Avval xabar qilinganidek, Buyuk Britaniyada bo‘lib turgan mamlakatimizning bir guruh islomshunos, sharqshunos olimlari 4 mart kuni Kembrij universitetiga tashrif buyurib, ushbu nufuzli ta’lim dargohining professorlari, sharqshunos olimlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdilar.
Kembrij universitetining Markaziy Osiyo forumi direktori professor S.Saksena bilan O‘zbekistonda yangi tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi hamda Toshkent islom universitetining Islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Unga ko‘ra, Kembrij universitetining professor-o‘qituvchilari Toshkent islom universiteti, O‘zbekiston Islom akademiyasining talaba va tadqiqotchilari uchun maxsus ma’ruzalar o‘qiydi, mamlakatimizda o‘tkaziladigan xalqaro konferensiyalarda ishtirok etadi. O‘zbekistonlik tadqiqotchilarning ilmiy maqolalari Kembrij universitetining nufuzli nashrlarida chop etiladi. Kembrij va O‘zbekiston olimlari qo‘shma ilmiy guruhi tashkil etiladi. Hamkorlikda dolzarb mavzulardagi ilmiy tadqiqotlar amalga oshiriladi.
Tomonlar shuningdek, Kembrij universitetida Xorazmiy va Ibn Sino stipendiyalarini ta’sis etish to‘g‘risida ham kelishib oldilar. O‘zbekiston delegatsiyasi Kembrij universiteti bilan talabalar, amaliyotchi tadqiqotchilar almashuvi, o‘quv, ilmiy va oilaviy turizmni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
S.Saksena O‘zbekistonda buyuk allomalarimiz ilmiy merosini chuqur o‘rganish, ushbu sohada xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilayotgan e’tiborni yuqori baholadi.
“Britaniyadagi qadimiy binolar Oksford, Kembrij universiteti kollejlari Buxoro va Samarqand madrasalarining me’moriy uslubi asosida bunyod etilgan. Bu ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stnoma munosabatlar tarixi uzoq o‘tmishga borib taqalishining yaqqol isbotidir.
Biz O‘zbekiston bilan ilmiy hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdormiz. Kembrij kutubxonasida saqlanayotgan turkiy, forsiy qo‘lyozmalarni tadqiq etib, kataloglar tayyorlaydigan o‘zbekistonlik mutaxassislarga ehtiyojmandmiz”, - deydi Kembrij universitetining Markaziy Osiyo forumi direktori S.Saksena.
Mamnuniyat bilan qayd etish kerakki, joriy yilning 12 fevralidan e’tiboran Kembrij universitetida o‘zbek tili darslari tashkil etilgan. Erishilgan kelishuvlarga muvofiq yangi o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistondan kelgan mutaxassislar Kembrij universitetida o‘zbek tilidan dars bera boshlaydilar.
Muzokaralar yakunida ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va do‘stona munosabatlar barcha sohalar qatori ilm-fan yo‘nalishida ham jadal rivojlanib borayotganidan mamnuniyat izhor qildilar.
O‘MI Matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 avgust kuni Samarqandga tashrif buyurdi. Ezgu an’anaga muvofiq, avvalo, Imom Buxoriy maqbarasi ziyorat qilindi. Qur’on tilovat etilib, duo o‘qildi.
Davlatimiz rahbari bu yerdagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi.
Buyuk muhaddis bobomizga butun islom olamida ehtirom baland, uning maqbarasini ko‘rish istagidagi insonlar ko‘p. Shu bois ziyoratchilarga sharoitlarni kengaytirish maqsadida bu yerda ulkan majmua barpo etilmoqda.
Ziyoratgohning umumiy maydoni 44 gektar etib kengaytirilgan. Mo‘tabar maqbara, 10 ming kishilik masjid va ma’muriyat binosi qurib bitkazilgan. Majmuaning 4 burchagidagi 75 metrlik minoralar unga mahobat bag‘ishlagan.
Ayni paytda pardozlash ishlari olib borilmoqda. Peshtoqlar va ayvon devorlariga “Sahihi Buxoriy”dan hadislar bitilmoqda.
Prezidentimiz bu majmua faqat ziyorat emas, ilm-ma’rifat, tarbiya va ibrat maskani bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Imom Buxoriyning buyuk izlanishlari, bilimi va kamoloti bu yerga keluvchilar, ayniqsa, yoshlar uchun ezgu namuna bo‘lishi qayd etildi.
Shu maqsadda yangi majmuada innovatsion muzey ham tashkil etilmoqda. U islom olamida muhaddislar sultoni deya e’tirof etilgan Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, islom ma’rifati rivojiga qo‘shgan hissasini namoyon etadi.
Shuningdek, muzeyda Qur’oni karimda ismlari zikr qilingan 25 ta payg‘ambar tarixi, Muhammad alayhissalomning shajarasi, Makka va Madinadagi hayoti, hadislarning jamlanishi va yozilishi haqidagi ma’lumotlar joylashtiriladi.
Ziyoratgoh atrofida mehmonxona va boshqa xizmat ko‘rsatish binolari ham qurilish ishlari yakuniy bosqichga kirgan.
Davlatimiz rahbari qurilishni sifatli bajarish, odamlarga qulayliklarni kengaytirish, majmua atrofida yashil maydonlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
President.uz