Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Oktabr, 2025   |   19 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:12
Quyosh
06:30
Peshin
12:15
Asr
16:05
Shom
17:52
Xufton
19:04
Bismillah
11 Oktabr, 2025, 19 Rabi`us soni, 1447

Qadim Buxoroda o‘tgan yetti pir

27.04.2017   38222   7 min.
Qadim Buxoroda o‘tgan yetti pir

BIRINCHI PIRI MURSHID

Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy quddisa sirrihu – Xojai Jahon. 1103 yilda tug‘ilgan. Muborak xoklari Buxoro viloyatining G‘ijduvon shahri markazida.

IKKINCHI PIRI MURSHID


Xoja Muhammad Orif ar-Revgariy quddisu sirrihu Xoja Orif Mohi- tobon nomi bilan ham mashhur bo‘lgan. Xoja Orif Buxoro viloyatining Shofirkon tumanidagi Revgar qishlogida tug‘ilgan, yuz yildan ziyod umr ko‘rib, 1259 yilda vafot etgan. Qabri Shofirkon markazida obod ziyoratgohga aylantirilgan.1996 yil Xoja Orif jomesi qurildi.
Naql etilishicha, Xoja Orif o‘rta bo‘yli, ochiq yuzli, katta ko‘zli, kamon qoshli, vujudidan mushku anbar hidi anqib turadigan zot bo‘lgan ekan.
Xoja Orif Hazrat Abdulxoliq G‘ijduvoniyning to‘rtinchi xalifasi hisoblanadi. Hazrati Maxdumi A’zam Dahbediyning “Maqomoti Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy” asarida naql qilinishicha, Hazrat Xizr alayhissalom hazrati Abdulxoliq huzurlariga kelardilar. O‘sha choq hazratning hamma shogirdlarini uyqu bosardi. Suhbat tugab, Xizr alayhissalom ketganlaridan so‘ng shogirdlar beixtiyor uyqudan uyg‘onardi. Shogirdlar orasida eng yoshi bo‘lgan Xoja Muhammad ar-Revgariy Xizr alayhissalomning suhbatidan bahramand bo‘lay deb ko‘zlariga tuz sepdilar va og‘rikning qattiqligidan u kishiga uyqu g‘alaba qilolmadi. Suhbatdan bahramand bo‘ldilar. Bu holni ko‘rib Xizr alayhissalom dedilar: Siz orif bo‘lgaysiz, inshaolloh!” Xoja Xizr alayhissalom nafaslarining barakotidan butun dunyoga Xoja Orif nomi bilan mashhur bo‘ldilar. Xoja Orif ar-Revgariy “Orifnoma” kitobining muallifi. “Orifnoma” 1994 yil nashr etildi. “Orifnoma”da yozilganki, “Odob nek odamlar ziynatidur!.. Avliyolik alomati uchtadur: birinchisi – baland darajani egallaganda ham kamtar bo‘lmoq; ikkinchisi – sabru toqati yetguncha parhez qilmoq, uchinchisi – to kuchi yetguncha insof qilmoq. Ochlik – zohidlar, zikr – oriflar taomi”.

UCHINCHI PIRI MURSHID


Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy quddisu sirrihu Vobkent tumanidagi Anjir Fag‘ni qishlogida tug‘ilib, o‘sha yerda vafot qilgan. Bu qishloqning hozirgi nomi Anjirbog‘dir.
Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy ilmi qol va ilmi holni hazrati Xoja Orif Revgariydan o‘rgangan. Ali Safiyning “Rashahotu aynul hayot” kitobida yozilishicha, Xoja Ali ar-Romitaniy Xizr alayhissalomdan: “Shu asru ayyomda pir deb kimning etagidan tutsa buladi?” deb so‘raganida Xizr alayhissalom: “Shu asru ayyomning murshidi Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviydir!” deganlar. Xizr alayhissalomning. tavsiyasiga muvofiq Xoja Ali ar-Romitaniy Xoja Mahmudga murid bo‘ladi. Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy qabrlari ustida yangi makbara, maqbara yonida hovuz va jome’ masjidi qurilib ushbu joy obod ziyoratgohga aylangan.

TO‘RTINCHI PIRI MURSHID


Xoja Ali Romitoniy quddisu sirrihu Xojai Azizon nomi bilan mashhur. Bu zoti sharif Romitonning Ko‘rgon qishlogida tug‘ilgan. Maqomati goyat oliy, karomati bisyor, kasblari to‘quvchi bo‘lgan. “Rashahot”da yozilishicha, 1310 yil, “Maqomati Shohi Naqshband”da ta’kidlanishi- cha, 1321 yilda vafot qilgan. Qabri Ko‘hna Urganchda, obod ziyoratgohdir.
Xoja Alining Romitondagi Qo‘rg‘on qishlog‘ida tabarruk qadamjolari bor. U yer obod qilinmoqda. Xoja Alining to‘rtta mashhur xalifalari bo‘lgan: Xoja Muhammad Kulohduz, Xoja Muhammad Xalloj, Xoja Muhammad Bovardiy, Xoja Muhammad Boboyi Samosiy.
Hoji Tesha bobo Naqshbandiyning aytishicha, Naqshbandxon ibn Sultonxon (1958 yil vafot qilgan) Xoja Ali ar-Rometani avlodi edi.
Xoja Ali Romitoniyning “Risolai Azizon” kitobi mashhur. Bu kitobni fors tilidan o‘zbek tiliga naqshbandiyshunos olima Gulchehra Navro‘zova tarjima qilib nashr ettirdi.

BЕSHINCHI PIRI MURSHID


Xoja Muxammad Boboyi Samosiy quddisa sirrihu. Bu muborak zotning muborak qabri Buxoro viloyatining Romiton tumanidagi Simos qishlogida.

OLTINCHI PIRI MURSHID


Sayyid Amir Kulol quddisu sirrihuning asli ismi Sayyid Amir Kalon bo‘lib, Buxoro yaqinidagi Suxor qishlog‘ida tug‘ilgan. Bu zot taxminan 1287 yillarda dunyoga kelgan. Kulolchilik bilan shug‘ullangani sababli Mir Kulol nomi bilan mashhur bo‘lgan. Mir Kulolning bir yuz o‘n to‘rtta avliyo bo‘lgan xalifasi bor edi. eng yetuklari Bahouddin Naqshband, Mavlono Orif Degaroniy, Shayx Yodgor Valiy, Shayx Jamoliddin Dehai Osiyoi, Shayx Shamsiddin Kulol, Xoja Darzuniylardir.
“Maqomoti Amir Kulol”da naql qilinishicha, Hazrat Mir Kulol mujarrad (bo‘ydoqlik) davrida tengqurlari bilan bog‘da ittifoq bo‘lib, choponlarini yuvibtilar va birodarlariga aytibtiki, “Ey yoronlar, choponlarni paxsa devor ustiga yoymaylik, chunki u yerdagi tikanlarga ozor berilur. Zinhor daraxtlar shoxiga osmaylik, shoxlar egilib, jabr bulur. Zaminga ham tashlamaylik, o‘t-o‘lanlar xarob bo‘lur”. Bu gaplarni eshitib, ne qilarini bilmay qolgan birodarlar surabtiki: “Amir, siz choponingizni qanday qilib quritasiz?” Hazrat debti: “Men choponimni ustimga tashlab, oftobro‘yada o‘tiraman va shunday qilib quritaman. Ey yoronlar, agar paxsa devordan bir parcha uzilib erga tushsa yo daraxt shoxi sinsa, yo chorva yeydigan o‘tlarga zarar etsa, Xudovandga ne uzr bildirurmiz? Zinhor nomashru’ (shariatga zid) ishlar, kichik bo‘lsa ham qilmang. Chunki kichik gunoh takrorlanaversa, do‘zaxga olib borur. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam istig‘for (kechirim so‘rash) bilan katta gunohlar kechiriladi, muttasil qilinaverilsa, kichik gunohlar ham kattaga aylanadi, deganlar”.
Sobiq Ittifoq davrida Hazrat Mir Kulol jomesi yiqitildi, ziyoratgohi esa sho‘r bosgan, qarovsiz holga kelgan edi. Istiqlol yillarida Mir Kulol ziyoratgohida yangi jome masjid, mehmonxona, darvozaxona qurildi. 2007 yilda Sayid Mir Kulol qabri ustida mahobatli maqbara qad rostladi. Atrofida ulkan bog‘ barpo qilindi.


YETTINCHI PIRI MURSHID


Hazrati Sayyid Muhammad Bahoul-haq val-millat vad-dunyo ud-din Naqshband ibn Sayyid Jaloliddin. Bu kishi sohibi karomat, olimi rabboniy, Qur’oni karim va payg‘ambar alayhissalomning sunnatlarini xalqqa yetkazib, islom dini rivojiga muhim hissa qo‘shgan valiyullohdir.
Bahouddin Naqshband hazratlari 1318 yil Buxoro shahri yaqinidagi Qasri Hinduvon qishlog‘ida tug‘ilgan. Ul zoti sharif sharofatidan qishloqning nomi Qasri Orifonga aylangan.
Abulhasan Muhammad Boqir bin Muhammad Alining “Maqomoti shohi Naqshband” kitobida yozilishicha, Bahouddinga bevosita Sayyid Mir Kulol ustozlik qilgan. Hazrat ona tomonidan siddiqiydir, ya’ni nasablari Abu Bakr Siddiqqa borib taqaladi.
Bahouddin Naqshband hazratlari 1389 yil Qasri Orifonda vafot etgan.

Jobir ELOV,
Mir Arab madrasasi mudiri

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Islomda elchilar va ulamolarni qatl etish taqiqlanadi

10.10.2025   1851   4 min.
Islomda elchilar va ulamolarni qatl etish taqiqlanadi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Islom doimo milliy va halqaro miqyosda tinchlikka va bag‘rikenglikka targ‘ib qiladi. Qur’oni karim va hadisi sharifning ko‘rsatmalariga muvofiq, musulmon mamlakatiga diplomatik aloqa o‘rnatish maqsadida kelgan g‘ayridin vakilini o‘ldirish taqiqlanadi.

