Hurmatli muxlislar!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan muborak Ramazon oyida Siz azizlar uchun “Muslim TV” internet telekanali yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qiladi.
“Muslim TV” internet telekanali internet tarmog‘ida katta auditoriyaga ega bo‘lgan “ITV.UZ” interaktiv televideniyesi bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yildi. Endilikda siz “ITV.UZ”ga ulanish orqali “Muslim TV” internet telekanalini tomosha qilishingiz va internet tarmog‘idagi itv.uz saytidan ro‘yxatdan o‘tgan holda ko‘rsatuvlarimizni tomosha qilishingiz mumkin.
Mobil qurilmalar uchun esa itv.uz mobil ilovasini ko‘chirib olgan holda telekanalimizni kuzatish mumkin bo‘ladi.
Ushbu internet telekanal barchamiz uchun manfaatli bo‘lishini Yaratgandan so‘rab qolamiz!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Yurtimizda muhtaram Prezidentimiz rahbarligida muborak Ramazon oyini munosib kutib olish va ko‘tarinki ruhda o‘tkazishga har yili alohida e’tibor qaratilayotgani barchamizni behad quvontirmoqda. Bu yilgi tabrik va murojaatlarda Ramazon oyining asl mohiyati – inson qadrini ulug‘lash, mehr-muruvvat va saxovatni keng yoyish, jamiyatda ahillik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash kabi ezgu g‘oyalar ustuvor ekani ta’kidlandi.
Bugun Ramazon nafaqat ibodat oyi, balki jamiyatda ezgulik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tamoyillari yanada mustahkamlanadigan muhim ma’naviy palla sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Tajriba va kuzatishlar shuni ko‘rsatdiki, dunyo amaliyotida Ramazon oyini munosib o‘tkazishga doir davlat darajasida alohida qaror qabul qilinishi kam uchraydi. Yurtimizda esa bu masalada tizimli yondashuv yo‘lga qo‘yilgani muborak oyning mohiyatini chuqur anglab, uning yuksak insoniy qadriyatlar asosida o‘tkazilishidan dalolat beradi. Ayniqsa, bu yilgi Ramazon munosabati bilan ilgari surilgan tashabbuslarda «Inson qadri uchun!» degan ezgu tamoyilning amaliy ifodasi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
«Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi» shiori ostida qabul qilinayotgan qaror va tashabbuslarda Ramazon oyini saxovat, hamjihatlik oyiga aylantirish, muhtojlar, bemorlar, nogironlar va faxriylarga mehr-muruvvat ko‘rsatish kabi ezgu g‘oyalar mujassam. Bu esa Ramazonni ham ibodat, ham ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash oyi sifatida tarannum etishga xizmat qilmoqda.
Abdug‘ofur domla Razzoqov,
Buxoro viloyati Kogon tumani “Bahouddin Naqshband” jome masjidi imom-xatibi