Navoiy viloyatida bo‘lib o‘tayotgan Qur’on musobaqasining g‘oliblarini taqdirlash uchun Navoiy shahar hokimi Xalilov Umarbek tashrif buyurib, mukofotlarni topshirdi. Taqdirlash marosimida shahar hokimi so‘zga chiqib: “Ushbu musobaqa respublikamizda birinchi marta o‘tkazilyapti. Bizning eng asosiy maqsadimiz, viloyatimizda qancha qorilar borligini bilish, ularni qo‘llab-quvvatlash va ilohiy kalomga muhabbatli odamlarni ko‘paytirishdir. Ilk marotaba o‘tkazilayotgan ushbu musobaqada qatnashgan odam tarixda qoladi. Shuningdek, Kim Xudoning kalomini yodlasa, hech qachon kam bo‘lmaydi. Bugun Navoiy shahrimizda o‘zga fayz kezib yuribdi. U ham bo‘lsa shahrimizda qorilar jam bo‘lib, shunday musobaqa o‘tkazilishidir. Barchaga muvaffaqiyat tilayman, viloyat g‘oliblarini respublika va xorijda ham faxrli o‘rinlar olishlarini tilayman”, degan so‘zlarni bayon qildi.
Navoiy viloyati mutasaddilari tomonidan musobaqa ishtirokchilari va tomoshabinlariga ehson dasturxonlari yozildi hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Qur’on musobaqasi diyorimizda mana shunday yuksak e’tibor, katta taraddud va eng yuqori darajada o‘tkazilmoqda. Bundan avval ham Sirdaryo viloyatidagi musobaqaning hududiy bosqichiga shaxsan viloyat hokimi tashrif buyurib, ishtirokchilarni taqdirlagani haqida xabar bergan edik. Mana shunday kayfiyat joylardagi musobaqaning har bir bosqichida kuzatilib, hokimiyat vakillarining tashrifi bilan musobaqa saviyasi yanada ko‘tarilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Yurtimizda muhtaram Prezidentimiz rahbarligida muborak Ramazon oyini munosib kutib olish va ko‘tarinki ruhda o‘tkazishga har yili alohida e’tibor qaratilayotgani barchamizni behad quvontirmoqda. Bu yilgi tabrik va murojaatlarda Ramazon oyining asl mohiyati – inson qadrini ulug‘lash, mehr-muruvvat va saxovatni keng yoyish, jamiyatda ahillik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash kabi ezgu g‘oyalar ustuvor ekani ta’kidlandi.
Bugun Ramazon nafaqat ibodat oyi, balki jamiyatda ezgulik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tamoyillari yanada mustahkamlanadigan muhim ma’naviy palla sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Tajriba va kuzatishlar shuni ko‘rsatdiki, dunyo amaliyotida Ramazon oyini munosib o‘tkazishga doir davlat darajasida alohida qaror qabul qilinishi kam uchraydi. Yurtimizda esa bu masalada tizimli yondashuv yo‘lga qo‘yilgani muborak oyning mohiyatini chuqur anglab, uning yuksak insoniy qadriyatlar asosida o‘tkazilishidan dalolat beradi. Ayniqsa, bu yilgi Ramazon munosabati bilan ilgari surilgan tashabbuslarda «Inson qadri uchun!» degan ezgu tamoyilning amaliy ifodasi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
«Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi» shiori ostida qabul qilinayotgan qaror va tashabbuslarda Ramazon oyini saxovat, hamjihatlik oyiga aylantirish, muhtojlar, bemorlar, nogironlar va faxriylarga mehr-muruvvat ko‘rsatish kabi ezgu g‘oyalar mujassam. Bu esa Ramazonni ham ibodat, ham ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash oyi sifatida tarannum etishga xizmat qilmoqda.
Abdug‘ofur domla Razzoqov,
Buxoro viloyati Kogon tumani “Bahouddin Naqshband” jome masjidi imom-xatibi