Habib Ajamiy aytadi: “Namoz o‘qish uchun Kufadagi masjidga kirdim. Qarasam, ozg‘in yigit o‘tirgan ekan. Ko‘rinishidan ko‘p ibodat qilgani bilinib turardi. Mendan nimadir so‘rasa degan umid bilan “Nima istaysiz?” dedim. U: “Solih Marriyning o‘n oyat qiroat qilib berishini, o‘sha qiroatni tinglashni istayman. Bir marta uning tilovatini eshitganman” dedi. Basraga borib, Solihni so‘radim. Topib, bo‘lgan gapni unga aytdim. U iltimosni yerda qoldirmay, darhol Kufaga keldi. O‘sha masjidga kirib, qiroat qilishga kirishdi.
فَإِذَا نُفِخَ فِي الصُّورِ فَلَا أَنسَابَ بَيْنَهُمْ يَوْمَئِذٍ وَلَا يَتَسَاءلُونَ
“Bas, qachonki surga puflanganda, u kunda oralarida na nasab qolur va na bir-birlarini surishtirurlar”. (Ya’ni, qiyomatdan darak berguvchi surga puflangan paytda har kim o‘zi bilan ovora bo‘lib, odamlar orasida naslu nasab aloqalari qolmas. Balki hamma otasi, onasi, aka-ukasi, bola-chaqasidan qochadigan bo‘lib qoladi.)
فَمَن ثَقُلَتْ مَوَازِينُهُ فَأُوْلَئِكَ هُمُ الْمُفْلِحُونَ
“Kimning mezonlari og‘ir kelsa, bas, ana o‘shalar, o‘zlari najot topguvchilardir”.
وَمَنْ خَفَّتْ مَوَازِينُهُ فَأُوْلَئِكَ الَّذِينَ خَسِرُوا أَنفُسَهُمْ فِي جَهَنَّمَ خَالِدُونَ
“Kimning mezoni yengil kelsa, bas, ana o‘shalar, o‘zlariga ziyon qilibdilar. Jahannamda abadiy qolguvchi bo‘libdilar”.
تَلْفَحُ وُجُوهَهُمُ النَّارُ وَهُمْ فِيهَا كَالِحُونَ
“Yuzlarini olov kuydirur. Ular unda badbashara holda bo‘lurlar”.
أَلَمْ تَكُنْ آيَاتِي تُتْلَى عَلَيْكُمْ فَكُنتُم بِهَا تُكَذِّبُونَ
“Sizlarga oyatlarim tilovat qilingan emasmidi?! Bas, siz ularni yolg‘onga chiqargan emasmidingiz?!” (Shunda ular o‘z ayblariga iqror bo‘ladilar.)
قَالُوا رَبَّنَا غَلَبَتْ عَلَيْنَا شِقْوَتُنَا وَكُنَّا قَوْماً ضَالِّينَ
“Ular: “Ey Robbimiz, badbaxtligimiz o‘zimizdan ustun kelib, zalolatga ketgan qavm bo‘lgan ekanmiz.
رَبَّنَا أَخْرِجْنَا مِنْهَا فَإِنْ عُدْنَا فَإِنَّا ظَالِمُونَ
Ey Robbimiz, bizni bu (do‘zax)dan chiqargin, agar yana (eski holimizga) qaytsak, bas, albatta, zolimlardan bo‘lurmiz”, derlar”.
قَالَ اخْسَؤُوا فِيهَا وَلَا تُكَلِّمُونِ
“U zot: “U(yer)da xor bo‘lib qolavering va Menga gapirmang!” (Mu’minun surasi, 101-108-oyatlar) oyatlarini tilovat qildi. Shu joyga yetganda, yigit qattiq iztirobga, hayajonga berildi. Hayajoni kuchayib, o‘zini tutolmay yerga yiqildi-yu, joni uzildi.
Yigitning hovlisi Masjid eshigining ro‘parasida edi. Shu payt bir keksa ayol qo‘lida taom bilan kelib qoldi. U ayol yigitning onasi ekan. O‘g‘lining yotganini ko‘rib, “O‘g‘limga nima bo‘ldi?” deb so‘radi. Solih Marriy onaxonga bo‘lgan voqeani aytib berdi. Ayol undan: “Ehtimol, sen Solih Marriy bo‘lsang kerak?!” deb so‘radi. Solih “Ha, shunday” dedi. Shunda ayol: “O‘g‘limning orzusini amalga oshirganingdek, Alloh sening orzuingni ro‘yobga chiqarsin! O‘g‘lim doim Alloh azza va jalladan seni so‘rardi” dedi.
Voqeani hikoya qilayotgan Habib Ajamiy aytadi: “Yigitni janozaga tayyorlagan, tobutini ko‘targan, dafn qilingunicha ishtirok etganlar orasida men ham bor edim. Alloh taolo uni rahmatiga olsin!”
Abu Is'hoq Sa’labiyning “Qotla-l-Qur’an” nomli asaridan
Nozimjon Iminjonov tarjimasi
O‘MI Matbuot xizmati
Yurtimizda muhtaram Prezidentimiz rahbarligida muborak Ramazon oyini munosib kutib olish va ko‘tarinki ruhda o‘tkazishga har yili alohida e’tibor qaratilayotgani barchamizni behad quvontirmoqda. Bu yilgi tabrik va murojaatlarda Ramazon oyining asl mohiyati – inson qadrini ulug‘lash, mehr-muruvvat va saxovatni keng yoyish, jamiyatda ahillik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash kabi ezgu g‘oyalar ustuvor ekani ta’kidlandi.
Bugun Ramazon nafaqat ibodat oyi, balki jamiyatda ezgulik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tamoyillari yanada mustahkamlanadigan muhim ma’naviy palla sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Tajriba va kuzatishlar shuni ko‘rsatdiki, dunyo amaliyotida Ramazon oyini munosib o‘tkazishga doir davlat darajasida alohida qaror qabul qilinishi kam uchraydi. Yurtimizda esa bu masalada tizimli yondashuv yo‘lga qo‘yilgani muborak oyning mohiyatini chuqur anglab, uning yuksak insoniy qadriyatlar asosida o‘tkazilishidan dalolat beradi. Ayniqsa, bu yilgi Ramazon munosabati bilan ilgari surilgan tashabbuslarda «Inson qadri uchun!» degan ezgu tamoyilning amaliy ifodasi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
«Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi» shiori ostida qabul qilinayotgan qaror va tashabbuslarda Ramazon oyini saxovat, hamjihatlik oyiga aylantirish, muhtojlar, bemorlar, nogironlar va faxriylarga mehr-muruvvat ko‘rsatish kabi ezgu g‘oyalar mujassam. Bu esa Ramazonni ham ibodat, ham ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash oyi sifatida tarannum etishga xizmat qilmoqda.
Abdug‘ofur domla Razzoqov,
Buxoro viloyati Kogon tumani “Bahouddin Naqshband” jome masjidi imom-xatibi