Bugun, 10 iyul kuni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayx-ul-Islom Ollohshukur Poshshozodaning taklifiga binoan, Ozarbayjon Respublikasining Baku shahriga jo‘nab ketdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tashrif davomida ikki diniy idora o‘rtasidagi mavjud aloqalarni yanada rivojlantirish va hamkorlik sohalarini kengaytirishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, safar davomida vakillarimiz Ozarbayjonning bir qator davlat tashkilotlarida ham bo‘lib, u yerda uchrashuvlar o‘tkazishi belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston delegatsiyasining Ozarbayjonga tashrifi 13 iyul kuniga qadar davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Xalqaro aloqalar bo‘limi
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi hamda qator vazirlik va idoralar hamkorligida 16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan joriy yilning 10-15-noyabr kunlari respublikaning barcha hududida "Bag‘rikenglik haftaligi" o‘tkaziladi.
Haftalikni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad – mamlakatimizda millatlararo totuvlik, dinlararo hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlash, fuqarolar o‘rtasida o‘zaro hurmat va birdamlik fazilatlarini targ‘ib etishdan iborat.
Haftalik doirasida viloyatlar va Toshkent shahridagi nufuzli tomosha maydonlari, so‘lim hiyobonlar va bog‘larda turli madaniy, ilmiy-amaliy va ma’rifiy tadbirlar, "O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor" shiori ostida konsert dasturlari, foto ko‘rgazmalar, qardosh xalqlar yozuvchi-shoir va rassomlarining badiiy asarlari taqdimoti, turli ekskursiyalar, sport o‘yinlari, intellektual va boshqa turdagi musobaqalar o‘tkaziladi.
Barcha yurtdoshlarimizni bag‘rikenglik, hamjihatlik va totuvlik bayramini birgalikda nishonlashga chorlaymiz!
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Axborot xizmati