Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Iyun, 2025   |   26 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
22 Iyun, 2025, 26 Zulhijja, 1446

«O‘zbekiston Qur’on musobaqasi – 2018» yakuniy Respublika bosqichi ma’ruzasi

21.04.2018   5298   9 min.
«O‘zbekiston Qur’on musobaqasi – 2018» yakuniy Respublika bosqichi ma’ruzasi

 بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ للهِ الَّذِي اَنْزَلَ الْقُرْآنَ هُدًى لِلنَّاسِ وَبَيِّنَاتٍ مِنَ الْهُدَى وَالْفُرْقَانِ وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى أَشْرَفِ الاَنْبِيَاءِ وَالْمُرْسَلِيْنَ

وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ أَجْمَعِيْنَ

أمَّا بَعْدُ

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu.

Hurmatli mehmonlar, muhtaram hay’at a’zolari, qori-qoriyalarimiz, musobaqani to‘g‘ridan to‘g‘ri kuzatib borayotgan qalbi Qur’onga oshno aziz yurtdoshlar! 

Bugun, barchamiz uchun nihoyatda qutlug‘ kun, katta xursandchilik ayyomi. Yurtimiz uzra yaxshiliklar, ilohiy rahmatlar yog‘ilib turgan damlarda Siz azizlar bilan O‘zbekiston Qur’on musobaqasi Respublika bosqichining ochilish marosimida jamlanib turibmiz. Ushbu musobaqaning yakuniy bosqichi «Rasululloh oyi» deya ta’rif berilgan Sha’bon oyida bo‘lib o‘tishida ham o‘ziga xos hikmat bor. Chunki, bu oy Qur’on nozil bo‘lgan oyga tayyorgarlik ko‘rish, Kalomullohni ko‘proq tilovat qilish, takrorlash oyi hisoblanadi. Bu esa, albatta, musobaqa fayziga fayz qo‘shadi, inshoalloh.

Xabaringiz bor, Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan boshlangan Qur’oni karim musobaqasi mo‘min-musulmonlarimiz ko‘pdan beri intiqib kutgan quvonchu shodliklarni olib keldi. Qalbda mamnunlik, ko‘zda yosh ila qilingan duolar, huzurbaxsh tilovatlar sabab yurtimizga fayzu barakalar yog‘ildi.

Quvonarlisi, ushbu musobaqaning ilk yilidayoq ishtirokchilar soni besh yarim ming nafardan oshdi. Aslida, olimu ulamo, qoriyu qurrolarga beshik bo‘lgan, din va dunyo ilmlari bilan Islom tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan allomalar zaminida, ularning soni bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin, kelgusi yilda bu raqam bir necha baravarga oshadi, inshoalloh.

Xalqimizning Qur’onga bo‘lgan muhabbati naqadar yuksak ekanini musobaqaning tuman-shahar, viloyat bosqichlarida guvohi bo‘ldik. Qishning sovuq kunlarida ham Qur’onga muhabbatli  xalqimiz to‘p-to‘p bo‘lib musobaqani tomosha qilishga kelishdi. Chillaning sovug‘i avjiga chiqqan kunlarida ham tashqarida turib bo‘lsa-da, musobaqani kuzatishdi. Bu Allohning kalomiga bo‘lgan muhabbatning naqadar kuchli ekaniga dalolatdir.

Musobaqa o‘tkazilayotgan joylarga borib, kuzata olish imkoniyatiga ega bo‘lmagan yurtdoshlarimiz uchun ham sharoitlar tashkil etildi. Ular televideniye va internet saytlari orqali uylaridan turib ilohiy, fayzli onlardan bahramand bo‘lishdi.

O‘z navbatida, hududlardagi viloyat hokimliklari va mutasaddi tashkilotlar musobaqa ishlariga yaqindan ko‘mak berib, ishtirokchilarni tabriklab, tomoshabinlar uchun barcha shart-sharoitlarni hozir qilib  berishdi. Bu – viloyat rahbarlarining aholi ma’naviyatiga, ma’rifatiga eksak e’tibor qaratayotgan-laridan dalolatdir. Ayni paytda ham Respublikamiz bo‘ylab, bir necha hududlarda ushbu musobaqani to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rish imkoni hozirlangani ming-minglab mo‘min-musulmonlarimizni cheksiz xursand qilmoqda. 

