Rasululloh sallallohu alayhi vasallam marhamat qiladilarki:
“Mo‘min barcha insonlarning ishonchli kishisidir”.
“Mo‘min mo‘minning ko‘zgusidir. Va mo‘min mo‘minni orqasidan ham himoya qiladigan va uni qo‘llab quvvatlaydigan birodaridir”.
“Mo‘minlar bir-biriga yopishgan imorat kabidir”.
“Mo‘min kishi do‘st bo‘ladi va do‘st tutiladi. Do‘stlasha olmaydigan va do‘st tutilmaydigan kishida xayr-yaxshilik yo‘qdir. Insonlarning xayrlisi insonlarga foydasi tegadiganidir”.
“Mo‘min kishi g‘ayratli-rashkli bo‘ladi. Alloh taolo esa eng g‘ayratli- rashklidir”.
“Mo‘min kishi juda zakovatli, qobiliyatli, ziyrak va hushyordir”.
“Mo‘min gunohiga tavba qilguvchidir”.
“Mo‘min banda ikki xavf o‘rtasidadir. Birinchisi: o‘tgan gunohlaridan qo‘rqadiki, ularni Alloh nima qilganini bilmaydi. Ikkinchisi: umrining qolgan qismida boshiga nima halokatlar kelishini bilmaydi”.
“Mo‘minning yelkasi yumshoq bo‘ladi, birodariga kenglik qiladi, munofiq esa to‘ngdir, birodariga tanglik qiladi. Mo‘min avval salom beradi, munofiq esa menga salom bersin deb turaveradi”.
“Haqiqiy mo‘min birovga og‘irligi tushmaydigan kishidir”.
“Insonlar mollari va jonlarini ishonib topshiradigan kishi haqiqiy mo‘mindir”.
“Insonlarga aralashib yuradigan va ularning aziyatlariga sabr qiladigan mo‘min kishi, odamlarga aralashmaydigan va ularning aziyatlariga sabr qilmaydigan mo‘min kishidan afzalroqdir”.
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
AQSHdagi eng nufuzli oliygohlaridan biri Notr-Dam universiteti fiziologlari tomonidan 18 yoshdan 71 yoshgacha bo‘lganlar ishtirokida tadqiqot o‘tkazildi.
Ko‘ngilli ishtirokchilarning yarmiga 10 hafta davomida yolg‘on gapirmaslik “vazifasi” topshirildi, qolgan yarmiga esa yolg‘on gapirish yoki haqiqatni aytish haqida hech qanday ko‘rsatma berilmadi.
Tajribadan 10 hafta o‘tgach, “yolg‘on gapirishdan qochgan” birinchi guruh ikkinchisiga qaraganda jismoniy salomatlik ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan. Shuningdek, faqat haqiqatni aytgan ishtirokchilar bu vaqt ichida yaqinlari bilan munosabatlari sezilarli darajada yaxshilangan va o‘zlarini baxtli his qilishgan.
Xususan, Stanford universiteti professori Daniel Langleben o‘tkazgan tadqiqotlarida, yolg‘on gapirish inson miyasining fikrlash, fikrni jamlash, xotira, hatto shaxsiy rivojlanishga salbiy ta’sir qilishi aniqlangan.
YURAK XURUJI – INSULT
Muntazam ravishdagi yolg‘on insonning asab tizimiga og‘ir ta’sir qiladi. Bunday holatning sodir bo‘lishi natijasida yurak-qon tomir tizimi zarar ko‘radi. Natijada, yurak xuruji va insult ehtimoli sezilarli darajada oshadi.
UYQUSIZLIK
Yolg‘on natijasida inson “katta energiya” sarflaydi. Natijada uyqusizlik kelib chiqadi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, yolg‘on gapiradigan odamlar uyqu muammolaridan ko‘p shikoyat qiladilar.
IMMUNITЕT TIZIMINING ZAIFLASHISHI
Inson yolg‘on gapirishi tufayli qancha ko‘p asabiylashsa, organizm shuncha ko‘p stress reaksiya bildiradi. Stress gormonlarining muntazam ishlab chiqarilishi tanani zaiflashtiradi, bu esa odamni viruslar va infeksiyalarga moyil qiladi. Tadqiqotlarda ushbu haqiqat tasdiqlangan: yolg‘on gapirishni odat qilgan odamlarda bosh og‘rig‘i, shamollash va oshqozon muammolari ko‘proq uchraydi.
OSHQOZON MUAMMOLARI
Yolg‘on so‘zlash – kortizolni oshiradi.
Kortizol ichki organlarni stress holatiga olib keladi. Bu esa qorin og‘rig‘i, diareya, ko‘ngil aynishi va oshqozon kasalliklarini keltirib chiqaradi. Natijada ovqat hazm qilish funksiyasi buziladi, kislotalik oshib ketadi va ichakdagi foydali bakteriyalar yo‘qoladi.
YOLG‘ONCHINING FARISHTASI BO‘LMAYDI
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Qachonki bir banda yolg‘on gapirsa, farishta u gapning sassiqligi uchun u bandadan bir mil masofaga uzoqlashadi”, dedilar.
Tasavvur qiling, kishini muhofaza qilib turadigan, undan hech ajralmaydigan farishtalar yolg‘onchidan uzoqlashar ekanlar. Bu juda qo‘rqinchli holat. Boshqacha qilib aytganda, yolg‘onchining farishtasi bo‘lmaydi.
ENG KATTA VA OG‘IR GUNOH
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarga gunohi kabiralarning eng kattasi haqida xabar beraymi?” dedilar. Sahobalar: “Ha, yo Allohning Rasuli”, deyishdi. U zot alayhissalom: “Allohga shirk keltirish, ota-onaga oq bo‘lish”, dedilar va yonboshlagan hollaridan o‘tirib oldilarda: “Yolg‘on guvohlik berish yoki yolg‘on gapirish”, deb qayta-qayta takrorladilar.
ROSTGO‘YLIK – JANNATGA YETAKLAYDI
Boshqa hadisda Nabiy alayhissalom: “O‘zingizga rostgo‘ylikni lozim tuting, chunki rostgo‘ylik yaxshilikka olib boradi. Yaxshilik esa jannatga boshlaydi. Kishi rost gapirib, rostgo‘ylikka amal qiladi, hatto Alloh huzurida “siddiq” deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning, chunki yolg‘on gunohga boshlaydi. Gunoh do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapirib, unga rioya qilishda bardavom bo‘ladi, hatto Alloh huzurida “kazzob” deb yozib qo‘yiladi” deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
XULOSA
Shunday ekan, yolg‘on so‘zlashni tark qilishga harakat qiling. Eng avvalo gunohdan tiyilgan, qolaversa, sog‘lig‘ingizni saqlagan bo‘lasiz.
Davron NURMUHAMMAD