprel, 2025   |   10 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:33
Quyosh
05:55
Peshin
12:30
Asr
17:01
Shom
18:59
Xufton
20:15
Bismillah
08 Aprel, 2025, 10 Shavvol, 1446

Bir ma’voki, gunohlarga kafforat. Bir maskanki, jannat sizga muntazir

15.09.2018   12127   5 min.
Bir ma’voki, gunohlarga kafforat.  Bir maskanki, jannat sizga muntazir

 

Sizga bir kishi: «Falon shaharga bordim, juda chiroyli ekan. Uning ta’rifiga so‘z ojiz. Shaharda o‘tmish, bugun va kelajak mujassamlashgandek, go‘yo» desa, u yerga borgingiz kelmaydimi? Albatta, keladi. Bor-budingizni ayamay, o‘sha joyga otlanasiz. Oshib borsa, nafsingiz orom oladi, rohatlanasiz o‘sha yerda.

Endi bir tasavvur qiling: «Bir ma’vo bor. Shunday ma’voki, u yerdan bir zum bo‘lsa-da, musulmonlarning qadami uzilmaydi. Har yili millionlab mo‘min-musulmonlar muqaddas joyga borib, xuddi onadan tug‘ilgan chaqaloqdek gunohlaridan forig‘ bo‘lib keladi.

Bir maskan bor. Shunday maskanki, u yerda olamlarning Sultoni, bashariyat gultoji, ko‘z quvonchi, qalb sururi, sizu bizni to‘g‘ri yo‘lga chorlagan Rasululloh sollallohu alayhi va sallam mangu qo‘nim topgan. U zotga yondon ikki nafar buyuk sahobaning ham muborak qabrlari bor» deyilsa, o‘sha tabarruk maskanlarga oshiqmaysizmi..?

Boz ustiga, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:  «Odobu arkoniga rioya qilib ado etilgan hajning mukofoti faqat jannat bo‘ladi» (Imom Ahmad rivoyati), deb marhamat qilganlar.

Har yili kurrai zaminimizdagi millionlab musulmonlar Allohning uyi – Ka’batullohga oqib kelishi, Rasulllohning tabarruk ravzalarini ziyorat qilishi bejiz emas. Bu muqaddas zaminga bir bor borgan kishi yana va yana borgisi kelaveradi.

Muborak safardan qaytganimizga hali bir oy bo‘lmagan esa-da, yana borgim, yana ziyorat va tavof qilgim kelib qoldi. Ojizona duoga qo‘l ochib, yurakdagi, qalbdagi niyat va orzularni shundoqqina Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning muborak ravzalari oldida, Arafotda, Minoda, Safo va Marvada, Ka’batulloh yonida so‘rashga nima yetsin! Ilk vahiyga guvoh bo‘lgan, insoniyatning muallimi – Payg‘ambarimizni bag‘riga olgan Hiro g‘orini ko‘rgan kishi borki, qalbida o‘zgacha shavq, o‘zgacha shukuh tuyadi.

Ruhim o‘sha yerlarda qolgandek, go‘yo.

Bu yil 7200 nafardan ziyod yurtdoshlarimiz safida men ham olamlar Sarvariga salom berib, u Zotning qabrlarini ziyorat qilish, Ka’batullohni tavof qilish sharafiga muyassar bo‘lganim uchun Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar aytaman.

Haj shukuhi, fazilatini, umr safari davomida ko‘rgan-kechirganlarimni ta’riflashning zavqi o‘zgacha. Zavqki, uni ifodalashda, avvalo, gunohlarga tavba qilib, ko‘zlardan oqqan istig‘for yoshlari bilan qorishib ketgan umid ashklari kishiga huzur, halovat va xotirjamlik bag‘ishlaydi.

Qushday yengil bo‘lasiz. Vujudingiz ona Vatanga qaytgan bo‘lsa-da, ruhingiz har kuni yana va yana musulmonlar qiblasi sari parvozga shaylanaveradi...

Alloh taolo Qur’oni karimda:

الْحَجُّ أَشْهُرٌ مَعْلُومَاتٌ فَمَنْ فَرَضَ فِيهِنَّ الْحَجَّ فَلَا رَفَثَ وَلَا فُسُوقَ وَلَا جِدَالَ فِي الْحَجِّ وَمَا تَفْعَلُوا مِنْ خَيْرٍ يَعْلَمْهُ اللَّهُ وَتَزَوَّدُوا فَإِنَّ خَيْرَ الزَّادِ التَّقْوَى وَاتَّقُونِ يَا أُولِي الْأَلْبَابِ

“Haj (mavsumi uchun) ma’lum oylar (belgilangan). Bas, kim shu oylarda hajni o‘ziga farz qilsa (hajni niyat qilsa), haj davomida xotiniga yaqinlashish, gunoh-ma’siyat va janjal (kabi ishlarga ruxsat) yo‘q. Har qanday yaxshi (savobli) ish qilsangiz, albatta, uni Alloh bilur. (Haj safariga) ozuqa olib chiqing. Eng yaxshi ozuqa taqvodir. Taqvoni Menga qilingiz (Mendan qo‘rqingiz), ey, oqillar!” (Baqara surasi, 197-oyat), deya marhamat qiladi.

Hajga borayotgan yurtdoshlarimiz uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Aeroportda hojilarimizni kuzatish va kutib olish ishlari go‘zal tarzda amalga oshirildi. Hojilarimizni Madina va Makka shahridagi mehmonxona xodimlari, ishchi guruh tomonidan ko‘tarinki kayfiyat bilan salavotlar ostida kutib olinishi, mehmonxonalardagi qulayliklar insonni bahridilini ochadi. Shifokorlar har bir hojini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Masjidi Haromga borishda hojilarimiz uchun avtobuslar doimo xizmatda bo‘ldi.

Hojilarimiz haj amallarining go‘zal tarzda ado etilganini his qilishlari uchun yurtga qaytib kelganidan so‘ng hojilarimiz husni xulqda bo‘lishlari darkor. El-yurtning, mahalladoshlarning, oila a’zolari haqiga yanada ko‘proq duoda bo‘lishlari maqsadga muvofiqdir. Atrofdagilar hojilarga havas bilan qarashadi.

Hojilik unvon yoki  mansab emas, balki Allohning farzini ado etish yo‘lida qalban poklanib, o‘zining va atrofdagilarning hayotini yanada go‘zal qilishga bo‘lgan mas’uliyatdir.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Hoji bilan uchrashsang unga salom bergin hamda u bilan qo‘l berib ko‘rishgin va uyiga kirishidan ilgari sen uchun istig‘for aytishini so‘ragin. Chunki, u (hoji) gunohlari kechirilingan kishidir” dedilar” (Imom Ahmad rivoyati).

Alloh taolo Islomning beshinchi arkonini bajargan barcha yurtdoshlarimizning hajlarini mabrur, gunohlarini mag‘fur, sa’ylarini mashkur aylasin.

 

Munira ABUBAKIROVA,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi.

 

 

Haj va umra
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Bid’at va xurofot

07.04.2025   2023   10 min.
Bid’at va xurofot

Bugungi kunda siz bilan biz amal qilayotgan ko‘pgina odatlarni din ham, jamiyat ham rad etadi. Shariat joriy qilgan amallar bilan bid’at va xurofotni ayirib olish aslida uncha mushkul vazifa emas. Dastavval, «bid’at», «xurofot» so‘zlarining lug‘aviy ma’nosi xususida: «Bid’at» — so‘zi aynan tarjima qilinsa «yangidan o‘ylab chiqilgan odat» degan ma’noni beradi. «Xurofot» esa «asossiz» degan ma’nodadir. Ya’ni, dinda asosi yo‘q, behuda ishlar, odatlardir.

Ba’zi «bid’at» va «xurofot» amallar borki jamiyatimizda ildiz otib, ham diniy, ham dunyoviy urf-odatlarimizga qorishib ketgan. Yurtimizda bid’at va xurofot odatlardan voz kechayotgan, boshqalarga tushuntirayotgan, bu tushuntirishni amalda isbot etayotgan musulmonlarimiz ko‘p. Bid’at va xurofotdan qutulish qiyin emas. Bu masalani yaxshi yechib beruvchi ulamolarimiz, ilmiga amal qilg‘uvchi domla-imomlarimizning so‘zlarini yaxshi fahm etsak kifoya.

Mazkur me’yorni bilmaydigan kishilarimiz esa sunnat bilan bid’atning farqini ajrata olmasdan xurofiy ishlarni Islom dini odatlaridan deb biladilar. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam xurofiy munkar ishlarni qoralab, bunday deganlar: “Azayimxonlik, tumor taqish va sehru jodu bilan shug‘ullanish Allohga shirk keltirish bilan baravardir”. Ming afsuski, hozirgi paytda boshiga biror tashvish tushgan yoki biror narsasini yo‘qotgan ayrim kishilar darrov folbin huzuriga borib, fol ochtirishga, “issiq-sovuq” qildirishga, uning aytganlarini bajarishga o‘rganib qolishgan. Sehr, ya’ni ko‘zbo‘yamachilik, “issiq-sovuq” qilishlar katta gunohdir. Sehr qilingani uchun olinadigan haq ham shariatda ta’qiqlangan. Alloh taoloning izni bo‘lmasa, shayton hech kimga zarar yetkaza olmasligi Qur’oni karimda bayon qilingan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam sehrni yetti halok etuvchi ulkan gunohlar qatorida sanaganlar. Mo‘min kishi dunyo va oxiratda pushaymon bo‘ladigan ishlardan saqlanishi lozim. Sehrga aralashib yurgan gumroh kimsalarning aksariyat qismi ishlarida shirk va kufr so‘zlarni qo‘llaydilar. Vaholanki, kim imon shartlaridan birini rad etsa, kofir bo‘ladi. “Issiq-sovuq” Alloh taolo bergan taqdiriga ta’sir etadi, deb e’tiqod qilish shirkdir.

Duoxonlik, azayimxonlik, dam solish kabi odatlar qadimdan hamma xalqlarda mavjud. Bu narsalar ichida shar’an ruxsat etilgan va ruxsat etilmaganlari bor. Islom ta’limoti bu ishlardan shariatga zidlarini ta’qiqlagan, mos keladiganlarini aniqlab bergan. Masalan, kasalga yoki boshiga biron tashvish tushgan kishiga oyatlardan o‘qib dam solish, hadislarda kelgan duolarni o‘qib shifo tilash joiz, balki sunnat hamdir. Ammo kufroniy so‘zlar, ma’nosiz to‘qima duolarni o‘qib dam solish ta’qiqlanadi. Ibn Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh so‘ziga ko‘ra, ulamolar dam solishning uchta sharti borligiga ijmo qilishgan:

1. Allohning Kalomi, ism va sifatlaridan o‘qish;

2. Arab tili yoki boshqa tilda bo‘lsa ham, ma’nosi ma’lum va shar’iy bo‘lishi;

3. Duo va dam solishning o‘zi mustaqil ta’sir qilmaydi, balki Allohning izni va taqdiri bilan ta’sir qiladi, deb ishonish.

Demak, oilamiz tinch va omon bo‘lishi, ayniqsa, yangi turmush qurgan yosh kelin-kuyovlar o‘zaro mehr-muhabbat va inoqlikda yashashlari, muqaddas oila qo‘rg‘onining yanada mustahkam bo‘lishi uchun avvalo dinimiz ta’limotlarini boamal bo‘lib lozim darajada o‘rganishlari hamda dinimizda yot hisoblangan turli bid’at va xurofatlardan saqlanishlari maqsadga muvofiqdir.

Shari’atimizda man qilingan bid’at amallar:

Folbinlik – g‘aybni bilish da’vosidagi kimsalarning mashg‘uloti. Kohinlik, arroflik kabi nomlari mavjud.

Kohinlik – kelajakda bo‘ladigan narsalar haqida xabar beraman deydi va bu xabarlarni unga jinlar yetkazishini da’vo qiladi.

Arroflik – turli ishlarning boshlanish sabablari hamda o‘g‘irlangan narsalarni, uni kim o‘g‘irlaganini yoki qayerda ekanini bilishini da’vo qiluvchi kishi.

Azayimxonlik – bunda dam soluvchi odam jinlardan madad so‘rab duo o‘qiydi.

Avfok – bu maxsus geometrik shakllar ichiga yozilgan raqam va yozuvlar. Bunda shakllarni biror vaqtga yozib o‘zi bilan olib yursa, baxt keltiradi yoki omad uning ketidan quvib yuradi deb hisoblaydilar.

Munajjimlik – bunda, yulduzlarning joylashuviga qarab bo‘ladigan hodisalarni bilishni da’vo qiladi. Hozirgi kunda gazeta-ro‘znomalarda chiqadigan “munajjimlar bashorati” ham shu turga kiradi.

Sehr – lug‘atda “sababi maxfiy bo‘lgan narsa” ma’nosini anglatadi.

Sehrning quyidagi turlari mavjud:

Sha’vaza – bu fokus usulida chaqqon harakat bilan ko‘rsatish.

Nushra – bu jin tekkan kishining sehrgar yoki folbin huzuriga borib davolanishiga aytiladi. Bular ham jinlarning madadiga tayanadi.

Mushkul kushod – mushkullarni oson qilish maqsadida masalan, qizga sovchi kelmaganda, yigitga qiz topilmaganda, ishi yurishmaganda qilinadigan xurofot amal. Bu xurofot “Bibichorshanba” va “Chiroq yoqdi” deb ham nomlanadi. “Chiroq yoqdi”da aziz-avliyolar ruhini “chaqirish” uchun sham-chiroq yoki paxta yoqishadi.

Bibiseshenba – muhtaram zotlarning ruhidan madad so‘rash, hojatlarini tilash amali.

Yuqoridagi barcha bid’at-xurofotlar Islom aqidasiga ziddir va ulkan gunoh hisoblanadi.

“Kimda-kim folbin yoki sehrgar yoki kohinning oldiga borib, uning aytganlariga ishonsa, u Muhammadga nozil bo‘lgan narsaga kufr keltiribdi” – Imom Ahmad rivoyati.

“Allohni qo‘yib, qiyomat kunigacha ham mustajob qila olmaydiganlarga iltijo qiladigan kimsadan ko‘ra kim ham adashganroqdir?! Holbuki, ular o‘shalarning duolaridan g‘ofil, bexabardirlar” – Ahqof, 5.

Bid’at-xurofotning jamiyatga ko‘rsatayotgan salbiy oqibatlari

Bid’at-xurofotning islomga va musulmon jamiyatiga yetkazadigan katta xatarlari, og‘ir oqibatlari va xavfli zararlari mavjud. Shu vaqtgacha paydo bo‘lgan turli diniy firqa va guruhlarning kelib chiqishiga bid’at sabab bo‘lganligining o‘zi uning naqadar xavfli illat ekanligini bildiradi. Bid’at-xurofotning jamiyat uchun keltiradigan iqtisodiy-ijtimoiy zararlaridan sanoqlilarini keltirish bilan kifoyalanamiz:

Bid’atchi tushunchasining buzuqligi. U yaxshilikni yomon deb, yomonlikni yaxshi deb biladi. Sunnatni bid’at deb, bid’atni sunnat deb biladi. Huzayfa ibn al-Yaman roziyallohu anhu aytadi: “Bid’at shunchalar tarqab ketadiki, agar mabodo bir bid’at tark qilinsa: “Sunnat tark qilindi” deyishadi.

Bid’atchining guvohligi va rivoyati qabul qilinmasligi. Muhaddis, faqihlar va usul ulamolari bid’ati bilan kufr keltirgan bid’atchining rivoyati qabul qilinmasligiga ijmo’ qilishgan. Bid’ati bilan kufr keltirmagan bid’atchining rivoyatini qabul qilish borasida turli fikr bildirganlar. Imom Navaviy: “Agar bid’atchining rivoyati bid’atga chorlamasa, uning rivoyati qabul qilinadi. Agar chorlasa qabul qilinmaydi”, degan.

Bid’atchi o‘z gunohi va unga ergashganlarning gunohini gardaniga oladi. Abu Hurayra roziyallohu anhu bu haqida shunday deydi: “Rasululloh sollalohu alayhi va sallam aytdilar: “Kim hidoyatga chaqirsa unga ergashganlarning ajri kabi ajr unga beriladi. Unga ergashganlarning ajridan hech narsa ozaymaydi. Kim zalolatga chaqirsa, ergashganlarning gunohichalik gunoh unga beriladi. Unga ergashganlarning gunohidan hech narsa ozaytirilmaydi” (Imom Muslim rivoyati).

Bid’atchi bid’at ishlarini to‘xtatmagunicha uning tavbasi qabul qilinmaydi. Bid’atning tarqalishi sunnat amallarining yo‘qolib ketishiga olib boradi natijada musulmonlarni dinning to‘g‘ri yo‘lini anglashida noaniqliklar yuzaga keladi.

Bid’at shirkka olib boradi va islomdan chiqaradi. Agar musulmonlar qabristonda shirk amalini bajarayotgan bo‘lsa, bu o‘zlari ma’qullagan va ashaddiy so‘fiylaridan ko‘rib olgan bid’at amallardir.

Bid’at insonlar hayotiga johiliyat asrini qaytarib olib kiradi. Xalq ichida parokandalik va nizolarni uyg‘otadi. Shunda har bir firqa o‘zinikini boshqa firqanikidan to‘g‘ri va yaxshi deb hisoblaydi. Alloh taolo ular haqida bunday deydi: “Har firqa o‘z huzuridagi narsa ila hursanddirlar”. Mo‘minun surasining 53-oyatida “Boshqa yo‘llarga ergashmang! Bas sizni uning yo‘lidan adashtirmasinlar”. Ayni shu narsa katta-katta urush-janjal, qon to‘kilishlar, xo‘rlashlar, jabru-zulmlarni keltirib chiqaradi. Sunnat esa insonlarni birlashtiradi, qalblarini bir-biriga bog‘laydi. Natijada Alloh taoloning “Barchangiz Allohning ipini mahkam tuting va bo‘linib ketmang” degan so‘ziga o‘xshab bir yo‘ldagi va bir dindagi ahil og‘a-iniga aylanishadi.

Bid’at shahvoniy amallardan ham xatarliroqdir. Chunki shaxvatparast kimsa ma’siyat ekanligini bilsa gunohlari uchun tavba qilib qaytadi. Bid’atchi esa o‘zini ibodatdaman, yaxshilik qilyapman, to‘g‘ri yo‘ldaman deb o‘ylaydi. Alloh taolo ularni bunday ta’riflaydi: “Sen: “Sizga amallari yuzasidan eng ziyonkorlarning xabarini beraymi? Ular bu dunyo hayotidayoq sa’y-harakatlari botil bo‘lgan, o‘zlari esa, go‘zal ish qilyapman, deb hisoblaydiganlardir”, – degin”.

Bid’at insonlarni Allohning dinidan to‘sadi. Kofirlarni islomga kirishiga mone’lik qiladi. Agar musulmon bo‘lmagan va islomni haqiqatini bilmagan inson ko‘p musulmonlarning bajarayotgan johilona, bid’at-xurofot amallarini, bema’ni rasm-rusumlarni ko‘rsa, bu islom ekan, din shunaqa bid’at va zalolat amallarga buyurar ekan deb o‘ylaydi. Ayni shu narsa uni islom dinini qabul qilishdan qaytaradi.

Kofirlikdan voz kechib islom dinini qabul qilgan yangi musulmonlar hali dinni o‘rganib ulgurmay, diniy amal degan o‘yda bid’atchining bid’at amallarini ixlos bilan qila boshlaydi. Shunda islomni qabul qilgan yangi musulmon kufrga olib boradigan bid’atlarni sodir etib qo‘yadi. Bir kufrdan voz kechib ikkinchi kufrga kirib qoladi.

Imron XOLMIRZAYEV,
Toshkent islom instituti talabasi.

 

MAQOLA