Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Aprel, 2025   |   25 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:05
Quyosh
05:32
Peshin
12:26
Asr
17:11
Shom
19:15
Xufton
20:35
Bismillah
23 Aprel, 2025, 25 Shavvol, 1446

Namoz haqida ajoyib gaplar

25.05.2018   5776   5 min.
Namoz haqida ajoyib gaplar

Namoz – uyali telefonning quvvatlagichi (zaryadka qiluvchi batareya) kabidir. Agar telefonni quvvatlab olmasang, ekrani o‘chadi, jim bo‘ladi. Agar sen o‘zingni har kunlik namoz bilan quvvatlab olmasang, nurni, til burroligi, hikmatni, xotirjamlikni yo‘qotib, bezovtalik, qo‘rquv va gohida ahmoqlikka mubtalo bo‘lasan.

Sen namoz sababli hikmat bilan gapirasan. Namoz sababli halim bo‘lasan. Go‘zal xulqlarning barchasi Alloh taoloning huzuridagi ne’matdir. Agar Alloh taolo bir bandasini yaxshi ko‘rsa, unga go‘zal xulq ato etadi.

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:

“Allohning rahmati ila ularga muloyim bo‘lding” (Oli Imron, 159).

Ya’ni “Ey Muhammad, Bizga ibodat qilish ila bog‘lanish orqali qalbingda rahmat o‘rnashdi. O‘sha rahmat sababli iymon keltirganlarga nisbatan muloyim bo‘lding. Bog‘lanish bor va rahmat bor. Bog‘lanish ibodat, namoz, zikr. Shular sababli rahmat keladi. Rahmat esa muloyimlikka sabab bo‘ladi. Sen odamlarga muloyim bo‘lganing uchun ular atrofingga to‘plandilar. Agar sen Bizdan uzilgan, ibodatga beparvo bo‘lganingda, qalbing qasovat (qattiqlik)ga to‘lardi. Qalbdagi bu qattiqlik qo‘pol va dag‘al muomalaga sabab bo‘ladi. Natijada, atrofingdan odamlar tarqalib ketardi.

Alloh taolo marhamat qiladi:

“Agar qo‘pol, qalbi qattiq bo‘lganingda, atrofingdan tarqab ketar edilar” (Oli Imron, 159).

Qoida shu!

Allohga ibodat ila bog‘alanasan, shunda qalbing rahmatga to‘ladi. Rahmat esa muloyim muomala ko‘rinishida aks etadi. Natijada, odamlar sen tomonga kela boshlaydi.

Allohga ibodat qilmay, Undan uzilasan, natijada, qalbing qasovatga to‘ladi. Qasovat, qattiqlik esa qo‘pol, dag‘al muomala ko‘rinishida aks etadi. Oxir oqibat atrofingdan odamlar tarqalib ketadi.

Endi yuqoridagi oyatni to‘liq keltiramiz:

“Allohning rahmati ila ularga muloyim bo‘lding. Agar qo‘pol, qalbi qattiq bo‘lganingda, atrofingdan tarqab ketar edilar. Bas, ularni afv et. Ularga istig‘for ayt va ular bilan ishlarda mashvarat qil. Azmu qaror qilganingdan so‘ng Allohga tavakkal qil. Albatta, Alloh tavakkal qiluvchilarni sevadir”.

Namoz o‘quvchi insonning eng katta belgisi – qalbining muloyim va mehribonligidir. Uning qalbida qo‘pollik bo‘lmaydi. Balki rahmat bo‘ladi, mehribonlik, rahm-shafqat bo‘ladi. Farzandlariga mehribon, ayoliga mehribon, qarindoshlariga mehribon, qo‘shnilariga mehribon, do‘stlariga mehribon va atrofidagi dindoshlariga nisbatan mehribon bo‘ladi. Nafaqat insonlar, balki hayvonlarga ham mehribon bo‘ladi.

Bir qo‘shiqchi yigit Abu Haniyfa rahimahullohni bezovta qilardi. U tun bo‘yi “Meni zoye qilishdi. Qanday yigitni zoye qilishdiya” deb qo‘shiq aytardi. Keyin bu ovoz eshitilmay qoldi. Imom bildilarki, yigitga nimadir bo‘lgan. Surishtirsalar, u qamoqda ekan. Qamoqxona rahbariga borib, yigitni bo‘shatishini so‘radilar. Yigit darhol bo‘shatildi. Keyin ulovlariga uni ham mingashtirib uylariga qaytdilar. Yo‘lda kelayotganda yigitdan “Hoy yigit, seni zoye qildikmi?” deb so‘radilar. Yigit “Yo‘q, zoye qilmadingiz, e’tibor berdingiz, qamoqdan olib chiqdingiz, tavba qilishimga sababchi bo‘ldingiz” dedi.

Mana sizga namozxon, Allohga ibodat ila bog‘langan kishining holi va ta’siri!

Ey do‘stim! Unutmang! Sizning mehribonligingiz, qalbingizning muloyimligi Allohga ibodat ila bog‘lanishingiz alomatidir.

Mo‘min odam rahm-shafqat, odob, tavoze’ va muhabbat manbaidir. Namozxon qo‘pol bo‘lmaydi. Namozxon uyatsiz bo‘lmaydi. Bo‘lishi mumkinmas!

Namozxon harom mol yeyuvchi bo‘lmaydi! Bo‘lishi amri mahol!

Namozxon aldoqchi bo‘lmaydi! Bo‘lishi amri mahol!

Namozxon mutakabbir bo‘lmaydi! Bo‘lishi amri mahol!

Amri mahol! Amri mahol! Ming marta amri mahol!

Allohga ibodat ila bog‘lansang, sendan mehribonlik, muloyimlik, lutf, adolat, insof, tavoze’ va boshqa go‘zal sifatlar tarala boshlaydi. Shuning uchun ham Allohga ibodat ila bog‘langan mo‘minning jamiyatda katta ta’siri bor.

Allohga ibodat ila bog‘lanmagan tili burro bo‘lgan mingta notiq kishilar o‘zlarining tahlillari, dalillari bilan ham bitta odamga ta’sir o‘tkazolmaydilar.

Ammo Alloh taologa ibodat qilish ila bog‘langan birgina inson so‘zi bilan, holi bilan minglab odamlarga ta’sir o‘tkazadi.

Alloh taolo barchamizning namozga, zikrga, Qur’on tilovatiga bo‘lgan g‘ayratimizni, shavqimizni ziyoda etib, ibodatda bardavom, gunohlari kechirilgan va qalbi salim bandalaridan bo‘lishimizni nasib etsin, omin!   

 

 

Doktor Muhammad Rotib Nabulsiyning mav’izalaridan

Nozimjon Iminjonov tarjimasi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Usmon Mus'hafi tarixi haqida kitob tayyorlanadi

23.04.2025   1018   1 min.
Usmon Mus'hafi tarixi haqida kitob tayyorlanadi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida buyuk tarixiy va madaniy meroslarimizni o‘rganish, asrash va targ‘ib etish yo‘lida yana bir muhim qadam tashlanmoqda. Dunyoda eng qadimgi nusxalaridan biri hisoblangan Usmon Mus'hafi tarixi haqida ilk bor ilmiy-ommabop kitob tayyorlanmoqda.

Mazkur kitobda Qur’oni Karimning eng qadimiy nusxalaridan biri sanalmish, 7 asrda ko‘chirilgan va hozirgi kunda O‘zbekistonda saqlanayotgan Usmon Mus'hafining kelib chiqishi, tarixiy yo‘li, paleografik xususiyatlari, diniy va madaniy ahamiyati keng yoritiladi. Kitob nashr etilgach Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasi tarkibiga kiritiladi va tashrif buyuruvchilarga ushbu noyob Qur’on qo‘lyozmasi haqida batafsil ma’lumot berish imkonini yaratadi.

Loyihaning asosiy maqsadi – O‘zbekiston hududida saqlanayotgan bu nodir tarixiy manba orqali islom ilm-fanining yuksak saviyasini, musulmon dunyosining ilk davrlardagi yozuv madaniyati va Qur’onni ko‘chirish an’analarini keng jamoatchilikka tanitishdan iborat.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi