Har yili Ramazon oyi boshlanishi va hayit kunini aniqlashda, O‘zbekiston ulamolari islom dini ko‘rsatmalari va Astranomiya instituti ma’lumotlariga tayanishadi. Mana shunday manbalarga asoslanib, diniy idora ulamolari obdon o‘ylab, keyin bir qaror qabul qiladi. Lekin, ayrim kishilar ulamolarimiz qaroriga itoat etmay, “bugun falon arab yurtida yoki falon qo‘shni mamlakatda hayit ekan”, deb ro‘zasini ochganlar ham uchramoqda. Ammo, bunday ish tutishdan dinimiz qattiq qaytaradi.
Ma’lumki, Islomda sanalar qamariy oy bilan hisoblanib, ularning boshlanishi yangi oy hilolini ko‘rinishi bilan belgilanadi. O‘zbekistonda Ramazon hayitining birinchi kunini belgilashda Astronomiya institutining hilol – yangi oyni ko‘rish haqidagi ma’lumoti va O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolari xulosasi asos qilib olindi. Astranomiya institutining bergan ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilda O‘zbekistonda hilolning ko‘rinishi 25 iyun yakshanba kuni Quyosh botgandan so‘ng, kechqurun kuzatilishi qayd etiladi. Shunga ko‘ra, O‘zbekiston musumonlari idorasi ulamolari tomonidan 26 iyun dushanba kuni hayitning birinchi kuni deb e’lon qilindi.
Bunday to‘xtamga kelinishi Islom ta’limotiga muvofiq, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning: “Yangi oyni ko‘rib ro‘za tutinglar va yangi oyni ko‘rib hayit qilinglar”, degan hadisi shariflariga to‘la mos keladi. Shuningdek, Islom fiqhi akademiyasining “Boshqa mamlakatlarda oyning ko‘rinishidan qat’iy nazar, dunyoning qaysi bir mamlakatida yangi oy hiloli oddiy ko‘z bilan yoki astronomik jihozlar orqali ko‘rilgan bo‘lsa, unga amal qilishlari zarur deb hisoblansin”, degan qaroriga ham hamohangdir.
Ramazon oyining yurtimizda to‘liq 30 kun davom etishi azaliy milliy va diniy qadriyatlarimiz hamda urf-odatlarimizga mos va hamohang hisoblanadi. Ramazon oyining to‘liq 30 kun bo‘lishi haqida muhaddislardan Abu Dovud va Nasoiyning sahoba Huzayfadan qilgan rivoyatlarida Payg‘ambar (sallollohu alayhi va sallam) quyidagicha marhamat qilganlar: “Ramazon oyidan oldin tutmanglar, yangi oyni (Ramazon hilolini) ko‘ringlar. Ramazon kunlari sanog‘ini to‘ldiringlar!”.
Mashhur muhaddislardan Imom Ahmad, Imom Muslim va Imom Termiziylarning Payg‘ambar (sallollohu alayhi va sallam)ning izdoshi, yetuk fiqh olimi Ibn Abbosdan keltirgan rivoyatiga ko‘ra: “Ramazon oyi o‘ttizga to‘ldiriladi va yangi Shavvol oyi boshlanadi”, deb ta’kidlangan.
Yuqoridagi asosli dalillar va ish boshilarning qaroriga amal qilish har bir ummat uchun vojib bo‘ladi. Hech qaysi bir shariat ko‘rsatmalarida ro‘zaning boshlanish kuni yoki Ramazon hayitining birinchi kunini aniqlashda muayyan bir arab yoki boshqa davlatga taqlid qilinsin, degan ko‘rsatma yo‘q.
Yana bir masala, bu yil mamlakatimizda O‘zbekiston musulmonlari idorasi qoshida tuzilgan Shavvol oyi hilolini kuzatish, ya’ni Ramazon hayitining birinchi kunini aniqlash bo‘yicha hay’at tuzilib, 2017 yil 24 iyun kuni Respublikamizning Andijon, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Farg‘ona, Xorazm, Qashqadaryo viloyatlari hamda Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasida Shavvol oyining hiloli chiqishini kuzatish bo‘yicha maxsus hay’at ish olib bordi. Hay’at a’zolari Toshkent shahrida kechki soat 19:30 dan soat 20:30 gacha, hududlarda namoz vaqtidagi oraliq tafovutni inobatga olgan holda bir soat davomida hilolni kuzatishgan. Hay’at a’zolarining yakdil xulosalariga ko‘ra, yangi hilol ko‘rinmagan.
Demak, ibodat masalalarida ehtiyot bo‘lish kerak. Falon yurtda bugun hayit ekan, deb og‘izni ochib yuborish mumkin emas. Zero, Ramazon ro‘zasining boshlanishi ham, tugashi ham muftiy e’lon qilishi bilan aniq bo‘ladi.
Agar bir musulmon yurtda yangi oy chiqishini aniqlashga mas’ul idora ro‘za tutish yoki ro‘zani ochish bo‘yicha qaror chiqarsa, o‘sha yurt musulmonlari bunga itoat qilishlari, bo‘ysunishlari shart. Chunki bu hukm “Har bir yurt ahli o‘zlari yangi oyni ko‘radilar”, degan qarashga asoslangan bo‘ladi (“Hidoya”, “Olamgiriya” kitoblari asosida).
Shayx Yusuf Qarazoviy aytadi: “... Bir yurt yoki bir shahar fuqarolarining bir-biridan ajralib, bir guruhi bugun Ramazon deb ro‘za tutishi, boshqasi uni Sha’bondan deb tutmasligi, oy oxirida esa, bir guruhi ro‘za tutib, bir guruhi hayit qilishi qabul qilinmaydigan bir holatdir”.
Xulosa shuki, har bir yurt ahli ulamolari yangi oyni ko‘rishga harakat qilishlari va fuqarolar shunga amal qilishlari kerak. Demak, ayrim mamlakatlarning Ramazon hayitini boshlashi bizning hayitni boshlash kunidan farq qilishi mumkin.
Shuning uchun mo‘min-musulmonlarimizni yuqorida bayon qilinganlarni chuqur anglab, boshqalarga taqlid qilib, xatoga yo‘l qo‘ymasliklariga chaqiramiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo hay’ati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
“G‘azablanma!” – bu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning mashhur hadislaridandir. Biz, avvalo, nima uchun g‘azablanayotganimizni anglab yetishimiz lozim.
Asabimizni qo‘zg‘aydigan birorta so‘z yoki qandaydir ish tufayli g‘azablanamiz. Lekin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam har qanday vaziyatda g‘azabni yutishga chaqirganlar. Jumladan bir hadisda: “Kim g‘azablanishga qodir bo‘la turib, g‘azabini ichiga yutsa, Alloh taolo uning qalbini xotirjamlik va iymonga to‘ldirib qo‘yadi”[1], deganlar.
Agarda sizga xush kelmaydigan har narsaga achchiq qilaversangiz, ichingizda g‘azabning cho‘g‘i hech qachon so‘nmaydi. G‘azablanmaslik borasida quyidagilarni tavsiya qilamiz:
Yo‘llar tirband bo‘lib, mashinalar tinmay signal chalayotgan bo‘lsa g‘azablanmang. Sababi, sizning bu achchiqlanishingiz qizil chiroqni yashilga o‘tkazib qo‘ymaydi. Lekin asab tomirlaringiz yemiriladi, yurak urishingiz tezlashadi, bu esa qon bosimingiz oshishiga sabab bo‘ladi.
Yo‘llardagi tirbandlik sabab kelishilgan joyga o‘z vaqtida yetib borolmasangiz ham g‘azablanmang. Uning o‘rniga shunday deng: “Allohning qadari. O‘zi xohlagani bo‘ldi”. Keyingi safar yo‘lga sal ertaroq chiqing va albatta, vaqtning hisobini oling.
Birorta odam sizni tanqid qilib sizga tanbeh bergani yoki siz bilan qo‘pol munosabatda bo‘lgani uchun achchig‘ingiz keladi. Shunday paytlarda yaxshi gumonda bo‘ling. “U aslida nasihat qilmoqchi bo‘ldi. Ammo buni aytish uchun yo‘l topolmadi, uning gapirish odati shunday bo‘lsa kerak”, deb qo‘ya qoling.
Tomas Karleyl[2] aytadi: “Biror-bir munozarada asabiylashsak, o‘sha paytda haqiqatni izlashdan to‘xtaymiz va shaxsiyatga tarafkashlik uchun harakat qilishga o‘tamiz”.
Agar siz tortishuvlar ichida bo‘lsangiz, nima bo‘lishidan qat’i nazar, mo‘ljalingizni haqni izlashga yo‘naltiring. Imom Shofe’iy shunday deganlar: “Men kim bilan tortishgan bo‘lsam, haq mendan ko‘ra qarshimdagi kishining tilida ayon bo‘lishiga orzumand bo‘lganman”.
Rivoyat qilinishicha, bir kuni Maymun ibn Mehronning joriyasi qaynoq sho‘rva solingan idish keltirdi va qoqilib ketib sho‘rvani Maymunning ustiga to‘kib yubordi. Maymun uni urmoqchi bo‘lib shaylanganida, joriya: “Xojam, Alloh taoloning «...G‘azabini yutadiganlar...» (Oli Imron surasi, 134-oyat) degan so‘ziga amal qiling”, dedi. Maymun unga javoban: “Mayli, shunday qilganim bo‘lsin”, dedi. “Joriya yana Allohning «...Odamlarni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlar...» (Oli Imron surasi, 134-oyat) degan so‘ziga ham amal qiling”, dedi. Shunda Maymun unga qarata: “Mayli, seni kechirdim”, dedi. Joriya gapida davom etib: «...Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar» (Oli Imron surasi, 134-oyat), dedi. Maymun esa “Men senga yaxshilik qildim va sen hoziroq Alloh uchun ozod bo‘lding”, dedi.
Bir hakim zot aytadi: “Bora-bora hayot darslaridan ko‘p narsalarni o‘rganib olar ekansan: o‘t o‘chiruvchilar o‘tni o‘t bilan o‘chirmasliklarini bir mulohaza qilib ko‘rgin...”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Abu Dovud rivoyati.
[2] Tomos Karleyl (1795–1881) – asli shotland bo‘lgan britan yozuvchisi. Falsafa, tarix, tarjima bilan ham shug‘ullangan. (Tarj.)