Avval, sun’iy urug‘lantirish to‘g‘risida ko‘plab murojaatlar bo‘layotganini inobatga olib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan fatvo ishlab chiqilayotgani haqida xabar bergan edik.
Haqiqatan ham, shu kunlarda ushbu mavzu kun tartibiga chiqdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Hatto, ayrimlar yetti yot begona insonning urug‘idan homilador bo‘lib, qilgan ishi joiz emasligini bilgach, endi nima qilaman, deb bosh qotirayotgani ko‘pchiligimizga ma’lum. Shu nuqtayi nazardan, sun’iy urug‘lantirish borasida dinimiz ta’limotida nima deyiladi, qanday usuli joiz-u, qaysinisi harom? Mo‘min-musulmonlar ham bu usullardan foydalansa bo‘ladimi? Shu kabi savollarga batafsil javob beruvchi, ushbu masalalarga aniqlik kirituvchi barcha hukm va ko‘rsatmalarni o‘z ichiga olgan fatvo ishlab chiqish va xalqimizga yetkazish bo‘yicha ulamolar qator izlanishlarni olib borishdi.
Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi mudiri Homidjon qori Ishmatbekov o‘tgan yilning 16-17 dekabr kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan Yevroosiyo islom kengashi fatvo assambleyasining ikkinchi yig‘ilishida ishtirok etdi. Ushbu yig‘ilish kun tartibida aynan sun’iy urug‘lantirish va homilaga taalluqli masalalar muhokama qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolari mazkur mavzu doirasidagi barcha jihatlarni o‘rganib chiqqandan keyin “Sun’iy urug‘lantirish haqida”gi fatvoni e’lon qildi. Quyida fatvoning to‘liq matni bilan tanishishingiz mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
SUN’IY URUG‘LANTIRISH HAQIDA FATVO
بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي خَلَقَ مِنَ الْمَاءِ بَشَرًا فَجَعَلَهُ نَسَبًا وَصِهْرًا وَ كَانَ رَبُكَ قَدِيْرًا وَ الصَّلاَةُ وَ السَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ مُحَمَّدٍ اَلْقَائِلِ تَزَوَّجُوا الْوَدُودَ الْوَلُودَ فَإِنِّي مُكَاثِرٌ بِكُمْ يَوْمَ الْقِيَامَةِ وَعَلَى اَلِهِ وَاَصْحَابِهِ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِاِحْسَانٍ اِلَى يَوْمِ الدِّيْنِ اَمَّا بَعْدُ
Alloh taolo Odam (a.s.)ni qudrati bilan yaratib, unga jism va ruh ato etdi. Odam (a.s.)ga Momo Havvo onamizni jufti halol qilib berib, shu juftlikdan Yer yuzida inson naslini tarqatdi. Alloh taolo insoniyatning shu tarzda juft bo‘lib, o‘zidan zurriyot tarqatib yashashligi naqadar ulug‘ ne’mat ekanligini va bu ne’mat faqat O‘zining tarafidan berilganligini insoniyatga eslatib shunday deydi:
وَاللَّهُ جَعَلَ لَكُمْ مِنْ أَنْفُسِكُمْ أَزْوَاجًا وَجَعَلَ لَكُمْ مِنْ أَزْوَاجِكُمْ بَنِينَ وَحَفَدَةً
(سورة النحل/ 72 آية)
ya’ni: “Alloh sizlar uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratib, juftlaringizdan sizlar uchun o‘g‘illar va nabiralar paydo qildi” (Nahl surasi, 72-oyat). Darhaqiqat, insonni juft bo‘lib yashaydigan qilib yaratilishidagi hikmatlardan asosiysi zurriyot qoldirib, naslni davom ettirmoqlikdir.
