Payg‘ambarimiz sollollohu alayhi vasallam Ramazon oyining oxirgi o‘n kunida boshqa kunlaridan ko‘ra ko‘proq ibodat qilar, u kunlarni etikof bilan o‘tkazar va qadr kechasini ushbu kechalardan qidirar edilar[1].
Imom Buxoriy rahmatullohi alayhi o‘z sahihlarida Oisha onamiz roziyollohu anhodan rivoyat qiladilar: “Albatta Nabiy sollollohu alayhi vasallam, Ramazon oyining oxirgi o‘n kuni kirib kelsa, ahllarini uyg‘otar, tunlarini tiriltirar va bellarini mahkam bog‘lar edilar”[2]
Hadisi sharifdagi Oisha onamizning: “Bellarini mahkam bog‘lar edilar”, degani Payg‘ambar sollollohu alayhi vasallamning ibodatga odatdagidan ko‘proq jiddu-jahd qilib harakat qilganlaridan kinoya. Ba’zilar bu ayollaridan chetlashganlari, yaqinlik qilmaganlaridan kinoya deydilar.
“Tunlarini tiriltirar edi” deganlari esa, namoz va boshqa ibodatlar bilan tunning barchasini bedor o‘tkazar edilar degan ma’noda. Oisha onamiz roziyollohu anhodan rivoyat qilingan boshqa hadisda: “ Men Rosululloh sollollohu alayhi vasallamni Ramazon oyidan boshqa biror paytda bir kechada Qur’oni karimning barchasini o‘qiganlarini ham, tunning hammasini to tonggacha bedor bo‘lganlarini ham, bir oy avvalidan oxirigacha to‘liq ro‘za tutganlarini ham bilmayman”[3] deganlar.
“Ahllarini uyg‘otar edi” deganlari esa, ayollarini namozga uyg‘otar edi degan ma’noda. Payg‘ambar sollollohu alayhi vasallamning odatlaridan ma’lumki, U zot ahllarini boshqa kunlarda ham ibodatga uyg‘otar edilar. Vitr o‘qimoqchi bo‘lsalar Oisha onamizni uyg‘otganlari kabi.[4] Ammo Payg‘ambar sollollohu alayhi vasallamning ahli oilalarini Ramazon oyining oxirgi o‘n kunida uyg‘otishlari yilning boshqa kunlariga nisbatan ko‘proq bo‘lar edi.
Shayxontohur tumani
“Islom nuri” jome masjidi imom xatibi, TII o‘qituvchisi
A. Sobirov
[1] Imom Muslim Oisha roziyollohu anho onamizdan rivoyat qilgan(1175)
[2] Imom Buxoriy rivoyati(1913)
[3] Imom Nasaiy rivoyati(1641)
[4] Imom Buxoriy rivoyati(952)
Sehrgar o‘z sehri orqali turli gunoh va zulmlarni amalga oshiradi. Sehrgar qanchadan-qancha odamlarni Allohdan o‘zgaga qurbonlik qilishga yoki tumor taqishga yo g‘aybdan kelgan xabarlarga ishonishga buyurib, adashtirdi?!
Sehrgar ko‘plab baxtli uylarni vayron qildi, qanchadan-qancha ahil juftliklarni bir-biridan ayirib, baxtiyor oilalardagi yosh bolalarni tirik yetim qildi. Go‘daklar u tufayli hayotning achchiq-chuchugini totdilar?!
Sehrgar odamlarga yana qancha tashvishlar keltirdi?!
Qanchadan-qancha sog‘lom odamlarning kasal bo‘lishiga sabab bo‘ldi?!
Qanchadan-qancha baxtli oilalarni parchalab tashladi?!
Qanchadan-qancha kambag‘allarni qarz olishga majbur qildi?!
“Davolayman” yoki “g‘aybni bilaman” degan yolg‘onlar bilan odamlarning pullarini o‘zlashtirib oldi?!
Sehrgar tinch-osoyishta jamiyatni yomon ko‘radi va uni buzmaguncha tinchimaydi. U o‘zgalarning baxtli hayotidan xursand bo‘lmaydi.
Sehrgarda hech qanday yaxshilik yo‘q. Yoki sehrgarning kambag‘allar, yetimlar, beva, bechoralarga g‘amxo‘rlik, yaxshilik yoki homiylik qilganini ko‘rganmisiz?! Sehrgarning amali jamiyatni buzish va uning a’zolarini shirkga undash, ularning boshiga balo, g‘am-tashvish solishdir.
Davron NURMUHAMMAD