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Mo‘min-musulmon kishi uchun Haq taoloning kalomini o‘qish yoki uni tinglashdanda rohatbaxsh narsa bo‘lmaydi. Qur’oni karim insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlaydigan, aql yurgizib, tafakkur qilib, hidoyatga chorlaydigan muqaddas kitobdir. Inson Qur’oni karim oyatlarini yod olgani yoki eshitgani sari ruhi yengillashib, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lib boraveradi.

Alloh taolo Qur’on o‘quvchi va eshituvlarni maqtab, bunday marhamat qiladi:

إِنَّ الَّذِينَ يَتْلُونَ كِتَابَ اللَّهِ وَأَقَامُوا الصَّلَاةَ وَأَنْفَقُوا مِمَّا رَزَقْنَاهُمْ سِرًّا وَعَلَانِيَةً يَرْجُونَ تِجَارَةً لَنْ تَبُورَ  لِيُوَفِّيَهُمْ أُجُورَهُمْ وَيَزِيدَهُمْ مِنْ فَضْلِهِ إِنَّهُ غَفُورٌ شَكُورٌ

 «Allohning kitobini tilovat qiladigan, namozni barkamol ado etadigan va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan maxfiy va oshkora ehson qiladigan zotlar sira kasod bo‘lmaydigan tijoratdan (ajru savob bo‘lishidan) umidvordirlar. Zero (Alloh) ularning ajrlarini komil qilib berur va O‘z fazlini ularga yanada ziyoda qilur. Albatta, U mag‘firatli va o‘ta shukr qiluvchidir» (Fotir, 29–30).

Zero, Qur’on o‘qilganda, mo‘min-musulmon banda butun vujudi bilan Kalomullohga some bo‘ladi. O‘qilayotgan oyatlar haqida tafakkur qiladi. Ana shunda ulug‘ ajru savoblarga erishadi. Bu haqida A’rof surasining 204-oyatida bunday deyiladi:

وَإِذَا قُرِئَ الْقُرْآَنُ فَاسْتَمِعُوا لَهُ وَأَنْصِتُوا لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ

Qur’on o‘qilganda uni tinglangiz va sukut saqlangiz! Shoyad shunda rahm qilingaysiz!”.

Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallam ham Qur’oni karimni o‘qigan, yod olgan kishilarni insonlarning eng yaxshisi deb ta’riflaydilar. Usmon ibn Affon roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)dan rivoyat qiladilar:

خَيْرُكُمْ مَنْ تَعَلَّمَ الْقُرْآنَ وَعَلَّمَهُ

“Sizlarning yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib, so‘ng uni boshqalarga ham o‘rgatuvchilardir” (Imom Buxoriy).

Yana bir hadisi sharifda:

مَنِ اسْتَمَعَ إِلَى آيَةٍ مِنْ كِتَابِ اللَّهِ تَعَالَى كُتِبَتْ لَهُ حَسَنَةٌ مُضَاعَفَةٌ  

وَمَنْ تَلاَهَا كَانَتْ لَهُ نُوراً يَوْمَ الْقِيَامَةِ

“Kim Alloh taoloning Kitobidan bir oyatni eshitsa, unga ikki hissa ko‘p savob yoziladi. Kimda-kim Qur’onni tilovat qilsa, qiyomat kuni uning uchun yorituvchi nur porlaydi” (Imom Ahmad va Imom Bayhaqiy).

Qur’oni karim kalimalari ostidagi o‘ta teran ma’no-mazmun, hikmat borligi, har qanday inson Qur’oni karimning o‘ta ta’sirli oyatlarini eshitgan paytda, beixtiyor unga quloq tutib qolishi, butun vujudi bilan berilib tinglashi – bularning barchasi ushbu ulug‘ kitob butun olamlarning yaratuvchisi bo‘lmish Alloh taboraka va taoloning so‘zi ekaniga yana bir bor amin bo‘ladi. 

Qadrli mehmonlar, musobaqamizni to‘g‘ridan to‘g‘ri kuzatib borayotgan aziz Qur’on muxlislari!

Muhtaram Prezidentimiz 2017 yil 1 sentyabr kuni “Hazrati Imom” majmuasiga qilgan tashriflari chog‘ida Qur’on musobaqasini dastlab tuman, shahar va viloyat bosqichini so‘ngra Respublika bosqichini o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edilar. Shunga muvofiq, bu yilgi musobaqa o‘zgacha ruhda, ko‘tarinki kayfiyatda, ommaviy tarzda o‘tkazildi. Buni barchamiz ko‘rib, guvohi bo‘ldik. Bu bejizga emas, albatta. Chunki Qur’oni karimni yodlash, tinglash va anglashda hikmat ko‘p. Davlatimiz rahbari ta’birlari bilan aytganda: “Qur’onni eshitish, eshita olish yuksak ma’naviyat, ma’rifat. Qur’on hech qachon yomonlikka da’vat qilmaydi. Agar, Qur’oni karimni eshita olsak, eshittira olsak bu muvaffaqiyat bo‘ladi. Elimizga nur keladi”.

Mana shunday ishlarning uzviy davomi sifatida shu yil         13 aprel kuni Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekistonda Qur’oni karim tilovati musobaqasining yakuniy Respublika bosqichiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi majlisida Bosh vazir janoblari tomonidan juda ham muhim vazifalar va topshiriqlar belgilab berildi. Hozirda barcha mutasaddi tashkilotlar Qur’on musobaqasini eng yuqori saviyada o‘tkazish uchun juda ko‘p xizmatlar qilishmoqda.

Ayniqsa, Diniy idoramizning doimiy hamkori bo‘lgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkiloti musobaqani o‘tkazishda yaqindan hamkorlik qilish taklifi bilan chiqqani bizni quvontirdi. Biz ushbu taklifni mamnuniyat bilan qabul qildik. Yoshlar ittifoqi tashkiloti g‘oliblarini qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlash kabi eng ulug‘ savobli ishlarni o‘z zimmasiga oldi, buning uchun albatta tashakkur aytamiz.

Fursatdan foydalanib, barcha tashkilotlar rahbarlariga, mutaxassislariga, ishchi-xodimlariga, barcha-barchaga va o‘zining sarmoyasi bilan hissa qo‘shgan saxovatpesha kishilarga katta minnatdorlik bildiramiz. Ularning el-yurt saodati, dinimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi yo‘lida olib borayotgan fidokorona mehnatlarida ulkan zafarlar ato etishini Yaratgan Haq taolodan so‘raymiz. Alloh taboraka va taolo olib borayotgan ishlarida O‘zi madadkor bo‘lib, O‘zining hifzu himoyasida asrasin.

Qur’on tilovati paytida va undan keyin duolar qabul bo‘lishidan umid qilinishi borasida hadis kelgan. Bugun qalbi quvonchga to‘lgan mo‘min-musulmon yurtdoshlarimiz mana shunday fayzu barakotli kunlarda qo‘llarini baralla duoga ko‘tarib, uning shukronasi uchun Parvardigorimizga hamdu sanolar aytishmoqda. Bu ishga tashabbuskor bo‘lgan Davlatimiz rahbari, barcha mutasaddilar haqlariga duolar qilishmoqda. Yurt tinchligi, xalq farovonligi uchun duolar qilmoqdalar.

Albatta, ushbu xayrli va fazilatli musobaqa, duolar sababidan jonajon O‘zbekistonimizga yaxshiliklar, barakalar yog‘ilib, kunlarimiz bundan-da nurafshon, hayotimiz yanada farovon bo‘ladi, inshoalloh.

Respublika bosqichiga yetib kelgunga qadar, ming-minglab yigit-qizlarimiz orasidan tuman-shahar va viloyat bosqchilarida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, yakuniy bosqichda ishtirok etayotgan qoriyu qoriyalarimizga muvaffaqiyatlar, zafarlar tilab qolamiz. Alloh yuzlarini yorug‘, ishtiroklarini oson qilsin!

 O‘zbekistonda ommaviy tarzda o‘tkazilayotgan birinchi Qur’oni karim tilovati musobaqasining Respublika bosqichini ochiq deb e’lon qilaman.