Islom dini nasl qoldirishlikning ahamiyatini bayon qilar ekan, ko‘payishlikka sabab bo‘luvchi juftlikka, ya’ni halol yo‘l ila oila qurib yashashga chaqiradi. Bu haqda Rasululloh (s.a.v.)dan shunday hadis rivoyat qilingan:
عَنْ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا اَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَ سَلَّمَ قَالَ: تَنَاكَحُوا تَكَاثَرُوا
فَإِنِّيْ أُبَاهِي بِكُمُ الْاُمَمَ
(رواه ابن حبان)
ya’ni: “Uylaninglar, ko‘payishinglar, albatta men boshqa ummatlar oldida sizlar bilan faxrlanaman”, – deganlar. Boshqa bir hadisda esa Payg‘ambar (s.a.v.) kishilarni ko‘p farzand tug‘ishga qodir bo‘lgan ayollarga uylanishga chaqiradilar. Yana bir hadisda keladi:
عَنْ مَعْقَلِ بْنِ يَسَارٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ : قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَ سَلَّمَ : تَزَوَّجُوا الْوَدُودَ الْوَلُودَ فَإِنِّي مُكَاثِرٌ بِكُمْ الْاُمَمَ "
(رواه أبو داود والنسائي)
ya’ni: “Mehr-muhabbatli, farzand ko‘ruvchi ayolga uylaning, zero, men boshqa ummatlarni oldida sizlarning ko‘pligingiz bilan faxrlanaman”. Shu tariqa Islom dini nasliy ko‘payishlikning shar’iy juftlik asosida bo‘lishiga chaqiradi. Shar’iy juftlikdan bo‘lmagan ko‘payishni inkor qiladi va undan qaytaradi.
Inson borki, o‘z Xoliqiga va Roziqiga iltijo qilib, ko‘zini quvontirguvchi pokiza farzandlar berishini so‘raydi. Farzand ne’matidan hech kim behojat bo‘lmaganidek, insonlarning eng afzallari bo‘lmish payg‘ambarlardek zotlar ham Alloh taolodan farzand ato etishini tilaganlar. Qur’oni karimda bu haqda xabar berilgan:
ذِكْرُ رَحْمَةِ رَبِّكَ عَبْدَهُ زَكَرِيَّا. إِذْ نَادَى رَبَّهُ نِدَاءً خَفِيًّا. قَالَ رَبِّ إِنِّي وَهَنَ الْعَظْمُ مِنِّي وَاشْتَعَلَ الرَّأْسُ شَيْبًا وَلَمْ أَكُنْ بِدُعَائِكَ رَبِّ شَقِيًّا. وَإِنِّي خِفْتُ الْمَوَالِيَ مِنْ وَرَائِي وَكَانَتِ امْرَأَتِي عَاقِرًا فَهَبْ لِي مِنْ لَدُنْكَ وَلِيًّا. يَرِثُنِي وَيَرِثُ مِنْ آَلِ يَعْقُوبَ وَاجْعَلْهُ رَبِّ رَضِيًّا
(سورة مريم/ 4-6 الآيات)
ya’ni: (Ey Muhammad! Bu) Rabbingiz O‘z bandasi Zakariyoga qilgan marhamatining zikri (qissasi)dir. Qachonki, u (Zakariyo) Parvardigoriga xufyona (tovushsiz) duo qilib, degan edi: “Ey Rabbim! Darhaqiqat, mening suyaklarim mo‘rtlashdi, keksalikdan boshim (sochim) oqardi. Ey Rabbim! Men senga duo qilib (hech qachon) baxtsiz bo‘lgan emasman. Mening ortimda qoladigan qarindoshlarim (dinni zoye qilib yuborishlari)dan xavfdaman. Xotinim esa tug‘mas bo‘lib qolgan. Endi Sen O‘z dargohingdan menga bir do‘st (farzand) ber. U menga va (bobom) Ya’qub nasliga merosxo‘r bo‘lsin va undan barchani rozi qilgin!” (Maryam surasi, 4-6-oyatlar). Alloh taolo Zakariyo a.s.ning duosini ijobat etib Yahyo ismli o‘g‘il ato etdi. Shuningdek, Ibrohim a.s. ham Allohning farzand ato etishidan noumid bo‘lmadilar va oxir-oqibat duolari ijobat bo‘ldi:
الْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي وَهَبَ لِي عَلَى الْكِبَرِ إِسْمَاعِيلَ وَإِسْحَاقَ إِنَّ رَبِّي لَسَمِيعُ الدُّعَاءِ
(سورة ابراهيم/ 39 الآية)
ya’ni: “Menga keksalikda Ismoil va Is'hoqni bergan Allohga hamd aytaman. Albatta, Rabbim duoni (qabul qilish uchun) eshituvchidir” (Ibrohim surasi, 39-oyat).
Alloh taolo farzand ne’matini eng oliy ne’matlardan deb baholaydi. Ayni paytda xohlagan kishiga o‘g‘il farzand beradi, xohlaganiga qiz beradi va xohlaganiga o‘g‘il ham, qiz ham ato etadi. Xohlagan kishisini esa bepusht qilib qo‘yadi. Bu haqda Qur’oni karimda shunday deyilgan:
لِلَّهِ مُلْكُ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ يَخْلُقُ مَا يَشَاءُ يَهَبُ لِمَنْ يَشَاءُ إِنَاثًا وَيَهَبُ لِمَنْ يَشَاءُ الذُّكُورَ
أَوْ يُزَوِّجُهُمْ ذُكْرَانًا وَإِنَاثًا وَيَجْعَلُ مَنْ يَشَاءُ عَقِيمًا إِنَّهُ عَلِيمٌ قَدِيرٌ
(سورة الشورى/ 49-50 الآية)
ya’ni: “Osmonlar va Yerning hukmronligi Allohga (xos)dir. (U) xohlagan narsani yaratur. Xohlagan kishisiga qizlarni hadya etur va xohlagan kishisiga o‘g‘illarni hadya etur. Yoki ularga o‘g‘illar va qizlarni qo‘shib berur va xohlagan kishisini farzand ko‘rmaydigan qilib qo‘ygay. Albatta, U (buning hikmatini) biluvchi va (o‘zi xohlagan narsani yaratishga) qodirdir” (Sho‘ro surasi, 49-50-oyatlar).
Oyati karimada ta’kidlanganidek, ba’zilarning farzand ko‘rmasliklari ham Alloh taoloning sinovidir. Islom dini nuqtayi nazaridan, farzand ko‘rmaslik ham Alloh taolo nozil qilgan ming bir dardning biri hisoblanadi. Shuning uchun farzand ko‘rmaslik dardiga davo axtarish joizligi xususida hech qanday ixtilof yo‘q. Bepushtlik ham shariati islomiya davolanishga izn bergan xastaliklardan biridir. Imom Termiziy Usoma ibn Shariykdan rivoyat qilib aytadilar, “A’robiylar: “Ey Rasululloh! Xastalikdan davolansak bo‘ladimi?” – deb so‘rashdi. Rasululloh s.a.v.: “Ha, ey Allohning bandalari, davolaninglar. Darhaqiqat, Alloh taolo biror xastalik bergan bo‘lsa albatta, uning davosini ham berib qo‘yibdi. Faqatgina bir narsaning davosi yo‘q, u ham bo‘lsa o‘limdir”, – dedilar.
Zamonaviy tibbiyot ilmining xulosasiga ko‘ra, erkak va ayollarda farzand bo‘lmaslikning bir nechta sabablari bor:
- ayolning bachadon bo‘yni yo‘llarida muammo bilan yuzaga kelgan bepushtlik;
- erkak maniysining kuchi, holati va harakatidagi muammolar bilan bog‘liq bepushtlik;
- ayolda endometrioz (bachadondan tashqari biror a’zo yoki tananing ayrim qismlarida bachadon shilliq qavati (endometriy) hujayralariga o‘xshash hujayralarning rivojlanishi) holati;
- bepushtlikning noaniq shakllari;
- ayolda endokrin salomatligi buzilganligi sababli ovulyasiya (yetilgan tuxumhujayraning urug‘lanishga tayyor bo‘lib tuxumdondan bachadonga kelib tushishi) sodir bo‘lmasligi tufayli yuzaga kelgan bepushtlik;
- immunologik bepushtlik. Bunda ayolning qon suyuqligida erkakning urug‘iga qarshi antitanachalarning borligi tufayli urug‘lar bachadon bo‘yniga yetguniga qadar nobud bo‘ladi va homiladorlik yuz bermaydi. Yoki aksincha, erkakning maniysida o‘zining urug‘lariga qarshi antitanachalarning borligi, urug‘larning nobud bo‘lishiga olib keladi;
- erkakdagi jinsiy ojizlik kasalligi.
Qadimdan olimlar bepushtlikka davo axtarib, farzand ko‘rish orzusida yurgan erkak va ayollarni bunday baxtga muyassar etish ustida bosh qotirib kelganlar. Buyuk tarixchi, faylasuf, jamiyatshunos olim Ibn Xaldun va u kishidan oldin o‘tgan, islom faylasuflari deb nom olgan Ibn Sino, Forobiy va boshqalar o‘z asarlarida insonni sun’iy yo‘l bilan vujudga keltirishga o‘xshash mavzuga ishora qilib ketganlar. Masalan, Ibn Xaldun o‘zining mashhur “Al-Muqaddima” asarida qadimgi kimyo fani haqida so‘z yuritib, jumladan, shunday deydi: “Ibn Sino, Forobiy va Tag‘roiyning aytgan gaplariga suyangan holda, aytish mumkinki, tabiiy muhitda maniydan insonni vujudga keltirish mumkin”. Tabiiy muhit deganda Ibn Xaldun onaning qorni, ya’ni bachadonni nazarda tutadi. So‘ngra yana so‘zida davom etib: “Agar biz inson bachadonda yaralib, rivojlanishdagi barcha bosqichlar uchun zarur bo‘lgan sharoitni yaratish imkoni borligiga ishonsak va buning uchun yetarli ilm bo‘lsa, albatta, insonning shu tarzda vujudga kelishiga ishonamiz”, deydi. Ibn Xaldun insonni bu tarzda paydo qilish, albatta, yetarli shart-sharoit bekamu ko‘st yuzaga kelgandan keyingina amalga oshishi mumkin deb ishonadi, ammo bashariyat ilmi bu ishga ojizligi uchun: “Qayerdan ham bunday sharoit vujudga kelsin”, deydi. Albatta, Ibn Xaldunning bu gapi o‘sha zamondagi ilmning erishgan darajasiga asosan aytilgan edi. Nihoyat hozirgi zamon ilmi xuddi mana shu muhitni paydo qilishga qodir ekanligini namoyon etdi. Shubhasiz, bu ilmlar Alloh taoloning O‘z xalqiga bergan ta’lim va hidoyatidandir. Zero, U zot:
عَلَّمَ الْإِنْسَانَ مَا لَمْ يَعْلَمْ
(سورة العلق/5 الآية)
“Insonga bilmagan narsalarini bildirdi” (Alaq surasi, 5-oyat). U har narsaga qodir zotdir.
Yigirmanchi asrning ikkinchi yarmida olimlar sun’iy urug‘lantirish tajribasini hayvonlarda o‘tkazishdi. 70-yillarga kelib esa bu tajriba insonda sinab ko‘rildi va nihoyat 1978 yil 25 iyunda “probirka bolasi” deb nomlangan chaqaloq Luiza Braun tug‘ilgani haqidagi xabar butun dunyo ommaviy axborot vositalarining asosiy mavzusiga aylandi.
Hozirgi kunga kelib sun’iy urug‘lantirishning bir nechta turlari mavjud bo‘lib, ular asosan G‘arb davlatlari va musulmon bo‘lmagan mamlakatlarda amalga oshirilmoqda. Bepushtlikdan aziyat chekayotgan musulmonlarning farzand ko‘rish baxtiga musharraf bo‘lishdek orzularini amalga oshirish ilinjida sun’iy urug‘lantirish amaliyotiga murojaat qilishlari tabiiy holat ekanligidan kelib chiqib, musulmon ulamolari bir nechta islomiy konferensiyalarda ushbu amaliyotning shar’iy hukmlari borasida xulosalarini bayon qilib o‘tganlar.
Hozirgi kunda amaliyotda qo‘llanilayotgan quyidagi beshta usulning shar’an harom ekanligiga bir ovozdan ittifoq qilganlar:
Islom ulamolari shariatda talab etilgan barcha ehtiyot choralari ko‘rilgan holda quyidagi ikki uslubni zarurat holatida eng oxirgi chora sifatida qo‘llashlikni joiz deganlar:
Ma’lumki, Islom dini sha’riy nikohdan tashqari holatda farzandli bo‘lishni qoralaydi. Shundan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, garchi bevosita bo‘lmasa-da bilvosita begona erkak va nomahram ayolning tuxum va urug‘ xujayralarini bir-biriga sun’iy yo‘l bilan chatishtirish orqali dunyoga keladigan bola ham benikoh hukmida bo‘ladi.
Islom ulamolari sun’iy urug‘lantirish operatsiyasini o‘ta zarur holatda va faqat o‘rtalarida shar’iy aqdi nikoh bo‘lgan er-xotinlar orasidagina amalga oshirishni muboh deb baholaydilar. Bunda erkak va ayolning urug‘larini saqlashda begona shaxslarniki bilan aralashib ketmasligi uchun barcha ehtiyot choralarini ko‘rish zarurligi va albatta, ushbu ishni ishonchli tabib amalga oshirishligi qayd etib o‘tilgan.
Sun’iy urug‘lantirishning boshqa barcha turlari, jumladan, bachadonni ijaraga olish, embrionlarni muzlatib saqlash, xotinni begona erkakning urug‘i bilan homilador qilish va boshqalar nasabning aralashib ketishiga sabab bo‘lgani uchun shar’an man’ qilingan.
Ushbu fatvolar Islom olami robitasining 1983 yildagi beshinchi yig‘ilishi, 1985 yildagi yettinchi yig‘ilishi, 1986 yildagi sakkizinchi yig‘ilishi qarorlarida bayon qilingan. Shuningdek, 1983 yilda Kuvayt davlatida bo‘lib o‘tgan Tibbiy ilmlar bo‘yicha islomiy konferensiyaning “urug‘lantirish islom nazarida” nomli yig‘ilishi qarori, 1986 yilda Ummonda bo‘lib o‘tgan Islom konferensiyasi tashkilotining fiqhiy kengashi fatvolarida ham ifodalangan. Shuning uchun, farzand ko‘rish baxtiga bepushtligi sababli erisha olmayotgan kimsalar bu usuldan foydalanishga yuqoridagi shartlar rioya qilinishi kafolatlangan holdagina murojaat qilishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Keyingi yillarda bizning yurtimiz mo‘min-musulmonlari orasida ham befarzandlikdan aziyat chekayotganlar oilani saqlab qolish yoki farzandlik bo‘lish baxtiga erishish ilinjida sun’iy urug‘lantirish amaliyotiga murojaat qilish istagini bildirmoqdalar. Hatto ba’zilar bu yo‘l orqali farzandli bo‘lishga ham ulgurganlari ma’lum bo‘lmoqda. Ta’kidlash joizki, sun’iy urug‘lantirish amaliyotini qo‘llash, uning shar’iy hukmini bilmay yoki unga parvo qilmay foydalanish va farzand ko‘rish bir qancha axloqiy, ijtimoiy va diniy muammolarni keltirib chiqaradi.
Birinchidan, ayollar orasida turmushga chiqmay farzandli bo‘lish istagida bo‘lganlarga keng yo‘l ochiladi.
Ikkinchidan, nikohsiz avlodning dunyoga kelishi ko‘payadi.
Uchinchidan, nasl-nasabning aralashib ketishi, bilmagan holda mahramlarni bir-biri bilan urug‘lantirib qo‘yish holatlari yuzaga keladi.
To‘rtinchidan, urug‘lantirilgan homilalar yoki urug‘lantirilmagan tuxum va urug‘ hujayralari bilan savdo qilish, uni daromad manbaiga aylantirib olish yuzaga keladi.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ushbu Fatvoni e’lon qiladi.
Vallohu a’lam bissavob.
Alloh taolo mo‘min-musulmonlarimizni O‘zining to‘g‘ri yo‘liga boshlab, shariatiga muvofiq hayot kechirmoqlariga muvaffaq aylasin. Omin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
raisi, muftiy U.Alimov
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Sahobai kiromlar iymonu Islom, shariatu tariqat, axloqu odob va shunga o‘xshash barcha kerakli narsalarda har birlari biz uchun muqtado bo‘lgan ajoyib insonlar jamoasidir.
Ushbu mavzuga kirishdan avval «sahoba» va «fazl» so‘zlarining ma’nolarini yaxshilab o‘rganib olishimiz lozim.
«Sahoba» so‘zi «sahiba» o‘zagidan olingan bo‘lib, lug‘atda «suhbatdosh bo‘lmoq» va «sohib bo‘lmoq» degan ma’nolarni anglatadi.
Istilohda esa Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni musulmonlik hollarida ko‘rgan odamga sahoba deyiladi.
Musulmon odam Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni ko‘rsa bo‘ldi, suhbatlashib o‘tirmasa ham sahoba bo‘laveradi.
Ulamolar bu masalada ko‘plab batafsil bayonotlar, turli fikr-mulohazalarni keltirganlar. Lekin mazkur tortishuvlarning barchasining natijasi yuqoridagi ta’rifga borib taqaladi.
«Fazl» so‘zi lug‘atda «ziyoda», «ortiqlik», «ustunlik» degan ma’nolarni anglatadi.
Shundan «Sahobalarning fazli» iborasining ma’nosini tushunib olish mumkin.
Payg‘ambar alayhissalom hazrati Jobir roziyallohu anhuga va «Bay’atir-Rizvon»da ishtirok etgan boshqa sahobiylarga qarata: «Sizlar yer yuzidagi eng yaxshi odamsizlar», deganlar.
Shunga binoan, har bir musulmon mazkur baxtiyor shaxslarni sevishi, hurmatlashi va e’zozlashi lozimdir.
Alloh taolo ularga «yaqin fath»ni mukofot qilib berdi. Hudaybiyadan so‘ng tezda butun dunyoni fath qilish boshlandi. Ikki oydan ko‘p vaqt o‘tmay, birinchi, eng muhim fathlardan biri – Xaybar fathi bo‘ldi. Undan keyin esa navbatdagi fathlar ketma-ket sodir bo‘laverdi.
Musulmonlar Islom jamiyatining asl mag‘zini, javharini tashkil etar edilar. Ular uch qismdan iborat bo‘lib, birinchi qism peshqadam muhojirlar edi.
«Birinchi peshqadam muhojirlar».
Ular Makkai Mukarramada hech kim iymonga kelmagan paytda iymonga kelgan, kofirlarning ozorlariga chidagan, ularning zulmlariga bardosh bergan ulkan sahobiylardir.
Ulamolar: «Ushbu oyatda «oliy maqom egalari» deb sifatlanayotgan muhojirlar Badr urushiga qadar Makkai Mukarramadan Madinai Munavvaraga hijrat qilgan sahobalardir», deydilar. Chunki ular eng qiyin vaqtda iymonga kelib, eng qiyin vaqtda hijrat qilgan shaxslardir. Badr urushida musulmonlar g‘olib kelib, Islom jamiyati yuzaga chiqib, o‘z tayanchiga ega bo‘lganidan keyin hijrat qilish ham oson bo‘lib qolgan.
Ikkinchi qism – «ansoriylar», ya’ni Madina ahllaridan birinchi bo‘lib Islomga kelgan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga «Aqaba»da bay’at qilgan, din qardoshlarini o‘z yurtlari – Madinaga taklif etgan, makkaliklar hijrat qilib borganlarida o‘zlari yemay, ularga yedirgan, o‘zlari kiymay, ularga kiydirgan, uylarini, molu mulklarini bo‘lib bergan, dinu diyonatlari uchun molu jonlaridan kechishga tayyor turgan madinalik peshqadam musulmonlardir.
Uchinchi qism – «ularga yaxshilik bilan ergashganlar», ya’ni peshqadam muhojir va ansoriylarga yaxshilik bilan ergashganlardir. Ular vasf qilinmish peshqadam muhojir va ansoriylardan keyin, mazkur mashhur voqealardan keyin musulmon bo‘lib, xuddi peshqadam musulmonlar kabi ixlosli, ibodatli va taqvodor kishilar bo‘lganlar. Ularga faqat peshqadamlik, ya’ni eng qiyin damda safda bo‘lmaganliklari yetishmaydi, xolos. Alloh ana shu uch toifadagi musulmonlarning barchasidan «rozi bo‘ldi, ular ham Allohdan rozi bo‘ldilar».
Banda erishishi mumkin bo‘lgan eng yuqori martaba Allohning roziligidir. Zotan, har bir bandaning oliy maqsadi ham mana shu. Bandaning Allohdan roziligi Uning qadariga ishonishi, qazosidan yaxshilik kutishi, ne’matlariga shukr qilishi, balo-ofatlariga sabr qilishidir.
Alloh ulardan rozi ekanligi uchun: «Ularga ostidan anhorlar oqib turgan jannatlarni… tayyorlab qo‘ydi».
Ular mazkur jannatga vaqtinchalikka kirmaslar, balki «ular u (yer)larda abadiy mangu qoluvchi bo‘lgan hollarida».
Alloh taolo ulardan rozi bo‘lmaganida, ularni bunday ikromga sazovor qilmas edi.
«Ana o‘sha ulkan yutuqdir».
Bundan ortiq yutuq bo‘lishi mumkinmi?
Alloh «Hashr» surasida sahobai kiromlarni shunday madh etadi:
«Diyorlaridan va mol-mulklaridan judo qilingan, Allohdan fazl va rozilik umid qiladigan hamda Allohga va Uning Rasuliga yordam beradigan faqir muhojirlargadir. Ana o‘shalar sodiqlardir» (8-oyat).
Muhojirlar aslida makkalik kishilar bo‘lib, dinu iymon yo‘lida ona yurtlarini, mol-mulklarini, qarindosh-urug‘larini tashlab, Madinai Munavvaraga hijrat qilganlar (ko‘chib o‘tganlar). Shu sababli ularning ko‘pchiligi miskin, faqirga aylanganlar.
Ular faqatgina Alloh beradigan fazlni deb, Uning roziligini topamiz, deb bu mashaqqatlarga bo‘yin egdilar. Qiyin ahvolga qaramasdan, Allohning va Rasulining ishiga qo‘llaridan kelgan barcha yordamlarini ayamadilar. Shuning uchun ham Alloh ularni «Iymonlarida sodiq kishilar» deb maqtamoqda.
«Hadis va hayot» kitobining 21-juzidan olindi