Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:” Ota o‘z bolasiga chiroyli odobdan ko‘ra yaxshiroq narsa bera olmaydi”, dedilar.( Termiziy rivoyati)
Imom Bayzoviy “tarbiya”ni quyidagicha ta’riflaydi:
«Tarbiya bir narsani asta-sekin kamoliga yetkazishdir». Farzand yoshgina nihol shuni sekin astalik bilan ota ona kamolotiga yetkazdirib meva beradigan daraxtga aylantirib undan keyin uning mevasidan uning hosilidan foyda ko‘radi va manfaatdor bo‘ladi. Aks holda farzandni yosh niholni o‘z holatiga qo‘yib qo‘ysa, yovvoyi o‘tlar atrofini o‘rab, uning kuch quvvatini so‘rib oladi, va unga yovvoyiligi tasir qiladi, borib borib eng zo‘r hosil berishi kerak bo‘lgan nihol, kelajakda yovvoyi bir daraxtga aylanadi. Hech qanday hosil bermaydi. Faqatgina soyadan o‘zga narsa emas. Soya esa oddiy ko‘lankada ham bo‘laveradi.
Rog‘ib Asfihoniy tarbiyani quyidagicha ta’rif qiladi:
«Tarbiya bir narsani bir holdan ikkinchi holga o‘tkaza borib, batamomlik nuqtasiga yetkazishdir. Tarbiyaning ma’nolaridan biri, insonning diniy, fikriy va axloqiy quvvatlarini uyg‘unlik hamda muvozanat ila o‘stirishdir».
E’tibor beradirgan bo‘lsak “Tarbiyaning ma’nolaridan biri, insonning diniy, fikriy va axloqiy quvvatlarini uyg‘unlik hamda muvozanat ila o‘stirishdir». Demak inson haqiyqiy komil inson bo‘lishi uchun uning dini ma’lum bo‘lishi kerak. Agar dini bo‘lmasa, qolgan ta’lim tarbiyasi o‘z samarasini bera olmaydi. Birinchi o‘rinda din va ana o‘sha dinga muvofiq olib borilayotgan ta’lim tarbiya tezda o‘z samarasini beradi. Nafaqat bu dunyo balki oxiratta ham beradi. Dindan keyin fikriy, farzandlarni fikrini o‘stirib borish kerak. Zakovatini o‘stirib borish kerak. Buning uchun shariatimizda topishmoqlar sifatida keltirilgan masalalar bor. Shunday afsonalar ertaklar bor hattoki, farzandlarni fikrlashlikka majbur qiladi. O‘sha topishmoqlarni topgan sari, hikoyalardagi mujmal bo‘lgan joylarni, mufassal qilishni o‘rgatib borilgan sari, farandlarning fikri zakovati ziyrakligi kundan kunga oshib boradi. Kelajakda hayotda qanchadan qancha topishmoqlarni insha Alloh bemalol javobini topa oladi. Qanchadan qancha muammolarni yechimini topa oladigan farzanlar bo‘lib yetishadi.
“Axloqiy quvvatlarini uyg‘unlik hamda muvozanat ila o‘stirishdir”. Buni qaranga keyin axloqga e’tibor berilayapdi. Ming afsuslar bo‘lsinki hozir omma dunyo miqyosida axloq degan narsa unut bo‘lib borayapti. Ilmu ma’rifatga juda ham e’tibor kuchli, iloji boricha farzandlarga qancha mablag‘ sarflab bo‘lsa ham ilmlik qilishga qiziqish bor. Ammo axloqlik qilishlikka qiziqishlik yo‘q. Agar bor bo‘lsa ham, musulmonlardagina bor desak xato bo‘lmasa kerak. Undan tashqari “ uyg‘unlik hamda muvozanat ila o‘stirishlik” deganda ham axloqni o‘zicha belgilab olmaydi. Fikrni ham o‘zicha belgilab olmaydi. Balki shariatning chegarasidan chiqmagan holatda, muvozanat qilib mo‘tadil bir holatda, insonga zarar bermaydigan, haddan oshib ketmaslik va sustkashlikka yo‘l qo‘ymaslikning o‘rtasida, muvozanatini, mo‘tadilligini o‘rtamiyonaligini saqlagan holatda uning ta’lim tarbiyasini berib boradi, ana shunda Alloh hohlasa farzandlar kelajakda komil insonlar bo‘lib yetishadi.
Tarbiya ikki xil bo‘ladi: Amaliy va nazariy.
Odatda tajriba sifatida hayotda sinovdan o‘tgan tarbiyaning eng foydalisi, bu amaliy tarbiyadir. Ya’ni inson to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘zi bajarib, o‘zi namuna bo‘lib ko‘rsatib bergan tarbiya farzandlarga ham va hatto katta talabalarga ham yaxshi tasir o‘tkazadi. Shuning uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam nimaniki Alloh taolodan vahiy sifatida qabul qilib biz ummatlarga yetkazgan bo‘lsalar, hammasini u zotning o‘zlari hayotga tatbiq etganlar. Shuning uchun Abu Dardo roziyallohu anhu Oyisha onamiz roziyallohu anhodan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari to‘g‘risida so‘raganlarida “ U zotning xulqlari Qur’ondir”, degan javobni olganlar.
Alloh taolodan ma’nolarini qabul qilib olib o‘z lafzlari bilan yetkazgan hadisi shariflardagi hukmlarni ham, birortasini qoldirmasdan o‘zlari amal qilganlar va bizlarga shuni namuna qilib qoldirganlar. Shuning uchun ham o‘sha davrda U Zoti bobarokotdan to‘g‘ridan to‘g‘ri amaliy jihatdan ko‘rgan va unga taqlid qilgan, ergashgan as'hobi kiromlar, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan soyama soya yurdilar, qadamma qadam ergashdilar, U Zot nimani bajargan bo‘lsalar shu narsani hatto hikmatini surishtirib o‘tirmasdan ham amalga oshirdilar. Mana bu narsa haqiqatdan ham sahobayu kiromlarni o‘ta baxtiyor inson bo‘lib yetishmoqliklariga sababchi bo‘ldi. Demak azizlar hozirgi kunda har bir sohada , hamma ustoz tutishga majbur, ustozsiz hechkim hech qaysi bir sohani mutaxassisi bo‘lolmaydi. Har bir sohadagi ustoz murabbiy, o‘zining sohasida shogirdlarni yetishtirib chiqarar ekan, birinchi o‘rinda ularga amaliy tarafdan namuna bo‘lishlari kerak. Qolaversa biror kasb yoki hunarni o‘rgatuvchi ustoz faqatgina kasbiy mahorat va uning sirlarinigina o‘rgatib qolmasdan avvalo, shu sohoga tegishli bo‘lgan shar’iy hukumlarni o‘rgatishi kerak. Zotan har bir sohoning o‘ziga xos bo‘lgan shar’iy hukumlari bor. Agar ustoz o‘z shogirdiga mazkur hukumlarni o‘rgatmasa, undan boxabar qilmasa, shogird kelajakda o‘zi bilmagan holda shar’an harom bo‘lgan ish yoki narsalarga qo‘l urib qo‘yishi mumkin. Natija esa hammaga ma’lum. Kamida o‘sha ishida baraka bo‘lmaydi, boshiga har xil kulfatlar, ofatlar tushadi lekin, uning sababini bilmaydi. Tasavvur qiling, nonvoyga o‘z kasbidagi halol va haromni o‘rgatmasa nima bo‘ladi? Qassobgachi? Umuman olganda oziq ovqat mahsulotlariga tegishli bo‘lgan sohada tirikchilik qilayotganlar halol va haromni farqiga bormasalar nima bo‘ladi? Xalqning xalqumi bulg‘anadi, jamiyatdan baraka qochadi, bu esa albatta birinchi o‘rinda yoshlarning tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Oxiratdagi javobgarlik esa hammaga ma’lum.
Bu borada esa avvalo ota ona mas’uldir. Chunki Alloh taolo har bir farzandni sof islom fitratida yaratib so‘ngra, uning mas’uliyatini ota onaga yuklaydi. Demak ularning qanday, qachon, kimdan, qanaqa tarbiya olmoqligiga ota onalar javob beradilar. Chunki farzand ko‘proq umrini ota ona bilan birgalikda o‘tqazadi. Va xossatan otadan ko‘ra ham ko‘proq ona bilan birga bo‘ladilar. Shuning uchun ham farzandlarning yoshlik davridagi tarbiyasi borasida otalarga nisbatan onalarning vaziyfasi mas’ulyati ko‘proq desak adashmagan bo‘lamiz. Xossatan qiz bolalarning tarbiyasi borasida onalar hassos bo‘lishlari talab qilinadi. Farzandlarning yoshi kattalashib borgan sari ularga nisbatan otalarning mas’uliyatlari ham kattalashib boradi. Xossatan o‘g‘il bolalar uchun otaning tarbiyasi alohida o‘rin tuta boshlaydi. Chunki o‘g‘il bola ulg‘ayib borgan sari uni kelajakda vatan himoyachisi, o‘z oilasining qo‘rg‘oni, uning boquvchisi qilib xossatan yigitlarga xos bo‘lgan xususiyat va fazilatlar bilan tarbiyalash kerak. Bu borada albatta otalar asosiy rol o‘ynaydilar. Hikoya qilinishicha yoshlari ancha o‘tib qolgan bir otaxon, Qur’oni karimni nihoyatda ko‘p o‘qir ekanlar, qachon qarasalar boshlarini Qur’ondan ko‘tarmasdan, tilovati Qur’on qilaverar ekanlar, lekin yoshlari o‘tib qolganliklari uchun zehn, xotira sust bo‘lganligi tufayli yod olish qobilyati nihoyatda susayib qolgan, o‘ta ko‘p takrorlasa ham yodlay olmas ekan. Bir kuni yoshgina o‘g‘ilchasi otasini bu holda ko‘p mashaqqatlar evaziga Qur’on tilovati qilayotganini ko‘rib o‘zicha otasiga mehribonlik qilib: otajon shuncha o‘qiysiz o‘qiysiz, lekin baribir yodlay olmaysiz, buni o‘qishdan nima foyda? Undan ko‘ra boshqa bir ish qilsangiz bo‘lmaydimi degan ma’noda otasiga mehribonlik qilibdi. Ota shu o‘rinda farzandga yaxshi amaliy tarbiya berishni maqsad qilib, shunday debdi: “o‘g‘lim hu anavi ko‘mir tashiydirgan savatni olib kelgin”, debdi.O‘g‘il olib kelibdi. Shunda ota “endi bor shu savat bilan anhordan suv tashigin debdi”. O‘g‘il hayron! Ota savatda suv tashib bo‘ladimi? So‘rabdi o‘g‘il. Shunda ota: “bolam sen aytganni qilaver savatni olginda borib anhordan suv tashigin”, debdi . Bola ham ha endi mayli otam aytdi qilsam qila qolay deb, savatni olib anhorga borib suvga botirib savatdagi suvni otalarini oldiga olib kelibdi. Qarasa savatda hech narsa yo‘q biror tomchi ham suv qolmagan. Otaga termulib qarab tursa ota: “bor yana olib kel!” debdi. Bu holat bir necha marotaba takrorlanibdi. Lekin bola otaning oldiga bir tomchi ham suv olib kela olmabdi. Oxiri farzand charchagandan keyin otasiga debdi: “otajon shu befoyda ishni nima keragi bor?” Baribir savatda suv tashib bo‘lmasligini hammamiz yaxshi bilamizku?! Bunga hammani aqli yetadiku?! Bekorchi bunday mashg‘ulotni nima keragi bor?! Debdi. Shunda ota aytibdilar: “ha o‘g‘lim sen bu ishni bekorchi ish deb o‘ylayapsan, endi savatga bir qarachi?! Debdilar. O‘g‘il shundoq savatga qarabdi xo‘sh nima qilibdi? Ota: savatga yaxshilab e’tibor ber?! Savat sen suv tashishni boshlashingdan avval qay holatda ediyu hozir qay holatda?! Bola shundoq savatga qaradiyu otajon bo‘ldi tushindim savat top tozo sof holatga aylanibdi dedi, shunda ota:” Ko‘rdingmi bolam! men ham Qur’onni har kun har soatda takrorlab yodlay olmasamda, gunohi ma’siyatlarim tufayli qorayib mog‘arlab ketgan qalbim musaffo bo‘lib yarqirab jilolanib sekin astalik bilan nurga aylanadi. Shuning uchun men tilovati Qur’on qilaman, buni albatta yod olishlik shart emas, o‘qishlikni o‘zida ham savob va manfaat ko‘p o‘g‘lim” degan ekanlar. O‘g‘il shu zahoti uzr so‘rab otasi haq ekanini tan olgan ekan”.
Albatta bu borada hayotiy misollar nihoyatda ko‘p. Lekin maqsadimiz misollarni barchasini taqdim etish emas, balki eshitganimiz, o‘qiganimiz yoki guvohi bo‘lib ko‘rganimizdan ibrat olib, ijobiysidan foydalanib, salbiy tarafidan saqlanishimiz lozimdir. Zotan insonning insoniyligi uning ma’lumotlarni ko‘p bilishida emas, balki bilganlariga qay darajada amal qilayotganiga qarab belgilanadi. Shuning uchun ham dunyoda diyarli hech qanday ma’lumoti yo‘q bo‘lgan ota-onalar ozchilikni tashkil etadi. Ammo, hech bo‘lmaganda boshlang‘ich yoki o‘rta ma’lumotni egallaganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Balki ularning ichida bir necha foizi nafaqat oliy ma’lumotli , balki qanchadan-qancha ilmiy martabalarni egallab, ma’lum bir unvonlarga ham erishganlari bor. Lekin buning o‘zi bilan ish bitmas ekan. Chunki hozirgi kundagi eng katta illatlardan biri ta’limdan tarbiyani ajratib qo‘ymoqlikdir. Aslida esa tarbiyasiz yolg‘iz ta’limning o‘zidan kutilgan ijobiy natija olinmasligi hozirgi kunda hammaga oydek ma’lum bo‘lib qoldi. Shuning uchun ham fursatni qo‘ldan boy bermasdan turib, tezlik bilan yoshlarimizga ta’lim bilan birga axloq odob, tarbiyani ham uyg‘unlashtirib singdirib borish kerak. Zotan ta’lim insonning savodxonligini belgilab bersa, tarbiya uning insoniyligini ifoda etadi. Bizning yoshlarimizda esa ularning har ikkisi ham mujassam bo‘lishi kerak.
Is'hoqjon domla BЕGMATOV
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Masjidlar bo‘limi xodimi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rizo – Allohning buyurgan qazoi qadariga nisbatan, boshga tushgan balo har qancha og‘ir bo‘lishiga qaramay, bandada hech qanday norozilik mavjud bo‘lmasligidir. Ammo bu narsa Allohning irodasi bilan kechayotgan har bir jarayonga banda, albatta, rozi bo‘lishi lozim degani emas. Masalan, bunda bandaning gunoh ishlarga ham rozi bo‘lish tushunilmaydi. Rizolik ham o‘rinli bo‘lmog‘i darkor.
Rizolik – bu har qanday da’vo va e’tirozni ko‘ngildan chiqarib, xursandchilik va mamnuniyat tuyg‘usidan o‘zga narsani qoldirmaslikdir. Ya’ni Allohning bandasi uchun qabul qilgan qaroriga nisbatan ko‘ngil xotirjamligini tuyish va uni to‘laqonligicha qabul etishdir. Shu jumladan, qazoi qadar sodir bo‘lgunicha insonning o‘zicha tanlash ixtiyoridan kechishi, sodir bo‘lgach esa unga nisbatan norozi bo‘lmasligi ham rizolik alomati hisoblanadi.
Rizolikning yana bir belgisi – bu har qanday og‘ir vaziyatlarda ham Allohga bo‘lgan muhabbatining barqaror qolishidir.
Darhaqiqat, iymon halovatini faqat Allohdan o‘zining Robbisi – tarbiyat kunandasi sifatida rozi bo‘lgan kishigina topa oladi. Ko‘nglida bir zarra bo‘lsa ham dunyo muhabbati bo‘lgan odam esa bunday lazzatni hargiz topolmaydi.
Allohdan rozilikning ikki xili bor: Allohning o‘zidan va uning ahkomidan rozilik. O‘zidan rozilik – bu Uning hamma narsada go‘zal tadbir va intizom o‘rnatuvchi ekanligiga ishonishdir, ahkomidan rozilik esa Uning qazoyu qadaridan rozi bo‘lishdir. Allohdan rozi bo‘lgan Uning qazoi qadariga ham qarshi bormaydi, aksincha, rozi bo‘ladi. Kim Allohning bandasiga faqat yaxshilikni ravo ko‘rishiga ishonsa Alloh haqiqatan unga faqat yaxshilikni iroda etadi.
Tafviz va taslim – bu Alloh irodasiga butunlay tobe bo‘lib, o‘z xohishlaridan voz kechishdir. Taslim, Islom va istislom – bir negizli so‘zlar bo‘lib, Alloh oldida bandalik hollarini namoyon etish va Unga butunlay taslimu itoatda bo‘lishlikni ifodalaydi.
Tafviz – har qanday dunyoviy ishlarda o‘zining tanlash ixtiyoridandan voz kechib, butunlay Allohga topshirib qo‘yish hamda Uning irodasiga zid bo‘lgan barcha narsalarni tark etishdir.
Tafviz – Allohning hukmi amalga oshgunicha, taslim esa amalga oshgach bo‘ladi deydilar.
Tafviz va taslim – Allohni yaxshi tanigan ahli ma’rifatlarning sifatidir.
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.