Chinoz shahar «Qozi maxalla» jome masjidida kitob saylidan foto lavhalar
fitrat.uz
Bismillahir Rohmanir Rohiym
BID’AT NIMA?
«Bid’at» so‘zi lug‘atda bir narsani yangitdan paydo qilish ma’nosini anglatadi.
Bid’atning shar’iy istilohi, ya’ni ta’rifiga keladigan bo‘lsak, ulamolar bu masalada bir xil fikrga ittifoq qilmaganlar. Mazkur ta’riflarning hammasini jamlab, tahlil qilgan mutaxassislar ularni ikki asosiy yo‘nalishga taqsimlaydilar.
Birinchi yo‘nalishdagi ulamolarga imom Shofe’iy va u kishining mazhabidagi ulamolardan Izz ibn Abdussalom, Navaviy, Abu Shomalar, molikiylardan Qurofiy va Zarqoniylar, hanafiylardan Ibn Obidin, hanbaliylardan Ibn Javziy va zohiriylardan Ibn Hazmlar kiradilar.
Bu yo‘nalishdagi ulamolar ibodatlarda bo‘lsin, odatlarda bo‘lsin, yaxshi bo‘lsin, yomon bo‘lsin, har qanday bid’atni Qur’on va Sunnatda yo‘q va dinda yangi paydo bo‘lgan narsa, deb ta’riflaydilar.
Mazkur yo‘nalishdagi ta’riflarning ma’nosini o‘zida to‘la aks ettirgan ta’rif Izz ibn Abdussalomning ta’rifi bo‘lib, unda: «Bid’at – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlarida bo‘lmagan narsadir», deyilgan.
Birinchi yo‘nalishdagi bid’at bir necha turlarga taqsimlanadi:
1. Vojib bid’at. Nahv ilmini o‘rganish bid’atning shu turiga kiradi, chunki bu ilmni bilmay turib, Qur’on va Sunnatni bilib bo‘lmaydi. Ushbu ikki manbani o‘rganish vojibdir. Vojibni bajarishga xizmat qiladigan narsa ham vojib bo‘ladi. Demak, Qur’on va Sunnatni o‘rganish uchun nahvni o‘rganish vojib. Bu narsa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlarida bo‘lmagan. Nahv ilmini o‘rganish borasida birinchi qadam hazrati Ali roziyallohu anhuning davrlarida qo‘yildi.
2. Harom bid’at. Bunga qadariya, jabriya, murji’a va xavorij mazhablari kiradi. Bular ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlarida bo‘lmagan. Ularning hammasi keyin chiqqan va Islomga qarshi aqiyda va fikrlarni o‘zlariga shior qilib olgan. Bu mazhablarga yurganlar dindan chiqqan hisoblanadi.
3. Mandub bid’at. Madrasalar tashkil qilish va tarovih namoziga o‘xshash narsalar. Bular ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vaqtlarida bo‘lmagan, keyin yo‘lga qo‘yilgan va foydali bo‘lgani uchun mandub deb baholangan.
4. Makruh bid’at: masjidlarni naqshi nigor bilan bezashga o‘xshash narsalar.
5. Muboh bid’at. Namozdan keyin qo‘l berib ko‘rishish, shuningdek, yeb-ichishda va kiyinishda lazzat va chiroyni ixtiyor qilish kabilar.
Birinchi yo‘nalish tarafdorlari bid’atning mazkur besh qismga taqsimlanishiga dalillar ham keltirganlar.
Birinchi dalil:
Jarir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:
«Kim Islomda go‘zal odat paydo qilsa va undan keyin o‘sha odatga amal qilinsa, unga o‘shanga amal qilganlarniig ajriga o‘xshash ajr yozilib turadi, ularning ajridan biror narsa kamaytirilmaydi. Kim Islomda bir yomon odatni paydo qilsa va undan keyin o‘sha odatga amal qilinsa, unga o‘sha amal qilganlar gunohiga o‘xshash gunoh yozilib turadi, ularning gunohlaridan biror narsa kamaytirilmaydi».
Ikkinchi dalil:
Abdurrahmon ibn Abdul Qoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bilan Ramazon kechalarining birida masjidga chiqdim. Qarasak, odamlar guruh-guruh bo‘lib olgan, tarqoq hollarida ekanlar. Kimdir o‘zi namoz o‘qimoqda, kimdir namoz o‘qisa, bir necha kishi unga iqtido qilmoqda.
Shunda Umar: «Menimcha, anavilarni bir qori(ning orti)ga jamlasam yaxshi bo‘ladi», dedi. So‘ngra ularni Ubay ibn Ka’bning ortiga jamladi. Keyin boshqa bir kechada men yana u bilan chiqqanimda odamlar qorilarga iqtido qilib namoz o‘qishar edi.
Shunda Umar: «Bu qanday yaxshi bid’at bo‘libdi! Bu vaqtda uxlab yotganlaridan ko‘ra, qoim bo‘lganlari afzal», dedi, ya’ni kechaning oxirida. Odamlar kechaning avvalida qoim bo‘lishar edi».
Buxoriy rivoyat qilgan.
Uchinchi dalil:
Mujohid roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Urva ibn Zubayr bilan birga masjidga kirdik. Qarasak, Abdulloh ibn Umar Oisha roziyallohu anhoning hujrasi oldida o‘tirgan ekan. Odamlar esa masjidda (jamoat bo‘lib), zuho namozi o‘qishmoqda. Biz Ibn Umardan ularning namozi haqida so‘ragan edik, «(Yaxshi) bid’at», dedi».
Muslim, Ahmad va boshqalar rivoyat qilishgan. Ko‘pchilik mazkur ta’rifga oid bid’atni maydalab o‘tirmay, ikkiga taqsimlab qo‘ya qoladilar va: «Bid’at ikki xil bo‘ladi: bid’ati hasana – yaxshi bid’at va bid’ati sayyi’a – yomon bid’at», deyishadi.
Ikkinchi yo‘nalishdagi ulamolar imom Molik, Shotibiy, Turtishiy, hanafiylardan imom Shumunniy va Ayniy, shofe’iylardan Bayhaqiy, Ibn Hajar Asqaloniy va Ibn Hajar Haysamiylar, hanbaliylardan Ibn Rajab va Ibn Taymiyalar bo‘lib, ularning fikricha, bid’atning barchasi – ibodatdagisi ham, odatdagisi ham zalolatdir.
Ikkinchi yo‘nalishdagi ta’riflarning eng mashhuri va jamlovchisi imom Shotibiyning ta’rifidir. U kishi bid’atni ikki xil ta’riflagan:
1. Bid’at – dinda yangi ixtiro qilingan yo‘l bo‘lib, u bilan shariatga o‘xshatish kiritiladi. Uni qilish bilan Allohga ibodat qilishda mubolag‘a qasd qilinadi.
Bu ta’rifda dinning javhariga yangi o‘zgarish kiritish haqida, ibodatlarda shariat ko‘rsatgan yo‘lga o‘xshash yo‘l paydo qilish haqida so‘z borayotgani ochiq-oydin ko‘rinib turibdi.
2. Bid’at – dinda yangi ixtiro qilingan yo‘l bo‘lib, u bilan shariatga o‘xshatish kiritiladi. Uni qilishda shariat yo‘liga yurish qasd qilinadi.
Imom Shotibiyning ikkinchi ta’rifi birinchisidan keng bo‘lib, unda ibodat va odatlardagi yangi ixtiro qilingan narsalar bid’at ekanligi ta’kidlangan.
Imom Shotibiy bid’at masalasida eng ko‘p izlanish olib borgan olimlardan biri hisoblanadi. U kishi bid’atga qarshi turishda eng ashaddiylardan biridir.
Haqli ravishda «Nima uchun imom Shotibiy bid’atni ikki xil ta’rif qilgan?» degan savol paydo bo‘ladi. Bu savolga ulamolarimiz: «Imom Shotibiy bunda boshqalarning bid’at ma’nosini keng yoki tor olganiga e’tibor bergan», deb javob berganlar.
Imom Shotibiyning birinchi – tor ma’nodagi ta’rifida bid’at faqat ibodatlarda bo‘ladi, deganlarning fikri, ikkinchi – keng ma’nodagi ta’rifida esa bid’at ibodatlarda ham, odatlarda ham bo‘ladi, deganlarning fikri o‘z ifodasini topgan.
Imom Shotibiyning o‘zi esa bid’at faqat aqiyda va ibodatlarga xos bo‘ladi, degan fnkrga moyil bo‘lgan.
Ikkinchi yunalishdagi ta’rifda bizga kerak bulgan asosiy ma’no «Bid’at – dinda yangi ixtiro qilingan yo‘l» degan jumladir.
Demak, musulmonlar ichida yangi paydo bo‘lgan narsa bid’at bo‘lishi uchun dinning asosiga – javhariga oid bo‘lishi shart ekan. Unga ham xuddi shariatning asosiy ibodatlari maqomi berilishi kerak ekan. Quyidagi hadislarda xuddi shu ma’no ko‘zda tutilgan:
1. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim bizning bu ishimizda undan bo‘lmagan narsani yangitdan paydo qilsa, u marduddir», dedilar».
Buxoriy, Muslim va Abu Dovudlar rivoyat qilishgan.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning «ishimiz» deganlari dinimiz deganlaridir.
2. Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, eng sodiq Kalom Allohning Kitobidir, eng yaxshi hidoyat Muhammadning hidoyatidir. Ishlarning eng yomoni yangi paydo bo‘lganlaridir. Har bir yangi chiqqan ish bid’atdir. Har bir bid’at zalolatdir. Barcha zalolat do‘zahdadir», dedilar».
Buxoriy, Muslim va Nasoiylar rivoyat qilishgan.
Binobarin, musulmonlar hayotida yangi paydo bo‘lgan va dinning javhariga daxldor bo‘lmagan narsalar bid’at bo‘lmaydi. Har bir yangi paydo bo‘lgan narsa bid’at bo‘lsa, har bir bid’at zalolat, barcha zalolat do‘zahda bo‘lsa, xolimiz ne kechar edi? Payg‘ambarimiz hayotlik davrlarida Qur’oni Karim kitob shakliga keltirilmagan, madrasalar qurilmagan, turli ilmlar shakllanmagan, kitoblar yozilmagan edi va hokazo. Bularning barchasi keyin paydo bo‘ldi va barcha musulmonlar, jumladan, bid’at ma’nosini tor olgan ulamolar ham bu ishlarni katta quvonch bilan ma’qullaydilar.
Mavlidning hukmi
Yuqorida barcha mazhablarning ko‘zga ko‘ringan ulamolari ishtirokida bid’atning nimaligini bilib olganimizdan keyin mavlidning hukmi haqida ikki og‘iz so‘z aytib o‘tsak, ma’qul bo‘ladi.
Bid’atni ibodatlarda bo‘lsin, odatlarda bo‘lsin, yaxshi bo‘lsin, yomon bo‘lsin, Qur’on va Sunnatda yo‘q, dinda yangi paydo bo‘lgan narsa, deb ta’riflaydigan yo‘nalishdagi ulamolarning gapiga amal qiladigan bo‘lsak, mavlid mandub bid’atlar qatoriga kirishi turgan gap. Boshqacha qilib aytadigan bo‘lsak, mavlid bid’ati hasana (chiroyli bid’at) bo‘ladi.
Ikkinchi yo‘nalishdagi, ya’ni bid’atni ikki xil ta’rif qilgan, ya’ni: «Bid’at dinda yangi ixtiro qilingan yo‘l bo‘lib, u bilan shariatga o‘xshatish kiritiladi. Uni qilishda Allohga ibodat qilishda mubolag‘a qasd qilinadi; Bid’at – dinda yangi ixtiro qilingan yo‘l bo‘lib, u bilan shariatga o‘xshatish kiritiladi. Unda shariat yo‘liga yurish qasd qilinadi», degan ulamolarning gapini oladigan bo‘lsak, mavlid umuman bid’at bo‘lmaydi. Chunki hech kim, hech qachon mavlidni dinning javhariga oid narsa demagan va demaydi ham.
Ikkinchi yo‘nalishdagi ta’rifga binoan, «Mavlid bid’at bo‘lmasa, nima bo‘ladi?» degan haqli savol yuzaga kelishi turgan gap.
Har birimiz dunyoning sobit va o‘zgaruvchan narsalardan iboratligini yaxshi bilamiz. U sobit narsalarning saboti va o‘zgaruvchan narsalarning o‘zgarishi bilan oboddir. O‘zimiz yashab turgan yer kurrasini olib ko‘raylik. Unda katta, ma’lum va mashhur ummonlar, quruqliklar, dengizlar va yuksak tog‘lar bor. Ular sobit turadilar. Ular o‘zgaruvchan bo‘lishi mumkin emas.
Shuningdek, mazkur narsalar bilan birga yana soy va daryolar, kichik daraxtzorlar, yer maydonlari va hokazolar bor. Ular o‘zgarib turadi, chunki hayotning o‘zi shuni taqozo qiladi. Dunyo ularning o‘zgarib turishi bilan oboddir.
Huddi shuningdek, dinda ham sobit narsalar bor. Ular o‘zgaruvchan bo‘lishi mumkin emas. Masalan, aqiyda masalalari. Bugun Allohga yoki iymon keltirish lozim bo‘lgan boshqa narsalarga ishonib turib, keyin uni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Shuningdek, dinning rukni hisoblangan, uning asosini tashkil etgan narsalar ham sobit bo‘ladi. Bunday masalalarni Alloh taolo O‘zi batafsil bayon qilib, insonning aralashuviga yo‘l qo‘ymagan.
Hayot o‘zgarishi bilan o‘zgarib turadigan masalalarni esa bo‘sh qo‘yib, musulmonlar ahdlarini ishlatib, ijtihod qilishlariga yo‘l ochib bergan. Fiqh ulamolari asosan huddi shu masalalarda ijtihod qiladilar.
Ulug‘ mujtahidlarimiz Qur’oni Karim va Sunnati Nabaviya asosida, shariat qoidalarini mahkam tutish bilan birga, har zamon va makonga salohiyati bor Islom dinining g‘oyalari, maqsadlari, insonlarning imkonlari va ehtiyojlarini ham hisobga olib ish yuritganlar. Mazkur ta’limotlar asosida quyidagi manbalar asosida ijtihod qilish qoidalarini ishlab chiqqanlar:
1. Qur’oni Karim.
2. Sunnat.
3. Ijmo’.
4. Qiyos.
5. Istihson.
6. Shar’u man qoblana shar’u lana.
7. Masolihul mursala.
8. Urf.
9. Mazhabus-sahobiy.
10. Istis'hob.
Bu manbalarning keyingi sakkiztasi avvalgi ikkitasiga – Qur’on va Sunnatga bog‘lik bo‘lib, shu ikkisidagi ta’limotlar asosida bo‘ladi. Avvalgi to‘rt manba – Qur’on, Sunnat, ijmo’ va qiyos borasida barcha faqihlar ittifoq qilganlar va ularni shu tartibda manba deb olganlar. Qolganlarida ixtilof bor. Ba’zilarini olib, ba’zilarini olmaganlar ham bor.
Albatta, hozir biz mazkur manbalarning tafsilotini o‘rganish maqsadida emasmiz. Shuning uchun o‘zimizga kerak mavzu, ya’ni «Mavlid qaysi manba asosida joriy bo‘lgan?» degan savolga javob axtaramiz.
Ulamolarimiz mavlid masolihulmursala asosida amal qilingan narsadir, deydilar. «Masolihulmursala»ning lug‘atdagi ma’nosi «erkin qo‘yilgan manfaatlar» desak, xato qilmagan bo‘lamiz.
Masolihul mursalaning usuli fiqh ilmidagi istilohiy ma’nosini bilib olish uchun bir oz muqaddima qilishimizga to‘g‘ri keladi.
Islom shariatining barcha ta’limotlari uch hil manfaatni ko‘zlagan bo‘ladi:
1. Zararlarni qaytarish.
Bunga erishish uchun besh zaruriy narsani: din, mol, jon, sha’n va aqlni muhofaza qiladigan ta’limotlar va qonun-qoidalar joriy qilingan.
2. Manfaatni jalb qilish.
Bunga erishish uchun hayotda ehtiyoj tushib turadigan ibodat va muomalot kabi ishlarda odamlardan ortiqcha qiyinchilikni ko‘tarishga qaratilgan ta’limotlar joriy qilingan.
3. Karamli axloqlar va go‘zal ko‘rinishlar taqozosi bo‘yicha yurish.
Bunga erishish uchun tahsiniyot – yaxshilovchi hukmlar joriy qilingan.
Ushbu manfaatlarni shariat e’tiborga olishi yoki olmasligi bo‘yicha uch yo‘nalish bor.
1. E’tiborli manfaatlar.
Shariat bularni e’tiborga olib, ularni saqlash borasida tadbir-choralar ko‘rgan. Misol uchun, besh zaruriy narsani: din, mol, jon, sha’n va aqlni muhofaza qilish uchun ularga tajovuz qiladiganlarga qarshi jazolar belgilangan.
2. E’tiborsiz manfaatlar.
Bularda ba’zi bir manfaat bo‘lishi mumkin. Ammo zarari manfaatidan ko‘p bo‘lgani uchun o‘sha oz manfaati e’tiborga olinmagan. Misol uchun, qimor va hamrda pul topish manfaati bor. Ammo bu ikki narsaning zarari foydasidan ko‘p. Shuning uchun shariatda ularning ozgina foydasidan voz kechilgan.
3. Erkin qo‘yilgan manfaatlar.
Bular haqida shariatda ma’lum bir ko‘rsatma yo‘q. Ularni qiyoslaydigan hujjat va dalil ham yo‘q.
Erkin qo‘yilgan manfaatlar ibodatlarda bo‘lishi mumkin emasligiga hamma ittifoq qilgan. Ammo hanafiy, molikiy va hanbaliy mazhablari ibodatlardan boshqa ishlardagi masolihulmursala – erkin qo‘yilgan manfaatlarni shariatning manbalaridan biri deb qabul qilganlar.
Xulosasini aytadigan bo‘lsak, barcha faqihlar «masolihulmursala»ni e’tiborga oladilar va uni ishlatadilar.
Zotan, shariatning asosiy maqsadi bandalarning ikki dunyodagi saodatini ta’minlashdir. Qur’on va Sunnatdagi barcha hukmlar ayni shu maqsadda joriy qilingan. Bandalarning mayda-chuyda manfaatlari esa tugamaydi. Vaqt o‘tishi bilan yangilanib turishi ham bor. Shuning uchun shariat bular uchun ochiq maydon qoldirib qo‘ygan. Qur’on va Sunnatda zikr qilinmagan masalalarni ulardan olingan qoidalar asosida ummatning ulamolari hal qilib boraveradilar. Ulamolar bunda Islomning foydani jalb qilish, zararni daf qilish qoidasini mahkam tutadilar. Bu jarayon qadimdan davom etib kelmoqda.
«Masolihul mursala» shariat manbalaridan biri bo‘lishi uchun uchta shart qo‘yilgan:
1. Shariat maqsadlariga muvofiq bo‘lishi.
«Masolihulmursala» asosida joriy bo‘layotgan ish shariatning asl qoidalariga va dalillariga xilof bo‘lmasligi shart.
2. Hikmatining oxirigacha aql yetadigan va yo‘nalishi batafsil idrok qilinadigan bo‘lishi.
«Masolihulmursala» tahorat, namoz, ro‘za kabi hikmatini oxirigacha bilib bo‘lmaydigan va yo‘nalishini batafsil idrok qilish imkoni bo‘lmagan ibodatlarda joriy qilinmaydi.
3. Zaruriy narsalarni muhofaza qilishga qaratilgan bo‘lishi.
«Masolihulmursala» din, mol, jon, sha’n va aql kabi zaruriy narsalarni muhofaza qilishga yoki dinda qiyinchilik tug‘dirishi mumkin bo‘lgan narsalarni bartaraf etishga qaratilgan bo‘lishi shart.
Usulul fiqh ulamolari «masolihulmursala» asosida qabul qilingan eng mashhur amallarga Qur’oni Karimni jamlab, kitob holiga keltirish, devonlar tashkil qilish, juma namozida imom minbarga chiqqanda aytiladigan azondan oldin bir azon aytish, hibsxonalar tashkil etish kabi ishlarni misol qilib keltiradilar. Jumladan, mavlid ham keyinchalik «masolihul-mursala» asosida joriy bo‘lgan narsalardan biridir.
Keyingi mavzular:
Katta ulamolar mavlid haqida;
Mavlidchilarga.