Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Yanvar, 2025   |   29 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:16
Quyosh
07:37
Peshin
12:41
Asr
15:54
Shom
17:39
Xufton
18:55
Bismillah
29 Yanvar, 2025, 29 Rajab, 1446

Har bir so‘zni o‘ylab so‘ylang

9.01.2018   5479   6 min.
Har bir so‘zni o‘ylab so‘ylang

Banda bir og‘iz so‘z bilan musulmon bo‘lish yoki dindan chiqish mumkin. Islomning besh ruknining birinchisi ham aynan til bilan bog‘liq. Zero, insonga shahodat kalimasini til bilan talaffuz qilgandan so‘ng qolgan ibodatlarni bajarish mas’uliyati yuklatiladi. Til bandaga Qiyomatda so‘nggi hukm chiqarilishida hal qiluvchi ahamiyatga ega omillardan sanaladi. Chunki til boshqa a’zolarga qaraganda ko‘p, tez va oson harakat qilish xususiyatiga ega. Shu bois til bilan sodir etilgan amallar, xoh yaxshi amal bo‘lsin, xoh yomon, qolgan a’zolar bilan sodir etilgan amallarga nisbatan ko‘proq bo‘ladi.

Bir og‘iz so‘z katta mashaqqatlar bilan erishilgan natijani bir zumda yo‘qqa chiqarishi mumkin. Farishtalarning ustozi Azozil birgina “sajda qilmayman” degan so‘zi bilan Iblis, Shayton nomini oldi. Bir so‘z bilan aytganda, til insonga bir vaqtning o‘zida eng yaxshi do‘st yoki eng xavfli dushman bo‘lishga qodir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan quyidagi hadis bu fikrimizni quvvatlaydi: “Bandaning Jannatga kirishiga sabab bo‘ladigan amallarning 99 tasi til bilan, bittasi qolgan a’zolar bilan sodir bo‘ladi, uning do‘zaxiy bo‘lishiga sabab bo‘ladigan amallarning 99 tasi til bilan, bittasi qolgan a’zolar bilan sodir bo‘ladi”.

Demak, tilni saqlash, har bir so‘zni e’tibor bilan so‘zlash barcha musulmon qattiq amal qilishi kerak bo‘lgan vazifalardan biri ekan. Zero, talaffuz qilgan har bir so‘zimizni doimiy kuzatuvchi farishtalar sahifaga tushirib boradi. Bu haqda Alloh taolo shunday deydi: “Zotan o‘ng va chap (tomon)da o‘tirgan ikki qabul qilguvchi (yozib turguvchi farishta insonning aytgan va qilgan barcha yaxshi-yomon so‘z-amallarini) qabul qilib-yozib tururlar. U biron so‘z talaffuz qilmas, magar (talaffuz qilsa) uning oldida hoziru nozir bo‘lgan bir kuzatguvchi (farishta u so‘zni yozib olur) (Qof surasi, 17-18-oyatlar).

Alloh talaffuz qilgan har bir so‘zimizni bilib turguvchi Zotdir. U gapimizni eshitishda hech qanday yordamchiga muhtoj emas. Mazkur oyatda zikr qilingan farishtalarning bandalarga kuzatuvchi vakil qilinganining hikmati shundaki, inson tabiatan qilgan ishini tan olmaslik xususiyatiga ega. Bu sifat hatto Qiyomat kunida ham uni tark etmaydi, ya’ni banda qilgan gunohlaridan tonadi. Shuning uchun ham Qiyomatda bandaning tiliga muhr bosib qo‘yiladi. Ilmi azaliy va abadiy bo‘lgan Alloh taolo buni hisobga olgan holda ikki farishtani bandaga vakil qilib qo‘yganki, bu farishtalarning guvohligi bandaga rad qilib bo‘lmaydigan darajada hujjat bo‘ladi. Mazkur farishtalardan murod bandaning o‘ng va chap tomonida savob hamda gunohlarni qayd etib boruvchi farishtalardir.

Inson o‘lgach, uning nomai amoli ham yopiladi va Qiyomatda yana qaytadan ochilib, “Kitobingni o‘qi”, degan nido keladi. Mujohid rahmatullohu alayh bu haqda shunday degan: “Alloh bandasining holatini oldindan bilsa-da, unga ikki farishtani vakil qilib qo‘ygan. Ular Qiyomatda hujjat bo‘lishi uchun kecha-yu kunduz bandaning amalini yozib boradilar. Biri o‘ng tarafida yaxshi amallarini yozsa, ikkinchisi chap tarafida yomon amallarini yozib boradi”. Hadisi sharifda kelishicha: “Yaxshiliklarni yozuvchi farishta bandaning o‘ng tarafida, yomonliklarni yozuvchisi esa chap tarafida bo‘ladi. Yaxshiliklarni yozuvchi farishta yomonliklarni yozuvchisiga qaraganda ishonchliroq, shafqatliroq bo‘ladi. Agar banda yaxshi amal qilsa, o‘ng tarafdagi farishta o‘n barobar ko‘paytirib yozadi, agar gunoh amal qilsa, o‘ng tarafdagi farishta chap tarafdagisiga: “Yetti soat kutib tur, shoyad tasbeh yoki istig‘for aytib qolsa!”, deydi”. 

Oyatdagi “hoziru nozir bo‘lgan bir kuzatguvchi farishta” deganda uch xil ma’no anglashiladi. Birinchi ma’nosi doim hoziru nozir, hech qachon g‘oyib bo‘lmaydigan farishtalar, ikkinchisi bandaning amalini yozib boruvchi farishta, uchinchisi esa bandaning amallariga guvoh bo‘lish uchun vakil qilingan farishta. Mujohid rahmatullohu alayhning aytishicha, bu farishta insonning har bir so‘zini, hatto bemorning ingragan ovozini ham yozib boradi. Boshqa olimlarning fikriga ko‘ra, faqat savob yoki gunohga sabab bo‘ladigan so‘z va ovozlarni yozadi.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda quyidagilar aytilgan: “Amalarni yozib boruvchi farishtalar yozgan narsalarini Allohning huzuriga olib chiqishganda Alloh taolo amallar sahifasining avvaliga va oxiriga qaraydi. Agar ikkalasida ham yaxshi amallarni ko‘rsa, farishtalariga shunday deb aytadi: “Sizlar guvoh bo‘linglarki, Men bandamning bu ikki sahifa orasidagi qilgan amallarini mag‘firat qildim”. Bu gaplardan ko‘rinib turibdiki, tilni g‘iybat, yolg‘on va shu kabi yomon illatlardan saqlashga qattiq e’tibor qaratmoq lozim. Zero, til bizning oqibatimiz qay tarzda yakun topishida katta ta’sir kuchiga ega. Tilovat, salavot, zikr, tasbehu tahlillarni qanchalik ko‘paytirsak, jon halqumga kelgan vaqtda aytadigan so‘zimiz ham shu muborak kalimalar bilan yakun topishi shunchalik osonlashadi. Alloh barchamizni quyidagi hadisda zikr qilingan mukofotlarga sazovor bo‘lishni nasib aylasin: “Darhaqiqat, Alloh taolo bandasiga amalini yozib boruvchi ikki farishtani vakil qilib qo‘ygan. Banda o‘lgach, bu farishtalar: “Falonchi o‘ldi, endi osmonga ko‘tarilaylikmi?”, deb Allohdan so‘rashadi. Alloh: “Osmonlarim Menga tasbeh aytuvchi farishtalarim bilan to‘la”, deb aytadi. Ular: “Yerda turaylikmi?”, deb so‘rashadi. Alloh: “Yerim Menga tasbeh aytuvchi farishtalarim bilan to‘la”, deydi. Shunda ikki farishta: “Unda qayerda bo‘laylik?”, deyishadi. Alloh taolo: “Bandamning qabriga boringlar, o‘sha yerda Qiyomatgacha Menga takbir, tahlil va tasbeh aytib, savobini bandamga yozinglar”, deb javob beradi”.

Abdulloh MALLABOYEV

TIU Manbalar xazinasi xodimi.

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Videolar

Xalq dardiga malham bo‘lish va imomlar faoliyatini yaxshilashga oid tadbir davom etmoqda

28.01.2025   4175   1 min.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati