Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu uzoq umrining intihosida o‘zi haqida bunday degan edi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bay’at berdim. Bas, shu bay’atimga sodiq bo‘lib, to hozirgi kunimga qadar uni buzmadim va o‘zgartirmadim. Fitna egalariga bay’at bermadim. Biror bir mo‘minni uxlayotgan o‘rnidan uyg‘otmadim (ya’ni, unga ozor yetkazmadim)”.
Ana shu qisqa ifodada sakson yildan ziyod umr ko‘rgan solih inson hayoti bor bo‘y-basti bilan ko‘z oldimizda namoyon bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umarning Islom va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bog‘lanishi u 13 yoshda ekanida otasi Umar ibn Xattob roziyallohu anhu uni Badr g‘azotiga olib chiqqandan boshlanadi. O‘sha kuni Umar ibn Xattob roziyalloxu anhu o‘z o‘g‘lining jangchilar orasida bo‘lishini juda qattiq xohlagan edi. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abdullohning yoshi kichikligi bois unga ruxsat bermadilar.
O‘sha kundan to 85 yillik umrining oxirgi damlarigacha, u zot nihoyatda tirishqoq, zokir, tanlagan yo‘lidan qaytmaydigan, vafodor va haqiqiy tavba qiluvchi inson bo‘lib yashagan. Abdulloh ibn Umarning o‘ziga jalb qiluvchi sifatlari va xususiyatlari nihoyatda ko‘pdir. Qaysi jabhada bo‘lmasin, masalan, ilmda, kamtarlikda, taqvoda, saxiylikda, ibodatda barchaga ibrat bo‘lgan.
Abdulloh o‘z shaxsiyati va hayotiga go‘zal fazilatlar ila ziynat berdi. Otasi Umar ibn Xattobdan ko‘p yaxshiliklarni o‘rgandi, u bilan birgalikda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ta’lim oldi. Uning iymoni otasiniki kabi juda go‘zal edi. Uning mudom Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga ergashib yurishi va u zotga kuchli taqlidi hammani hayratga solardi. U Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qaysi joyda, qaysi amal bilan shug‘ullanishlarini kuzatib, o‘sha amallarning barchasini xuddi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qilganlaridek bajarar edi. Masalan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qaysi joyda namoz o‘qigan bo‘lsalar, ibn Umar ham o‘sha yerda namoz o‘qir edi. Qaysi joyda turib duo qilgan bo‘lsalar, u ham o‘sha yerda turib duo qilardi. Qaysi yerda o‘tirib duo qilgan bo‘lsalar, ibn Umar ham o‘sha yerda o‘tirib duo qilar edi. Qaysi yo‘lda ketayotganda tuyalaridan tushib, ikki rakat namoz o‘qigan bo‘lsalar, ibn Umar ham o‘sha joyda tuyasidan tushib, ikki rakat namoz o‘qib, so‘ngra yo‘lida davom etardi. Qay bir makonda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tuyalarini ikki marta aylantirib, cho‘kkalatgan bo‘lsalar, ibn Umar ham tuyasini o‘sha makonda ikki marta aylantirib, cho‘kkalatar edi. Hatto har safar bu odat takrorlanganidan, ibn Umarning tuyasi o‘sha joyga kelsa, beixtiyor o‘sha ishni takrorlardi. Abdulloh ibn Umarning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qilayotgan taqlidlarini ko‘rgan onamiz Oysha roziyallohu anho, bu holatdan nihoyatda ta’sirlanib, ibn Umar haqida :
“Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) har bir makonda qilgan amallariga taqlid qilishda, Abdulloh ibn Umarga yetadigan kishi yo‘q” deb aytgan.
Abdulloh ibn Umar barakali hayotini ana shu yo‘lga bag‘ishlagan edi. Hatto musulmonlar tepasiga shunday kunlar keldiki, solih kishilar bu tariqa duo qilar edilar: “Allohim, ibn Umarga iqtido qilib yashashim uchun, men hayot ekanman, uni ham hayot qilgin. Chunki hozirgi kunda ergashishga undan loyiq kishi yo‘qdir”.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga shu qadar taqlid qilishiga qaramay, ibn Umar u zotdan hadis rivoyat qilishdan nihoyatda ehtiyot bo‘lar edi. Faqat eshitgan hadisining har bir harfini aniq bilsagina, o‘sha hadisni rivoyat qilardi. Ba’zi zamondoshlari: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam as'hoblaridan Rasulullohning hadislariga ziyoda yoki nuqson qilishdan ehtiyot bo‘ladigan ibn Umarchalik inson yo‘qdir”, deb aytishgan.
Abdulloh ibn Umar shu bilan birgalikda fatvo berishdan ham tiyilardi. Bir kishi Abdullohning huzuriga kelib, undan fatvo so‘radi. Abdulloh esa unga: “Sen so‘ragan narsangni bilmayman”, deb javob berdi.
Savoliga javob ololmagan kishi ortiga bir necha qadam tashlashiga ham ulgurmay, Abdulloh ibn Umarning nihoyatda quvonch bilan, ikki kaftini bir-biriga ishqalab, o‘ziga-o‘zi bunday deganini eshitdi: “Ibn Umar o‘zi bilmaydigan narsa xususida so‘ralib, “bilmayman” deb javob qildi”.
Fatvo berayotganda ijtihod qilib, xato qilib qo‘yishdan qo‘rqar edi. Ibn Umar mujtahid olim ijtihod qilib xato qilsa, bir ajr, agarda xato qilmasdan to‘g‘ri fatvo bersa, ikki ajrga ega bo‘lishini bilishiga qaramay, uning taqvosi fatvo berishga bo‘lgan jur’atini undan tortib olgan edi.
Xuddi shu kabi u, qozi bo‘lishdan ham o‘zini olib qochar edi. Albatta, qozilik davlatning eng katta va obro‘li vazifalaridan. Shuning uchun bu amalning ortidan katta-katta boylik, obro‘-e’tibor kelishi turgan gap. Ammo buyuk taqvo sohibi bo‘lgan ibn Umar uchun boylik va obro‘-e’tiborning hecham hojati yo‘q edi.
Bir kuni xalifa Usmon ibn Affon roziyallohu anhu uni o‘z huzuriga chorlab, qozilik mansabini taklif qildi. Ammo Abdulloh o‘z uzrini bildirdi. Usmon roziyallohu anhu undan har qancha talab qilmasin, u rozi bo‘lmadi. Shunda Usmon ibn Affon roziyallohu anhu unga: “Menga osiylik qilmoqchimisan?” dedi. Abdulloh ibn Umar: “Hech ham unday emas, faqat menga qozilar uch turga bo‘linishi ma’lum: bir qoziki, ilmga ega bo‘lmay turib, johillik bilan hukm chiqaradi. Bas, u do‘zaxda bo‘ladi; yana bir qoziki, o‘z havoi nafsiga ergashib hukm chiqaradi. Bas, u ham do‘zaxda bo‘ladi; yana bir qoziki, yaxshilab harakat qilib, to‘g‘ri hukm chiqaradi. Ammo uning uchun savob ham, gunoh ham yo‘q . Men Allohni o‘rtamizga qo‘yib, sendan uzr so‘rayman”, dedi.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu ibn Umardan bu xabarni hech kimga aytmaslikka ahd olganidan keyin uzrini qabul qildi. Chunki Usmon ibn Affon ibn Umarning insonlar orasidagi nufuzini juda yaxshi bilar edi. Shuning uchun ahli taqvolardan bo‘lgan zotlar ibn Umarning qozilar haqidagi bu so‘zlarini eshitgach, barchalari qozilikdan bosh tortib, xalifa qozilikka munosib birorta solih kishini topa olmay qolishi mumkin edi.
Abdulloh ibn Umar xalifaning buyrug‘ini rad etishi, bu u zotning salbiy holati emas edi. Negaki, o‘sha vaqtda hali as'hoblarning ko‘plari hayot edi. Ba’zilari qozilik va fatvo ishlari bilan shug‘ullanar edi. Agar qozilikka loyiq biron solih kishi topilmay, natijada qozilik noloyiq kishilar qo‘liga o‘tib ketish xavfi bo‘lganda, ibn Umar bosh tortmagan bo‘lar edi. Shunday qilib, ibn Umar o‘z nafsi bilan qolishni iroda etdi. U toat-ibodat, zuhdi-taqvo bilan nafsini pokladi.
Abdulloh doim kechalari tahajjud namozini o‘qir, kunduzlari esa, ko‘pincha ro‘zador yurar, juda ko‘p ko‘z yosh to‘kib, istig‘for aytib yig‘lardi. Yoshligida ko‘rgan tushi hayotini yuqoridagi asosda o‘tkazishiga juda katta ta’sir etdi.
Keling, u zot o‘zi haqida gapirgan so‘zga quloq tutaylik :
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonida bir tush ko‘rdim. Qo‘limda bir parcha shoyi mato turgan emish. Go‘yo jannatdan biror bir makonni iroda etsam, u mato men bilan birga uchib yurgan emish. Shu payt ikki kishi kelib meni do‘zaxga olib ketmoqchi bo‘ldi. Yonimga bir farishta kelib, menga “qo‘rqma” deb, ulardan men xalos etdi. Bu tushimni opam Hafsaga aytib berdim. U esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga so‘zlab berdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Abdulloh qanday ham yaxshi yigit. Agarda kechalari namoz ham o‘qiganda, yaxshiligini yanada ziyoda qilgan bo‘lar edi”, dedilar.
Abdulloh ibn Umar ana o‘sha kundan boshlab, to Rabbisiga yo‘liqquncha, na muqim holida va na safarda tungi namozlarini tark qilmadi. U juda ko‘p namoz o‘qir va Qur’oni karimni tilovat qilar edi. Xuddi otasi hazrati Umar roziyallohu anhu kabi do‘zax haqidagi oyatlarni eshitgan choqda ko‘z yoshi to‘kib, uzoq yig‘lardi.
Ubayd ibn Umayr dedi: “Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhuga ushbu oyatlarni tilovat qilib berdim: 41.(Ey Muhammad), biz har bir ummatdan (o‘sha ummatning payg‘ambarini) guvoh keltirganimizda va Sizni ana ularga qarshi guvoh qilganimizda ularning holi nima kechur?! 42. U kunda kofir bo‘lgan va payg‘ambariga itoatsizliq qilganlar yer bilan yakson bo‘lib ketishni orzu qiladilar va lekin Allohdan biron gapni yashira olmaydilar. (Niso surasi)
Bu oyatlarni eshitgan ibn Umar shu qadar ko‘p yig‘ladiki, hatto uning soqollari ho‘l bo‘lib ketdi”.
* * *
Bir kuni ibn Umar birodarlari bilan o‘tirib, quyidagi oyatlarni o‘qidi:
Uning ko‘z yoshlari xuddi yomg‘ir kabi oqib, yig‘i va hayajonning zo‘ridan yerga yiqilib tushdi.
Abdulloh ibn Umarning saxiyligi, zuhdu taqvosi hech ham uni tark etmasdi. U nihoyatda ko‘p ehson qilar edi. Bu darajadagi saxiylik uni faqirlar qatoriga qo‘shib qo‘yishi mumkinligidan sira qo‘rqmas edi. Buning sababi, u o‘ta zohidlardan bo‘lganidir. Ibn Umar tijorat bilan shug‘ullanadigan, tijorati doim foyda keltiradigan, o‘ziga to‘q sahobiylardan edi. Unga baytul moldan tayin qilingan maosh ham juda ko‘p edi. Ammo ibn Umar bu maoshning bir dirhamini ham o‘ziga olib qolmay, miskin, faqir va muhtojlarga taqsim qilardi.
Abdulloh ibn Umarning buyuk xislatlaridan birini Ayyub ibn Voil Ar-Rasabiy hikoya qilib bergan: “Bir kuni baytul moldan ibn Umarga to‘rt ming dirham maosh bilan bir qancha duxoba mato keltirildi. Ertasi kuni men uni bozordan oti uchun somonni qarzga olayotganini ko‘rdim. Darhol uning uyiga borib, ahlidan: “Axir kecha ibn Umarga to‘rt ming dirham bilan bir qancha duxoba mato kelmaganmidi?” deb so‘radim. Ular menga: “Ha, shunday bo‘lgan edi”, deb javob qilishdi. Men esa, taajjublanib: “Bugun uni bozordan otiga yemni qarzga olayatganini ko‘rdim!” dedim.
Ular: “U zot barcha pullarni tarqatib yubormaguncha uyquga yotmadi. So‘ngra duxobani yelkasiga tashlab chiqib ketdi. Qaytib kelganida, mato yo‘q edi. Biz u kishidan mato haqida so‘rasak, faqir va miskinlarga tarqatib yuborganini aytdi”, dedilar
Shu payt men hayratga tushib, kaftlarimni bir-biriga urib, bozor tomonga yugurib ketdim. Bozorga borgach, bir tepalikka chiqib :
“Ey tijoratchilar, ko‘zingiz qayoqda? Mana ibn Umarga baytul moldan to‘rt ming dirham pul kelgan edi, U esa hamma pulini miskinlarga tarqatib yuborib, oti uchun pichanni qarzga olayapti!” deb qichqirdim...”
Ha, u zotning ustozi Muxammad sollallohu alayhi vasallam, otasi esa Umar ibn Xattob roziyallohu anhu edi. Shuning uchun u bundan o‘zgacha bo‘la olmas edi.
Axir Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga taqlid qilishda nihoyatda peshqadam bo‘lgan, hatto Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muborak qadamlarini qo‘ygan joylardan o‘tayotib: “Koshki, har bir bosgan qadamim janobimiz bosgan qadamlarining iziga tushsa!” deb aytadigan inson bundan boshqacha bo‘lishi mumkinmi! O‘zini Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga xos qilgan va Umar roziyallohu anhuning o‘g‘li bo‘lgan bu zot uchun, mol-davlatga asir bo‘lish yarashmas edi. Mol-davlat uning eshigiga oqib kelardi. Lekin u, bu mol-davlatni muhtojlarga tarqatib yuborardi. Ko‘pincha boy-badavlat kishilarga ziyofat berayotgan farzandlarini itob qilib: “To‘qlarni chaqirib, ochlarni tashlab qo‘ymanglar”, derdi.
Faqir miskinlar uning saxiy va hamdard ekanini bilib, doim eshigining ostonasida bo‘lar yoki yuradigan yo‘llarida uni kutib o‘tirar edilar. Bunday saxiylikka uni zuhdu taqvosi targ‘ib qilib turar edi.
* * *
Kunlarning birida bir do‘sti unga juda go‘zal va qimmatbaho kiyim hadya qilib:
– Mana bu kiyimni sizga Xurosondan olib keldim. Egningizdagi bu dag‘al kiyimni yechib, shuni kiyib, ko‘zimni quvontirasiz degan umiddaman”, – dedi.
Ibn Umar unga:
– Qani bir ko‘rsat-chi? – dedi.
So‘ngra kiyimni ushlab ko‘rib:
– Bu ipakmi? – deb so‘radi.
U kishi :
– Yo‘q, bu paxta, – dedi.
Ibn Umar kiyimni bir oz tomosha qilib, qaytarib berdi. So‘ngra:
– Men bu kiyimni kiyib, mutakabbir va maqtanchoq kishi bo‘lib qolishdan qo‘rqaman. Alloh mutakabbir va maqtanchoq kishilarni sevmaydi, – dedi.
* * *
Kunlarning birida unga Iroqlik do‘sti ichi to‘la bir xalta hadya qildi.
Ibn Umar:
– Bu nima? – deb so‘radi.
U kishi:
– Bu juda yaxshi dori, uni Iroqdan olib keldim, – dedi.
Ibn Umar:
– Bu nimadan davolaydi? – dedi.
U kishi:
– Taomni hazm qildiradi, – dedi.
Abdulloh ibn Umar tabassum qilib, unga:
– Taomni hazm qiladi?.. Men qirq yildan beri to‘yib taom yemayman, – deb xaltani qaytib berdi.
E’tibor qiling, qirq yildan beri to‘yib taom yemagan! To‘yib taomlanmasligining sababi, muhtojlik emas, balki zuhdu taqvodan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va Umar roziyallohu anhuga taqlid qilganidan edi. U dunyoda musofir va mehmon ekanini juda yaxshi anglardi.
Maymun ibn Mehron aytadi:
“Ibn Umarning uyiga kirdim. Uning uyidagi ko‘rpa-to‘shaklarni, sholcha va jihozlarning barchasi qancha turishini chamalab ko‘rib, yuz dirhamdan oshmasligiga ishonch hosil qildim”.
Bu hol uning faqirligidan emas edi, balki u boy inson bo‘lgan edi.
Bu hol uning baxilligidan emas edi, balki u juda saxiy inson edi.
Faqat bu hol, uning dunyoga bee’tiborligidan, hoyu havasni suymasligidan, o‘zi tanlagan yo‘lda mahkam turishidan edi. Ibn Umardan dunyo matolaridan o‘zini olib qochish sabablari so‘ralganda, u: “Men va birodarlarim bir ulug‘ ish ustida jam bo‘lganmizki, men ular qilgan ishga xilof qilib, ularga yetisha olmaslikdan qo‘rqaman”, dedi.
So‘ngra boshqalarga bu dunyo ne’matlarini ojizlikdan tark qilmaganini bildirib, qo‘llarini samoga ko‘tarib: “Allohim, albatta, sen bilasanki, sendan qo‘rqmaganimizda Quraysh qavmi bilan dunyo topishda musobaqalashgan bo‘lar edik”, dedi
Ha , albatta, Rabbisidan qo‘rqmaganida, dunyo topishda musobaqalashib, g‘olib ham chiqqan bo‘lar edi. Ammo unga dunyo yo‘lida musobaqalashishning hojati yo‘q edi. Negaki, dunyo uning oyoqlari ostiga oqib kelayotgan edi. U esa dunyoni muhtoj va miskinlarga xoslar edi.
Ibn Umar xalifalik mansabidan ham bosh tortdi. Unga bir necha bor xalifa bo‘lish taklif etildi. Ammo u aslo qabul qilmadi. Hatto uni o‘ldirish bilan qo‘rqitilganda ham rozi bo‘lmadi. Hasan roziyallohu anhu aytadi: “Usmon ibn Affon o‘ldirilganidan keyin Abdulloh ibn Umarga: “Albatta, sen insonlarning sayyidisan va sayyidini o‘g‘lisan, kel biz senga bay’at beraylik”, dedik. Ibn Umar: “Agar qodir bo‘lsam edi, mening sababimdan musulmonning bir tomchi ham qoni oqmas edi”, dedi. Ular: “Yo xalifalikni qabul etasan yoki biz seni to‘shagingda qatl qilamiz”, deyishdi.
Abdulloh o‘z so‘zida qat’iy turib oldi. Har qancha tahdid qilishmasin, uni rozi qila olmadilar. Shundan keyin ko‘p zamonlar o‘tdi. Fitnalar ko‘paydi. Odamlar bay’at berish uchun uning huzuriga kelishar, u esa xalifa bo‘lishdan bosh tortar edi. Zero, ibn Umarning bu rad etishida mantiqi va hujjati bor edi.
Usmon roziyallohu anhu o‘ldirilganidan keyin vaziyat keskinlashdi. Ibn Umar garchi xalifalikning obro‘-e’tiboridan behojat bo‘lsa ham, uning ma’suliyatini va xatarini to‘laligicha qabul etishi mumkin edi. Lekin xalifalikning shartlaridan biri, barcha musulmonlar uni rozi bo‘lib qabul qilishlari kerak edi. Ba’zilar o‘z ixtiyorlari bilan rozi bo‘lib, ba’zilari esa, qilich bilan qo‘rqitilib xalifa tanlashlari mumkin emas edi. O‘sha vaqtda hamma rozi bo‘lib xalifa tayin qilishi mumkin bo‘lmagan ish edi. Ibn Umarning go‘zal fazilatlari ko‘pligiga va musulmonlar uni yaxshi ko‘rib, hurmatlashlariga qaramay, barcha ixtiyoriy ravishda ibn Umarga bay’at bermasligi tayin edi. Sababi, Islom yerlari kengaydi, musulmonlar o‘rtasida ixtiloflar ko‘paydi. Buning natijasida musulmonlar guruh-guruhga bo‘linib ketdilar. Har bir guruh boshqasini suymas, bir-biriga qilich va shamshir bilan tahdid qilar edi. Shuning uchun vaziyat Abdulloh ibn Umar istaganidek, barcha bir ovozdan xalifa tayin qilishga tayyor emasdi.
Bir kishi ibn Umarga yo‘liqib: “Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummati orasida sendan yomonroq odam yo‘q ekan”, dedi.
Abdulloh: “Nega axir? Allohga qasamki, men ularning qonini to‘kmadim, jamoatlarini ajratmadim, birliklarini buzmadim?” dedi.
U kishi: “Agar sen xohlaganingda sen haqingda ikki kishi ixtilof qilmas edi (ya’ni, agar sen xalifalikni qabul qilganingda, hamma ish durust bo‘lar edi)”, dedi.
Ibn Umar dedi : “Menga xalifalik kelib, bir kishi roziman , ikkinchi kishi esa, noroziman deyishini sira mahbub ko‘rmayman”.
Oradan bir necha yillar o‘tdi. Avvaliga xalifalikni Muoviya, undan keyin o‘g‘li Yazid egalladi. Yaziddan keyin uning o‘g‘li Muoviya ibn Yazid xalifa bo‘lishdan bosh tortdi. Mana shu vaqt ibn Umar ulug‘ yoshga borgan inson bo‘lishiga qaramay, Marvon uning huzuriga kelib:
“Kel, qo‘lingni ber, senga bay’at qilamiz. Albatta, sen arablarning sayyidi va sayyidining o‘g‘lisan”, dedi
Ibn Umar unga: “Mashriq ahli rozi bo‘lmaydi-ku?” dedi.
Marvon: “To bay’at bermagunlaricha ularni savalaymiz”, dedi.
Ibn Umar: “Allohga qasamki, men yetmish yil xalifa bo‘lsam ham, mening sababimdan birgina musulmonning ham qoni to‘kilishini istamayman”, dedi.
Abdulloh ibn Umar tomonidan xalifalikni inkor etishlikning asosiy sababi, musulmonlarga qarshi kuch va qurol ishlatilish xatari bo‘lganidan edi. Abdulloh Muoviya va Ali tarafdorlari o‘rtasidagi qurolli fitnalardan o‘zini olib qochib, o‘sha kunlarda quyidagi so‘zlarni o‘ziga shior qilib oldi:
“Kimki “namozga shoshilinglar” desa, javob beraman;
Kimki “najotga shoshilinglar” desa, javob beraman;
Kimki “musulmon birodaringizni qatl qilib, uning molini olishga shoshilinglar” desa, “yo‘q” deb javob qilaman.
U sira ham qo‘rqoq emasdi, balki u juda jasur inson edi. Muoviya xalifalikni egallaganidan keyin, ko‘pincha u bilan yuzma-yuz to‘qnashib, uning nuqsonu kamchiliklarini ochiq-oydin bayon qilardi.
Kunlarning birida zolim Hajjoj Zubayr ibn Avvomning o‘g‘liga tuhmat qilgan holda xitob qilib:
– Albatta Zubayrning o‘g‘li Allohning kitobini o‘zgartirdi, – dedi.
Ibn Umar o‘rnidan sakrab turib:
– Yolg‘on, yolg‘on, yolg‘on so‘zlading, – dedi.
Bunday muomalani kutmagan Hajjojning tarvuzi qo‘lidan tushib, ko‘pchilikning oldida nihoyatda mulzam bo‘lib qoldi.
So‘ngra ibn Umarga:
– Seni qattiq jazolayman, – deb tahdid qildi.
Ibn Umar esa Hajjojning yuziga qarab, qo‘lini siltab:
– Sen po‘pisa qilayotgan ishingni qilishing sira ajablanarli emas, chunki sen ahmoq sultonsan, – dedi.
Bu suhbatga guvoh bo‘lganlar ibn Umarning jasoratiga qoyil qoldilar.
Ana shu jur’ati va jasoratiga qaramay, to umrining oxirigacha qurolli fitnalarga aralashmadi.
Abu Oliya Al Baro deydi :
“Bir kuni ibn Umarning ortidan sekin yurib borayotgan edim. U meni sezmasdan o‘ziga-o‘zi shunday deganini eshitib qoldim:
“Qilichlarini yelkalariga qo‘yib, ba’zilari ba’zilarini qatl qilib, menga: “Ey Abdulloh qo‘lingni ber, senga bay’at beraylik”, deyishyapti”.
So‘zimizning avvalida uning: “Biror bir mo‘minni uyqusidan uyg‘otmadim (ya’ni, unga ozor yetkazmadim)” deganini eslaylik. Albatta, u quvvati yetganida musulmonlar o‘rtasidagi urush va janjallarning oldini olgan bo‘lar edi. Ammo hodisalar undan ko‘ra kuchliroq chiqdi. Shuning uchun u o‘zini chetga olishga majbur bo‘ldi. Lekin uning qalbi Ali roziyallohu anhu tomonida edi. O‘sha ko‘ngilsiz voqealardan bir necha yil o‘tganidan keyin: “Men dunyoda yo‘qotgan narsalarim ichida eng ko‘p afsusda bo‘lganim, Ali roziyallohu anhu bilan birga adashgan guruhga qarshi kurashmaganimdir”, dedi
U imom Ali roziyallohu anhu bilan birga kurashmaganining sababi, garchi haq Ali tarafda bo‘lsa ham, o‘z jonini saqlash uchun emas edi. Balki musulmon mushrikka qarshi emas, musulmon musulmonga qarshi urushib, qonini to‘kayotgani edi. Nofe’ bu xususda undan so‘raganda, u buning sababini juda aniq izohlab berdi. Nofe’:
– Ey Abdulloh, sen Umarning o‘g‘li va Rasulullohning sahobasisan. Seni Aliga yordam berishdan nima to‘sdi? – deb so‘radi.
Ibn Umar:
– Meni Alloh taolo musulmonning qonini harom qilgani to‘sdi. Alloh taolo: “To fitna tugab, butun din Allohniki bo‘lguncha ular bilan urushinglar”, dedi.
Batahqiq biz bu ishni qildik. Din to‘laligicha Allohniki bo‘lguncha urushdik. Ammo hozirgi kunda nima sababdan urushamiz? Men juda ko‘p jang qildim. O‘sha vaqtda but-sanamlar Ka’bani u boshidan bu boshigacha egallagan edilar. Alloh arab yerlarini bu but-sanamlardan pokladi. Endi bugungi kunda “LA ILAHA ILLALLOH” deyayotgan insonlarga qarshi jang qilamizmi? – deb javob berdi.
Uni barakali hayoti davomida mol-davlat, mansab, obro‘-e’tibor, hoyu havaslarning hech biri tanlagan yo‘lidan adashtira olmadi. Shu sababdan uning zamondoshlari u vafot etganidan so‘ng: “Ibn Umar vafot etdi. U fazilat bobida otasi Umar roziyallohu anhuga o‘xshar edi”, deb vasf qilishdi.
Ibn Umarning yuksak fazilatlari ularga mahbub bo‘lganidan, uni Umar\ roziyallohu anhuga o‘xshatib: “Umarning zamonida unga o‘xshash insonlar bor edi. Ammo ibn Umarning zamonasida esa, unga o‘xshashi yo‘qdir”, deyishardi
Hijratning sakson uchinchi yili quyosh botish tomonga moyil bo‘ldi, abadiyat kemalaridan biri o‘z yelkanlarini ko‘tarib, oxirat olamiga safar qila boshladi. Bu kema o‘zining bag‘rida vahiy kelishiga guvoh bo‘lgan insonning jasadini olib ketmoqda edi. Bu ulug‘ zot – Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu edi.
Po‘latxon KATTAYEV,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
Hazrati Ali roziyallohu anhu aytadilar: “Rajab oyida istig‘for aytishni ko‘paytiring. Chunki bu oyning har bir soatida do‘zaxdan ozodlik bor” (Daylamiy rivoyati. Al-Firdavs (81/1. 247).
أَسْتَغْفِرُ اللهَ
O‘qilishi: “Astag‘firulloh”.
أَسْتَغْفِرُ اللهَ وَأَتُوبُ
O‘qilishi: “Astag‘firulloha va atuubu ilayh”.
أَستغفِرُ اللهَ الَّذي لا إلَهَ إلَّا هو الحيُّ القيُّومُ وأَتوبُ إليه
O‘qilishi: “Astag‘firullohallaziy laa ilaha illaa huval hayyul qayyum va atuubu ilayhi”.
رَبِّ اغْفِرْ لِي وَتُبْ عَلَيَّ إِنَّكَ أَنْتَ التَّوَّابُ الرَّحِيمُ
O‘qilishi: “Robbig‘fir liy va tub ’alayya innaka antat tavvaabur rohiym”.
سُبْحَانَكَ وَبِحَمْدِكَ أَسْتَغْفِرُكَ وَأَتُوبُ إِلَيْكَ
O‘qilishi: “Subhaanaka va bihamdika astag‘firuka va atuubu ilayk”.
سُبْحَانَكَ اللَّهُمَّ وَبِحَمْدِكَ أَشْهَدُ أَنْ لاَ إِلَهَ إِلاَّ أَنْتَ أَسْتَغْفِرُكَ وَأَتُوبُ إِلَيْكَ
O‘qilishi: “Subhaanakallohumma va bihamdika ashhadu allaa ilaha illaa anta astag‘firuka va atuubu ilayk”.
اللَّهُمَّ إِنَّكَ عُفُوٌّ كَرِيمٌ تُحِبُّ الْعَفْوَ فَاعْفُ عَنِّي
O‘qilishi: “Allohumma innaka afuvvun kariymun tuhibbul afva fa’fu ’anniy”.
أَللَّهُمَّ مَغْفِرَتُكَ أَوْسَعُ مِنْ ذُنُوبِي وَرَحْمَتُكَ أَرْجَى عِنْدِي مِنْ عَمَلِي
O‘qilishi: “Allohumma mag‘firotuka avsa’u min zunuubiy va rohmatuka arjaa ’indiy min ’amaliy”.
أسْتغفرالله ربي من كلّ ذنبٍ وأتوبُ إليه
O‘qilishi: “Astag‘firulloha Robbiy min kulli zanbin va atuubu ilayh”.
Davron NURMUHAMMAD