Hazrat Anas (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) biznikiga keldilar va ozroq mizg‘ib, terladilar. Ummu Sulaym Payg‘ambarimiz (alayhissalom)ning terlarini bir idishga yig‘a boshladi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) uyg‘onib: “Ey Ummu Sulaym, nima qilyapsan?”, deb so‘radilar. Ummu Sulaym (roziyallohu anho): “Yo Rasululloh, sizning teringizdan xushbo‘ylik o‘rnida foydalanamiz. Zero, u xushbo‘ylar ichra eng xushbo‘yidir”, deb javob berdi» (Imom Muslim).
Jobir ibn Abdulloh (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)da shunday xislat bor edi. Agar bir ko‘chadan o‘tsalar, hidlarining xushbo‘yligidan, u zot (alayhissalom)dan so‘ng o‘tgan odam u yerdan u zot (alayhissalom) o‘tganlarini bilib olardi».
* * *
Baro ibn Ozib (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan safarda edik. Suvi oz quduq yonida to‘xtadik. Idishni hovuchlab to‘ldirish uchun quduq tubiga olti kishi tushdik. Bizga chelak tushirildi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) quduq boshida qoldilar. Biz chelakning yarmini yoki uchdan ikki qismini suv bilan to‘ldirdik. Idish Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga uzatildi. O‘zim esa tomog‘imni ho‘llab olish uchun idishimga qaragan edim, suv yo‘q ekan. U zot (alayhissalom) idishga qo‘llarini botirdilar va Alloh xohlagan narsalarni aytib, idishni bizga qaytardilar. Men quduq ichidagi oxirgi kishi cho‘kib ketishdan qo‘rqib, kiyimini yechib tortib olishlari uchun yuqoriga uzatayotganini ko‘rdim”. Keyin quduqdan suv daryo bo‘lib oqdi (Imom Ibn Kasir va Imom Ahmad).
* * *
Abu Zayd Amr ibn Axtob Ansoriy (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) menga: “Yaqinroq kel”, dedilar. Borganimda soch va soqolimni qo‘llari bilan siladilar va: “Yo Alloh, uni go‘zal et va go‘zalligini doimiy qil”, dedilar».
Amr ibn Axtob (roziyallohu anhu) yuz yoshdan oshganida ham soqoliga oq tushmadi. Faqat ozgina oqi bor edi, xolos. Shuningdek, u ochiq yuzli kishi bo‘lib, to vafot etguniga qadar yuziga ajin tushmadi (Imom Ahmad).
* * *
Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Ansorlarning sug‘orishda ishlatadigan tuyalari bo‘lardi. O‘sha tuya bo‘ysunmay, hech kimni mindirmay qo‘ydi. Ansorlar Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelib: “Bizlarni sug‘orishda ishlatadigan tuyamiz bor edi. U bizga bo‘ysunmay, yuk orttirmay qo‘ydi. Xurmo va ekinlarimiz chanqab qoldi”, deyishdi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sahobalarga qarab: “Turinglar, men bilan yuringlar”, dedilar. Barchalari boqqa kirishganda, uning bir chetida o‘sha tuya o‘tlab yurardi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) u tomonga yurdilar. Shunda ansorlar: “Yo Rasululloh, ehtiyot bo‘ling. U itdek quturgan, yana tashlanib qolmasin”, deyishdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Undan menga hech bir ziyon yetmaydi”, dedilar.
Tuya Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni ko‘rib, ul zot tomon yura boshladi. Oldilariga kelgach, sajda qilgan holida yiqildi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) uning peshonasidan ushladilar. Tuya, ilgari hech ko‘rilmagan holatda itoatkor bo‘lib qoldi.
Sahobalar: “Yo Rasululloh, bu aqlsiz hayvon sizga sajda qildi, vaholanki, biz undan ko‘ra sizga sajda qilishga haqliroqmiz”, deyishdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Insonning insonga sajda qilishi mumkin emas. Agar inson insonga sajda qilishi mumkin bo‘lganida, haq-huquqi katta bo‘lgani uchun, ayolni eriga sajda qilishga buyurgan bo‘lardim”, dedilar» (Imom Ahmad).
* * *
Hanzala ibn Xudaymning otasi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga: “Ota-onam sizga fido bo‘lsin, men keksayib qoldim. Mana bu o‘g‘lim Hanzala. Uning haqqiga duo qilsangiz”, deb so‘radi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Ey bola”, deya qo‘lidan ushladilar va boshini silab: “Senga Allohning barakoti bo‘lsin!” dedilar.
Shundan so‘ng Hanzalaning oldiga yelini shishib ketgan qo‘y va tuyalarni, o‘simtasi bor kishilarni olib kelishardi. U qo‘liga tuflab, boshining o‘sha joyiga ishqalardi va: “Bismillah, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qo‘llari izidan”, deb kasallarni silar va ular tuzalib ketishardi (Imom Ahmad, Imom Buxoriy).
Mahmudaxon MUXTOROVA
“Hidoyat” jurnalidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
"Alloh sizdan yengillatmoqni iroda qiladir. Va inson zaif yaratilgandir".
Insonni Alloh taoloning O‘zi yaratgan. U Zot O‘z bandasining xususiyatlarini yaxshi biladi. Shuning uchun ham insonga faqat Alloh taoloning ko‘rsatmalarigina to‘g‘ri kelishi mumkin. Ushbu oyatda Alloh taolo insonning zaif holda yaratilganini ta’kidlamoqda. Yaratuvchining O‘zi «zaif yaratilgan», deb turganidan keyin, shu zaif insonga yo‘l ko‘rsatishda U Zot og‘irlikni xohlarmidi? Yo‘q, U Zot yengillikni xohlaydi.
Islom shariati, umuman, yengillik ustiga bino qilingandir. Bu haqda ko‘plab oyat va hadislar bor. Hammasi o‘z o‘rnida bayon qilinadi. «Niso» surasining boshidan muolaja qilib kelinayotgan masalalar, xususan, erkak va ayol, oila, nikoh masalasiga kelsak, ushbu oyatda bu masalalarda ham Alloh O‘z bandalariga yengillikni istashi ta’kidlanmoqda. Zohiriy qaralganda, diniy ko‘rsatmalarni bajarish qiyin, shahvatga ergashganlarning yo‘llarida yurish osonga o‘xshaydi. Islomda hamma narsa man qilingan-u, faqat birgina yo‘lga ruxsat berilganga o‘xshaydi. «Nomahramga qarama», «U bilan yolg‘iz qolma», «Uylanmoqchi bo‘lsang, oldin ahlining roziligini ol», «Mahr ber», «Guvoh keltir» va hokazo. Hammasi qaydlash va qiyinchilikdan iborat bo‘lib tuyuladi. Shahvatga ergashganlar esa «Yoshligingda o‘ynab qol, gunoh nima qiladi», deyishadi. Bu esa sodda va oson ko‘rinadi. Haqiqatda esa unday emas. Natijaga qaraganimizda bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Dunyo tarixini kuzatadigan bo‘lsak, oila masalasiga yengil qaragan, jinsiy shahvatga berilgan xalqlar, davlatlar va madaniyatlar inqirozga uchragan. Qadimiy buyuk imperiyalarning sharmandalarcha qulashining asosiy omillaridan biri ham shu bo‘lgan.
Bizning asrimizga kelib, G‘arbda, o‘zlarining ta’biri bilan aytganda, jinsiy inqilob bo‘ldi. Jins borasida olimlar yetishib chiqdilar. Ular «Jinsiy hurriyat bo‘lmaguncha, inson to‘liq hur bo‘la olmaydi. Agar jinsiy mayllar jilovlansa, insonda ruhiy tugun paydo bo‘lib, unda qo‘rqoqlik va boshqa salbiy sifatlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi», kabi g‘oyalarni tarqatishdi. Oqibatda jinsiy inqilob avjiga chiqdi.
Natijasini – har xil balo-ofatlar buhronini hozir o‘zlari ko‘rib-tatib turishibdi. Axloqiy buzuqlik, oilaning va jamiyatning parchalanishi, hayotga qiziqishning yo‘qolishidan tashqari, son-sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan muammolar paydo bo‘ldi. Jinsiy inqilob oqibatida taraqqiy etgan g‘arb davlatlarining tub aholisi dahshatli sur’atda kamayib bormoqda. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan tanosil kasalliklari kelib chiqdi, har yili son-sanoqsiz odamlar shu kasalliklardan o‘lmoqda. Nasl buzilib, odamlari zaifhol va kasalmand bo‘lib bormoqda. Turli aqliy va ruhiy kasalliklar urchidi. Oxiri kelib, kasalliklarga qarshi insondagi tabiiy monelikning yo‘qolishi (OITS) kasalligi paydo bo‘ldi. Bu kasallik haqli ravishda, XX asr vabosi deb nomlandi. Uning davosi yo‘q. Bu dardga chalinishning sababi zinodir. U bilan kasallangan odam tez muddatda o‘ladi. Hamma dahshatda. Bu dardga chalinmaslikning yo‘llari axtarilmoqda, bu yo‘lda behisob mablag‘lar sarflanmoqda, mazkur vaboga chalinmaslikning turli choralari taklif etilmoqda. Qonunlar chiqarilmoqda, idoralar ochilmoqda.
Lekin shahvatga ergashganlari sababli ular eng oson, eng ishonchli bitta yo‘l – Allohning yo‘liga qaytishni xayollariga ham keltirishmayapti. Aqalli ushbu dardning bevosita sababchisi bo‘lmish zinoni man etuvchi qonun chiqarishni hech kim o‘ylab ham ko‘rmayapti. Chunki shahvatga ergashganlar shahvatga qarshi chiqa olmaydilar. Ularning o‘zlari shahvatga banda bo‘lganlari uchun unga ergashganlar. O‘zlarini zohiriy yengil ko‘ringan ishga urib, endi og‘irlikdan boshlari chiqmay yuribdi. Zohiriy og‘ir ko‘ringan bo‘lsa ham, Alloh ko‘rsatgan yo‘lga yurgan bandalar boshida mazkur og‘irlik va mashaqqatlarning birortasi ham yo‘q. Ular mutlaq yengillikda, farovon turmush kechirmoqdalar.
"Tafsiri Hilol" kitobidan