Surxondaryoda yangi barpo etilgan Imom Termiziy jome masjidiga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov va boshqa e’tiborli mehmonlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari tashrif buyurdi.
Imom Termiziy majmuasidagi masjidning ochilishini, bu marosimga muftiy hazratlarining tashrif buyurganini eshitgan viloyat ahlining uzoq qishloqlarda yashaydigan namozxonlari ham kela boshladi.
Imonli, e’tiqodli odamlar uylaridan ikkita oliyjanob niyat bilan yo‘lga chiqqan: yangi masjidda kamoli ixlos ila namoz o‘qish; muftiy hazratlarini ziyorat qilib, amri ma’ruflarini tinglash. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda: “Ular yana tunlarni Parvardigorga sajda qilgan va tik turgan (bedor) holda o‘tkazadigan kishilardir” (Furqon surasi, 64-oyat), deb ta’riflagan mo‘min-musulmonlar aynan shu insonlardir.
Shayx Muhammad G‘azzoliy rahimahulloh aytadilar:
“Hanafiy va molikiy mazhablari imom juma xutbasini o‘qiyotgan vaqtida masjidga kirgan kishi tahiyyatul-masjid namozini o‘qishi makruh deb biladilar. Holbuki, bu namozni o‘qish haqida hadis kelgan. Buning sababi nima?
Biroz mulohaza yuritib, shunday xulosaga keldim: Juma xutbasi hijratdan keyin shariatga kirgan. Musulmonlar o‘n yil davomida Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning orqalarida juma namozini o‘qiganlar, ya’ni bu davrda taxminan 500 ta xutba aytilgan. Lekin ular qayerda? Nega muhaddislar bu xutbalarni yozib qoldirmagan? Ular faqat sanoqligina xutbalarni qayd etgan!
Haqiqat shundaki, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam xutba qilganlarida Qur’on tilovat qilar edilar. U zot minbarda turganlarida Allohning kitobini o‘qish bilan band bo‘lardilar, shuning uchun barcha kishilar sukut saqlab, diqqat bilan eshitishlari kerak edi. Hech kim o‘sha paytda boshqa narsa bilan, jumladan, namoz yoki qiroat bilan mashg‘ul bo‘lolmas edi. Chunki Alloh taolo bunday marhamat qilgan: “Qachon Qur’on o‘qilsa, uni diqqat bilan eshiting va jim turing, shoyadki rahm qilinsangiz” (A’rof surasi, 204-oyat)”.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV