Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyun, 2025   |   21 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:02
Xufton
21:40
Bismillah
17 Iyun, 2025, 21 Zulhijja, 1446

Sabrning fazilati

12.12.2017   7433   3 min.
Sabrning fazilati

Sabr insonni kamolotga yetkazadigin amallardan hisoblanadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
“Birortangizning oyoq kiyimi ipi uzilsa ham, istirjo’ aytsin”, - deganlar. Demak, kattayu kichik har bir ko‘ngilsiz hodisada sabr kerak ekan.


Suyukli habibimiz Muhammad alayhissalomning boshlariga og‘ir yo‘qotishlar, mushriklarning zulm va xo‘rliklari kelganida ham Alloh taolo u zotga sabrli bo‘lishni buyurgan:
“(Ey Muhammad), endi chiroyli sabr qiling!”
(Maorij surasi, 5-oyat ).


Alloh taolo suyukli Payg‘ambariga tasalli berib aytyaptiki,
“Ey Muhammad alayhissalom, kufr va shirkka berilganlarning Bizning vahiylarimizni yolg‘onga chiqarib, jazolarimizni masxara qilayotganiga e’tibor bermang”.


Alloh taolo Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomni ham vahiyni yetkazishda chiroyli sabrga chaqirmoqda.
Imom Qurtubiy: “Chiroyli sabr kishi o‘zidagi jizzakilikni yo‘qotishi va Allohdan boshqaga shikoyat qilmasligidir”, -degan.


Alloh taolo Payg‘ambarimizdan oldin ham barcha elchilarini vahiyni yetkazishda, insonlarni imonga chaqirishda, ularga yetadigan mashaqqat va ozorlarga sabr qilishga buyurgan. Eng suyukli farzandidan ayrilgan Ya’qub alayhissalom, tuhmat va fitna tufayli uzoq vaqt zindonband bo‘lgan Yusuf alayhissalom, Alloh yuborgan mashaqqat, dard-ofatlariga ko‘ngan Ayyub alayhissalom, xo‘rlash-qiynoqlariga dosh bergan Muso alayhissalomning buyuk sabrlari insoniyatga ulkan ibrat bo‘lib tarix sahifalarida qolgan. Chunki, Alloh sabrlilarni yaxshi ko‘radi. Hadisi qudsiyda Alloh azza va jalla bunday marhamat qiladi: “Ey bandalarim, Men bandalar ichidan bir mo‘min kishini (biron musibat yetkazib) imtihon qilsam, u Menga hamd aytib sinovimga sabr qilsa, u o‘sha joyidan turganida onasi tuqqan kundagidek xato-gunohlaridan pok bo‘lib turadi”. Qur’oni karimda yana shunday marhamat qilinadi:
“Inson haqiqatan besabr yaralgandir: kulfat kelganida chidamaydi, mol-mulk kelsa, baxilga aylanadi”
(Maorij surasi, 19-21-oyatlar).


Ushbu oyatlardagi «halu’» iborasi «besabr, toqatsiz, chidamsiz, hirsini jilovlay olmaydigan» ma’nolarini anglatadi. Inson nasli Alloh taoloning O‘zi bilgan hikmatiga ko‘ra besabr qilib yaratilgan. Haqiqatan, insonga biror xastalik kelishi bilan darrov «oh-voy»ga tushadi, tuzalguncha sabr qilolmay o‘zini har tomonga uradi. Biror ishga kirishsa, tezroq hal bo‘lishini istaydi. Boshqalar manfaatini hatlab bo‘lsa ham o‘zining ishi tezroq bitishini xohlaydi. Kun sal isib ketsa ham, sovib ketsa ham, qorni ochib ketsa ham, to‘yib ketsa ham besabrlik va betoqatlik qilaveradi. Bunday holatlarga sabr, bardoshni qarshi qo‘yish kerak. Shuning uchun Islom mo‘min-musulmonlarni hamisha sabrli bo‘lish, Alloh taqdir qilgan hamma narsaga ko‘nishga chaqiradi. Zero, sabr mo‘minlarning eng maqtalgan fazilatlaridandir.


Sabr har bir mo‘min-musulmon erkak-ayolga lozim sifatdir. Bu chiroyli xislatsiz inson mo‘min-musulmonlik takliflarini, buyruqlarini yetarlicha ado eta olmaydi.
Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kishidagi xislatlarning eng yomoni dunyoga harislik, sabrsizlik, o‘ta baxillik, qo‘rqoqlik va o‘zini tiya bilmaslikdir”, deganlar (Imom Ahmad, Abu Dovud).


Imom Musohibiy: “Ne’matlar bir mehmon, ularni izzat-ikrom qilish shukr bilan bo‘ladi. Balolar ham bir mehmon, ularni izzat-ikrom qilish esa sabr bilan bo‘ladi”, degan. Sabr imonning boshidir.
Agar inson tanasi boshidan judo qilinsa, u halok bo‘lgani kabi sabr bo‘lmasa, imon ham halokatga yuz tutgusidir. Abdulqodir Jiyloniy: "Ey o‘g‘lim, musibat-balo seni halok qilish uchun kelmaydi, sabringni sinash uchun keladi", deb aytganlar.


Karmana tumani “Jaloyir”
jome masjidi imom-xatibi A.Hakimov

Boshqa maqolalar

Samarqand shahri 2026 yilda Global ekologik fond assambleyasiga mezbonlik qiladi

16.06.2025   2098   1 min.
Samarqand shahri 2026 yilda Global ekologik fond assambleyasiga mezbonlik qiladi

Saudiya Arabistonining yetakchi ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston hayotida kechayotgan muhim voqelarni yoritishda davom etayapti, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri. 
 

Xususan, ushbu mamlakatdagi ommabop "Sahm News" elektron nashrida O‘zbekiston 2026 yilda Global ekologik fond assambleyasiga mezbonlik qilishi haqidagi ma’lumotni tarqatdi.

 

"O‘zbekistonning Samarqand shahri 2026 yilgi Global ekologik fond assambleyasiga mezbonlik qilish uchun tanlandi. Assambleya Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi va yer degradatsiyasiga qarshi kurashish uchun mablag‘ yig‘ish platformasiga aylanishi kutilmoqda", – deyilgan materialda.

 

Qayd etilishicha, 2026 yilda Samarqand shahrida Global ekologik fondning sakkizinchi yig‘ilishi va Global ekologik fond kengashining yetmish birinchi yig‘ilishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. "Bu qaror AQSHning Vashington shahrida bo‘lib o‘tgan Kengashning oltmish to‘qqizinchi yig‘ilishida qabul qilindi", deya urg‘ulangan maqolada.

 

Saudiyaning yetakchi "Watan News" nashri esa O‘zbekiston Prezidentining yaqin kelajakda Bryusselga tashrif buyurishi haqida yozdi. "Bu haqda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Tobgo Klan to‘rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumda ma’lum qildi", deya ta’kidlangan manbada.

 

"Bunday tashrif tarixiy voqea hamda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolash uchun noyob imkoniyat yaratadi", – deya Tobgo Klan fikrlaridan iqtibos keltirilgan maqolada.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati