2017 yil 17 oktyabr kuni mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Checheniston Respublikasi rahbari Ramzan Qodirov Samarqandga tashrif buyurdi. Tashrif marhum Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov qabrini ziyorat qilish bilan boshlandi. Qabr oldida taomilga ko‘ra, Qur’oni karim tilovat qilindi.
Martabali mehmon marhum yurtboshimiz Islom Karimov dafn etilgan hududda barpo etilayotgan yodgorlik majmuasi bilan yaqindan tanishdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ko‘rsatmalari asosida takomillashtirilayotgan majmuada olib borilayotgan ishlar Checheniston rahbarida katta taassurot qoldirdi.
Ramzan Qodirov Imom Buxoriy majmuasiga tashrifi asnosida Imom Buxoriy hazratlarining qabrini ziyorat etar ekan, u kishiga bo‘lgan yuksak ehtiromini izhor etdi. Bobokalonimizning qabrlari poyida Qur’oni karim oyatlaridan o‘qilib, duo qilindi. Mehmon majmua tarixi bilan tanishib, dunyo ahli tan olgan buyuk imomga ko‘rsatilayotgan davlat darajasidagi e’tiborni yuksak baholadi.
Majmua yonidan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ajdodlarimizning boy ma’naviy merosi nafaqat yurtimizda, butun islom olamida keng o‘rganilishi katta imkoniyat berishi e’tirof etildi.
Mehmonlar tashrif davomida “Xo‘ja Doniyor” ziyoratgohi, buyuk sahoba Qusam ibn Abbos roziyallohu anhu mangu qo‘nim topgan “Shohi Zinda” majmuasi va “Registon” ansamblini ham ziyorat qilishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilib, qo‘lning bosh barmog‘i quloqning yumshog‘iga yetkaziladi va "takbiri tahrima" aytib, namozga kiriladi. Qo‘llar ko‘tarilganda kaftning ichki tomoni qiblaga qaratilib, barmoqlar biroz ochilgan holatda bo‘ladi.
Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilishi haqida bir qancha hadislar kelgan:
Voil ibn Hujr roziyalloxu anhu: "Men Nabiy sollallohu alayhi va sallamni namozga kirishda takbir aytib, qo‘llarini ko‘tarib, quloqlari barobariga ko‘targanlarini ko‘rdim", dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Anas ibn Molik roziyalloxu anhu rivoyat qilgan hadisda: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namozga kirishda takbir aytib, so‘ngra ikki qo‘llarini ko‘tarib, bosh barmoqlarini quloqlariga barobar qilar edilar" (Imom Hokim va Imom Doraqutniy rivoyatlari).
Ulamolarimiz: “Hadislarda kelgan "qo‘lni quloq barobariga ko‘tarish”dan maqsad uni quloqqa tekkizishdir, chunki quloqning yumshog‘iga qo‘l tegishi qo‘lning quloq barobariga ko‘tarilganining aniq belgisidir”, deganlar. Bu haqda “Raddul Muhtor”, “Lubob fiy sharhil kitob”, “Fatavoi Qozixon”, “Sharhul Viqoya”, “Majma’ul anhur” shu kabi bir qancha mo‘tabar fiqhiy kitoblarimizda bayon qilingan.
Uychi tuman "Xizirobod" jome masjidi
imom-xatibi Sherzod Rahimov
Manba: t.me/softalimotlar