Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Fevral, 2026   |   9 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:44
Quyosh
07:03
Peshin
12:41
Asr
16:26
Shom
18:14
Xufton
19:26
Bismillah
26 Fevral, 2026, 9 Ramazon, 1447

Butunjahon musulmon ulamolar kengashi bosh kotibi Ali Qoradog‘iy O‘zbekiston hukumati va ahliga tabrik yo‘lladi

04.03.2017   9996   3 min.
Butunjahon musulmon ulamolar kengashi bosh kotibi Ali Qoradog‘iy O‘zbekiston hukumati va ahliga tabrik yo‘lladi

Butunjahon musulmon ulamolar kengashi bosh kotibi Ali Qoradog‘iy Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilish munosabati bilan O‘zbekiston hukumati va ahliga tabrik yo‘lladi

Butunjahon musulmon ulamolar kengashi bosh kotibi Ali Muhyiddin Qoradog‘iy Surxondaryo viloyatida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi barpo etilishi munosabati bilan O‘zbekiston rahbariyati hamda xalqiga tabrik yo‘lladi.
Ushbu tabrik video ko‘rinishida bo‘lib, mazmuni quyidagichadir:

 “Alloh taologa hamdlar, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam), U zotning oila a’zolari, sahobalari hamda hidoyatga ergashganlarga Allohning salot va salomlari bo‘lsin!

Barakotli, aziz, go‘zal, biz uchun sevikli bo‘lgan O‘zbekiston hukumatidagi hurmatli aka-ukalar, opa-singillar! Sizlarni barchangizni Alloh huzuridan bo‘lgan muborak, pokiza tabrik ila muborakbod etaman!

O‘zbekiston hukumatining ushbu rejalashtirgan muborak ishi – buyuk imomlardan bo‘lmish Imom Termiziy nomidagi ilmiy-tadqiqot markazi tashkil qilinishi meni juda ham xursand qildi. O‘zbekiston yurti juda ham ko‘plab muhaddislar, faqihlar va boshqa qator sohalarda yetuk olimlarni yetishtirib chiqargan. Ular sababli islom madaniyati, balki butun insoniyat madaniyati boyidi. Mana shunday yurt uchun bunday markazlarning ochilishi ajablanarli ish emas. Shuning uchun men O‘zbekiston hukumatini, shuningdek u yerdagi musulmon xalqni ushbu qilinayotgan muborak ish munosabati bilan tabriklayman. Alloh taoloning izni ila ushbu maskan nafaqat O‘zbekiston hamda uning qo‘shni davlatlari, balki butun dunyo miqyosida o‘zining ijobiy samarasini beradi, insha Alloh.

Biz Islom dininig o‘zligi, tarixi bilan shon-sharafga sazovor bo‘ldik. Shuningdek, g‘arb dunyosi ham ushbu tarix ila zafarlarga erishdi. Shuning uchun biz o‘z tariximizni o‘rganishimiz, avvalgi ulamolarimiz singari unga ergashishimiz lozim.

Islom dini mo‘tadil din bo‘lib, u faqat bunyodkorlikni xohlaydi, vayron qilishni emas, jamiyatni birlashtiradi, firqalarga bo‘lmaydi, insonlarni sevadi, ularni yomon ko‘rmaydi. Bu din o‘zbek xalqi va boshqa xalqlar uchun Allohning rahmatidir. Bu Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning siyratlari, va U zotning risolatlaridir. Alloh taolo Qur’oni karimda “(Ey, Muhammad!) Biz Sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz” (Anbiyo, 107), degan.
Alloh taolo O‘zbekiston diyori – uning Prezidenti, hukumati, xalqi, olimlari, tolibi ilmlari barchasiga barakalar yog‘dirsin, ularni bundan-da ko‘proq muvaffaqiyatlarga erishtirsin!

Assalomu alaykum varohmatullohi va barokatuh!”

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston musulmonlari idorasi muassisligida Surxondaryo viloyatida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etiladi. Bu O‘zbekiston Prezidentining joriy yilning 14 fevraldagi qarorida o‘z aksini topgan.

Qaror islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk alloma Abu Iso Termiziy (Imom Termiziy) va termiziy allomalarning merosini ilmiy asosda chuqur o‘rganish, milliy-diniy qadriyatlarni asrab-avaylash va rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgu g‘oyalar ruhida tarbiyalash, ularning qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirish maqsadida qabul qilindi.

Ali Muhyiddin Qoradog‘iy 1949 yilda Iroqning Qoradog‘ shahrida tug‘ilgan. 1975 yilda Bag‘dod Islom institutini, 1980 yilda Qohiradagi Azhar universitetini tamomlagan. 1985 yilda Azhar universitetida Shariat va qonun yo‘nalishi bo‘yicha fan doktori ilmiy darajasini, 1995 yilda professor unvonini olgan. U moliyaviy muammolar, bank ishi va iqtisod kabi mavzularga oid o‘ttizdan ortiq kitob va yuzdan ziyod ilmiy maqolalar muallifidir. Hozirda Jahon musulmon ulamolar kengashining Bosh kotibi lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Manba: markaz.tiu.uz

Yangiliklar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Novosibirskda mehnat qilayotgan vatandoshlar uchun iftorlik tashkil etildi

26.02.2026   1142   4 min.
Novosibirskda mehnat qilayotgan vatandoshlar uchun iftorlik tashkil etildi

O‘zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari tashabbusi bilan Marg‘ilon shahridagi “Said Jalolxon to‘ra” jome masjidi imom-xatibi Yunusxon Mamarasulovning Novosibirsk va Kemerovo shaharlariga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif davomida tashkil etilgan uchrashuvlarda Yunusxon domla Mamarasulov xalqimizning ijtimoiy-ma’naviy hayotida alohida ahamiyatga ega bo‘lgan, insonni ezgu amallarga undaydigan ushbu oylikni munosib o‘tkazish maqsadida bu yil yurtimizda keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari olib borilayotganini alohida ta’kidladi.

Yurtimizda mahalla ahli, jamoatchilik vakillari uy-joylar, masjid va madrasalarni obod qilish, keksalar va yordamga muhtoj insonlar holidan xabar olish, qo‘ni-qo‘shnilar, qarindosh-urug‘larga e’tibor va hurmat ko‘rsatish, Ramazon oyi bilan bog‘liq tadbirlarni uyushqoqlik bilan o‘tkazishga katta e’tibor qaratilayotgani e’tirof etildi.

Imom-xatib fuqarolarimiz, ayniqsa, yoshlarning asl islomga hech qanday aloqasi bo‘lmagan turli buzg‘unchi diniy oqimlarga kirib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

O‘zbekistonning Novosibirskdagi bosh konsuli Aslam Akbarov O‘zbekistonda “Ramazon – mehr-muruvvat, hamjihatlik va shukronalik oyi” shiori ostida ishlab chiqilgan, ehtiyojmand oilalar va og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan shaxslarga yordam ko‘rsatishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar haqida gapirdi.

Novosibirsk viloyati muftiysi Abdulhamid Shokirjonov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ekstremistik ruhdagi g‘oyalarning kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik, Novosibirsk va viloyat musulmon ummati tomonidan sof Islom arkonlarini himoya qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, O‘zbekiston fuqarolarining mintaqa hayotidagi ishtiroki kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Rossiya tomoni O‘zbekistondan yetakchi imom-xatiblarni masjidlarda ma’ruzalar o‘qish va juma namozlarini ado etish uchun taklif etishni amaliyotga joriy etish muhimligini qayd etdi.

Yunusxon domla Mamarasulov Novosibirsk jome masjidida juma namozida ishtirok etdi. Mazkur masjid Sibir federal okrugi hududidagi eng yirik masjid bo‘lib, bu yerda 500 dan ortiq kishi, jumladan, ko‘plab vatandoshlarimiz ham ibodatini ado etadi.

Yurtimizdan tashrif buyurgan imom-xatib o‘z maruzasida barcha yig‘ilganlarni muborak Ramazon oyi bilan samimiy muborakbod etib, Ramazon oyining ezgulik, mehr-oqibat va ma’naviy birlik fasli ekaniga e’tibor qaratdi.

Shuningdek, u O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatda muqaddas oyni munosib o‘tkazish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganini, mahallalarda obodonlashtirish, muhtojlarni qo‘llab-quvvatlash va xayriya tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilayotganini ta’kidladi.

Kemerovo shahriga tashrif doirasida imom-xatibning Sibirdagi eng yirik madaniy majmua qurilishida ishlayotgan vatandoshlar bilan uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. U yerda hozirda ikki yarim mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarolari faoliyat yuritmoqda.

Yurtdoshlarimiz nafaqat mashaqqatli mehnatlariga o‘z vaqtida haq to‘lanayotgani, balki ularga yaratilgan sharoitlar: uch mahal bepul ovqat, yotoqxona, tibbiy sug‘urta, ish beruvchi hisobidan barcha zarur hujjatlar bilan ta’minlanganidan mamnunligini bildirdi.

Bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida hamyurtlarimiz O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi bilan doimiy aloqalari va muntazam ravishda o‘tkazilayotgan sayyor konsullik qabullari tufayli migratsiya qonunchiligini buzish holatlari kuzatilmayotganini ta’kidladi.

O‘tkazilgan suhbatlar davomida imom-xatib yig‘ilganlarga xalqimizning ijtimoiy-ma’naviy hayotida alohida ahamiyatga ega bo‘lgan, insonni ezgu amallarga chorlaydigan ushbu oylikni munosib o‘tkazish uchun bu yil ham O‘zbekistonda katta tayyorgarlik ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi. Bularning barchasi insonparvarlik tamoyillariga asoslangan tinchlik va osoyishtalik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, mamlakat taraqqiyoti, aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qilayotgani aytildi.

Imom-xatib Kemerovo masjidiga ham tashrif buyurib, u yerda muqaddas Ramazon oyida o‘z fikr va g‘oyalarini pok saqlash muhimligi haqida ma’ruza qildi.

“Said Jalolxon to‘ra” jome masjidi imom-xatibi Yunusxon domla Mamarasulov O‘zbekiston Bosh konsulxonasi tomonidan Novosibirsk shahridagi “Osiyo–Sibir” ulgurji-taqsimlash markazida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan vatandoshlar uchun tashkil etilgan iftorlikda ishtirok etdi.  

Iftorlikda ikki yuzdan ortiq yurtdoshlarimiz qatnashdi. Imom-xatib o‘z nutqida Ramazon oyining ma’naviy mohiyatini ochib berdi, Qur’on suralaridan o‘qib, Islomning an’anaviy qadriyatlariga sodiq qolish muhimligini ta’kidladi.

Novosibirskda mehnat qilayotgan vatandoshlar uchun iftorlik tashkil etildi Novosibirskda mehnat qilayotgan vatandoshlar uchun iftorlik tashkil etildi Novosibirskda mehnat qilayotgan vatandoshlar uchun iftorlik tashkil etildi Novosibirskda mehnat qilayotgan vatandoshlar uchun iftorlik tashkil etildi Novosibirskda mehnat qilayotgan vatandoshlar uchun iftorlik tashkil etildi Novosibirskda mehnat qilayotgan vatandoshlar uchun iftorlik tashkil etildi
O'zbekiston yangiliklari