Bugungi kunda diniy sohada amalga oshirilayotgan islohatlar jarayonida aholining hech bir qatlami e’tibordan qolmasligiga imkon qadar harakat qilinmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan turli darajadagi nogironligi bo‘lgan kishilar bilan ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularning diniy sohaga doir bilimlarini oshirish maqsadida uchrashuvlar, davra suhbatlari tashkil etilmoqda.
Joriy yilning 7 iyun kuni Toshkent shahar Ko‘zi ojizlar jamiyati a’zolari bilan diniy-ma’rifiy va ijtimoiy masalalar haqida suhbat tashkil qilindi.
Suhbatda Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari Shuhrat Turdiqulov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar Chilonzor tumani bosh imom-xatibi Xusniddin Abdurahmanov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim mutaxassisi Munira Abubakirova, Toshkent shahar hokimiyati vakili Dilbar Ahmedova va Toshkent shahri otinoyilari ishtirok etishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar Chilonzor tumani bosh imom-xatibi Xusniddin Abdurahmanov Ramazon oyi bilan barcha ishtirokchilarni tabriklab, bu oyning fazilati haqida ma’ruza qildi. Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari Shuhrat Turdiqulov hozirgi olib borilayotgan islohotlar, o‘zgarishlar haqida so‘zlab berdi. Shundan so‘ng Ko‘zi ojizlar jamiyatining bir nechta a’zolari ishsizlik, uy-joy masalalari borasida savollar bilan murojaat qilishdi. Savollarga Shuhrat Turdiqulov javob berib, ijobiy hal qilinishi haqida so‘zladilar. Ba’zi jamiyat a’zolarining kommunal to‘lovlardan qiynalayotganliklari haqida yozma murojaat qilishdi. bu masala Chilonzor tumani bosh imom-xatibi Xusniddin Abdurahmanov tomonidan hal qilindi. Jamiyatning yoshi katta ayol va erkaklaridan tashqari, yoshlarda ham ilm olish va Qur’onga bo‘lgan muhabbatlari haqida so‘zlab berishdi. O‘MI mutaxassisi Munira Abubakirova yaqin kunlarda Ko‘zi ojizlar jamiyati a’zolari uchun Qur’on kurslari ochilishi haqida ma’lumot berdi. Ishtirokchilar o‘tkazilayotgan tadbirdan xursandliklarini, bunday uchrashuvlar tez-tez bo‘lishini taklif qildilar.
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida so‘zlagan nutqida mamlakatimiz islom ma’rifati g‘oyalarini chuqur o‘rganish va butun dunyoda keng targ‘ib qilishni davom ettirishini ta’kidladi.
"Biz jamiyatimizdagi bag‘rikenglik siyosatini izchil amalga oshirmoqdamiz. Shu bilan birga, islom ma’rifati g‘oyalarini chuqur o‘rganish va dunyoga targ‘ib etish bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni faol davom ettiramiz!", - dedi davlat rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin oylarda keng mintaqamiz uchun noyob bo‘lgan Islom sivilizatsiyasi markazi ochiladi.
"Buyuk ajdodlarimiz – mutafakkir allomalar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiyning boy ma’naviy va ilmiy merosining alohida taqdimotini Birlashgan Millatlar Tashkilotida o‘tkazish niyatidamiz", - ta’kidladi O‘zbekiston yetakchisi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati