Oila — jamiyatning bir bo‘lagi. Jamiyat ravnaqi oila ravnaqi bilan chambarchas bog‘liq. Demak, oilalar mustahkamligiga davlat siyosati darajasida qaralayotgani bejiz emas. Turmushimiz tobora farovonlashayotgan paytda oilalar mo‘rtlashayotgani tashvishlanarli holat. Ushbu masala yuzasidan ko‘plab yurtdoshlarimiz bilan muloqot qilar ekanmiz, ular keltirayotgan sabablar ham turlicha.
Ba’zilar ajrimlarni globallashuv bilan bog‘laydi. Insonlarning haddan tashqari erkinlashib ketayotgani oqibatida ko‘pchilik faqat o‘zini o‘ylaydigan, mas’uliyatsiz bo‘lib qolgan, degan fikrlar ham ko‘p bildirildi. Nazarimda, bu muammo ma’naviyatimizdagi ayrim nuqsonlar bilan bog‘liqday.
Ajrimlarga faqat kelinlar aybdor, degan fikrdan mutlaqo yiroqmiz. Qizlar turmushga chiqqanidan keyin yangi oilada o‘z o‘rnini topishi oson emas. Ota uyida erkalanib yurgan qiz bu yerda e’tibor markazida bo‘ladi. Uy yumushlarining barchasi uning zimmasiga yuklanadi. Undan boshqa hamma televizor tagida oyog‘ini cho‘zib o‘tiradi. Xonadonda alpomishday yigit yo barchinoyday qiz bo‘lsa-da, ularning uy yumushlarini bajarishi «qoida»larga to‘g‘ri kelmaydi. Hammasini kelin qilishi kerak! Yo‘qsa, kelinning «tarbiyasi buzilib» ketishi mumkin. Afsuski, bunday fikrlovchilar ko‘pchilik. Ham ishlash yoki o‘qish, ham oila yumushlarini bajarish ba’zan yosh kelinga og‘irliq qiladi. Ana shunday vaziyatda oilalarda turli mojarolar, muammolar kelib chiqadi.
Agar e’tibor berilsa, oilalarni yetmish-sakson foiz holatda qaynota va qaynona boshqaradi. Ayrim qaynota va qaynonalarning eskicha fikrlashi, «bu davrda boshqacha edi», «biz o‘nta bolani tug‘ib, dalaga ishga chiqib ketaverganmiz», «biz kechasi non yopib, kunduzi davlatning ishini qilganmiz» kabi ta’na-dashnomlari, yosh oilalar hayotiga asossiz aralashishi, «onangni desang, eringdan kechasan» yoki aksincha, «meni desang, kelinni taloq qil» qabilidagi noo‘rin talablari yoshlarning ixtiyorsiz ajrashib ketishlariga sabab bo‘layotgani sir emas. Qaynonalarning bunday malomatlari, aslida, o‘sha davr qiyinchiliklari, xotin-qizlarga nisbatan ayovsiz munosabatda bo‘linganini aks ettirmaydimi? Buning oqibatida o‘tgan asrning 70-80-yillarida, 90-yillar boshlarida onalar va go‘daklar o‘limi ko‘plab sodir bo‘lmaganmi? Qolaversa, qaynona qiyinchilik ko‘rgani uchun kelinni ham shunga mahkum qilishi na mantiqqa, na haqiqatga to‘g‘ri keladi.
Bugun davr o‘zgargan. Onalik va bolalik davlat muhofazasiga olingan. Endilikda buni har bir ota-ona, oila sohibi anglab yetishi va unga rioya qilishi talab qilinadi.
Ayrim oilalarda moddiy farovonlikka erishish asosiy maqsad sifatida belgilangani, nafaqat yoshlar, balki kattalar orasida ham molparastlikning avj olgani ma’naviy qadriyatlarning yemirilishiga sabab bo‘lmoqda. Ba’zilar orzu-havas deganda faqat chiroyli to‘y qilib, qimmatbaho kiyimlar kiyib, tansiq taomlar yeyishni tushunadi. Bugun har bir xonadonda ikki-uchtadan televizor, muzlatgich va boshqa maishiy jihozlar bor. Qimmatbaho mebellar, mashina va boshqa buyumlarni ko‘z-ko‘z qilishni yaxshi ko‘ramiz. Biroq hamma xonadon ham kitob javoniga ega emas. Hatto bironta kitob bo‘lmagan oilalarning uchrashi g‘oyat achinarli. Hayotdagi ko‘plab misollar baxt boylik bilan o‘lchanmasligini asoslab turibdi. Aksincha, ma’naviy qashshoqlik baxtsizlik sari boshlovchi yo‘ldir. Ma’naviyatsizlik oilada nosog‘lom muhitni yuzaga keltiradi. Buning oqibatida iqtisodga ham darz ketadi. Yanada achinarlisi, oila ma’naviy hayotidagi kamchilik va nuqsonlar jamiyatda ma’naviy muammolarni yuzaga keltirmoqda.
— Bizningcha, oilaviy ajrimlarga sabab yoshlarni oila qurishga to‘g‘ri tayyorlamayotganimiz, — deydi xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashi deputati Sayyora Xudoyberganova. — Qiz bola dunyoga kelsa, bolaligidan boshlab uni kelinlikka tayyorlaymiz. Ammo bu tayyorgarligimiz odatda qizga sep yig‘ish, uy yumushlarini bajarishni o‘rgatishdan iborat bo‘ladi. Afsuski, qiz bolaning ma’naviy, axloqiy, jismoniy salomatligiga kamdan-kam e’tibor qaratamiz. Muomala madaniyatiga ega bo‘lmagan, qo‘lida biron hunari yo‘q, hayotning achchiq-chuchuklarini sabr-bardosh bilan yengib o‘tishga ma’naviy salohiyati yetmaydigan, tibbiy bilimlari yetarli bo‘lmagan qiz yaxshi kelin bo‘lishi dargumon.
Ayrim yigitlarimiz haqida ham xuddi shunday fikr bildirish mumkin. Biron kasbning etagini tutmagan, internet tarmoqlarida turli behayo videolavhalar tomosha qilib vaqtini o‘tkazib kelgan, ota-onasining hisobiga turmush kechiruvchi arzanda oilaning qadriga yetarmidi?
Muqaddas dinimizda oila nihoyatda qadrlanadi. «Oila buzilsa, arsh titraydi» deyishadi.
— Qur’oni karimda er-xotin haqida «…Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsiz…», deyilgan («Baqara» surasi, 187-oyat). Er-xotin bir-birovini to‘ldirib turadi, bir-birini tarbiyalaydi. Turli yomon illatlardan asraydi. Oila kishini mas’uliyatli bo‘lishga, tejamkorlikka o‘rgatadi, — deydi Shovot tumanidagi Yusuf Hamadoniy majmuasi imom-xatibi Sulaymon Rahmatullayev. — Bir-birini tushunib, qo‘llab-quvvatlab yashovchi oila sohiblari uzoq umr kechiradi. Nikohning ulug‘ ne’mat ekani haqida Payg‘ambarimiz Myhammad (sollallohu alayhi va sallam) shunday deganlar: «Kishi oila qursa, dinining yarmini mukammal qilgan bo‘ladi, qolgan yarmining mukammal bo‘lmog‘i uchun taqvo-tazarru qilsin».
— Nazarimda, oilaviy ajrimlarga ba’zi erkaklarimizning mas’uliyatsizligi ham sabab bo‘lmoqda, — deydi uzoq yillar o‘qituvchi bo‘lib ishlagan mehnat faxriysi Habibulla Boltaboyev. — Ayrim erkaklar hech qayerda ishlamaydi. Ro‘zg‘orning butun tashvishlarini ayolining zimmasiga yuklab qo‘yadi. Farzand tarbiyasiga ham qarashmaydi. Vaqtini televizor ko‘rib, qarta o‘ynab yoki boshqa tayinsiz yumushlar bilan o‘tkazadi. Bu ayolni ham ma’nan, ham jismonan toliqtiradi.
Suhbatdoshlarimizning fikricha, er yoki xotinning uzoq muddat chet davlatlarda bo‘lishi ham oraga sovuqchilik tushishi, oilalar darz ketishiga olib kelmoqda. Haddan tashqari rashk qilish, bir-biriga ishonchsizlik ham ajralish sabablaridan biri.
Oilaviy ajrimlardan eng ko‘p jabr chekadiganlar farzandlardir. Ruhiy iztiroblar bolaning sog‘lom voyaga yetishiga salbiy ta’sir qiladi. Qalbi butun umrga kemtik bo‘lib qoladi. Buning oqibatida u turli illatlarga oshno bo‘lishi, jinoyat ko‘chasiga kirishi mumkin.
Ko‘rib turganimizdek, oilaviy ajrimlar jamiyat uchun faqat zarar keltiradi. Shu bois ushbu muammoning oldini olishga e’tibor kuchaytirilmoqda. Bu jarayonda kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalar moddiy qo‘llab-quvvatlanmoqda, notinch oilalar o‘rganilib, yarashtirilmoqda, muammolarini hal qilishga ko‘maklashilmoqda. Ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Bu ishlar yaxshi, albatta. Lekin bular yetarlimi? Oilaviy ajrimlarga ma’naviy qashshoqlik sabab bo‘layotgani uchun yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishga e’tiborni yanada kuchaytirish kerak. Oila jamiyatning bo‘lagi sanalar ekan, uni buzgan inson jamiyat oldida javob berishi lozim. Qonunchiligimizda ajrashish istagidagi shaxs o‘z xatti-harakati bilan jamiyatga keltirayotgan moddiy va ma’naviy zararni qoplashi bilan bog‘liq me’yorlar kiritish maqsadga muvofiq. Nazarimizda, qonunchiligimizda qaynona va qaynotaning huquqiy maqomlari aks ettirilmagani, Oila kodeksida ularning o‘rni qonuniy belgilanmagani, qolaversa, milliy urf-odatlarimiz ularning cheksiz haq-huquqlarga ega bo‘lishlariga imkon beradi. Balki dunyo qonunchiligida ham ushbu maqomlar belgilanmagan bo‘lishi mumkin. Biroq keyingi paytlarda oilalarda yuz berayotgan mojarolar, kelishmovchiliklar, ajrimlarda aksariyat qaynota va qaynonalarning «hissasi» borligi ushbu tushunchalarga qonuniy ta’rif berilishi hamda ularning huquq-majburiyatlarini aniq va ravshan ko‘rsatib o‘tishni taqozo qilmoqda. Shu bilan birgalikda inson oilada yashashdan manfaatdor bo‘lishiga erishish zarur. Erdan ajrashgan dugonasi emin-erkin yayrab yashayotganini ko‘rgan, o‘zi tayinsiz erkak, qattiqqo‘l qaynonaning ta’na-yu dashnomlariga bazo‘r chidab kelayotgan ayol dugonasidan ibrat olmasligi uchun uni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Ommaviy axborot vositalari orqali oilaviy an’analar, sulolalar targ‘ibotini kuchaytiraylikki, toki yoshlar oila-baxt ekanini his qilsin. Ellik yil va undan ziyod tarixga ega oila sohiblari moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlansa, yoshlarning ulardan ibrat olishga rag‘bati oshadi. Qolaversa, nafaqat korxona yoki tashkilotdagi faoliyati, balki oilada barqaror muhitni shakllantirgan, ahil-inoq yashab, jamiyatga o‘rnak bo‘layotgan, ilmli, ziyoli, iste’dodli farzandlarni tarbiyalab, voyaga yetkazgan insonlarni ham mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan davlat mukofotlariga tavsiya qilish orqali ham oilaning nufuzini yanada oshirish mumkin. Kasaba uyushmalari mamlakatimizdagi eng katta jamoat tashkiloti sifatida oilalar mustahkamligi uchun hammadan ko‘proq hissa qo‘sha oladi. Oilaviy sayohatlar, teatr va konsertlarga oilaviy tashriflar, oilaviy sport musobaqalari va kitobxonlik, an’analar bilan bog‘liq turli tanlovlarni uzluksiz tashkil qilish besamar ketmaydi, albatta. Niyatimiz esa xolis: oilalar mustahkam bo‘lsin, ajrimlar barham topsin!
Muhabbat TO‘RABOYEVA,
«Ishonch» muxbiri
Keyingi yillarda mamlakatimizda fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash, diniy-ma’rifiy sohani zamon talablari asosida isloh qilish, diniy bag‘rikenglik va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga yo‘naltirilgan keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, diniy sohada davlat siyosatining takomillashuvi, fuqarolarning diniy e’tiqod erkinligining kafolatlanishi va diniy sohaga oid masalalarning huquqiy asosda hal etilishi borasida tub burilish yuz bermoqda. Bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ilgari surilgan konseptual yondashuvlar nafaqat mamlakat ichida, balki xalqaro maydonda ham e’tirof etilmoqda.
Xususan, kuni kecha imzolangan "Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident farmoni mamlakatda ushbu yo‘nalishdagi islohotlarni tizimli ravishda yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan muhim normativ-huquqiy hujjat hisoblanadi.
Mazkur farmon orqali davlat-din munosabatlarining ochiqligi, shaffofligi, diniy tashkilotlarning huquqiy maqomini mustahkamlash, shuningdek, diniy-ma’rifiy faoliyatni ilmiylik, milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida tashkil etish kabi ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Bu farmon nafaqat diniy sohada faoliyat yuritayotgan mutasaddilar, balki keng jamoatchilik, ilmiy doiralar, xalqaro ekspertlar tomonidan ham ijobiy baholanib, O‘zbekistonning inson huquqlari, xususan, vijdon erkinligi bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni amalda ro‘yobga chiqarishga intilayotganini yaqqol namoyon etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 23-iyundagi qarori bilan Toshkent shahrida O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilgan edi.
Bugungi dunyo manzarasida diniy ekstremizm va terrorizm tahdidi kuchayib borayotgani kuzatilmoqda. Bu holat ko‘plab jamiyatlarda tinchlik va barqarorlikka tahdid solmoqda. Radikalizm va ekstremizmning asosiy sabablaridan biri diniy savodsizlikdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil 21-apreldagi "Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida "Jaholatga qarshi ma’rifat" ulug‘vor g‘oya asosida dinning asl insonparvarlik mohiyatini, ezgulik, tinchlik va insoniylik kabi fazilatlar azaliy qadriyatlarimiz ifodasi ekanligini keng yoritish va bu sohadagi ilmiy-ma’rifiy faoliyatni jadal tashkil etish, islom va jahon sivilizatsiyasiga bebaho hissa qo‘shgan ajdodlarimizning boy madaniy merosini chuqur o‘rganish asosida yoshlarning ongu tafakkurini shakllantirish, jamiyatda bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, tinchlik va totuvlikni, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashda diniy-ma’rifiy soha vakillarining daxldorlik hissi va ishtirokini yanada oshirish kabi masalalar asosiy o‘rinni egallagan.
Jumladan, farmonda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining "O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi" sifatida qayta nomlanishi, akademiyaning huquqlarini aniq belgilanishi va shu kabi sohaga oid barcha islohotlar hammani birfek quvontirdi. Bu haqida hujjatda shunday deyiladi:
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Qo‘mitaning O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasini O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi (keyingi o‘rinlarda – Akademiya) etib qayta nomlash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Akademiya islomshunoslik va dinshunoslik sohalarida mutaxassislarni hamda o‘quv dasturi, qo‘llanma va darsliklarni tayyorlashga ixtisoslashgan tayanch davlat oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilansin.
6. Quyidagilar Akademiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
a) islomshunoslik, dinshunoslik, din psixologiyasi, islom iqtisodiyoti, manbashunoslik, xalqaro munosabatlar va ehtiyoj mavjud bo‘lgan boshqa sohalar bo‘yicha kadrlar tayyorlash;
b) ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik texnologiyalarni, ilm-fan va texnikaning so‘nggi yutuqlarini hamda yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari tajribasi asosida ishlab chiqilgan ta’lim dasturlarini joriy etish;
v) vijdon erkinligi va konfessiyalararo bag‘rikenglikni ta’minlash, radikallashuv, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining asoslariga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish;
g) diniy-ma’rifiy yo‘nalishda ilmiy, ilmiy-ommabop adabiyotlarni tayyorlash va nashr qilish, shuningdek, internet tarmog‘ida ta’lim resurslarini joylashtirish va muntazam yangilab borish;
d) talabalarda yuksak ma’naviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, Vatanga muhabbat, uning taqdiriga daxldorlik, kasbga sadoqat hissini mustahkamlash, ta’lim-tarbiya jarayoni hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish;
e) mamlakatimizda va xorijda diniy sohada faoliyat olib borayotgan ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qilish.
Prezidentimiz tashabbusi bilan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi tashkil etilgan bo‘lib, mazkur ilmiy-tadqiqot markazlari Vazirlar Mahkamasi huzurida edi. O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi huzurida faoliyat olib borayotgan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ham boshqa tadqiqot markazlari singari Vazirlar mahkamasi huzuriga o‘tkazildi. Bu ham markazda amalga oshirib kelinayotgan keng ko‘lamdagi ilmiy ishlarning yanada yuqori saviyada yaratilishida muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi islomshunoslik, dinshunoslik, din psixologiyasi, islom iqtisodiyoti, manbashunoslik, xalqaro munosabatlar yo‘nalishlari bo‘yicha yetuk kadrlarni tayyorlashda ilg‘or xorijiy tajribalar asosida zamonaviy o‘quv dasturlarini tashkil etadi. Akademiyaning ilmiy-tadqiqot salohiyati kengayib, diniy-ma’rifiy adabiyotlar yaratib, ilmiy va ommabop adabiyotlar nashr etadi hamda raqamli resurslar yaratilib, akademiya tomonidan keng jamoatchilikka yetkaziladi.
Ilhomjon Bekmirzayev,
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
"Ijtimoiy fanlar va huquq" kafedrasi professori