Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Aprel, 2025   |   19 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:16
Quyosh
05:41
Peshin
12:28
Asr
17:07
Shom
19:08
Xufton
20:27
Bismillah
17 Aprel, 2025, 19 Shavvol, 1446

Haj fatvosini noto‘g‘ri talqin qilganlarga raddiya

05.12.2017   8579   2 min.
Haj fatvosini noto‘g‘ri talqin qilganlarga raddiya

Avvalo, mo‘min-musulmonlar hajni Alloh taolo buyurgan ulug‘ ibodat deb bilmoqlari lozim. Bu ibodatning farz bo‘lishi uchun shariatda belgilangan shartlari mavjud. O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan Haj haqida fatvoni chiqarishdan ko‘zlangan maqsad aynan mana shularni mo‘min-musulmonlarga yana bir karra yetkazib qo‘yishdir.

Keyingi vaqtlarda hajga borayotganlar orasida uni ibodat deb bilishdan ko‘ra, orzu-havasga aylantirib olayotganlar ham ko‘zga tashlanmoqda. Ba’zi kishilar ota-onalari yoki biror yaqin kishilarini hajga kuzatish va kutib olish asnosida dabdababozlikka o‘tib ketayotganlari tashvishli holat. Masalan, hashamdor avtomashinalar, bir nechta video kameralar hatto dasta-dasta gullar bilan kutib olishlari go‘yo ular hajdan emas balki, birorta musobaqadan muvaffaqiyat qozonib kelayotgandek olqishlar va qiyqiriqlar ostida qarshi olinmoqda.

Vaholanki, birorta ibodatni ado etgan kishi Alloh taolo uning ibodatini huzurida maqbul aylaganidan umidvor bo‘lish bilan birga, qabul bo‘lmay qolmadimikan, degan hadik qalbining bir chekkasida turishi lozim. Shuning uchun ham hajga borishga talabgorlarning ruhiy, ma’naviy va axloqiy tomondan munosib bo‘lishlari juda ham muhimdir.

Darhaqiqat, haj ibodati ham jismoniy va ham moliyaviy ibodat. Shuning uchun hajga borish uchun talabgorlar jismonan sog‘lom bo‘lishlari shart. Moliyaviy tomondan nafaqat haj safari uchun zarur bo‘lgan mablag‘ga ega bo‘lish, balki oilaning boshlig‘i sifatida qaramog‘idagi kishilarning nafaqasini ham to‘la-to‘kis ta’minlab ketishlari lozim. Ba’zilar yillar davomida ro‘zg‘or, bola-chaqa nafaqasidan qisib-qimtib hajga borish niyatida mablag‘ yig‘adilar. Vaholanki, ularning zimmasida hajga borishdan ko‘ra farzandlari, oilasi ta’minoti vojib ekaniga parvo qilmaydilar. Bundan tashqari nisob miqdoridagi mablag‘ga ega bo‘lgan kishi yilda bir marta uning zakotini berishi farz ekanini o‘ylab ham ko‘rmaydigan, mablag‘ni esa haj uchun jamg‘arayotganini ro‘kach qiladiganlar ham uchrab turadi.

Mazkur fatvoda haj ibodatiga borish haqida faqat tushuntirish va tavsiyalar berilgan bo‘lib, bu hajga boruvchi fuqarolarimiz uchun eng muhim jihatlar hisoblanadi. Buni noto‘g‘ri talqin qilayotgan ayrim ommaviy axborot vositalari esa sohaga oid bir qator qonun hujjatlarini qo‘pol ravishda buzgan hisoblanadilar. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi yuqoridagi holatlarni inobatga olib, hajga borishga talabgorlar uchun ushbu haqiqatlarni bayon etish maqsadida mazkur fatvoni e’lon qildi. Ushbu fatvoning mazmun-mohiyatini to‘la anglab, keyin aholiga to‘g‘ri tushuntirishga barchani da’vat qilamiz.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Fatvo hay’ati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Nega yolg‘on deymiz va inkor qilamiz?

16.04.2025   1156   1 min.
Nega yolg‘on deymiz va inkor qilamiz?

Shayx Muhammad Said Ramazon Butiy rahimahulloh “Hazihi mushkilaatuhum kitobida yozadi: “Daraxtlar har yili qurib, bahor kelganida jonlanib qaytadan o‘sadi. Bu hodisaga hayrat bilan qaramaymiz, aksincha, tabiiy hodisa deb qaraymiz. Chunki bu narsa hayotimizda doim takrorlanib, uni yoshligimizdan ko‘rib kelganimiz. Lekin o‘simlik yerni yorib chiqqani singari bir necha yil oldin o‘lgan odam qabridan tirilib chiqib, shoshilib uyiga ketdi, desa uni yolg‘on deymiz va inkor qilamiz. Chunki u biz duch kelmaydigan hodisa hamda o‘zimiz tuzgan hayot qoidalariga to‘g‘ri kelmaydi.

Lekin Alloh bu holatni borliq nizomi va odatiy ish qilishni xohlasa, u ham bizga oddiy bo‘lib qoladi. Na hayratlanasiz, na inkor qilasiz. Endi ilmiy institutlar shuni o‘rganib tahlil qila boshlaydi. Shu asosda yangi nizom va qoidalar ishlab chiqishadi.

Demak, mumkin va amri mahol voqealar o‘rtasidagi farq insonlarning o‘y-xayollaridan kelib chiqqan. Aqliy qaror yoki hukmdan kelib chiqmagan”.


Oybek HOSHIMOV,
Hadis ilmi maktabi katta o‘qituvchisi.