O‘zbekiston prezidentining 2018 yil 16 apreldagi PF-5416-sonli «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi «Vaqf» xayriya jamoat fondini tashkil etilish bilan bog‘liq tadbirlar belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berishicha, shuningdek, Farmonda tegishli idoralarga fuqarolardan zakot, fitr va boshqa xayriya mablag‘lari sifatida tushadigan mablag‘lar «Vaqf» xayriya jamoat fondining alohida hisob raqamida to‘planishi hamda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan (shu jumladan, Internet tarmog‘i orqali onlayn kuzatish imkoniyatini yaratgan) holda mablag‘larning tushishi va sarflanishida to‘liq shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha amaliy ko‘mak berish topshirilgan.
Shu munosabat bilan, Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi «Vaqf» xayriya jamoat fondi davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Ayni damda “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusidagi xalqaro anjuman qizg‘in davom etmoqda.
Tadbir avvalida Qur’on oyatlari tilovat qilindi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning xalqaro konferensiya ishtirokchilariga tabrigini Prezident maslahatchisi Ruslanbek Davletov o‘qib eshittirdi.
Tabrikda Prezidentimiz qatnashchilarni ulug‘ allomalar yurtiga tashrifi va nufuzli tadbirdagi ishtiroki bilan qutlab, buyuk vatandoshimiz asos solgan moturidiylik maktabi va ta’limoti e’tiqod borasida asrlar davomida bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat timsoli bo‘lib kelayotganini alohida qayd etgan.
Shuningdek, mamlakatimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy kabi buyuk allomalarimiz nomlari bilan ataladigan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi faoliyat ko‘rsatayotgani, jumladan, Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” va “Kitob at-tavhid” kitoblari ilk marta o‘zbek tiliga tarjima qilinib, keng jamoatchilik e’tiboriga havola etilgani ta’kidlab o‘tilgan.
O‘z navbatida anjuman ishtirokchilariga o‘z hayotini ana shunday ezgu ishga bag‘ishlab kelayotgani, Imom Moturidiy va O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan boshqa ulug‘ allomalarimizning boy ilmiy-diniy merosini o‘rganish yo‘lidagi mashaqqatli mehnati, izlanish va tadqiqotlari uchun samimiy minnatdorlik bildirib, ularga sihat-salomatlik, kelgusi faoliyatida yangi yutuqlar va konferensiya ishiga muvaffaqiyat tilagan.
Anjuman ishtirokchilari Prezidentimizning tabrigi va iliq tilaklaridan bag‘oyat mamnun bo‘lishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati