Avvalo, mo‘min-musulmonlar hajni Alloh taolo buyurgan ulug‘ ibodat deb bilmoqlari lozim. Bu ibodatning farz bo‘lishi uchun shariatda belgilangan shartlari mavjud. O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan Haj haqida fatvoni chiqarishdan ko‘zlangan maqsad aynan mana shularni mo‘min-musulmonlarga yana bir karra yetkazib qo‘yishdir.
Keyingi vaqtlarda hajga borayotganlar orasida uni ibodat deb bilishdan ko‘ra, orzu-havasga aylantirib olayotganlar ham ko‘zga tashlanmoqda. Ba’zi kishilar ota-onalari yoki biror yaqin kishilarini hajga kuzatish va kutib olish asnosida dabdababozlikka o‘tib ketayotganlari tashvishli holat. Masalan, hashamdor avtomashinalar, bir nechta video kameralar hatto dasta-dasta gullar bilan kutib olishlari go‘yo ular hajdan emas balki, birorta musobaqadan muvaffaqiyat qozonib kelayotgandek olqishlar va qiyqiriqlar ostida qarshi olinmoqda.
Vaholanki, birorta ibodatni ado etgan kishi Alloh taolo uning ibodatini huzurida maqbul aylaganidan umidvor bo‘lish bilan birga, qabul bo‘lmay qolmadimikan, degan hadik qalbining bir chekkasida turishi lozim. Shuning uchun ham hajga borishga talabgorlarning ruhiy, ma’naviy va axloqiy tomondan munosib bo‘lishlari juda ham muhimdir.
Darhaqiqat, haj ibodati ham jismoniy va ham moliyaviy ibodat. Shuning uchun hajga borish uchun talabgorlar jismonan sog‘lom bo‘lishlari shart. Moliyaviy tomondan nafaqat haj safari uchun zarur bo‘lgan mablag‘ga ega bo‘lish, balki oilaning boshlig‘i sifatida qaramog‘idagi kishilarning nafaqasini ham to‘la-to‘kis ta’minlab ketishlari lozim. Ba’zilar yillar davomida ro‘zg‘or, bola-chaqa nafaqasidan qisib-qimtib hajga borish niyatida mablag‘ yig‘adilar. Vaholanki, ularning zimmasida hajga borishdan ko‘ra farzandlari, oilasi ta’minoti vojib ekaniga parvo qilmaydilar. Bundan tashqari nisob miqdoridagi mablag‘ga ega bo‘lgan kishi yilda bir marta uning zakotini berishi farz ekanini o‘ylab ham ko‘rmaydigan, mablag‘ni esa haj uchun jamg‘arayotganini ro‘kach qiladiganlar ham uchrab turadi.
Mazkur fatvoda haj ibodatiga borish haqida faqat tushuntirish va tavsiyalar berilgan bo‘lib, bu hajga boruvchi fuqarolarimiz uchun eng muhim jihatlar hisoblanadi. Buni noto‘g‘ri talqin qilayotgan ayrim ommaviy axborot vositalari esa sohaga oid bir qator qonun hujjatlarini qo‘pol ravishda buzgan hisoblanadilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi yuqoridagi holatlarni inobatga olib, hajga borishga talabgorlar uchun ushbu haqiqatlarni bayon etish maqsadida mazkur fatvoni e’lon qildi. Ushbu fatvoning mazmun-mohiyatini to‘la anglab, keyin aholiga to‘g‘ri tushuntirishga barchani da’vat qilamiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo hay’ati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Odamlarda turli xil qiziqish bo‘ladi. Bir odam zamonasida qancha ulug‘ zot bo‘lsa, hammasining huzuriga borib, «agar ertaga oxirgi kuningiz ekani ma’lum bo‘lsa, o‘sha kunda qanday amal qilasiz?» deb so‘rardi. Bu odamning maqsadi Allohning valiylari nazdidagi savobi eng ko‘p va najotga sabab bo‘ladigan amalni bilish edi. Shunday qilib, turli xil odamlarning oldiga borib, shu savolni berib yurdi. O‘sha paytdagi mashhur muhaddis Abdurrahmon ibn Abu Nu’aym rahmatullohi alayh huzurlariga ham bordi va u kishidan ham shu savolni so‘radi: «Agar sizga ertaga vafot etishingiz ma’lum bo‘lsa, bugun qanday amal qilgan bo‘lar edingiz?».
Abdurrahmon ibn Abu Nu’aym rahmatullohi alayh shunday deb javob berdilar: «Mening har kuni qiladigan amalim bor, o‘shani qilaman. Unga birorta amal qo‘sha olmayman. Chunki vaqtlarimni shunday tartiblab olganmanki, go‘yo har bir kun mening eng oxirgi kunimdir. Ertalabdan kechgacha hayotimni shunday tartibga solganmanki, go‘yo bugun hayotimning oxirgi kuni va men qaysi amalni qilishim kerak bo‘lsa, o‘sha amalni qilyapman».
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan