Kecha, 18 yanvar kuni Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida ro‘y bergan fojiadan O‘zbekiston musulmonlari idorasi katta qayg‘uda. Ushbu voqea yuzasidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari halok bo‘lganlarning oilalariga hamdardlik bildirdilar.
Shuningdek, ulamolar va imom-domlalar tomonidan halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirish, masjid-madrasalarimizda xatmi Qur’onlar o‘qib, ruhi poklariga baxshida qilish va yaqinlariga tasalli berish kabi savobli ishlar boshlandi.
Ushbu voqea munosabati bilan bugungi juma namozida respublikamizning barcha masjidlarida halok bo‘lganlarning haqqiga tilovati Qur’on qilinib, duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Xorijiy davlatlarga ishlash, malaka oshirish yoki o‘qish maqsadida bo‘lib turgan vatandoshlar holidan xabar olish, diniy-milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash va ona Vatanga muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish kabi xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayni kunlarda bir guruh tajribali ulamo va imom domlalar Janubiy Koreyada xizmat safarini davom ettirmoqda. Jumladan, Fatvo markazi bosh mutaxassisi Saidjamol Masayitov, Toshkent shahridagi “Oq uy” masjidi imom-xatibi Isroiljon domla Ismoiljonov, "Abu Saxiy” masjidi imom-xatibi Ziyovuddin domla Mirsodiqov, Namangan shahridagi “Said Azim Xo‘ja” masjidi imom-xatibi Muhammadbobur domla Nasriddinov va Buxoro viloyati Romitan tumani bosh imom-xatibi Otabek domla Rahimov vatandoshlar bilan muloqotlar qilmoqda. Ushbu safarda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita boshqarma boshlig‘i Behzod Soipov hamrohlik qilmoqda.
Imom-xatiblar Janubiy Koreyadagi bir necha masjidlarda yuzlab hamyurtlarimizga halol rizq topishning fazilatlari, yot g‘oyalardan saqlanish, yurtga sadoqat, ota-onaga hurmat, farzand tarbiyasi, omonatga rioya qilish kabi mavzularda ma’rifiy suhbatlar o‘tkazishmoqda.
Vatandoshlarimiz bunday e’tibor va manfaatli ma’ruzalardan mamnun bo‘lib, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati