Bugun Toshkent shahridagi “Bo‘rijar” (“Ilonlik ota” mahallasi) jome masjidiga yangi imom-xatib tayinlandi. Asr namozidan so‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohim domla Inomov jamoatga Alixonov Mirzatillo Abdullajon o‘g‘lini “Bo‘rijar” jome masjidi imom-xatibi etib tayinlash to‘g‘risidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining buyrug‘ini o‘qib eshittirdi.

Alixonov Mirzatillo Abdullajon o‘g‘li bungacha Toshkent shahar “Tepa” jome masjidi imom noibi vazifasida faoliyat yuritgan hamda qo‘shimcha ravishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kotibiyat bo‘limida xizmat qilib keladi.

Ustozlar yosh, iqtidorli imom-xatibning kelgusidagi faoliyatiga Alloh taolodan muvaffaqiyatlar so‘rab, dinimizga, xalqimizga sadoqat bilan faol xizmat qilishlarini tilab duolar qildilar.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda Shayxontohur tumani bosh imom-xatibi va “Shayx Zayniddin” jome masjidi imom-xatibi vazifasiga tayinlangan Abdukarimov Husniddin Chilonzor tumani bosh imom-xatibi va “Bo‘rijar” jome masjidi imom-xatibi vazifalarida faoliyat yuritgan edi.
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
“IQNA” axborot agentligi xabar berishicha, Misr Arab Respublikasi Bosh vaziri Mustofo Madbuliy janoblari 2026 yil 504-sonli qarorni imzoladi. Unga ko‘ra, “Al-Azhar ash-Sharif” universiteti huzurida “Qur’oni karim qiroatlari va ilmlari” fakulteti tashkil etiladi.
Misr rasmiy gazetasida e’lon qilingan ushbu qaror mamlakat konstitutsiyasi (qomusi) hamda 1961 yilgi 103-sonli “Al-Azhar ash-Sharif va unga qarashli muassasalarni qayta tashkil etish to‘g‘risida”gi qonun va uning ijro nizomiga asoslanadi. Mazkur tashabbus “Al-Azhar ash-Sharif” universitetida oliy ta’lim tizimini rivojlantirish yo‘lidagi strategik tashabbus sifatida baholanmoqda.
Fakultetni tashkil etishning huquqiy asoslari
Qaror matnida 2024 yilgi 304-sonli Prezident qaroriga ham tayanilgan bo‘lib, unda ayrim vakolatlarni topshirish masalasi belgilangan. Bu esa ta’lim tizimini qo‘llab-quvvatlashda davlat idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni ko‘rsatadi.
Shuningdek, 2025 yil 18 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan “Azhar Oliy Kengashi” yig‘ilishida mazkur tashabbus ma’qullangan. Loyiha “al-Azhar ash-Sharif” majmuasi rahbari, doktor, shayx Ahmad Tayyib hazratlari tomonidan taqdim etilgan keng qamrovli ta’limiy dastur asosida ishlab chiqilgan.
Fakultet tuzilmasi va joylashuvi
Qarorning birinchi va ikkinchi moddalariga ko‘ra, talabalar mutaxassisligi va ular uchun munosib ta’lim muhitini yaratish maqsadida ikki mustaqil fakultet ochiladi:
Yigitlar bo‘limi: “Qur’oni karim qiroatlari va ilmlari” fakulteti (yigitlar uchun) – Qohira shahridagi “Al-Azhar” universiteti “Islom da’vati” fakulteti binosida faoliyat olib boradi.
Qizlar bo‘limi: “Qur’oni karim qiroatlari va ilmlari” fakulteti (qizlar uchun) – Qohira shahridagi“Al-Azhar” universiteti “Islom va arabshunoslik tadqiqotlari” fakulteti binosida faoliyat olib boradi.
O‘quv jarayoni boshlanish muddati
Qarorning uchinchi moddasiga muvofiq, har ikki fakultetda o‘qish 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi. Qaror rasmiy gazetada chop etilgan bo‘lib, shu orqali kuchga kirdi va bunga muvofiq “Qur’oni karim qiroatlari va ilmlari” sohasida ixtisoslashgan akademik ta’limning yangi bosqichi boshlanadi.
Manbalar asosida
Ilyosxon AHMЕDOV
tayyorladi.