Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Mart, 2025   |   19 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:10
Quyosh
06:28
Peshin
12:36
Asr
16:46
Shom
18:37
Xufton
19:50
Bismillah
19 Mart, 2025, 19 Ramazon, 1446

Xavla binti Sa’laba

17.02.2017   10789   4 min.
Xavla binti Sa’laba

Ulug‘ sahobiyya  Xavla binti Sa’laba (raziyallohu anho) Islom tarixida nom qoldirgan mashxur ayollardan. U Payg‘ambar (salollohu alayhi vasallam)ga birinchilar qatori iymon keltirib, mashhur sahoba Avs ibn Somitga turmushga chiqqan edi.

Soliha ayol Xavla eriga vafodorligi, bola tarbiyasida sabri, matonati bilan mashhur qozongan edi. Xavla zukko va dono ayol bo‘lib, oilasi, farzandlaridan mehrini ayamas edi, ularga chavandozlikni, kamondan o‘q otishni o‘rgatar edi.

Tarixchilar  Xavla bilan bog‘liq mashxur voqeani manbalarda bunday zikr qiladi. Johiliyat davrida Avs ibn Somit   xotiniga: “sen menga onam kabi san”  deb qo‘ydi va bu aytgan gapidan pushaymon bo‘ldi. Xavla bu gapni Payg‘ambar (salollohu alayhi vasallam)ga aytganda “ey Xavla endi sen eringga xarom bo‘lding” dedilar. Xavla erini oqlab “Ey Allohning rasuli, erim keksayib, aqli zaiflashib qolgan, bolalarim esa yosh, endi men nima qilaman?”  deb eridan ayrilgisi kelmayotganini bildirdi. Payg‘ambarmiz yana avvalgi javobni qaytardilar. Shunda Xavla binti Sa’laba yig‘lab Alloh taologa bunday duo qildi:  “Allohim senga arz qilaman, meni bu mushkulotdan o‘zing qutqar. Robbim bu ishimizni yechimini Payg‘ambaring tiliga o‘zing tushurgin” dedi.

Oisha onamiz (raziyallohu anho) rivoyat qiladilar: men ham, boshqalar ham Havlaning holiga achinib yig‘ladik. Shu payt uning iltijolari, ohu faryodi Alloh taologa yetgani ma’lum bo‘ldi. Alloh taolo o‘z habibiga vahiy tushurib, ayolni sevintirdi. Payg‘ambar (salollohu alayhi vasallam) tabassum qilib, tushgan oyatni tilovat qildilar:

قَدْ سَمِعَ اللَّهُ قَوْلَ الَّتِي تُجَادِلُكَ فِي زَوْجِهَا وَتَشْتَكِي إِلَى اللَّهِ وَاللَّهُ يَسْمَعُ تَحَاوُرَكُمَا إِنَّ اللَّهَ سَمِيعٌ بَصِيرٌ (1) الَّذِينَ يُظَاهِرُونَ مِنْكُمْ مِنْ نِسَائِهِمْ مَا هُنَّ أُمَّهَاتِهِمْ إِنْ أُمَّهَاتُهُمْ إِلَّا اللَّائِي وَلَدْنَهُمْ وَإِنَّهُمْ لَيَقُولُونَ مُنْكَرًا مِنَ الْقَوْلِ وَزُورًا وَإِنَّ اللَّهَ لَعَفُوٌّ غَفُورٌ

Ey Muhammad Alloh o‘z jufti haqida siz bilan bahslashayotgan va Allohga arz qilayotgan ayolning so‘zini eshitdi. Alloh ikkovingizning so‘zlashuvungizni eshitur. Albatta Alloh eshituvchi va ko‘ruvchidir. Oralaringizdagi o‘z xotinlarini  “zihor”  qiladigan kishilarga ular (xotinlarni also) onalari emasdirlar. Ularning  (chin)  onalalari  (ularni)  tuqqan ayollardir. Ular, haqiqatan, nomaqbul va yolg‘on so‘z ayturlar. (Lekin)  Alloh afv etuvchi va kechiruvchidir”.

Xavla binti Sa’laba eriga bu xabarni aytganda Avs nihoyatda sevinib ketdi.

Xavla erining vafotidan so‘ng turmush qurmadi. U eriga ko‘p achinar, doim uning haqqiga duo qilar edi. Eriga Allohdan mag‘firat tilardi. Payg‘ambar (salollohu alayhi vasallam) qachon Havlani ko‘rsalar: “Assalomu alaykum, ey duosini Alloh ijobat etgan ayol, ey so‘zini Alloh tinglagan ayol”  deb salomlashar edilar.

Bir kuni Umar ibn Hattob (raziyallohu anhu) masjiddan qaytayotganda bir ayol yo‘lini to‘sib chiqib, nasihat qila boshladi: “Ey Umar sen bir vaqtlar “Umarcha” deyishardi,  keyin “Umar” deb ataladigan bo‘ldining. Bugun esa “Mo‘minlar amiri” deyishmoqda. Ey Umar, ma’sulyat bobida Alloh taolodan qo‘rq, kim qiyomat kunidan qo‘rqsa, kim o‘limdan qo‘rqsa, o‘tkinchi narsalar ham uni qo‘rquvga soladigan bo‘ladi”.

Hamrohlari Hazrati Umarga: “Shu kampirning gapini quloq solib o‘tiribsizmi?” deyishdi. Shunda Hazrati Umar: “Bu ayolning kimliginni bilmaysizmi? U Avs ibn Somitning xotini Xavla binti Sa’laba bo‘ladi. Bu ayolning so‘zini Alloh taolo eshitgan-u, Umar eshitmasinmi?” dedilar.

Zihor muommosi hal etilishida sababchi bo‘lgan taqvodor, eriga vafodor bo‘lgan bu ayol sahobiyyalar ichida ko‘rkam va iforli gul misli yashab o‘tdi. Alloh taolo undan rozi bo‘lsin.

Davomi bor...

Manbalar asosida

Toshkent Islom Instituti 4-kurs talabasi

Tojiddinov Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li tayyorladi

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ilmiy-ma’rifiy merosga bo‘lgan e’tiborning yorqin namunasi

15.03.2025   8441   2 min.
Ilmiy-ma’rifiy merosga bo‘lgan e’tiborning yorqin namunasi

Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligini nishonlashga oid O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori yurtimizda ilmiy-ma’rifiy merosga, xususan, islomiy ilmlarning rivojiga ulkan hissa qo‘shgan allomalarga bo‘lgan e’tiborning yorqin namunasidir. Bu qaror nafaqat Imom Moturidiy ibratli hayot yo‘li va moturidiylik ta’limotini keng yoyish, balki diniy bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifatga asoslangan jamiyatni shakllantirishda ulkan ahamiyat kasb etadi.

Qaror chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan amaliy ishlar doirasida allomaning tug‘ilib, ijod qilgan va mangu qo‘nim topgan Samarqandda o‘tkaziladigan “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusidagi xalqaro hamda “Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi, ilmiy maqolalar tanlovi, allomaning nodir qo‘lyozma va nashr nusxalari, kitoblari ko‘rgazmasi, Abu Mansur Moturidiy majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirish Davlatimiz rahbarining buyuk allomalarga munosib e’tibor qaratayotgani, Islom sivilizatsiyasining jahon ilm-fanidagi o‘rnini yanada mustahkamlashga intilayotganini yaqqol namoyon etadi.

Shuningdek, xorijlik tadqiqotchilar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha, imom-xatiblar hamda diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Moturidiylik ta’limoti bilimdoni” tanlovini o‘tkazish, madaniy-ma’rifiy uchrashuv va seminar-treninglar, davra suhbatlari tashkil etish, yubileyga bag‘ishlangan esdalik suvenirlarini muomalaga chiqarish, xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan noyob qo‘lyozma asarlar va boshqa madaniy boyliklarning nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish, badiiy-publitsistik film, mediamahsulotlar, audiovizual asarlar yaratish, ularni mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish, internet tarmog‘i va ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib qilish Imom Moturidiyning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish va uning ta’limotini keng ommaga yetkazishda muhim qadam bo‘ladi, albatta.

Ayniqsa, Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” va “Kitob at-tavhid” asarlari va moturidiylik ta’limotiga oid manbalarning o‘zbek va xorijiy tillardagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini nashr etish, olimning merosiga oid ilmiy-tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash kelajak avlod uchun katta manba bo‘lib xizmat qiladi, insha Alloh.

Moturidiylik ta’limotining asosiy tamoyillaridan hisoblangan mo‘tadillik va bag‘rikenglik bugungi dunyo tinchligi, birdamligini ta’minlashda juda muhim. Shu nuqtayi nazardan, mazkur qaror xalqaro maydonda ham O‘zbekistonning ma’rifat va ilmga bo‘lgan e’tiborini, diniy bag‘rikenglik va hamjihatlikni targ‘ib etishga qaratilgan sa’y-harakatlarini yanada kuchaytiradi.

Xulosa qilib aytganda, Qaror Imom Moturidiy merosini asrab-avaylash va uning ta’limotini keng targ‘ib qilish, shu bilan birga, yoshlarni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash hamda milliy va umuminsoniy qadriyatlarni mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shadi.

Muhammadolim Muhammadsiddiqov,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari,

professor

MAQOLA