Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Yanvar, 2026   |   28 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:46
Peshin
12:38
Asr
15:39
Shom
17:25
Xufton
18:42
Bismillah
17 Yanvar, 2026, 28 Rajab, 1447

Ramazon hayitini belgilash masalasi

25.06.2017   97714   5 min.
Ramazon hayitini belgilash masalasi

Har yili Ramazon oyi boshlanishi va hayit kunini aniqlashda, O‘zbekiston ulamolari islom dini ko‘rsatmalari va Astranomiya instituti ma’lumotlariga tayanishadi. Mana shunday manbalarga asoslanib, diniy idora ulamolari obdon o‘ylab, keyin bir qaror qabul qiladi. Lekin, ayrim kishilar ulamolarimiz qaroriga itoat etmay, “bugun falon arab yurtida yoki falon qo‘shni mamlakatda hayit ekan”, deb ro‘zasini ochganlar ham uchramoqda. Ammo, bunday ish tutishdan dinimiz qattiq qaytaradi.

Ma’lumki, Islomda sanalar qamariy oy bilan hisoblanib, ularning boshlanishi yangi oy hilolini ko‘rinishi bilan belgilanadi. O‘zbekistonda Ramazon hayitining birinchi kunini belgilashda Astronomiya institutining hilol – yangi oyni ko‘rish haqidagi ma’lumoti va O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolari xulosasi asos qilib olindi. Astranomiya institutining bergan ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilda O‘zbekistonda hilolning ko‘rinishi 25  iyun yakshanba kuni Quyosh botgandan so‘ng, kechqurun kuzatilishi qayd etiladi. Shunga ko‘ra, O‘zbekiston musumonlari idorasi ulamolari tomonidan 26 iyun dushanba kuni hayitning birinchi kuni deb e’lon qilindi.

Bunday to‘xtamga kelinishi Islom ta’limotiga muvofiq, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning: “Yangi oyni ko‘rib ro‘za tutinglar va yangi oyni ko‘rib hayit qilinglar”, degan hadisi shariflariga to‘la mos keladi. Shuningdek, Islom fiqhi akademiyasining “Boshqa mamlakatlarda oyning ko‘rinishidan qat’iy nazar, dunyoning qaysi bir mamlakatida yangi oy hiloli oddiy ko‘z bilan yoki astronomik jihozlar orqali ko‘rilgan bo‘lsa, unga amal qilishlari zarur deb hisoblansin”, degan qaroriga ham hamohangdir.

Ramazon oyining yurtimizda to‘liq 30 kun davom etishi azaliy milliy  va diniy qadriyatlarimiz hamda urf-odatlarimizga mos va hamohang hisoblanadi. Ramazon oyining to‘liq 30 kun bo‘lishi haqida muhaddislardan Abu Dovud va Nasoiyning sahoba Huzayfadan qilgan rivoyatlarida Payg‘ambar (sallollohu alayhi va sallam) quyidagicha marhamat qilganlar: “Ramazon oyidan oldin tutmanglar, yangi oyni (Ramazon hilolini) ko‘ringlar. Ramazon kunlari sanog‘ini to‘ldiringlar!”.

Mashhur muhaddislardan Imom Ahmad, Imom Muslim va Imom Termiziylarning Payg‘ambar  (sallollohu alayhi va sallam)ning izdoshi, yetuk  fiqh olimi Ibn Abbosdan keltirgan rivoyatiga ko‘ra: “Ramazon oyi o‘ttizga to‘ldiriladi va yangi Shavvol oyi boshlanadi”, deb ta’kidlangan.

Yuqoridagi asosli dalillar va ish boshilarning qaroriga amal qilish har bir ummat uchun vojib bo‘ladi. Hech qaysi bir shariat ko‘rsatmalarida ro‘zaning boshlanish kuni yoki Ramazon hayitining birinchi kunini aniqlashda muayyan bir arab yoki boshqa davlatga taqlid qilinsin, degan ko‘rsatma yo‘q.

Yana bir masala, bu yil mamlakatimizda O‘zbekiston musulmonlari idorasi qoshida tuzilgan Shavvol oyi hilolini kuzatish, ya’ni Ramazon hayitining birinchi kunini aniqlash bo‘yicha hay’at tuzilib, 2017 yil 24 iyun kuni Respublikamizning Andijon, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Farg‘ona, Xorazm, Qashqadaryo viloyatlari hamda Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasida Shavvol oyining hiloli chiqishini kuzatish bo‘yicha maxsus hay’at ish olib bordi. Hay’at a’zolari Toshkent shahrida kechki soat 19:30 dan soat 20:30 gacha, hududlarda namoz vaqtidagi oraliq tafovutni inobatga olgan holda bir soat davomida hilolni kuzatishgan. Hay’at a’zolarining yakdil xulosalariga ko‘ra, yangi hilol ko‘rinmagan.

 Demak, ibodat masalalarida ehtiyot bo‘lish kerak. Falon yurtda bugun hayit ekan, deb og‘izni ochib yuborish mumkin emas. Zero, Ramazon ro‘zasining boshlanishi ham, tugashi ham muftiy e’lon qilishi bilan aniq bo‘ladi.

Agar bir musulmon yurtda yangi oy chiqishini aniqlashga mas’ul idora ro‘za tutish yoki ro‘zani ochish bo‘yicha qaror chiqarsa, o‘sha yurt musulmonlari bunga itoat qilishlari, bo‘ysunishlari shart. Chunki bu hukm “Har bir yurt ahli o‘zlari yangi oyni ko‘radilar”, degan qarashga asoslangan bo‘ladi (“Hidoya”, “Olamgiriya” kitoblari asosida).

Shayx Yusuf Qarazoviy aytadi: “... Bir yurt yoki bir shahar fuqarolarining bir-biridan ajralib, bir guruhi bugun Ramazon deb ro‘za tutishi, boshqasi uni Sha’bondan deb tutmasligi, oy oxirida esa, bir guruhi ro‘za tutib, bir guruhi hayit qilishi qabul qilinmaydigan bir holatdir”.

Xulosa shuki, har bir yurt ahli ulamolari yangi oyni ko‘rishga harakat qilishlari va fuqarolar shunga amal qilishlari kerak. Demak, ayrim mamlakatlarning Ramazon hayitini boshlashi bizning hayitni boshlash kunidan farq qilishi mumkin.

Shuning uchun mo‘min-musulmonlarimizni yuqorida bayon qilinganlarni chuqur anglab, boshqalarga taqlid qilib, xatoga yo‘l qo‘ymasliklariga chaqiramiz.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Fatvo hay’ati

 

 

 

 

 

Ramazon
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Isro va Me’roj mo‘jizasidan olishimiz kerak bo‘lgan ko‘p hikmatlar bor

16.01.2026   6586   2 min.
Isro va Me’roj mo‘jizasidan olishimiz kerak bo‘lgan ko‘p hikmatlar bor

#xabar #muftiy #juma

 Bugun, 16 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi "Abu Saxiy" jome masjidida ado etdilar.

 Muftiy hazratlari namozdan oldin jamoatga “Isro va me’roj voqeasi hikmatlari” mavzusida ma’ruza qilib berdilar.

Islom tarixidan ma’lumki, payg‘ambarlikning o‘ninchi yilida Alloh taolo Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamni bir kechada Makkadagi Masjidul Haromdan Quddusdagi Masjidul Aqsoga sayr qildirib, u yerdan osmonlarga ko‘tardi. Bu haqda Isro surasining 1-oyatida bunday xabar berilgan: “O‘z bandasi (Muhammad)ni bir kechada Masjidul Haromdan atrofini barakotli qilganimiz Masjidul Aqsoga olib borgan Zot (Alloh) barcha nuqsonlardan pokdir. Biz unga oyatlarimizdan (mo‘jizalarimizni) ko‘rsatish uchun (shu ishni qildik). Albatta, U eshituvchi va ko‘ruvchidir”.

 Ma’ruzada aytilganidek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam osmonlarga jismlari bilan ko‘tarilganlar. Har osmonda payg‘ambarlar va ko‘plab farishtalar bilan ko‘rishganlar. U zotga jannat va jahannam ahlining holi qanday bo‘lishi ko‘rsatilgan. Sidratul-muntaho – yaratilgan mavjudotlar ilmi va harakati tugaydigan joyga yetib, Allohning g‘ayb olamida ko‘pgina ajoyibotlarni ko‘rganlar. O‘shanda ba’zi oyatlar nozil bo‘lgan, besh vaqt namoz farz qilingan.

 Muftiy hazratlari ushbu buyuk mo‘jizadan olishimiz zarur bo‘lgan ayrim hikmatlarga to‘xtalib o‘tdilar. Jumladan, Allohning qudrati mutlaqo cheksizligi, Payg‘ambar alayhissalomning maqomlari naqadar ulug‘ligi, namoz – eng oliy maqomda amr qilingan ulug‘ ibodat ekani, imon – g‘oyibga ishonish ekani kabilarni oyat va hadislar bilan sharhlab berdilar.

 Manfaatli suhbat so‘ngida Alloh taolo barchamizni ushbu buyuk mo‘jizadan munosib ibrat olib, imon-e’tiqodda sobitqadam, hayot sinovlarida sabrli, O‘zidan umidini uzmaydigan bandalaridan qilishini so‘rab duo qilindi.

 O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

 

Isro va Me’roj mo‘jizasidan olishimiz kerak bo‘lgan ko‘p hikmatlar bor Isro va Me’roj mo‘jizasidan olishimiz kerak bo‘lgan ko‘p hikmatlar bor Isro va Me’roj mo‘jizasidan olishimiz kerak bo‘lgan ko‘p hikmatlar bor Isro va Me’roj mo‘jizasidan olishimiz kerak bo‘lgan ko‘p hikmatlar bor Isro va Me’roj mo‘jizasidan olishimiz kerak bo‘lgan ko‘p hikmatlar bor Isro va Me’roj mo‘jizasidan olishimiz kerak bo‘lgan ko‘p hikmatlar bor Isro va Me’roj mo‘jizasidan olishimiz kerak bo‘lgan ko‘p hikmatlar bor Isro va Me’roj mo‘jizasidan olishimiz kerak bo‘lgan ko‘p hikmatlar bor Isro va Me’roj mo‘jizasidan olishimiz kerak bo‘lgan ko‘p hikmatlar bor
O'zbekiston yangiliklari