Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Mart, 2026   |   17 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:32
Quyosh
06:50
Peshin
12:39
Asr
16:34
Shom
18:23
Xufton
19:35
Bismillah
06 Mart, 2026, 17 Ramazon, 1447

Tunda Qur’on o‘qish xosiyatidan xabardormisiz?

11.07.2018   15686   3 min.
Tunda Qur’on o‘qish xosiyatidan xabardormisiz?

Kechasi bedor bo‘lib namoz o‘qishning, Qur’on tilovat qilishning gashti bo‘lakcha, fazilati ulug‘. Odamlar ayni shirin uyqudalik paytida ibodat qilgan inson yuksak maqomga erishadi. Tunda ibodatda qoim bo‘lib, Kalomullohni o‘qiydigan bandalar haqida Qur’onda shunday deyilgan: «Ahli Kitob orasida sajda qilgan hollarida tunlari Allohning oyatlarini tilovat qiladigan to‘g‘ri (yo‘ldagi) jamoat ham bor. (O‘sha zotlar) Allohga, oxirat kuniga imon keltiradilar, yaxshi amalga buyurib, isyon-gunohdan qaytaradilar, yaxshiliklar qilishga shoshiladilar. Ana o‘shalar  solih bandalardir» (Oli Imron surasi, 113-114-oyatlar).

 Ibn Kasir oyat tafsirida shunday degan: «Ular tunni ibodat bilan o‘tkazadilar, tahajjud namozini o‘qiydilar, Qur’on tilovat qiladilar».

 Ibn Burayda otasidan rivoyat qilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Qur’on qiyomat kuni sillasi qurigan kishi suratida kelib: «Seni  tunlari bedor qilgan, kugduzlari chanqatgan menman», deydi».

 Qur’on oxirat kuni sohibiga uning dunyodagi horg‘in suratida ko‘rinadi. Qori tunlari shirin uyqusidan kechib Qur’on o‘qiydi, Alloh yo‘lida charchaydi. Banda dunyoda Alloh yo‘lida xizmat qilgan, Qur’on o‘qigan bo‘lsa, Qur’on oxiratda bandaning yuqori martabalarga ko‘tarilishiga hissa qo‘shadi.

 Rivoyat qilinishicha, qiyomat kuni banda qabrdan chiqqanidan Qur’on uni holdan toygan kishi qiyofasida kutib olib:

— Meni tanidingmi? — deydi.

Banda aytadi:

— Seni tanimayman.

— Meni tanimaysanmi?

— Ha.

— Seni issiq kunlarda chanqatgan, tunlari bedor qilgan do‘sting Qur’onman. Har bir savdogar tijorati orqasidan foyda ko‘radi. Sen ham bugun tijorating ortidan manfaat olasan.

Shunda qorining o‘ng qo‘liga mulk, chap qo‘liga mangulik beriladi. Boshiga viqor toji kiydiriladi. (Qur’on o‘qigan insonning) ota-onasiga ikkita libos kiydiriladi.  Unga dunyo ahli teng kelolmaydi. Shu payt (ikkisi):

— Bu libos bizga nima uchun kiydirildi?! — deb (ajablanib) so‘rashadi.

— Farzandingiz Qur’on o‘rgangani uchun, — deyiladi.

Keyin (Qur’on sohibiga):

— O‘qi, jannat pog‘onasi va xonalari tomon ko‘taril, — deyiladi.

 U — tez o‘qisa ham, sekin o‘qisa ham — yuqorilab boraveradi.

 Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadi: «Kim tunda «Baqara» surasini o‘qisa, ko‘p va xo‘p qilibdi».

 Ibrohim Naxaiy: «Kechasi ozroq bo‘lsa ham Qur’on tilovat qilinglar!» deb tayinlardi.

 Avzoiy: «Kim tunlari bedor bo‘lib, ko‘p Qur’on o‘qisa, qiyomat kuni hisob berishi oson kechadi», degan.

 

Dilmurod MAMATOV

Baxmal tumani «Molguzar» jome masjidi

imom-xatibi

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Shayx Mahmud Xalil al-Husariy Qur’on shaxsiyati sifatida tanlandi

06.03.2026   904   2 min.
Shayx Mahmud Xalil al-Husariy Qur’on shaxsiyati sifatida tanlandi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

“Xalqaro Qur’oni karim mukofoti”  Shayx Mahmud Xalil al-Husariyni dunyo miqyosidagi Qur’on shaxsiyati sifatida tanladi


“IQNA” sayti xabariga ko‘ra, Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti o‘rinbosari, Vazirlar Kengashi raisi, Dubay amiri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum janoblari misrlik mashhur qori, Shayx Mahmud Xalil al-Husariy rahimahullohni “Dubay xalqaro Qur’oni karim mukofoti” ning g‘olibi sifatida e’lon qildi.

Dubay amiri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum o‘zining X (sobiq Twitter) akkauntida shunday deb yozdi:

“Dubay xalqaro Qur’oni karim mukofoti” Qur’oni karim kitobiga xizmat qilish, hofizlar va qorilarni taqdirlash, Qur’oni karim ilmlari bo‘yicha xizmat ko‘rsatgan fidoiylarga ehtirom ko‘rsatish maqsadida 28 yildan beri faoliyat yuritib kelmoqda. Bugun biz buyuk bir ulug‘ islomiy shaxsni dunyo miqyosidagi “Qur’oni karim shaxsiyati” sifatida taqdirlashimizni e’lon qilamiz: “Shayx Mahmud Xalil al-Husriy... Zamonamizning tilovat ulamolaridan biri... Birinchi bo‘lib Qur’oni karimni to‘liq murattal (tartil) uslubida yozib qoldirgan... Sharqu g‘arbda eng ko‘p tarqalgan yetuk qorilardan biri sifatida e’tirof etilgan. Alloh taolo u kishini rahmatiga olsin va ushbu buyuk ishlarini hasanot tarozisiga qo‘shsin”.

Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum qo‘shimcha qildi: "Shuningdek, bu yil “Dubay xalqaro Qur’oni karim mukofoti” doirasida dunyoning turli burchaklaridan tanlangan oltita ajoyib qori ovozini tanladik.  Ular 2026 yil uchun “Qur’oni karim tilovati bo‘yicha eng xushovoz qori” unvoni uchun musobaqalashadi. Yuraklarni titratadigan ovozlar... Respublika ovoz berish eshigini ochib, jamoatchilikni 2026 yilning eng go‘zal Qur’on ovozini tanlash tadbirida qatnashishga taklif etamiz. G‘oliblarni shu yilning 2 mart kuni Qur’oni karim va uning ahlini ulug‘laydigan tantanali marosimda mukofotlaymiz”.

Ilyos AHMЕDOV

Maqolalar