Ko‘plab musulmon bo‘lmagan elchi va delegatlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga turli maqsadlarda kelganlar va ularga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam imkon qadar yaxshi munosabatda bo‘lganlar, shu bilan birga sahobalarni shunga buyurganlar.

Kunlarning birida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga sohta payg‘ambarlikni da’vo qilayotgan munofiq Musaylamaning vakillari keladi, ular o‘zlarini murtadliklarini tan olishganda ham ularni elchi bo‘lganlari sababli hurmat qildilar. Abdulloh ibn Ma’sud roziyallohu anhu aytadi: “Men bu kishi (Abdulloh ibn Nuvaha) va yana bir boshqa kishi Musaylama huzuridan vakil bo‘lib kirganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida o‘tirgan edim.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u ikkisiga: “Siz ikkingiz meni Allohning Rasuli ekanimga guvohlik berasizlarmi?” dedilar.

Shunda u ikkkisi: “Biz Musaylamani Allohning Rasuli ekanligiga guvohlik beramiz”, dedilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men Alloh va uning Rasullariga iymon keltirganman. Agar menda vakillarni o‘ldirishga izn bo‘lganda edi, albatta siz ikkingizni o‘ldirgan bo‘lar edim”, dedilar”[1].

Buni qarangki, Musaylama tarafdorlarining kufri va murtadligiga qaramasdan ularga nisbatan yuksak darajada bag‘rikenglik ko‘rsatildi. Ularga hech qanday jazo qo‘llanilmadi. Ular vakil bo‘lganlari sababli, hibsga ham olinmadilar va o‘ldirishga ham buyurilmadilar.

Ahmad ibn Hanbalning Musnad[2], Abdurazzoq (al-Sanoni)ning Musannaf[3] hamda al-Bazzorning Musnad[4] asarida rivoyat qilinishicha, delegatlarni va elchilarni qatl etish qat’iyan taqiqlanadi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarida va sunnatlarida elchilar va chet el vakillarining hayotini muhofaza qilish haqida ko‘p bora ta’kidlangan. Abdulloh ibn Ma’sud roziyallohu anhu: “Elchilarni o‘ldirmaslik sunnatda mustahkamlangan”[5], deb aytadi:

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bu sunnatlari elchilarni muhofaza etish bo‘yicha halqaro huquqda namuna sifatida o‘rnatilgan.

Keyinchalik elchihonalarda ishlayotgan barcha ishchi-hodimlarga nisbatan yahshi muomala qilishlik va ularni o‘ldirishlikka taqiqlar paydo bo‘la boshladi.

Ming afsuski, bugungi kunda o‘zini Mujohid deb e’lon qilib, elchilarni o‘g‘irlash va o‘ldirishga da’vat etuvchilar paydo bo‘lgan. Ularning bu kabi sa’y-harakatlari Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalariga mutlaqo ziddir.

Shuningdek, Islom huquqida chet el elchilarini e’zozlash va muhofaza etishga targ‘ib etilishi bilan bir qatorda, boshqa din vakillarining diniy rahnamolarini ham himoya qilish ta’kidlanadi va ularning hayotiga tajovuz qilish qat’iy taqiqlanadi.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu dedi: “Qachonki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining qo‘shinlarini jo‘natsalar: “Xoinlik bilan ish qilmang, jangdan tushgan narsalarni o‘g‘irlamang, o‘lgan tanalarga ozor bermang va yosh bolalarni hamda ruhoniylarni o‘ldirmang”, deb aytardilar[6].

Darhaqiqat, Islom dinida inson yer yuzida fisqu fasod qilishi, begunoh kishilarning qonini to‘kishi qat’iy harom qilingan. Hatto urush chog‘ida ham yosh bola, ayol, keksa hamda ibodatxonalarda ibodat bilan mashg‘ul bo‘lgan rohiblarni o‘ldirish, shuningdek, uy-joy, imorat va inshootlarni vayron qilishdan tortib ekinzor, daraxtlarning yo‘q qilinishi ham taqiqlagan.

Davron NURMUHAMMAD


[1] Dorimiy. Sunan, 2:307 §2503; Ahmad ibn Hanbal. Musnad, 1:404 §3837; Nasoiy. Sunan al-kubro, 5:205 §8675; Abu Ya’lo. Musnad, 9:31 §5097; Hokim. Mustadrak, 3:54 §4378.
[2] Ahmad ibn Hanbal. Musnad, 1:390, 396 § 3708, 3761.
[3] Abdurazzoq. Musannaf, 10:196 § 18708.
[4] Bazzor. Musnad, 5:142 § 1733.
[5] Ahmad ibn Hanbal. Musnad, 1:390 § 3708.
[6] Ahmad ibn Hanbal. Musnad, 1:330, § 2728; Ibn Abi Shayba. Musannaf, 6:484, § 33132; Abu Ya’lo. Musnad, 4:442 § 2549; Ibn Rushd. Bidoyat al-mujtahid, 1:281.