O‘MI Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Tabiat ham Sizni halok etmasin

20.06.2025   9005   6 min.
Tabiat ham Sizni halok etmasin

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Tong sahar to‘rt muchamizning sog‘, oilamiz tinch, tashqarida hech qanday xavfning xatarisiz uyg‘onish biz har doim ham e’tibor beravermaydiganimiz, shukrini ado etishni esimizdan chiqaradiganimiz ne’matlar sirasiga kiradi. Go‘yo asli shunday bo‘lishi kerakdek yashayveramiz. Yana bir tur ne’matlar borki, bizning e’tiborimizdan chetda. Bularga suv, havo kabi biz qadrlamaydigan, lekin bular bo‘lmasa, bir soat ham yashay olmaydigan ehtiyojlarimiz kiradi.

Bu ne’matlarning shukrini ado etmaslik, ya’ni qadriga yetmaslik oqibati nimalarga olib kelishi bugungi kunda namoyon bo‘lyapti. Pala-partish foydalanish sabab Orol dengizining qurishi nafaqat mintaqamizning, balki butun dunyoning muammosiga aylanib ulgurganiga ancha bo‘ldi. Biz uchun tekinga berib qo‘yilgan bu bebaho ne’matni qadrlamaslik orqasidan bugun insoniyat jiddiy muammolar qarshisida turibdi. Alloh taolo O‘zining kalomida berilgan ne’matlarni qadrlashni ta’kidlab, «Yeb-ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Chunki U Zot isrof qiluvchilarni sevmas» (A’rof surasi, 31-oyat), deb buyurdi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahorat qilayotgan buyuk sahobalardan biri Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuning suvni ko‘proq ishlatayotganini ko‘rdilar va unga: «Hoy Sa’d! Bu qanday isrofgarchilik?!» dedilar. Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu: «Ey Allohning Rasuli! Tahoratda ham isrof bo‘ladimi?» dedi. U Allohning ibodati uchun tahorat qilayotganda suvni sal ko‘proq ishlatish isrof sanalmasa kerak, deb o‘ylagan ekan. Shunda u zot alayhissalom: «Ha, hatto oqib turgan daryoning yoqasida bo‘lsang ham», dedilar.

Biz esa «Suv – tekin» degan tushuncha bilan bir paytlar shaharlarimiz, qishloqlarimiz, mahallalarimizda zilol suvga to‘lib oqqan ariq-anhorlarni quritdik. Borlarini chiqindixonaga aylantirdik. Oqibatda ilgari odamlar bemalol ichavergan ariq suvlari hozir hatto qo‘l yuvishga ham o‘ylanib qolinadigan holga keldi.

Yaqin-yaqingacha poytaxtning shimoli-sharq tomonidan ko‘rinib, bahri dilingizni ochgan, xush kayfiyat bag‘ishlagan purviqor tog‘lar bugun ko‘rinmay qolganiga odamlar endi-endi ahamiyat bera boshlashdi. Daraxtlarning kamayishi, avtoulovlarning ko‘payishi, mavjud yashil hududlar qisqarib, o‘rniga rejasiz qurib tashlanayotgan uy-joy ekologiyaga, ona tabiatga ta’sir qilmay qolmadi. Qalin changli parda ortiga yashiringan tog‘lar xuddi bizni yordamga chaqirayotgan, vaqtida chora ko‘rilmasa, og‘ir oqibatlar yuzaga kelishidan ogohlantirayotgandek go‘yo.

Va achinarlisi bu og‘ir oqibatlar o‘zini ko‘rsata boshladi. 60 yillik tajribaga ega IQAir tashkiloti tomonidan tayyorlangan oxirgi yillik hisobotda qayd etilishicha, havoning ifloslanishi oqibatida bir yilda dunyo bo‘yicha 7 million aholi hayotdan bevaqt ko‘z yummoqda, milliardlab inson nafas yo‘llari kasalliklari hamda boshqa og‘ir dardlarga yo‘liqmoqda. IQAir sayti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil yakunlari bo‘yicha tuzilgan reytingga muvofiq, O‘zbekiston 134 davlat orasida 23-o‘rinni band etib turganini juda achinarli. Ro‘yxatdagi havosi eng iflos uchlikni Bangladesh, Pokiston va Hindiston egallagan (iqair.com/ru/world-most-polluted-countries).

Surunkali respirator kasalliklarining dunyo bo‘ylab tarqalishi va bu jarayonlarning asoratlarini o‘rgangan bir guruh britaniyalik olimlar inson o‘limiga sabab bo‘layotgan beshta asosiy omillardan biri nafas olish tizimi kasalliklar ekanini ma’lum qilishdi. Tibbiyot sohasiga oid yangiliklarni yoritadigan «The Lancet» nashri e’lon qilgan maqolada 1990–2019 yillarda nafas yo‘llari kasalliklarining tarqalishi 39,8 foizga, ushbu dardlardan vafot etganlar soni esa 28,5 foizga oshgani aytilgan. Bronxial astma eng ko‘p tarqalayotgan surunkali respirator kasallik sifatida qayd etilgan bo‘lib, nafas yo‘llarining kasallanishi, birinchi navbatda, chekish illati, shuningdek, havoning ifloslanishi hamda sanoat ishlab chiqarishining turli xildagi salbiy oqibatlari sabab yuzaga kelmoqda.

Yurtimizdagi maktablarning birida atrof-muhitni asrab-avaylash hamda boshqa ijtimoiy muammolarni bartaraf etish, ularning oldini olishga bag‘ishlangan tadbirda bir o‘quvchi yigit Ona Yerning odamlarga qilgan murojaatini o‘qib bergan edi. Siz ham bu murojaatga bir e’tibor berib ko‘ring-a:

«Ey odamzod, nimalar qilib qo‘yding, nimalar qilyapsan! To‘xta! Bo‘ldi! Yetar endi. Daraxtlarni kesib, qancha o‘rmonlarni yo‘q qilding, havoni, suvni bulg‘atding. Ko‘lu daryolarni quritding. Juda qizib ketdim. Yaratilganimdan beri bunaqa qizimaganman. Hammayog‘imni yondirib, ilma-teshik qilib tashlading-ku! Yana nima istaysan, odamzot?! Shaharlarda tuproq qolmadi! Hammayoqni toshdek beton bilan qoplab tashlading. Mening sabrim cheksiz emas. Zaxiralarim ham tugab boryapti. Meni asramasang, ertaga o‘zing qiynalasan. O‘zingni bos. To‘xta. Atrofga qara! Aql bilan ish tutib, menga ozgina yordam berib yuborsang, u yog‘iga o‘zimni o‘zim tiklab olaman. Yaxshiyam Alloh menga o‘zimni o‘zim sovutish qobiliyatini bergan. Lekin vaziyat shu zaylda davom etaversa, ya’ni tabiat shu tarzda ifloslantirilaversa, tiklanish qobiliyatim ham ish bermay qo‘yishi mumkin. Avvalgi holga qaytishi dargumonu, lekin vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish mumkin. Yaxshi insonlar hali bor bu dunyoda. Hammangiz birlashsangiz, qo‘lingizdan ko‘p narsa keladi, Xudo xohlasa».

O‘smir yigitning bu murojaati har birimizga ko‘zingizni oching, vaqt borida imkoniyatlarni ishga soling, deyayotgandek go‘yo...

Alloh hech bir narsani bekor yaratmagan. Har bir o‘simlikning, har bir jonivorning vazifasi bor. Shuningdek, ularning mavjudligi, yashashi bir-biriga chambarchas bog‘liq. Bu zanjirni uzish mumkin emas. Bordiyu hayvonot yoki nabotot olamining bir vakili yo‘q qilinsa, buning oqibati qachondir baribir sezilishi aniq.

Achchiq haqiqat shuki, bor tabiatdagi, ya’ni atrof-muhitdagi ko‘pgina resurslar yo‘qotib bo‘lingan. Ammo o‘sha narsalarning ko‘pini tiklash, qaytarish mumkin. O‘z navbatida, borini saqlab qolish ham juda muhim. Shunday ekan, Alloh bergan buyuk ne’matlar – suv, tuproq, havo, o‘simliklaru jonivorlarga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartiraylik, azizlar. Zero, bizdan keyingi avlod ham ozod va obod yurtda yashashga haqli.


«Hilol» jurnali 8(65)-sonidan