O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
Nuriddin domla Holiqnazarov hazratlari
#21apr #uzbekiston24
O‘zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari tashabbusi bilan Marg‘ilon shahridagi “Said Jalolxon to‘ra” jome masjidi imom-xatibi Yunusxon Mamarasulovning Novosibirsk va Kemerovo shaharlariga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif davomida tashkil etilgan uchrashuvlarda Yunusxon domla Mamarasulov xalqimizning ijtimoiy-ma’naviy hayotida alohida ahamiyatga ega bo‘lgan, insonni ezgu amallarga undaydigan ushbu oylikni munosib o‘tkazish maqsadida bu yil yurtimizda keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari olib borilayotganini alohida ta’kidladi.
Yurtimizda mahalla ahli, jamoatchilik vakillari uy-joylar, masjid va madrasalarni obod qilish, keksalar va yordamga muhtoj insonlar holidan xabar olish, qo‘ni-qo‘shnilar, qarindosh-urug‘larga e’tibor va hurmat ko‘rsatish, Ramazon oyi bilan bog‘liq tadbirlarni uyushqoqlik bilan o‘tkazishga katta e’tibor qaratilayotgani e’tirof etildi.
Imom-xatib fuqarolarimiz, ayniqsa, yoshlarning asl islomga hech qanday aloqasi bo‘lmagan turli buzg‘unchi diniy oqimlarga kirib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
O‘zbekistonning Novosibirskdagi bosh konsuli Aslam Akbarov O‘zbekistonda “Ramazon – mehr-muruvvat, hamjihatlik va shukronalik oyi” shiori ostida ishlab chiqilgan, ehtiyojmand oilalar va og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan shaxslarga yordam ko‘rsatishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar haqida gapirdi.
Novosibirsk viloyati muftiysi Abdulhamid Shokirjonov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ekstremistik ruhdagi g‘oyalarning kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik, Novosibirsk va viloyat musulmon ummati tomonidan sof Islom arkonlarini himoya qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, O‘zbekiston fuqarolarining mintaqa hayotidagi ishtiroki kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Rossiya tomoni O‘zbekistondan yetakchi imom-xatiblarni masjidlarda ma’ruzalar o‘qish va juma namozlarini ado etish uchun taklif etishni amaliyotga joriy etish muhimligini qayd etdi.
Yunusxon domla Mamarasulov Novosibirsk jome masjidida juma namozida ishtirok etdi. Mazkur masjid Sibir federal okrugi hududidagi eng yirik masjid bo‘lib, bu yerda 500 dan ortiq kishi, jumladan, ko‘plab vatandoshlarimiz ham ibodatini ado etadi.
Yurtimizdan tashrif buyurgan imom-xatib o‘z maruzasida barcha yig‘ilganlarni muborak Ramazon oyi bilan samimiy muborakbod etib, Ramazon oyining ezgulik, mehr-oqibat va ma’naviy birlik fasli ekaniga e’tibor qaratdi.
Shuningdek, u O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatda muqaddas oyni munosib o‘tkazish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganini, mahallalarda obodonlashtirish, muhtojlarni qo‘llab-quvvatlash va xayriya tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilayotganini ta’kidladi.
Kemerovo shahriga tashrif doirasida imom-xatibning Sibirdagi eng yirik madaniy majmua qurilishida ishlayotgan vatandoshlar bilan uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. U yerda hozirda ikki yarim mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarolari faoliyat yuritmoqda.
Yurtdoshlarimiz nafaqat mashaqqatli mehnatlariga o‘z vaqtida haq to‘lanayotgani, balki ularga yaratilgan sharoitlar: uch mahal bepul ovqat, yotoqxona, tibbiy sug‘urta, ish beruvchi hisobidan barcha zarur hujjatlar bilan ta’minlanganidan mamnunligini bildirdi.
Bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida hamyurtlarimiz O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi bilan doimiy aloqalari va muntazam ravishda o‘tkazilayotgan sayyor konsullik qabullari tufayli migratsiya qonunchiligini buzish holatlari kuzatilmayotganini ta’kidladi.
O‘tkazilgan suhbatlar davomida imom-xatib yig‘ilganlarga xalqimizning ijtimoiy-ma’naviy hayotida alohida ahamiyatga ega bo‘lgan, insonni ezgu amallarga chorlaydigan ushbu oylikni munosib o‘tkazish uchun bu yil ham O‘zbekistonda katta tayyorgarlik ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi. Bularning barchasi insonparvarlik tamoyillariga asoslangan tinchlik va osoyishtalik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, mamlakat taraqqiyoti, aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qilayotgani aytildi.
Imom-xatib Kemerovo masjidiga ham tashrif buyurib, u yerda muqaddas Ramazon oyida o‘z fikr va g‘oyalarini pok saqlash muhimligi haqida ma’ruza qildi.
“Said Jalolxon to‘ra” jome masjidi imom-xatibi Yunusxon domla Mamarasulov O‘zbekiston Bosh konsulxonasi tomonidan Novosibirsk shahridagi “Osiyo–Sibir” ulgurji-taqsimlash markazida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan vatandoshlar uchun tashkil etilgan iftorlikda ishtirok etdi.
Iftorlikda ikki yuzdan ortiq yurtdoshlarimiz qatnashdi. Imom-xatib o‘z nutqida Ramazon oyining ma’naviy mohiyatini ochib berdi, Qur’on suralaridan o‘qib, Islomning an’anaviy qadriyatlariga sodiq qolish muhimligini ta’kidladi.