Shukrona
Tinch-osoyishta yurtda umrguzaronlik qilib, farzandlar kamolini ko‘rish inson uchun chinakam baxt. Shukurki, bugun biz ana shunday xotirjamlik hukmron, pok niyatlarimiz ro‘yobga chiqayotgan diyorda yashayapmiz.
Binobarin, istiqlol mamlakatimizda e’tiqod erkinligini ta’minlash, milliy va diniy qadriyatlarni tiklash hamda rivojlantirish, buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy va madaniy merosini o‘rganish, muqaddas qadamjolarni ta’mirlash hamda obodonlashtirish borasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish imkoniyatini berdi.
Shu ma’noda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 19 mayda qabul qilingan “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori jamiyatimizdagi ezgu qadriyatlarni yanada yuksaltirish, shuningdek, tinchlik-totuvlik, hamjihatlik, mehr-oqibat, muruvvat va saxovat kabi ulug‘vor munosabatlar yuksak e’zozlanayotganligining yana bir tasdig‘i bo‘ldi.
Xalqimizning ming yillar davomida shakllangan insoniylik, mehr-oqibat, halollik hamda muruvvat singari fazilatlari Muborak ayyomda tashkil etiladigan turli marosimlarda yanada keng quloch yozadi. Zotan, ushbu qarorning mazmun-mohiyatida ham bu masalalar yaqqol aks etib turibdi.
Mazkur hujjatda qayd etilganidek, el-yurtimiz uchun azaldan ezgulik, saxovat, mehr-shafqat ramzi bo‘lib kelayotgan muborak Ramazon oyining ma’naviy-ruhiy hayotimizdagi o‘rni beqiyos. Xususan, jamiyatimizda mehr-oqibat, o‘zaro ahillik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash, xalqimizga mansub olijanob fazilatlarni shuurimiz, qalbimizga singdirib, sayqal berishimizda uning har bir kunidan unumli foydalanish maqsadga muvofiqdir. Qarorda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda, Ramazon oyini joylarda, milliy an’ana hamda qadriyatlar, urf-odatlarimizga mos va uyg‘un tarzda o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangani bu boradagi a’mollarni samarali bajarishda ayni muddao bo‘ldi. Zero, Ramazon ezgu amallar oyidir.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ushbu muborak oyning tashrifi haqida marhamat qilib: “Bu oyda jannat eshiklari ochiladi, jahannamning eshiklari esa berkitiladi, shaytonlar kishanlanadi”, deganlar (Imom Ahmad rivoyati).
Hadisi qudsiyda Alloh taolo: “Odam bolasining barcha amallari o‘zi uchun, ammo ro‘za Men uchun. Uning mukofotini O‘zim beraman”, deb marhamat qiladi (Imom Buxoriy rivoyati).
Alloh taolo bunday amr qiladi: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz. Sanoqli kunlarda. Bas, sizlardan kimki bemor yoki safarda bo‘lsa, sanog‘i boshqa kunlardandir. Madori yetmaydiganlar zimmasida bir miskin kimsaning (bir kunlik) taomi fidyadir. Kimki ixtiyoriy ravishda ziyoda xayr qilsa (lozim bo‘lganidan ortiq fidya bersa), o‘ziga yaxshi. Agar bilsangiz, ro‘za tutishingiz (fidya berib tutmaganingizdan) yaxshiroqdir” (Baqara, 183, 184).
Oyati karimadan anglashiladiki, ro‘za qadimgi dinlarda ham bor bo‘lgan ibodatdir. Faqat boshqa dinlarda ro‘zaning tartibi, kuni va qoidasi turlicha bo‘lgan. U faqat Islom dinidagina ilohiy ma’noni kasb etadi.
Dastlab ro‘zani istagan odam tutar yoki buning o‘rniga bir miskinning qornini to‘ydirishi mumkin edi. Biroq keyinchalik bu hukm o‘zgardi, kim bu oyda hozir bo‘lsa, albatta, ro‘za tutishi shart ekanligi amr qilindi: “Ramazon oyi — odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir. Bas, sizlardan kim bu oyda (o‘z yashash joyida) hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin. Kimki bemor yoki safarda bo‘lsa, (tuta olmagan kunlarining) sanog‘i boshqa kunlardandir. Alloh sizlarga yengillikni istaydi, og‘irlikni xohlamaydi. Bu – hisobni to‘ldirishingiz hamda hidoyatga boshlagani uchun Allohga takbir (hamdu sano) aytishingiz va shukur qilishingiz uchundir” (Baqara, 185).
Ramazon oyida har bir mo‘min-musulmon ro‘za tutishi lozim. Faqatgina kasal inson, safardagi kishi, homilador yoki emizikli ayol ro‘za tutmasligi mumkin. Uzrli holatni tark etgach, qazosini o‘taydi. Uzrli holatlar borasida tafsir kitoblarda, sunnati nabaviyada alohida to‘xtalib o‘tilgan.
Agar bemorning tuzalishdan umidi bo‘lsa, ro‘za oyida tutmaydi, tuzalgach, qazosini tutib beradi. Biroq yoshi ulg‘aygan kishilar esa fidya beradilar. Ibn Abbos (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “...Madori yetmaydiganlar zimmasida bir miskin kimsaning (bir kunlik) taomi fidyadir...” oyati keksa chol va kampirga tegishlidir. Ikkovlari ro‘zani qiynalib tuturlar. Ular og‘izlarini ochib, har bir kun o‘rniga bir miskinga taom berurlar. Homilador va emizikli ayollar qachonki qo‘rqsalar, og‘izlarini ochurlar va taom berurlar” (Imom Buxoriy va Imom Abu Dovud rivoyati). Bu o‘rinda homilador va emizikli ayollar tuzaladigan bemor sifatida ko‘riladi. Ya’ni homiladorlik yoki emizish bartaraf bo‘lgach, bu zaiflik ayol kishidan soqit bo‘ladi. Ana shunda ayol tutmagan ro‘zasining “...sanog‘i boshqa kunlardan” o‘taydi. Kasal odam agar ro‘za sababli zaiflashsa, bemorligi ziyoda bo‘lsa, ro‘zasini tutmaydi. Tuzalgach, ado etadi.
Ramazoni sharifda ro‘za tutmaslikka vaqtincha izn berilgan yana bir toifa – bu oyda safarga chiqqanlardir. Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) (safarda) ro‘za ham tutganlar, og‘zilari ochiq ham bo‘lgan. Bas, safarda kim xohlasa ro‘za tutsin, kim xohlasa og‘zi ochiq yursin” (Imom Buxoriy, Imom Muslim va Imom Nasoiy rivoyati).
Avval boshda Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ning ummatlariga farz qilingan ro‘za hozirgisidan farqli bo‘lgan. Iftor vaqti quyosh botganidan xuftongacha edi. Ro‘zador xufton namozigacha iftorlik qilib olmasa, ertasiga iftor vaqti kirgunicha yana ro‘zador holida qolib ketar edi.
Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam) mo‘minlarni saharlik qilib ro‘za tutishga chorlaganlar. Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Saharlik qilinglar. Albatta saharlikda baraka bordir” dedilar” (Imom Muslim, Imom Termiziy, Imom Abu Dovud rivoyati).
Shuningdek, iftor qilish, uni tezlatish lozimligi sunnati nabaviyda ko‘p bor takrorlangan. Sahl ibn Sa’d (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Modomiki iftorni tez qilar ekanlar, kishilar xayrda bo‘lurlar, dedi” (Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Muslim, Imom Ahmad va Imom Nasoiy rivoyati).
Hadisi qudsiy: “Alloh azza va jalla: “Men uchun bandalarimning eng mahbubi iftorni tezroq qiladiganidir”, dedi” (Imom Termiziy va Imom Ahmad rivoyati).
Ya’ni, yaxshilik xohlagan mo‘min kishi vaqti kirishi bilan iftorlik qilishga chaqiriladi. Zero, iftorlikni tezlatgan kishi Xoliqi Zuljalolga sevimli bo‘lishdek sharafga noil bo‘ladi. Shu bilan birga, iftor chog‘ida duo qilish ham fazilatli sanaladi. Bu paytdagi duo to‘siqsiz qabul bo‘ladi. Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) qachon iftor qilsalar: “Allohumma laka sumtu va ala rizqika aftartu”, ya’ni “Ey Alloh, Sen uchun ro‘za tutdim va Sen bergan rizq bilan iftor qildim”, der edilar (Imom Abu Dovud va Imom Tabaroniy rivoyati).
Albatta, Ramazon xayru ehson oyi. Ezgulikka tashna xalqimiz bu oyda yanada saxovatli bo‘lishadi. Mamlakatimizdagi jome masjidlar imom-xatiblari homiylar ko‘magida Ramazonda bir qancha savobli ishlarni amalga oshiradilar. O‘zbekiston musulmonlari idorasi, hududiy Vakillik xodimlari kam ta’minlangan oilalarga, keksa, nogiron, boquvchisini yo‘qotgan, yolg‘iz qariyalarga homiylar ko‘magida har yilgidek Ramazon hayiti arafasida beminnat yordamlarini ko‘rsatadi.
Muborak Ramazon oyi barcha yurtdoshlarimizga xayrli, barakotli kelsin. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!
Usmonxon ALIMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
raisi, muftiy
2017 yil 24 may 21-son “Nuroniy” gazetasi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
Fuqarolarning rasmiy sanalarni nishonlash davrida to‘liq dam olishi uchun shart-sharoitlar yaratish, “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” ichki turizmni rivojlantirish dasturi doirasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish uchun dam olish va bayram kunlaridan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida qaror qilaman:
1. Quyidagi qo‘shimcha dam olish kunlari belgilansin:
(a) 2025 yilda barcha xodimlar uchun (ish haftasining turidan qat’i nazar) 31 dekabr – chorshanba;
(b) 2026 yilda:
(i) barcha xodimlar uchun (ish haftasining turidan qat’i nazar): 2 yanvar – juma, 28 may – payshanba, 29 may – juma, 31 avgust – dushanba;
(ii) olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun: 3 yanvar – shanba, 30 may – shanba, 31 dekabr – payshanba.
2. Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq:
(a) ishlanmaydigan bayram kunlari hisoblanuvchi 8 mart – Xotin-qizlar kuni bayrami 2026 yilda yakshanba – dam olish kuniga va 21 mart – Navro‘z bayrami hamda 9 may – Xotira va qadrlash kuni bayramlari besh kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun shanba – dam olish kuniga to‘g‘ri kelishi munosabati bilan ushbu dam olish kunlari mos ravishda 2026 yil 9 mart, 23 mart va 11 may – dushanba kunlariga ko‘chirilishi;
(b) ishlab chiqarish-texnik va tashkiliy sharoitlar (mavjud uzluksiz ishlab chiqarish, aholiga har kuni xizmat ko‘rsatish, navbatchilik asosida ishlash va boshqalar) tufayli ishlanmaydigan bayram kunlari to‘xtatib qo‘yish mumkin bo‘lmagan ishlarni bajarishda dam olish kunlari ko‘chirilmasligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
3. Besh kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun dam olish kuni 2026 yilda 12 dekabr – shanba kunidan 31 dekabr – payshanba kuniga ko‘chirilsin.
4. Bayram (ishlanmaydigan) kunlarining uzaytirilishini hisobga olgan holda respublika aholisining maroqli dam olishi uchun:
(a) Turizm qo‘mitasi va Madaniy meros agentligi turizm namoyishi obyektlari (madaniy meros obyektlari, muzeylar) va mehmonxona xizmatlari uchun chegirmalar berilishi hamda aksiyalar o‘tkazilishini tashkil etsin;
(b) O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasiga Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda sanatoriylar va sog‘lomlashtirish muassasalari uchun chegirmalar berish hamda aksiyalar o‘tkazish tavsiya etilsin;
(v) “Uzbekistan Airways” AJ va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga ichki transport qatnovlari uchun chegirmalar berish va aksiyalar o‘tkazish tavsiya etilsin.
5. O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasiga:
(a) mehnat jamoalari o‘rtasida ushbu Farmonning maqsadi, mazmun-mohiyati to‘g‘risida tushuntirish ishlarini tashkil etish;
(b) uzaytirilgan bayram kunlarida xodimlar va ularning oila a’zolari maroqli dam olishini ta’minlash yuzasidan kasaba uyushmalari tashkilotlarining ishini faollashtirish tavsiya etilsin.
6. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda bayram kunlari o‘tkaziladigan tadbirlar to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘i orqali aholining keng xabardor qilinishini ta’minlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 24 dekabrdagi “Yangi yil bayramini nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunni belgilash va dam olish kunini ko‘chirish to‘g‘risida”gi PQ–452-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
8. Belgilansinki, ushbu Farmon 2027 yil 1 yanvardan e’tiboran o‘z kuchini yo‘qotadi.
9. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh. Mirziyoyev