Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Dekabr, 2025   |   10 Jumadul soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:05
Quyosh
07:29
Peshin
12:17
Asr
15:14
Shom
16:59
Xufton
18:16
Bismillah
01 Dekabr, 2025, 10 Jumadul soni, 1447

Homilador ayollar ro‘zaning qazosini tutadilarmi?

11.06.2018   54101   7 min.
Homilador ayollar ro‘zaning qazosini tutadilarmi?

Ma’lumki, Islomda insonni toqatidan tashqari ishga taklif qilinmaydi. Shu qatorda, ro‘za masalasida ham.

Homilador va emizikli ayollar o‘zlari va bolalariga zarar yetishidan qo‘rqsalar ro‘zani ochib yuborishlariga ruxsat bor. Bunga barcha mazhab ulamolari  bir ovozdan ittifoq qilishgan. Ammo Hanafiy mazhabi bo‘yicha, mazkur toifadagi ayollar ro‘zaning qazosini tutadilar. Shofe’iy va Hanbaliylarda esa homilador ayollar ro‘za tutmasalar ularga ham qazo ham fidya lozim bo‘ladi.

  Ro‘za tutmaslik uchun joiz sanaladigan zarar o‘tgan tajribadan, gumonda g‘olib kelish bilan, yoki mohir, adolatli, musulmon tabibning gapi bilan bilinadi. Tabib homilaga yetishi mumkin bo‘lgan zararlarni; aqlning noqis bo‘lishi, nobud bo‘lish yoki kasalmand tug‘ilishidan bo‘lgan xavfni isbotlashi kerak. Xavf faqat taxminiy yoki xayoliy bo‘lmasligi shart. Bu yerda hukm ayolning va homilaning holatiga qarab chiqariladi.

Mazhabimiz ulamolarining bu hukmga o‘zlariga yarasha hujjat va dalillari bor.

Hasan Basriy rahmatullohi alayhidan homilador va emizikli ayollarning o‘zlari yoki farzandlarining sog‘ligidan xavotirlangan paytlarida nima qilishlari kerakligi haqida so‘raldi. Shunda u zot “Homiladorlikdan ham og‘irroq kasallik bormi?, bunday ayollar og‘izlarini ochadilar va qazosini tutadilar” deb javob berdilar.

Hanafiylar yana quyidagi oyatni dalil qilib keltiradilar:

“Kim bemor yoki safarda bo‘lsa, bas, sanog‘ini boshqa kunlardan tutadir.”

(«Baqara» surasi, 185-oyat).

Ular bu oyatda Alloh taolo fidya haqida hech narsa demagan deb javob beradilar. Homilador ayollar ham vaqtinchalik bemor hisoblanadilar.

 Qari chol va kampirlarning fidya berish bilan kifoyalanishlariga ruxsat etilgani ularning keyinchalik ham ro‘za tutolmasliklari e’tiboridandir. Chunki ular borgan sari qarib zaiflashib boraveradilar. Ularning qaytib yosharib, ro‘za tutishlaridan umid yo‘q.

Homilador va emizikli ayollar esa, vaqtinchalik bemorga o‘xshaydilar. Homilani tug‘ib, bolani ko‘krakdan ajratgandan so‘ng yana ro‘zani tutish imkoniga ega bo‘ladilar. Bir yilda bir keladigan ro‘zani qazo qilib tutish oson hisoblanadi.

«Sizdan kim u oyda hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin. Kim bemor yoki safarda bo‘lsa, bas, sanog‘ini boshqa kunlardan tutadir. Alloh sizlarga yengillikni xohlaydi va sizlarga qiyinlikni xohlamas», («Baqara» surasi, 185-oyat).

Tuzalishidan umid bor bemor kishi Ramazon kunlari bemor bo‘lsa yoki bir kishi Ramazon kunlari safarga chiqqan bo‘lsa, o‘sha kunlari ro‘za tutmay, keyin imkon bo‘lganda, tutmagan kunlari sanog‘icha qazo ro‘za tutishiga asosiy dalil mana shu oyati karimadir.

Shuning uchun, bemor kishi, agar ro‘za tutsa bemorligi ziyoda bo‘lib ketadigan yoki tuzalishi ortga suriladigan bo‘lsa, Ramazon oyida bemalol ro‘za tutmay yurishi mumkin. Alloh taolo bemorligi tufayli unga ruxsat bergan.

عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا: وَعَلَى الَّذِينَ يُطِيقُونَهُ فِدْيَةٌ طَعَامُ مِسْكِينٍ قَالَ: كَانَتْ رُخْصَةً لِلشَّيْخِ الْكَبِيرِ وَالْمَرْأَةِ الْكَبِيرَةِ وَهُمَا يُطِيقَانِ الصِّيَامَ أَنْ يُفْطِرَا وَيُطْعِمَا مَكَانَ كُلِّ يَوْمٍ مِسْكِينًا وَالْحُبْلَى وَالْمُرْضِعُ إِذَا خَافَتَا. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالْبُخَارِيُّ وَلَفْظُهُ: قَالَ ابْنُ عَبَّاسٍ: لَيْسَتْ بِمَنْسُوخَةٍ هُوَ الشَّيْخُ الْكَبِيرُ وَالْمَرْأَةُ الْكَبِيرَةُ لاَ يَسْتَطِيعَانِ أَنْ يَصُومَا فَيُطْعِمَانِ مَكَانَ كُلِّ يَوْمٍ مِسْكِينًا.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

«Va u(ro‘za)ni qiynalib tutadiganlarga bir miskin taomini berish» oyati qari chol va qari kampirga tegishli ruxsatdir. Ikkovlari ro‘zani qiynalib tuturlar. Ular og‘izlarini ochib, har bir kun o‘rniga bir miskinga taom berurlar. Homilador va emizikli ayollar qachonki qo‘rqsalar, og‘izlarini ochurlar».

Abu Dovud va Buxoriy rivoyat qilishgan.

Buxoriyning lafzida:

«Ibn Abbos:

«Bu oyat mansux emas, balki qari chol va kampir uchundir. Ular ro‘za tutishga qodir emas. Bas, har bir kun o‘rniga bir miskinni taomlantirurlar», – dedi» deyilgan.

Alloh taolo o‘ta qarib qolganlari tufayli ro‘za tutsa qiynalib qoladigan chol va kampirlarga ro‘za tutmaslikka ruxsat bergan.

Mazkur oyatga ko‘ra o‘ta qari chol-kampirlarga ro‘za tutmaslikka ruxsat bor va ro‘zasi tutilmagan har bir kun evaziga bir miskinga taom bersalar mumkin.

Ba’zi bir kishilar o‘zlari sog‘ bo‘lsalar ham yoshlari kattaligi tufayli ro‘za tutsalar qiynaladigan bo‘lib qoladilar. Ana o‘shanday kishilar ham ro‘za tutmasalar mumkin. Ro‘zaning o‘rniga fidya beradilar.

Xuddi Ibn Abbos roziyallohu anhuning o‘zlaridan qilingan boshqa bir rivoyatda, bu oyati karimaning tafsirida homilador va emizukli ayol zikr qilinmagani ham shuni ko‘rsatadi. Keling, o‘sha rivoyatni ham o‘rganaylik.

 وَعَنْهُ فِي هَذِهِ اْلآيَةِ: لاَ يُرَخَّصُ فِي هَذَا إِلاَّ لِلَّذِي لاَ يُطِيقُ الصِّيَامَ أَوْ مَرِيضٍ لاَ يُشْفَى. رَوَاهُ النَّسَائِيُّ

Yana o‘sha kishidan ushbu oyat haqida rivoyat qilinadi:

«Bu ruxsat faqat ro‘zani ko‘tara olmaydigan va shifosiz bemorgagina beriladi».

Nasaiy rivoyat qilgan.

Ko‘rinib turibdiki, mazkur oyati karimada ko‘zda tutilganlar umuman ro‘za tutishga yaramaydigan o‘ta qari cholu kampirlar va tuzalishidan umid yo‘q bemorlardir. Bu toifadagi kishilar hech ro‘za tutish imkoniga ega bo‘lmaganlari uchun o‘rniga fidya berishlari joriy qilingan.

Vaqtinchalik ro‘za tutishda qiyinchilikka duchor bo‘lib, keyin yana ro‘za tutishga ega bo‘ladigan musofir va tuzalishidan umid bor bemorlarga esa, imkon topganda qazo qilib tutib berish joriy qilingan. Homilador va emizikli ayollar ham xuddi shu - keyin ro‘za tutish imkoniga ega bo‘ladigan kishilar qatoridadirlar.

Agar homilador ayolning bolasiga ham o‘ziga ham zarar yetmasligi aniq bo‘lsa, u holda ro‘za tutishi farz hmsoblanadi. Ba’zi ayollar juda kuchli va baquvvat bo‘ladilar. Homiladorlikning qiyinchiliklari ularga o‘z ta’sirini o‘tkazmaydi. Aksincha ba’zi ayollar nimjon va nozik bo‘ladilar. Ayniqsa homiladorlik vaqtida ular yanada zaiflashadilar. Alloh taolo “Luqmon” surasi 14- oyatda shunday deydi

Biz insonga ota-onasi haqida tavsiya qildik: onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan ko‘tardi; uni sutdan ajratish ikki yil ichidadir.  «Menga va ota-onaga shukr qilgin. Va qaytish faqat Mengadir».

Ya’ni, homiladorlik paytida onasi uni qornida zaifhol bo‘lib ko‘taradi. Borgan sari zaiflik ustiga zaiflik ortib boradi. Bu hol bola tug‘ilgunicha davom etadi.

Agar homilador ayolning bolasi yoki o‘ziga zarar yetishi mumkinligi muqarrar bo‘lsa u holda ro‘zasini buzishi farz ro‘zani davom ettirib tutishi u ayol uchun harom hisoblanadi.

 

Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus

islom bilim yurti mudarrisasi

Curayyo  Ibragimova

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Videolar

Haqiqiy mo‘minlik sifati

01.12.2025   99   1 min.

Mehmonxon domla Jabborov, Jizzax viloyati bosh imom-xatibi

VIDEO