Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Fevral, 2026   |   11 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:41
Quyosh
07:00
Peshin
12:41
Asr
16:28
Shom
18:16
Xufton
19:28
Bismillah
28 Fevral, 2026, 11 Ramazon, 1447

Muborak Madinai Munavvaradagi masjidlar

12.10.2017   13918   17 min.
Muborak Madinai Munavvaradagi masjidlar

Qubo masjidi

Qubo masjidi Islom tarixida taqvo asosiga qurilgan ilk masjid bo‘lib, Alloh azza va jalla bu haqda Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: «Yana shundaylar ham borki, ular (mo‘minlarga) zarar yetkazish, kufr, mo‘minlar orasiga tafriqa solish va oldin Alloh va (Uning) Rasuliga qarshi urushgan (bir) kishiga ko‘z tutish uchun masjid qurib oldilar. Yana: “Faqat (bundan) yaxshilikni istagan edik”, deb qasam ham ichadilar. Alloh guvohlik beradiki, ular, albatta, yolg‘onchilardir! (Ey, Muhammad!) zinhor (Siz) unda (namoz o‘qish uchun) turmang! Birinchi kundan taqvoga asoslangan masjid esa, unda turishingizga loyiqroqdir. Unda poklanishni xush ko‘radigan kishilar bor. Alloh esa poklanuvchilarni sevar» (Tavba surasi, 107108-oyatlar).

Ushbu oyatlar bu masjidning ulug‘ligi, xayru-barokati va boshqa masjidlarga qaraganda afzal ekanini anglatadi. Hadisi sharifda: “Kimki uyida tahorat olib, Qubo masjidiga borsa va unda ikki rakat namoz o‘qisa, umra qilganning ajrini oladi”, deyiladi.

Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhu) dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) shanba kuni piyoda va ulovga mingan holda Qubo masjidiga borar edilar”.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Qubo masjidi qiblasi poydevoriga asos solganlar. Masjid qurilib bitkazilgach, jamoat bilan namoz o‘qishni boshlab berganlar.

Qubo masjidi Madinai munavvaraning janubiy-g‘arbiy qismida, harami nabaviydan 3–5 km. uzoqlikda joylashgan. Uning minorasi va marmardan ishlangan mehrobi bo‘lib, masjidda sahoba Abu Ayyub Ansoriyga tegishli quduq, shuningdek, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning joynamozlari mavjud bo‘lgan. Mazkur masjid Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) tuyalari cho‘kkan muborak joy sanaladi.

Madinaliklar Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ni Makkai mukarramadan chiqqanlarini eshitganlaridan so‘ng, har kuni kunning avvalgi qismida, Harra ya’ni qora toshli soy bo‘yiga chiqishardi va quyosh tikka kelgandagina qaytib ketishardi. Shunday kunlarning birida bir yahudiy Payg‘ambar (alayhissalom)ning olisdan elas-elas ko‘rinayotganlarini ko‘rib: “Hoy arab jamoasi, sizlar kutayotgan payg‘ambaringlar kelyapti!” deya qichqirdi. Ansorlar apil-tapil soy bo‘yiga yugurib, Rasulullohning yo‘llariga peshvoz chiqdilar. 

Rabi’ul avval oyida Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) Qubo masjidiga kelganlaridan keyin, Bani Amr ibn Avf jamoasining mahallasiga kelib tushdilar. Amr jamoasining oqsoqoli Kulsum ibn Hadimning uyida qoldilar.

Madinadagi munofiqlar tomonidan Qubo masjidi yaqinida bir masjid qurila boshladi. Bu masjidda munofiqlar o‘zaro maslahat qilishni, musulmonlarni kuzatib turishni maqsad qilishgan edi. Masjid Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) Tabuk g‘azotiga chiqayotganlarida qurib bitkazildi. Munofiqlar masjidni rasman ochilganini e’lon qilishni ko‘zlab Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ni ushbu masjidda namoz o‘qishga taklif qildilar. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) g‘azotda bo‘lganlari sabab bora olmadilar. G‘azotdan qaytishda esa ushbu masjid din dushmanlari tomonidan qurilgani hamda musulmonlarning orasini buzish ko‘zlanayotgani vahiy orqali ma’lum qilinib, yuqorida zikr qilingan oyati karimalar nozil bo‘ldi. Bu oyatlarda munofiqlar tomonidan qurilgan “Ziror” masjidi o‘rniga Quboda taqvolik, ixlosli musulmonlar qurgan masjid afzalligi, undagina namoz o‘qish mumkinligi buyurildi.  

Musulmonlar o‘tgan asrlar davomida Qubo masjidiga katta ahamiyat qaratganlar. Usmon bin Affon (roziyallohu anhu) undan keyin Umar bin Abdulaziz (roziyallohu anhu) masjid naqshlari va bezash ishlarini olib borganlar. Unga ayvon, sahn va me’zanalar qurdirgan. Bu masjid uchun qurilgan birinchi me’zana bo‘lgan.  Qubo masjidi hijriy 435 yilida Abu Ya’lo Husayniy, hijriy 555 yilida Jamoliddin Isfahoniy tomonidan yangiladi. hijriy 877 yilida Qubo masjidi minorasi qulab tushdi, hijriy 881 yilida Sulton Qaytboy Masjidi Nabaviyni ta’mirlagan paytida, Qubo masjidi minorasini ham yangiladi. Ma’lum qilinishicha, Usmoniylar hukmdori Sulton Mahmudxon  hijriy 1240 yilida Qubo masjidini qaytadan ta’mirladi. Shuningdek, jomeda Usmoniylar hukmronligi tomonidan bir qancha ta’mirlash ishlari olib borildi.  Mazkur ta’mirlashlarning oxiri Sulton Abdulmasjid davrida amalga oshirildi. Saudiylar davrida esa Qubo masjidiga o‘zgacha ahamiyat qaratilib, uning tashqi devorlari yangilandi va  hijriy 1388 yilida masjidning shimoliy devori kengaytirildi. Hijriy 1405 yilida Ikki harami sharif xodimi, Saudiya Arabistoni podshohi marhum qirol Fahd bin Abdulaziz janobi oliylarining farmoniga muvofiq, Qubo masjidi binolari qaytadan ta’mirlandi, uning maydoni bir necha barobar kengaytirilib, avvalgi holatini o‘z holicha saqlab qolishga katta e’tibor qaratildi. Masjid atrofidagi qadimiy binolar olib tashlandi, masjid atrofi 4 tomonlama yangi binolar qurilib, yanada kengaytirildi. Masjidda oldindan mavjud bo‘lgan yagona me’zana soni 4 taga orttirildi. Masjiddagi namozgoh maydoni 1600 kv.m. dan 5035 kv.m.ga yetdi. Masjidning umumiy maydoni esa 13500 kv.m.ni tashkil qiladi.

Miyqot masjidi

Bu masjid “Ash-Shajara” masjidi, “Abyar Ali” masjidi, “Al-Ihrom” masjidi va “Zul Hulayfa” masjidi degan nomlarni olgan. “Zul Hulayfa” bu joy nomi bo‘lib, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) unga tushishni yoqtirar edilar.

Bu haqda hadisi sharifda bunday deyiladi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Madinai Munavvaradan Makkai Mukarramaga borishlarida “Ash-Shajara” masjidida namoz o‘qirdilar. Makkai Mukarramadan qaytishlarida esa Vodiyning qa’rida joylashgan “Zul Hulayfa” masjidida ibodat qilib, tonggacha qolib ketardilar”, (Imom Buxoriy rivoyati).

Ikki harami sharif xodimi, Saudiya Arabistoni Podshohi  marhum qirol Fahd bin Abdulaziz janobi oliylarining farmoniga muvofiq, mazkur masjidda ta’mirlash, kengaytirish va masjid atrofidagi mintaqani obodonlashtirish ishlari olib borildi.

Yurtimizdan haj va umra safarlariga borgan ziyoratchilarimiz Madinadai Munavvarada 3 kun turganlaridan keyin, Umra amalini bajarishni boshlashda mana shu “Zul Hulayfa” masjidida ikki rakat namoz o‘qib, umraga niyat qiladilar.

“Musallomasjidi (Namozgoh)

Bu masjidda Rasululloh  (sollallohu alayhi va sallam)  hazratlari Iyd (hayit) va Istisqo namozlarini o‘qigan edilar. Shuning uchun ham u “Namozgoh” masjidi deb nomlangan.  Anas bin Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) namozgohga istisqo namozini o‘qish uchun chiqdilar, so‘ngra xutba qildilar va namoz o‘qilganidan keyin: “Bu bizning Ramazon va Qurbon hayitlarida duolar qiladigan, yomg‘ir so‘raydigan hamda jamoat bo‘lib namoz o‘qiydigan joyimizdir”, dedilar.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) safardan qaytganlarida, “Namozgoh” masjidiga tushib duo qilardilar.

Janoh Najjordan rivoyat qilinadi: Men Oysha binti Sa’d bin Abi Vaqqos bilan birga chiqqanimda, u mendan: “Manzilingiz qayerda?” deb so‘radi. Men: “Balotda (hozir “Namozgoh” masjidi qurilgan joy) turaman”, dedim. Shunda: “Shu manzilingizni mahkam tuting, chunki men Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) dan: “Mening masjidim bilan mana bu “Namozgoh” masjidi o‘rtasidagi joy jannat bog‘laridan bir bog‘dir”, deb aytganlarini eshitgan edim”, dedi.

Mazkur masjid “Masjidun nabaviy” ning janubiy g‘arbida, undan 500 metr uzoqlikda joylashgan.

  

Qiblatayn masjidi  (Ikki qiblali masjid)

“Goho yuzingizni (vahiy kutib) osmon bo‘ylab, o‘girib turishingizni ko‘rayapmiz. (Xotirjam bo‘ling) Sizni o‘zingiz rozi bo‘ladigan qibla (Ka’ba) ga (yuz) o‘girtiramiz. Yuzingizni Masjidi Harom(Ka’ba) tomonga buring! (Ey mo‘minlar, sizlar ham) qayerda bo‘lsangizlar, yuzlaringizni o‘sha tarafga buringiz! Ahli kitoblar bu – Parvardigorlaridan (kelgan) haqiqat (ilohiy farmon) ekanini yaxshi biladilar. Alloh ularning qilmishlaridan g‘ofil emasdir” (Baqara surasi, 144-oyat).

Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam) Makkada Ka’baga qarab namoz o‘qir edilar. Holbuki, u paytlarda Ka’ba mushriklarning qiblasi bo‘lgan edi. Biroq Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Ka’bada ibodatlarini “Maqomi Ibrohim” deyilgan joyda qilardilar. Maqomi Ibrohim Quddusga qaragan edi. Bu yerda namoz o‘qirkanlar, Rasuli akramning yuzlari ham Ka’baga, ham Quddusga yo‘nalardi. Chunki, Ka’ba Quddus bilan Payg‘ambarimiz o‘rtalarida qolardi. Hijratdan uch yil oldin Makkada Quddusga qarab namoz o‘qila boshlandi. Madinadagi ilk musulmonlar ham namozlarini Quddusga qarab o‘qishdi. Hatto, Qubo masjidi qiblasi ham Quddus tomonga qaragan edi. Quddus musulmonlar uchun hijratdan keyin ham o‘n olti oyu yana bir necha kun qibla bo‘ldi.

Rasuli akram Quddusga qarab namoz o‘qirkanlar, Ka’baning orqada qolayotganidan g‘amgin bo‘lardilar. Har kungi namozlarini Ka’baga qarab o‘qishni istardilar.

Hijratning ikkinchi yili, rajab oyining o‘rtalari, dushanba kuni edi. Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam) Bani Salama yurtida peshin namozini jamoat bilan Quddusga qarab o‘qiyotgan edilar. Namoz ichida qiblaning o‘zgargani haqida vahiy keldi. Ikkinchi rakat oxirlab qolgan edi. Musulmonlarga Makkadan Masjidi Haramga tomon qarash amri tushdi. Rasuli akram o‘sha zahotiyoq yuzlarini Quddusdan Ka’baga tomon burdilar. Jamoat ham saf bo‘lib birga burildi.

Yangi qibla tomon burilib, uchinchi va to‘rtinchi rakatlarni Masjidi Haramga qarab o‘qib, namozni tugatdilar. Shu sababdan Bani Salama masjidi ikki qiblali masjid ma’nosida "Masjidul-Qiblatayn" degan nom oldi.

Vahiy tushgach, Madinadagi va unga qo‘shni yerlardagi barcha masjidlarning qiblalari o‘zgartirildi.

Qibla o‘zgargani sababli masjidning Janubiy tomonidagi eshigi berkitildi, oldingi qibla devoridagi shimoliy tomondan eshik o‘rnatildi. Mazkur masjid “Al-Aqiyq” vodiysi yaqinidagi  “Ruma” qudug‘ining janubiy-g‘arbida va masjidun nabaviydan shimoliy-g‘arbiy tomondan 5 km. uzoqlikda joylashgan. Masjid binosi Umar bin Abdulaziz davrida (87-93 h.y.) qaytadan yangilandi. Bundan keyingi ta’mirlash ishlari hijriy 950 sanada Sulton Qonuniy davrida amalga oshirildi.

Masjid maydoni kengaytirildi, masjid atrofidagi tepalik olib tashlandi, uning o‘rniga ikki qavatli yangi bino qurdirildi. Binoning pastki qavatida imom va muazzin xonalari, yuqori qavatida esa maydoni 1190 metrdan iborat bo‘lgan namozxona mavjud. Shuningdek, masjidda maydoni 400 kv.m.ni tashkil etadigan ayollar uchun namozxona (maxsus ayvon) hamda talabalar uchun darsxona qurilgan.

Qiblatayn masjidi Saudiya Arabistoni sobiq podshosi, marhum Fahd bin Abdulaziz janobi oliylari davrida 1408 hijriy yilida qaytadan ta’mirlandi va kengaytirildi.  Mazkur masjid islomiy me’morchilik namunalarini o‘zida mujassam etgan Madinai Munavvaradagi diqqatga sazovor bo‘lgan diniy ziyoratgohlardan biri sanaladi. Ziyoratchilar uni ziyorat qilishga intiladilar.   

As-Sab’a masajid” masjidi

 (Yettita masjidlar majmuasi)

Haj va umra mavsumlarida Madinai Munavvaraga tashrif buyurgan ziyoratchilar ushbu 7 ta masjidlar majmuasini ziyorat qiladilar. Aslida 6 ta kichik masjidlar majmuasidan tarkib topgan bo‘lsada, bu nom bilan atalgan. Ayrim tarixshunoslar bu majmua tarkibidagi masjidlardan 2 km. uzoqlikda joylashgan “Qiblatayn” masjidini ham bu majmua tarkibiga kiritiladi. Chunki odatda kimki mazkur 6 ta masjidlarni ziyorat qilsa, “Qiblatayn” masjidini ham ziyorat qilishadi.

Shu bilan ziyorat qilinadigan masjidlar soni yettitani tashkil qiladi. Mazkur kichik masjidlar majmuasi Sala’ tog‘ining xandaqqa tutashgan qismidagi g‘arbiy tarafida joylashgan. Ma’lumki, ushbu xandaq Quraysh mushriklari va unga ittifoqdosh bo‘lgan qabilalarning musulmonlarga qarshi hamkorlikdagi urushidan Madinai Munavvarani himoya qilish maqsadida sahoba Salmon Forsiy taklifi bilan barpo etilgan bo‘lib, bu yerda ro‘y bergan urush “Xandaq urushi” deb nomlangan. Shuningdek, mazkur urushga “Firqalar urushi” degan nom ham berilgan.

Biz yuqorida zikr qilib o‘tgan yettita masjidlarning shimoldan janubga qarab ketma-ket joylashuvi quyida tartibda bo‘ladi: “Al-Fath”, “Salmon Forsiy”, “Abu Bakr Siddiq”, “Umar ibn Xattob”, “Ali ibn Abu Tolib” va “Fotimai Zahro” masjidlari.

 

“Al-Fath” masjidi

Bu masjid 7 ta masjidlar ichida eng kattasi sanalib, “Al-Ahzob” yoki “Al-A’lo” masjidi deb ham nomlanadi. Masjidning “Al-Fath” deb nomlanishiga sabab, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Ahzob g‘azoti paytida bu masjidda namoz o‘qiganlar va bu yerda Qur’oni karimdagi Fath surasi nozil bo‘lgan yoki bu g‘azot musulmonlarga g‘alaba keltirgani tufaylidir. Mazkur masjid o‘rnida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dushman ustidan g‘alaba qozonish uchun Allohga uch kun iltijo qilganlar. Nihoyat uchinchi kuni u kishining duolari mustajob bo‘lgan. “Al-Fath” masjidini Umar bin Abdulaziz (roziyallohu anhu) Madinai Munavvaraga hokimlik qilganida 87-93 hijriy yilida toshdan bino qildirgan. So‘ngra, Sayfuddin bin Abi Hijo buyrug‘iga asosan, hijriy 575 yilda yangilangan va hijriy 1268 (milodiy 1851) yilda Usmoniylar hukmdori Abdulmasjid I davrida masjid binosi qaytadan ta’mirlangan.

 

“Salmon Forsiy” masjidi

Bu masjid “Al-Fath” masjidining janubida, Sala’ tog‘idan 20 m. uzoqlikda joylashgan. Madinai Munavvarani dushmanlar hujumidan bartaraf etish uchun xandaq qazish fikrini oldinga surgan buyuk sahoba Salmon Forsiy nomi bilan yuritiladi. Masjidda eni va uzunligi 7 m. bo‘lgan uzun ayvon mavjud. “Salmon Forsiy” masjidi Umar bin Abdulaziz davrida barpo qilindi. Vazir Sayfuddin Abi Hijo tomonidan hijriy 575 yilda yangilandi. So‘ngra masjid binosi Usmoniylar hukmdori Abdulmasjid I davrida qaytadan ta’mirlandi.

Abu Bakr Siddiq masjidi

“Salmon Forsiy” jome masjidining janubiy-g‘arbiy qismida, undan 15 m. uzoqlikda joylashgan bo‘lib, yuqoridagi sobiq ikki masjidlar bilan birgalikda ta’mirlangan. Ikki harami sharif xodimi, sobiq podshoh marhum Fahd bin Abdulaziz janobi oliylari farmoni bilan masjidda qayta ta’mirlash va kengaytirish ishlari olib borilgan.

 

“Umar ibn Xattob” masjidi

“Abu Bakr Siddiq” masjididan 10 m. uzoqda janubda joylashgan, ushbu  masjid uzun ayvon va hovlidan iborat bo‘lib, uning qurilish uslubi “Fath” jomei singaridir. Masjidning “Fath” masjidi bilan birga qurilgani va yangilangani haqida ma’lumotlar mavjud.

 

Ali ibn Abu Tolib masjidi

“Fotimai Zahro” masjidining sharqiy tomonida joylashgan bo‘lib, uning balandligi 8,5 m. va eni esa 6,5 m.ni tashkil etadi. Bu masjidning ham “Fath” masjidi bilan birga qurilgani va yangilangani haqida ma’lumotlar bor. Ma’lum qilinishicha, Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu) mana shu joyda “Ahzob” g‘azotida xandaqdan o‘tishga harakat qilayotgan dushman lashkaridan Amr bin Vud O’miriyni o‘ldirgan.

 

“Fotimai Zahro” masjidi

Tarixiy manbalarda ushbu masjid Sa’d bin Muoz masjidi deb ham yuritiladi. U mana shu 6 ta masjidlar ichida eng kichigi sanalib, 3x4 m. maydonda barpo etilgan. Masjid oxirgi marta Usmoniylar hukmdori Sulton Abdulmasjid I davrida hijriy 1268 (milodiy 1851) yilda qayta ta’mirlangan.

Yuqorida zikr qilingan 6 ta masjidlarning barchasi o‘zining tarixiy holatini saqlab qolgan. Hozirda mazkur masjidlar yangi ko‘rinishda ta’mirlangan. Madinai Munavvara shahri ma’muriyati bu mintaqani obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirdi.

 

        Ilyosxon AHMЕDOV,

Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi.

 

 

 

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

XORIJDAGI 50 TA SHAHARDA VATANDOSHLAR UCHUN RAMAZON TADBIRLARI O‘TKAZILADI

27.02.2026   13319   1 min.
XORIJDAGI 50 TA SHAHARDA VATANDOSHLAR UCHUN RAMAZON TADBIRLARI O‘TKAZILADI

Muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan xorijda yashayotgan vatandoshlar uchun keng ko‘lamli iftorlik va ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda. Joriy yilda ushbu ezgu tashabbus doirasida 50 shaharni qamrab olinib, xorijda mehnat qilayotgan, ta’lim olayotgan va doimiy yashab kelayotgan yurtdoshlarimizni birlashtirmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Makka, Madina, Seul, Istanbul, Anqara, Qohira, Ammon, Kuala-Lumpur, Vashington, Nyu-York, Toronto kabi yirik shaharlarda iftorliklar o‘tkazilmoqda. Shuningdek, vatandoshlar homiyligida Dallas, Filadelfiya, Orlando, Novosibirsk, Tomsk va Yekaterinburg shaharlarida ham iftorliklar tashkil etilmoqda.

Mazkur xayrli ishlar mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda. 

Ularda taniqli ulamolar va imom-xatiblar ishtirok etib, dinimizning insonparvarlik mohiyati, milliy qadriyatlar tarannumi, Vatanga muhabbat va yot g‘oyalardan saqlanish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Shu vaqtgacha O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan xizmat safariga yuborilgan imom-xatiblar tomonidan AQSH, Rossiya va Janubiy Koreyada 90 ta ma’rifiy suhbat va taroveh namozlari o‘tkazilib, ularda 15 mingdan ziyod vatandoshimiz ishtirok etdi. 

Ma’rifiy suhbatlar yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, shukronalik, go‘zal axloq, o‘zaro hurmat, milliy qadriyatlarga ehtirom, Vatanga muhabbat va turli yot oqimlardan saqlanish kabi mavzularni o‘z ichiga olgan. 

Mazkur tadbirlardan ko‘zlangan maqsad xorijdagi vatandoshlarimizni ma’naviy-ma’rifiy qo‘llab-quvvatlash, ona yurt bilan bog‘liqlik tuyg‘usini yanada mustahkamlash va yurtdoshlar o‘rtasida birdamlikni kuchaytirishdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 
Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari