Sayt test holatida ishlamoqda!
29 May, 2025   |   2 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:13
Quyosh
04:54
Peshin
12:25
Asr
17:32
Shom
19:51
Xufton
21:25
Bismillah
29 May, 2025, 2 Zulhijja, 1446

Ma’rifat jaholatdan afzaldir

25.11.2017   4452   5 min.
Ma’rifat jaholatdan afzaldir

Bu dunyo – sinov maydoni. Ushbu maydonda har kim o‘zi uchun belgilangan vaqt sarhadlarini o‘zi tanlagan yo‘l orqali kechib o‘tadi. Kimdir umrini savobli ishlar bilan o‘tkazsa, kimlardir o‘zini xunrezliklarga ro‘baro‘ qiladi.

Islom ta’limotida yer yuzini obod qilish, ezgu amallarni bajarish, ne’matlarga shukrona keltirish, insonlarga yaxshilik ulashish va ularning hayotlarini yaxshilashga oz miqdorda bo‘lsa-da hissa qo‘shish ulkan savoblarga sabab bo‘luvchi solih amallar hisoblanadi. Aksincha, yer yuzida fisq-u fasod qo‘zg‘ash, nohaq qon to‘kish, shuning barobarida o‘z joniga qasd qilish kabi qabih harakatlar qoralanib, ular amallar ekan ta’kidlanadi.

Islom – ilmu ma’rifatga asoslangan din. Uning asosiy manbalari hisoblanuvchi Qur’oni karim hamda hadisi sharifda ilm o‘rganish va uni boshqalarga o‘rgatish targ‘ib qilinib, uning aksi bo‘lgan avomlik, bilim olishga loqaydlik qoralanadi. So‘zimizning dalili sifatida Qur’oni karimning ilk oyati “O‘qi!” degan amr ekanini aytish joiz. Bundan tashqari, Kalomullohning 811 o‘rnida “ilm” so‘zining turli ma’nolarida uchrashi uning inson hayotidagi o‘rni va ahamiyatining qanchalik katta ekanini belgilaydi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘plab hadislarida olimlarni yaxshi ko‘rish va ilmga muhabbat qo‘yishga chaqirganlar. Imom Buxoriydan rivoyat qilingan hadisda Rasulimiz: “Ilm talab qilish har bir musulmonga farzdir”, deb ta’kidlaganlar. Imom Termiziy Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda bunday deyiladi: “Rasululloh alayhissalom bunday deganlarini eshitdim: “Kim ilm istab bir yo‘ldan yursa, Alloh uni jannat yo‘llaridan biriga yo‘llab qo‘yadi. Farishtalar ilm tolibi uchun qanotlarini pasaytiradilar. Albatta, olim haqqiga osmonlar-u yerdagilar, hattoki, suv ostidagi baliqlar ham istig‘for aytadilar. Olimning obiddan afzalligi badr kechasidagi to‘lin oyning boshqa yulduzlardan farqi kabidir”.

Bugun diyorimizda xoh diniy bo‘lsin, xoh dunyoviy bo‘lsin, ilm olishga keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Shunga qaramay, o‘zini musulmon bilgan ayrim kimsalar sodir etayotgan noxush vaziyatlarni ham e’tiborga olishimiz lozim.

Gap shundaki, musulmonlarning islom dini ahkomlarini tartibli ravishda va kerakli uslublarda aqidasi to‘g‘ri ustozlardan o‘rganmasliklari salbiy oqibatlarni keltirib chiqarmoqda. Buning sabablari esa bir yoqlamalik, bemazhablik, odobsizlik va dinda chalasavod odamlarning o‘z xohishlari asosida g‘uluvga ketishlaridir.

Asl islom arkonlarida esa ilmsizlik, johillik qoralanadi va doimo ma’rifat jaholatdan ustun qo‘yiladi.

Bugungi kunda turli ekstremistik va terroristik tashkilotlar islom niqobi ostida o‘z manfaatlarini ko‘zlagan holda insoniylikka zid bo‘lgan turli xatti-harakatlarni bajarmoqda. Bu yo‘ldan esa o‘zlariga dinga muhabbatli, ammo ilmi yetarli bo‘lmagan yoki din arkonlaridan umuman bexabar, sodda musulmonlarni ergashtirmoqda. O‘zlarini dinimizdagi mo‘tabar ismlar bilan nomlab o‘ta yaltiroq shiorlarni ko‘tarmoqda. Islom ta’limotlaridan unchalik xabari bo‘lmagan kishilar, xususan, yoshlar bunday kishilarning gaplariga osonlikcha aldanib qoladilar.

Shunday ekan, bizning oldimizga qo‘ygan bosh maqsadimiz – ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodning diniy va dunyoviy bilimlarini o‘stirish va dunyo hamjamiyati bilan hamnafas voyaga yetkazish hisoblanadi. Bu yo‘lda dinimiz arkonlarini yaxshilab o‘rganishimiz, mazhabimiz ulamolarining etagini tutishimiz lozim.

Ayni paytda turli bizning mamlakatimizda ham turli ekstremistik, aqidaparast va mutaassib oqimlarning botil aqidalariga ergashib, zalolatga yuz tutayotgan kimsalar yo‘q emas. Ularning aksari yoshlar va ayollar ekani juda og‘riqlidir. Bu kimsalar ekstremistlarning buzuq g‘oyalariga g‘arq bo‘lmoqdalar. Ularning noto‘g‘ri talqindagi “hijrat”, “jihod” kabi tushunchalarini yoqlab natijada qo‘poruvchilik, buzg‘unchilik maqsadida o‘z vatanini tark etishgacha bormoqda.

Buning natijasi o‘laroq aldangan kimsalar o‘z vatani, oilasi, tinchligidan va sof e’tiqodidan ayrilib, johillar orasida vahshiyliklarga qo‘l urmoqda. Ularni aldab tuzog‘iga tushirib olgan rahnamolarining asl maqsadi esa o‘zlari jar solayotgandek dinni yoyish, uni rivojlantirish emas, aksincha, uni yo‘q qilishdir.

Taassufki, yer yuzining turli burchaklarida gunohsiz odamlarni ommaviy o‘ldirish, terror va qo‘poruvchiliklarning sanog‘iga yetib bo‘lmay qoldi. Sof e’tiqodidan adashgan kimsalar har qanday shafqatsizlik va zolimlik, buzg‘unchilik va yovuzlikdan qaytmaydi.

Tinchlikka, jamiyat osoyishtaligiga raxna soladigan xatti-harakat, boshboshdoqlik va terrorning jamiki ko‘rinishlari buzg‘unchilik-fasod ishlari sanaladi.

Qur’oni karimda “Alloh esa buzg‘unchilik-fasodni sevmaydi” (Baqara, 205), deyilgan.      

 

Ziyoda Almedova

“Xadichai Kubro” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisasi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Harom-halolni ajratmabsiz!

28.05.2025   1751   1 min.
Harom-halolni ajratmabsiz!

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Ashraf Aliy Tahonaviy rahmatullohi alayhning bir shogirdi bo‘lib, u zot unga tazkiya va talqinga ijozat bergan edi. Bir kuni u o‘g‘ilchasini yetaklab ustozi ziyoratiga keldi. Salom-alikdan so‘ng o‘g‘lini tanishtirib, uning haqqiga duo qilishlarini so‘radi. Hazrat bolaning haqqiga duo qildilar. Gap orasida ustoz bolaning yoshini ham so‘rab qoldilar. Shogird «Bolam o‘n uch yoshda», dedi. Mamlakatdagi qonun bo‘yicha bolalarga o‘n uch yoshgacha chipta narxining yarmi to‘lanar, o‘n uchga to‘lgan kunidan boshlab ularning chiptasi ham kattalar kabi to‘la bahosiga xarid qilinar edi.

Hazrat bolaga chiptaning qaysi narxda olinganini so‘rab qoldilar. Shogirdi «Jussasi kichkina bo‘lgani uchun yarim narx to‘ladik», deb javob berdi. Shunda ustozning avzoyi birdan o‘zgarib, shunday dedilar: «Inna lillaahi va inna ilayhi roji’un! Sizga tasavvuf va tariqatning changi ham yetib kelmagan ekan. Siz haligacha harom-halolni ajratmabsiz. Bolani safarga olib chiqibsiz-u, lekin unga yo‘lkira to‘lashda harom ishga qo‘l uribsiz. Kattalar maqomiga yetgan bolaga yosh bolalarning chiptasini olib, yo‘l xizmati idorasining haqqini o‘g‘irlabsiz. O‘g‘rilik qiladigan. birovning haqqini tortib oladigan shaxs tasavvuf va tariqatda biror maqomga ega bo‘lmaydi. Shuning uchun sizga bergan ijozatimni bekor qilaman».

O‘sha shogird ibodatda mukammal kishi edi. Lekin ustoz chipta olishda, ya’ni muomalotda haromga yo‘l qo‘ygani tufayli unga bergan vakolatini bekor qildi.

Abdulmannon Andijoniy