Ramazon oyida qalblarimizda o‘zgacha bir tuyg‘u, harakatlarimizda o‘zgacha bir samimiyat, hayollarimizda Allohning cheksiz rahmatidan umidvorlik, ibodatlarimizda o‘zgacha bir xushu’ bor.
Ne ne payg‘ambarlar oxiri zamon payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummati bo‘lish orzusida o‘tganlar. Chunki Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning ummatlariga Allohning cheksiz marhamatlari bisyor.
Allohning ana shunday ne’matlari ichida Ramazon oyi va unda ming oydanda yaxshiroq bo‘lgan Qadr kechasining fazli biz ummatlarga berilgan bebaho boyligidir.
Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlar: “Kimki Qadr kechasida imon-e’tiqod, qanoat va ishonch bilan tursa oldingi gunohlari kechiriladi, kimki Ramazon ro‘zasini imon-e’tiqod va ishonch bilan tutsa, oldingi qilgan gunohlari kechiriladi”.
(Imom Buxoriy rivoyati).
“To‘rt kechaning kunduzi ham kechasi kabi fazilatlidir. Allohu taolo bu kunlarda duo etgan kishining duosini rad etmaydi, ularni mag‘firat etadi va ular bu kuni mo‘l ehsonga ega bo‘ladilar. Bular qadr kechasi, arafa kechasi, barot kechasi, juma kechasi kunlaridir.” (Daylamiy)
Bunday muborak vaqtlarda gunohlardan uzoq turish, toatlarni, ibodatlarni va har turli xayrli ishlarni ko‘paytirish kerak. Alloh taolo g‘animat qilib bergan vaqtning barokatini, hurmatini va sharafini his etishimiz darkor.
Rivoyat qilinishicha, bir kuni Muso alayhissalom Alloh taologa nido qilib: “Iloho, sening yaqinligingni bilishni istayman”, - dedi. Alloh taolo: “Men Qadr tunida uyg‘oq bo‘lganlarga yaqindirman”, - dedi. Muso alayhissalom yana: “Iloho, sening rahmatingning orzusidaman”, - dedi. Alloh taolo: “Mening rahmatim Qadr kechasida miskinlarga rahm qilganlargadir”, - dedi. Muso alayhissalom: “Iloho, sirot ko‘prigidan yashindek o‘tishni istayman”, - deganlarida, Alloh taolo: “Qadr kechasida faqirlarga sadaqa berganlarni oldinroq o‘tkazaman”, - dedi. Muso alayhissalom nidolarini davom etib: “Iloho, jannat bog‘larida bo‘lishni va ularning mevasidan tanovul qilishni istayman”, - dedi. “Qadr kechasida tasbeh aytib, Meni zikr etish bilan mashg‘ul bo‘lganlar jannat bog‘lariga sazovor bo‘lishadi”, - dedi Alloh. Muso alayhissalom: “Iloho, do‘zaxdan najot topishni istayman”, - deganlarida, Alloh taolo “Qadr kechasida istig‘forni ko‘p aytganlar do‘zaxdan najot topadilar”, - dedi. Muso alayhissalom yana iltijo qilib: “Iloho, sening roziligingni topishni istayman”, - deganlarida, Alloh haq subhanahu va taolo: “Ey Muso, Mening roziligimni qadr kechasida ikki rak’at nafl namoz o‘qiganlar topadilar”, - dedi (“Zubdatul vo’izin” kitobidan).
Qadr kechasida ilm o‘rganish, Qur’oni karimni tilovat qilish, qazo namozlarini o‘qish, tasbeh, takbir, tahlil aytish, sadaqa berish, atrofdagilarga chiroyli muomalada bo‘lish boshqa vaqtda qilingan ibodatlarga nisbatan ajri savobi ulug‘dir.
O‘zimiz, oila a’zolarimiz, farzandlarimiz va yaqinlarimizni ming oyning savobi yog‘ilib turadigan ushbu kechada yaxshiliklarga chorlab, ezgu amallar qilishga undashimiz darkor. Bemorlarni borib ko‘rish, nochorlarga yordam berish, qalbni xursand qiladigan so‘zlar aytib, atrofdagilar ko‘nglini ko‘tarish ham savob amallardandir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Munira ABUBAKIROVA
Alloh taoloning insonlarga bergan barcha ne’matlari omonat bo‘lganidek molu davlat ham omonat. Shu bois uni buyurilgan joylarga sarflash kerak.
Qur’oni karimning ko‘p oyatlarida ehson haqida oyat bor. Jumladan, Oli Imron surasida bunday deyiladi: “Suygan narsalaringizdan ehson qilmagu ningizgacha sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar. Nimaniki ehson qilsangiz, albatta, Alloh uni biluvchidir” (Oli Imron surasi, 92-oyat).
Boshqa bir oyati karimada: “Sadaqalaringizni agar oshkora bersangiz, juda yaxshi. Bordiyu, kambag‘allarga pinhona bersangiz – o‘zingiz uchun yanada yaxshiroqdir va (U) gunohla ringizdan o‘tar. Alloh qilayotgan (barcha) ishlaringizdan xabardordir”, deya marhamat qilinadi (Baqara surasi, 271-oyat).
Oyatning zohiridan sadaqalarning barcha turlarini oshkora yoki pinhona berishning joiz ligi, ammo pinhona afzal ekani ma’lum bo‘ladi. Lekin ba’zi ulamolar farz yoki vojib sadaqalarni, ya’ni zakot, ushr, fitr sadaqasi va kafforatlarni oshkora bergan afzal, ixtiyoriy nafl sadaqalar esa pinhona berilgani yaxshidir, deydilar. Zero, vojib sadaqalar pinhona berilsa, odamlar orasida zakot berilmayapti, degan shubhalar tug‘ilishi mumkin. Ammo nafl sadaqalar ham ba’zan boshqalar ko‘rib o‘rnak olsin, degan maqsadda oshkora berilgani yaxshi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Albatta sadaqa o‘z egasini qabr issiqli gidan saqlaydi. Sadaqa qiluvchi mo‘min qiyomat kuni o‘z sadaqasi soyasida turadi”, deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati). Shu bilan birga, sadaqa gunohlarning o‘chirilishiga sabab bo‘ladi. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “…Suv olovni o‘chirganidek sadaqa gunohlarni o‘chiradi”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Ulamolarimiz ehson qilish insonning iymonini tasdiqlovchi amal deyishgan. Chunki kishi ehson berib, iymonini sinovdan o‘tkazadi. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Sadaqa hujjat va dalildir (ya’ni iymoni borligiga)”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati). Demak, saxovat qilish bilan kishi yana bir bor iymoni mustahkamligini tasdiqlovchi hujjatni qo‘lga kiritgan bo‘ladi.
Hadisda: “Uch narsaga qasam ichaman: bandaning moli sadaqa ila nuqsonga uchramas. Banda bir zulmga uchrasa-yu, unga sabr qilsa, albatta, Alloh uning izzatini ziyoda qilur. Banda tilanchilik eshigini ochsa, albatta, Alloh unga faqirlik eshigini ochar”, deyilgan (Imom Ahmad rivoyati).
Afsuski, bugun moldunyosi bo‘laturib, yaqinlariga, qavmqarindoshu muhtojlarga yordam bermayotgan insonlarni ko‘plab uchratamiz. Bunday insonlar haqida Alloh taolo: «Sizlarning (har) biringizga o‘lim kelganda: “Ey Rabbim! Meni ozgina (tirik) qoldirsangchi, men sadaqa qilib, solih (banda)lardan bo‘lsam!” deb qolishidan ilgari Biz sizlarga rizq qilib bergan narsalardan ehson qilingiz!» (Munofiqun surasi, 10-oyat) deya ogohlantiradi. Kuchquvvatning borida, boylikning ko‘pligida sadaqa qilishni esga ham olmay, o‘lim elchisi eshik qoqib kelganda Allohga yolvorib: “Meni ozgina (tirik) qoldirsangchi, men sadaqa qilib, solih (banda)lardan bo‘lsam!” degandan foyda yo‘q. Balki yoshlikda, kuchquvvat borida ibodatlarni o‘rnida ado etib, xayru ehson qilib, o‘zgalarning hojatini chiqarib, savob amallarni ko‘paytirish kerak.
Qolaversa, saxovatli kishi bu amallari bilan ulkan ajrlarni qo‘lga kiritadi. Hadisi shariflarda boquvchisi yo‘q va miskinlarga yordam bergan kimsa haqida bunday deyilgan: “Beva va miskinlarni boqish yo‘lida sa’y-harakat qiluvchi kishi xuddi Alloh yo‘lida jiddu jahd qiluvchi kishidek va kunduzi ro‘zador, kechasi esa ibodatda qoim bo‘lgan kishidek (ajr-savobga ega bo‘ladi)” (Imom Buxoriy rivoyati). Alloh taolo barchamizni saxovatli insonlar safidan joy olishimizni nasib aylasin!
Shodlik BOYNAZAROV, Xiva tumani
“Xon Ismoil Jurjoniy” jome masjidi imom-xatibi